3 mavzu. Yurak qon tomir tizimi kasalliklarida davolovchi parhez ovqatlar
Mabodo, qonda yog‘lar miqdori me’yoridan ortiq bo‘lsa, quyidagilarga amal qilish zarur
Download 27.02 Kb.
|
Mabodo, qonda yog‘lar miqdori me’yoridan ortiq bo‘lsa, quyidagilarga amal qilish zarur:
Haftada ikkitadan ortiq tuxum sarig‘ini iste’mol qilmaslik; Kalla - pocha, ichak - chavoqlardan tayyorlangan taomlar, baliq ikrasi tanovvul qilmaslik; Barcha turdagi yog‘li go‘shtlar, kolbasalar, son go‘shti, sariyog‘ va eritilgan yog‘ iste’mol qilmaslik; Taom tayyorlashda masalliqni hayvon yog‘larida qovurish o‘rniga dimlash, qaynatish va duxovkada tayyorlash; Baliqdan tayyorlangan taomlarni (qovurilgan va dudlangani bundan mustasno) ko‘proq iste’mol qilish; YOg‘sizlantirilgan sut mahsulotlaridan foydalanish; Sabzavot va mevalarni chegaralanmagan miqdorda tanovvul qilish. Respublikamiz sharoitida quyidagilarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq: sabzavotlar, yog‘siz mol go‘shti, baliq va terisidan ajratilgan parranda go‘shtidan tayyorlangan sho‘rvalar (ularni dimlangan holda ham iste’mol qilish mumkin); pomidor, bodring, rediska istalgan miqdorda va ulardan tayyorlangan salatlar; kartoshkadan tayyorlangan taomlar chegaralangan miqdorda; dukkaklilar (mosh, loviya, no‘xat) va makarondan tayyorlangan taomlar tavsiya etilmaydi yoki haftada bir marotaba tanovvul qilish mumkin; yarim qaynatilgan bir dona tuxum kunora; har kuni kechqurun bir piyola qatiq; olma, limon, olxo‘ri, tarvuz, qish oylarida pomidor va nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar istalgan miqdorda. Taom to‘yinmagan yog‘larda tayyorlanishi lozim, ular zarur miqdorda baliq va o‘simlik yog‘larida mavjud. Yog‘larning ushbu turi tomirlarga xolesterin o‘tirishini va tromblar hosil bo‘lishini kamaytiradi. Taomni kam – kam va 5 – 6 marta bo‘lib iste’mol qilish oshqozon to‘lib ketishi va vegetativ asab tizimiga salbiy ta’sirni kamaytirib pirovard oqibatda yurak faoliyati yaxshilanishiga olib keladi. YUrak qon – tomir kasalligiga moyilligi bo‘lgan kishilar bir kecha – kunduzda 1,5 litrdan ortiqcha suyuqlik iste’mol qilmasliklari maqsadga muvofiq. Chunki ushbu xastaliklarda shishlar yuzaga kelishiga moyillik mavjudligini doimo yodda tutish lozim. Ayniqsa, surunkali yurak etishmovchiligi mavjud bo‘lgan bemorlarda suyuqlik ichish chegaralanadi. Kunlik iste’mol qilinadigan osh tuzi miqdori 5 g gacha cheklanadi. Bunda nafaqat achchiq – chuchuk balki turli salatlarga, oziq – ovqatlarga, nonga yoki bir so‘z bilan aytganda, barcha ishlatilgan tuz miqdori inobatga olinishi kerak. Chunki ortiqcha tuz organizmda suv ushlab qolinishi uchun sharoit yaratib yurak va qon – tomirlarga ortiqcha yuklama bo‘lib tushadi, shishlar kelib chiqishi va qon bosimi ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Bemorlarga tarkibida ko‘p miqdorda ozuqa tolalari bo‘lgan meva – sabzavotlar iste’mol qilish foydali hisoblanadi (bir kunda kamida 300 – 400 gr yoki 5 porsiya). Bir porsiya meva va sabzavotlar tarkibi 1 ta olma + 1 ta banan + 1 ta apelsin + 1 ta nok + 2 ta olxo‘ri + 1 osh qoshiq quritilgan meva + 1 tilim qovun yoki tarvuz + 1 piyola sabzavot yoki meva sharbatidan iborat. Lekin, bemorda yondosh kasalliklar bor yo‘qligidan kelib chiqib keltirilgan mevalar o‘rniga boshqalarini almashtirishi mumkin. Ularni yangi uzilgan holda yoki dimlab shuningdek, qaynatib eyish kerak. Chunki ovqat tolalari organizmdagi ortiqcha xolesterindan va toksik moddalardan xalos bo‘lish uchun juda muhim hisoblanadi. Yuqoridagilardan tashqari yurak qon – tomir kasalliklari semizlik bilan birga kechganda hafta yoki o‘n kunda bir marta engillashtirish kunlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bunda tana vazni ortiqcha bo‘lganlar kun davomida bodring, olma, pomidor, rediska, turp, olxo‘ri, olcha, tarvuz kabilarni 1,5 - 2,0 kg miqdorda (barchasi birgalikda hisoblanganda) iste’mol qilishlari mumkin, ammo shu kuni sanab o‘tilganlardan tashqari boshqa narsa tanovul qilmagan ma’qul. Qovoq, qizil lavlagi, sabzi va baqlajonlarni nafaqat suyuq ovqatlar tayyorlashda balki haftada 1 – 2 marta dimlab yoki kotletlar tayyorlab ham iste’mol qilish juda foydali. Ayniqsa, sabzidan tayyorlangan kotletlar juda mazali va bemorlar uchun parhezbop hisoblanadi. Quyida biz 6 – 8 kishiga mo‘ljallangan sabzili kotlet tayyorlash usulini keltiramiz: kerakli masalliqlar (18 ta kotlet uchun): 1 kg sabzi, yarim piyola sut, 2 osh qoshiq pista yog‘i, yarim piyola manniy yormasi, 2 dona tuxum, non talqoni va bir chimdim tuz. Tayyorlash jarayoni: Sabzi tozalanib va yuvilib mayda qirg‘ichdan o‘tkaziladi. Qirg‘ichdan o‘tkazilgan sabzi sut bilan aralashtirilib tovada past olovda yopishqoq holga kelgunga qadar 2 osh qoshiq yog‘ solinib aralashtirib turiladi. So‘ng uning ustiga yarim piyola manniy yormasi qo‘shilib 10 daqiqa aralashtirilgandan so‘ng ustiga tuxum sarig‘i quyiladi va bir daqiqa aralashtirish davom ettiriladi. Tayyor aralashma kengroq idishga olinib sovutiladi va undan so‘ng kotlet shakliga keltiriladi. Tuxum oqi va non talqoni alohida idishlarga solinib, tayyor kotletlar avval tuxum oqiga, so‘ngra non talqoniga botirib olinadi. Undan so‘ng o‘rta olovda yog‘ qizdirilib ikki tomoni qizargunga qadar kotletlar pishiriladi. Bunda tovadagi yog‘ miqdori kotletlarning yarmigacha bo‘lishi lozim. Tayyor bo‘lgan taom xoxishga qarab turli garnirlar yoki ularsiz ustiga ko‘katlar sepib dasturxonga tortiladi. Qovoq, qizil lavlagi va baqlajonli kotletlar ham ushbu tartibda tayyorlanadi. Unda sabzini o‘rniga tegishli sabzavotdan foydalaniladi. Sabzavotlar ichida yurak qon – tomir xastaliklarini oldini olish hamda davolashda oshqovoq alohida o‘rin tutadi. Qovoq tarkibida E vitamini yurak hujayralari qarishini oldini oladi, qon aylanishini yaxshilaydi, miokardning gipoksiyaga qarshiligini oshiradi. Qovoq tarkibidagi kalsiy moddasi S va V vitaminlari organizmdan ortiqcha osh tuzi chiqib ketishiga muqobil sharoit yaratadi va qon bosimini mo‘tadillashtiradi. Binobarin, gipertoniya xastaligiga moyilligi bo‘lgan va unga chalingan kishilar qovoqdan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilganlarida ularga shifobaxsh ta’sir ko‘rsatadi. Qovoqni bug‘da dimlab, sho‘rvaga solib, qovoq somsa, chuchvara, manti, kotlet, shirqovoq, qovoqli salatlar, moshqovoq ko‘rinishida iste’mol qilish yoki uning sharbatini ichish mumkin. Qovoq tarkibidagi mavjud moddalar va mikroelementlar odam organizmida ateroskleroz rivojlanishiga sabab bo‘luvchi xolesterin parchalanishiga sharoit yaratish bilan bir qatorda, tanadagi ortiqcha suyuqlik chiqib ketishini tezlashtiradi. YUqorida ta’kidlaganimizdek, aksariyat surunkali kechuvchi yurak xastaliklari pirovard natijada qon aylanishi etishmovchiligi bilan yakun topadi. Buning oqibatida bemor tanasida ortiqcha suyuqlik yig‘ila boshlaydi. Binobarin, qovoqning ushbu xususiyatini yurak etishmovchiligiga chalingan bemorlarga profilaktika maqsadida qo‘llash mumkin. Qayd etilganidek, qovoqda inson organizmi uchun muhim bo‘lgan kaliy moddasi etarli darajada mavjud. Ushbu mikroelement etishmasligi oqibatida yurakning qisqaruvchanlik faoliyatida qator o‘zgarishlar yuzaga keladi. Bemorlarda yurakning vaqtidan oldin va tartibsiz qisqarishi va dupurlab tez urib ketish xurujlari shular jumlasidandir. Dasturxonda qovoq bo‘lishi ushbu noxush holatlarni oldini olish imkoniyatini yaratadi. O‘zbeklar azaldan shirqovoqni tansiq taom sifatida tanovvul etganlar. Ushbu ovqat tarkibida ham xolesterin deyarli yo‘q bo‘lganligi sababli yurak qon – tomir kasalliklarida keng tavsiya etiladi. Ammo uni tayyorlashda yog‘sizlantirilgan sutdan foydalanish lozim. YUrak qon – tomir kasalliklariga chalingan yoki unga moyilligi bo‘lgan kishilarga konfet, shokolad, turli xil pishiriqlar, shu jumladan, tort, muzqaymoq, yog‘li go‘sht, qazi - qarta, qovurilgan taomlar, spirtli ichimliklar, o‘tkir va dudlangan mahsulotlar, garimdori va shularga o‘xshash mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. YUqorida keltirilgan tamoillarga amal qilinganda keng tarqalgan yurak – qon tomir kasalliklarini oldini olish va ulardan xalos bo‘lish imkoniyati tug‘iladi. SHuning uchun tavsiyalarimizni qadimgi Xitoy imperatorlarini davolagan mashhur tabib Xuan Di Neyszinning: "Aqlli inson hali tanada yo‘q kasallikni davolaydi, chunki u paydo bo‘lgandan keyin dorilar qabul qilish chanqoqlik bezovta qilganidan so‘ng quduq qaziy boshlash yoki dushman jang boshlaganidan so‘ng qurolni tayyorlashga kirishish bilan teng. Axir bularning har ikkalasi ham juda kech - ku" degan so‘zlari bilan yakunlamoqchimiz. Umid qilamizki, siz donishmand tabibning fikriga amal qilasiz va kasallikning oldini olish to‘g‘risida qayg‘urasiz. Download 27.02 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling