3 Mavzu: Ontologiya Borliq falsafasi. Ma’ruza rejasi
Falsafada makon va vaqt dialektikasi
Download 104.07 Kb.
|
3 мавзу Онтология Борлиқ фалсафаси
Falsafada makon va vaqt dialektikasi. Makon va vaqt - borliqning umumiy yashash shakllari bo‘lib, makon dunyoni tashkil etuvchi ob’ektlar va ularning tarkibiy nuqtalarining o‘zaro joylashish tartibi, ko‘lami va miqyosini ifoda etadi, vaqt esa dunyoda sodir bo‘luvchi hodisa va jarayonlarning ro‘y berish ketma-ketligi tartibi va davomiyligini ifodalaydi. Makon va vaqtning tabiati va mohiyati haqida qadimdan faylasuflar xilma-xil nuqtai nazarlarni ilgari surib kelishadi. Ularni umumlashtirib, ikki yirik konsepsiyaga ajratish mumkin. Bu konsepsiyalar substansional va relyatsion konsepsiyalar deb ataladi.
Substansional konsepsiyada makon va vaqtning absolyut jihatlari, relyatsion konsepsiyada esa ularning nisbiy jihatlari absolyutlashtiriladi. Substansial konsepsiya tarafdorlari (Demokrit, Aflotun, Eronshahri, Zakariyo ar Roziy, Beruniy, Patritsiy, Kampanella, Gassendi, Nyuton, Eyler, Mopertyui va boshqalar) fikricha, makon - materiya va moddiy aloqadorliklardan tashqarida, ularga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud bo‘lgan mustaqil substansiyadir; makon - moddiy ob’ektlar uchun joylashish makoni, u absolyutdir. Vaqt esa borliqqa, makon va harakatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi; vaqt munosabatlari absolyutdir, ya’ni vaqt hamma hisob sistemalarida bir xilda o‘tadi. Makon va vaqtni ular mustaqil substansiya deb hisoblaganliklari tufayli bunday yondashuv substansional konsepsiya deb fanga kirgan. Relyatsion konsepsiya vakillari(Arastu, Avgustin, al-Kindiy, Ibn Sino, Nosiri Xisrov, Faxriddin Roziy, Nasriddin Tusiy, Dekart, Leybnis, Toland, Boshkovich, Yum, Fixte, Kant, Xegel)ning fikricha, makon - moddiy dunyoning tarkibiy tuzilishi tartibining namoyon bo‘lishi, jismlarning o‘zaro joylashish o‘rinlari va moddiy narsalarning mavjudligi tartibini ifodalaydi. Makon - juz’iy holda ham, umumiy holda ham moddiy dunyoning holatiga bog‘liqdir; materiya makonning mavjudligi uchun asosiy vositadir; makon - nisbiydir. Vaqt esa materiyaning atributi (ajralmas xususiyati), u materiyadan tashqarida mavjud bo‘lishi mumkin emas, vaqt munosabatlari nisbiydir, vaqtning davomiyligi moddiy ob’ektlarning o‘zaro aloqadorligiga, hisob sistemasiga bog‘liqdir. Makon va vaqtning barcha hisob sistemalarda va materiyaning barcha struktura darajalarida bir xilda namoyon bo‘luvchi xususiyatlari eng umumiy xususiyatlar deyiladi. Bunday xususiyatlarga makon va vaqtning ob’ektivligi, moddiyligi, cheksizligi, materiyaning atributi sifatidagi absolyutligi, harakat va materiyaga nisbatan namoyon bo‘luvchi nisbiyligi, ya’ni turli hisob sistemalarida turlicha qiymatlarga egaligi kiradi. Bulardan tashqari, makon va vaqtning turli hisob sistemalarda turlicha namoyon bo‘ladigan, miqdoriy kattaliklar bilan, ya’ni muayyan o‘lchash asboblari, soat yoki lineykalar yordamida o‘lchash mumkin bo‘lgan, tashqi aloqadorliklarda ko‘zga tashlanadigan, o‘zgaruvchan va nisbiy xarakterdagi xususiyatlari borki, ularni miqdoriy yoki metrik xususiyatlar, deb atashadi. Bunga makonning gomogenlik (birjinslik), izotropik (va anizotropik) xususiyatlari kiradi. Vaqtning metrik xususiyatlari: davomiylik, birjinslik, anizotropik. Bu xususiyatlar materiyaning turli tashkiliy-struktura va miqyosli-struktura darajalarida turlicha namoyon bo‘ladi. Ular makon va vaqt bilan bog‘liq bo‘lgan moddiy aloqadorliklarning miqdoriy belgilarini ifodalaydi. Metrik xususiyatlarning o‘zgarishi materiya sifatining o‘zgarishiga jiddiy ta’sir qilmaydi. Makon va vaqtning yana shunday xususiyatlari ham borki, ular barcha hisob sistemalarida, materiyaning barcha struktura darajalarida, mikrodunyoda ham jamiyatda ham bir xilda saqlanadi. Ular makon va vaqtning tub sifatiy jihatlarini ifodalovchi fundamental xususiyatlar hisoblanadi. Bunday xususiyatlarni topologik xususiyatlar deyishadi. Topologik xususiyatlar moddiy aloqadorliklarning ichki, tub sifatiy jihatlarini ifodalaydi. Topologik xususiyatlarning o‘zgarishi bilan moddiy ob’ektlarning tuzilishida tub sifatiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Quyidagi xususiyatlar makonning topologik xususiyatlari hisoblanadi: uzluksizlik va uzluklilik, o‘lchamlilik, bog‘langanlik, kompaktlik, tartiblanganlik, chegarasizlik. Vaqtning topologik xususiyatlariga esa uzluksizlik, orqaga kaytmaslik, bir o‘lchovlik, chiziqli tartiblanganlik va bog‘langanlik kiradi. Makon va vaqt materiya strukturasidagi o‘zaro aloqadorliklar majmuasini aks ettirar ekan, bu aloqadorliklarning turli xil shakllari, turli xil shakldagi harakat va unga bog‘liq bo‘lgan makon-vaqt shakllarining vujudga kelishiga sababchi bo‘ladi. Biz yuqorida faqat fizik makon va fizik vaqt haqida to‘xtaldik. Hozirgi zamonda borliqning turli tashkiliy struktura darajalariga aloqador bo‘lgan fizik, ximiyaviy, geologik, biologik, fiziologik, ijtimoiy (sotsiologik), psixologik makon va vaqt haqidagi konsepsiyalar ham yaratilmoqda. Bunday konsepsiyalarda olamning tuzilishi jihatdan xilma-xilligi va birligi, ko‘p qirraliligi va cheksizligi, murakkabligi va nihoyasizligi asoslanmoqda. XIX asr oxiri va XX asrning boshlarida nazariy fizika, topologiya, chiziqli algebra, kvant fizikasi, qora tuynuklar fizikasi, relyativistik kosmologiya fanlarining rivojlanishi makon va vaqt haqidagi tasavvurlarni jiddiy o‘zgartirdi. Ayniqsa, konseptual makon (vaqt)ni informatsion texnologiya vositalarida modellashtirish yo‘llari osonlashgach, makon va vaqtning turli-tuman modellarini tadqiq etish imkoniyatiga keng yo‘l ochildi. Bu tadqiqotlar olamdagi yagona, eng umumiy, universal va fundamental aloqadorlik - bu makon-vaqt aloqadorligidir, deb xulosa chiqarishga to‘liq asos berdi. Olam haqidagi ilmiy bilimlarning rivojlanishi bilan real makon va vaqt haqidagi tasavvurlar ham, konseptual modellar ham rivojlanib, takomillashib boradi. Lobachevskiy makon va vaqtning Evklid geometriyasi tavsiflamagan xossalari mavjud, degan taxminni ilgari surdi. Bu taxmin absolyut makon konsepsiyasini inkor etadi, chunki makon faqat geometrik tavsiflanishi lozim edi. Asosiy g‘oyalari A.Yeynshteyn tomonidan 1905 yilda ta’riflangan xususiy nisbiylik nazariyasida makon va vaqtning geometrik xossalari ularda gravitatsion massalarning taqsimlanishiga bog‘liq ekanligi aniqlandi. Unga ko‘ra og‘ir ob’ektlar yaqinida makon va vaqtning geometrik xossalari evklid geometriyasi tamoyillaridan uzoqlasha boshlaydi, vaqtning o‘tish sur’ati esa susayadi. A.Yeynshteyn (1916 yilda) o‘zining umumiy nisbiylik nazariyasi bilan nafaqat makon va vaqtning substansional konsepsiyasiga, balki makon va vaqt mohiyatining sub’ektivistik aprioristik talqinlariga ham qaqshatqich zarba berdi. U makon va vaqt xossalari moddiy tizimlar harakati va o‘zaro ta’siriga bog‘liq ekanligini ko‘rsatib berdi. A.Yeynshteyn o‘z nazariyasining mohiyatini tushuntirar ekan, shunday deb qayd etdi: «Ilgari qandaydir mo‘jiza yuz berib, barcha moddiy narsalar birdan yo‘q bo‘lib qolsa, makon va vaqt qoladi, deb hisoblashgan. Nisbiylik nazariyasiga ko‘ra esa, bu holda narsalar bilan birga makon va vaqt ham yo‘q bo‘lib ketgan bo‘ladi»4. Ya’ni, Eynshteynning nisbiylik nazariyasiga muvofiq makon va vaqt o‘z holicha ham, bir-biridan ajralgan holda ham mavjud bo‘lmaydi, balki materiya bilan shu darajada uzviy bog‘liq bo‘ladiki, pirovardida hech qanday mustaqillikka ega bo‘lmaydi va yagona rang-barang yaxlitlikning atributlari sifatida amal qiladi. Yagona makon va vaqt kontinuumini tashkil etar ekan, ular moddiy jismlar harakatining tezligiga ham bog‘liq: jism harakatining nisbiy tezligi oshganida uning ko‘lam ko‘rsatkichlari qisqaradi, uning vaqti esa o‘z oqimini sekinlashtiradi. Eynshteyn nazariyasi Riman, Lobachevskiy, Gauss va Puankarening ilg‘or g‘oyalariga qo‘shilgan holda, makon va vaqtning gravitatsiya bilan uzviy aloqasini ham asoslab berdi. Hozirgi zamon tabiatshunosligi va falsafiy xulosalar nuqtai nazaridan ob’ektiv borliq makon, vaqt, harakat hamda modda va maydon turlari o‘zaro ta’sirining uzviy bog‘lanishidan iborat. Hozirgi olimlar yagona, ob’ektiv makon va vaqt kontinuumi to‘g‘risida so‘z yuritishni ma’qul ko‘radilar. Makon va vaqt moddiy jismlar mavjudligining o‘zaro bog‘langan shakllari sifatida tushuniladi. Makon – materiya borlig‘ining ko‘lamlilik, tarkibiylik kabi xossalari va uning o‘zaro ta’sirlarini ifodalovchi shakli. Vaqt – materiya borlig‘ining barcha ob’ektlar mavjudligining davomiyligini va keyingi holat o‘zgarishlarini tavsiflovchi shakli. Shunday qilib, nisbiylik nazariyasida makon, vaqt va harakat materiya mavjudligining atributlari, asosiy shakllari sifatida qaraladi va u bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan holda, materiya kabi, mustaqil holda mavjud bo‘la olmaydi. Muttasil harakatda bo‘lgan dunyo esa muqarrar tarzda faqat makon va vaqtda mavjud deb qaraladi. Download 104.07 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling