Huquq va axloq bir-biridan quyidagi jihatlar bo‘yicha farqlanadi:
1. Huquq va axloq bir-biridan, eng avvalo, belgilanish, shakllanish usullari va manbalari bo‘yicha farq qiladi. Huquq normalari davlat tomonidan yaratiladi yoki tasdiqlanadi. Davlat tomonidan ular bekor qilinadi, to‘ldiriladi va o‘zgartiriladi. Axloq normalari esa, boshqacha tarzda tarkib topadi ya’ni ular butun jamiyat tomonidan yaratiladi. Bu normalar doimiy ravishda kishilar amaliy faoliyati, ularning o‘zaro aloqalari jarayonida yuzaga keladi va rivojlanib boradi.
2. Huquq va axloq ularni ta’minlash usullari bo‘yicha bir-biridan farq qiladi. Huquq davlat tomonidan yaratilib, joriy etilar ekan, uning tomonidan ta’minlanadi, muhofaza etiladi va himoya qilinadi. SHu ma’noda huquq normalari umummajburiy mohiyatga ega. Jamoatchilik fikri kuchiga tayanuvchi axloq, majburiy tahdiddan farqli o‘laroq, butunlay boshqa tarzda amal qiladi. Axloq qoidalarini buzish rasmiy hokimiyatning aralashishini, yuridik jazolarni qo‘llashni taqozo etmaydi. Axloqiy qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan qanday ta’sir ko‘rsatishni jamiyatning o‘zi hal qiladi. Bunday ta’sir chorasi ba’zan huquqdan ham qattiqroq va ta’sirchanroq bo‘lishi mumkin.
3. Huquq va axloq ifoda etish shakliga ko‘ra farq qiladi. Agar huquq normalari davlatning maxsus yuridik hujjatlari (qonunlar, farmonlar, qarorlar)da mustahkamlanib, umuman keng ko‘lamli va keng tarmoqli qonunchilikni tashkil etuvchi tegishli kodekslar, to‘plamlar, nizomlarda guruhlarga ajratilib, tartibga solinsa, axloqiy normalar esa bunday aniq ifodaga ega bo‘lmaydi. Axloq normalari va qoidalari jamiyat turli qatlamlari va guruhlarida muayyan ijtimoiy shart-sharoitlar ta’sirida vujudga kelar ekan, keyinchalik keng tarqaladi hamda barqaror xulq-atvor qoidalarga aylanadi. Bunda biron-bir axloq normasining yuzaga kelish vaqtini ham, sababini ham, tartibini ham, uning amal qilish muddatini ham aniq ko‘rsatish mumkin emas.
4. Axloq va huquq kishilar ongiga ta’sir etish xususiyati va usullariga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Agar huquq sub’ektlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni ularning yuridik huquq va majburiyatlari – haqqoniylik va nohaqlik, qonuniylik va g‘ayriqonuniylik, jazolanish va jazolanmaslik nuqtai nazaridan tartibga soladigan bo‘lsa, axloq inson qilmishlariga ezgulik va yovuzlik, maqtov va qoralash, halollik va nopoklik, oliyjanoblik va pastkashlik, vijdon, or-nomus, burch nuqtai nazaridan yondashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |