4-mavzu: Tilda imkoniyat va voqelik mushtarakligi (4 soat) O`zbek tili ta`limida innovatsion pedagogik texnologiyalar Reja


Download 41.15 Kb.
bet7/10
Sana14.11.2021
Hajmi41.15 Kb.
#173788
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
4-маъруза

Transformatsiya metodi - tildagi elementlar va birliklarning turli gaplarda boshqacha yo`l bilan qayta tuzishda qo`llaniladi. Tranformatsiyaning sintaksisdagi elementlarni o`zgartirishda qo`llanuvchi oddiy turlari: o`rin almashtirish, qo`shish, qisqartirish va tushirib qoldirishdir. Bu metodni AQSh olimi Z.Xarris taklif etgan va keyincha uni shogirdi N.Chomskiy alohida ilmiy tadqiq etgan. Bu metod matematika va mantiqdagi ba`zi tushuncha va tamoyillardan foydalanadi.Transformatsion metod zamonaviy usullar ichida eng mukammali hisoblanadi. Ushbu metod tildagi sintaktik jarayonni tushuntirish imkoniga egaligi bilan xarakterlidir . Agar bir turdagi elementlarga ega bo`lgan ikki va undan ortiq konstruktsiyalar bir xil o`rinda uchrasalar, ularni transformalar deyiladi. Masalan, quruvchilar Toshkentda juda ko`p chiroyli binolar qurdilar –gapida transformalar quyidagicha bo`lishi mumkin: Toshkentdagi juda ko`p chiroyli binolar quruvchilar tomonidan qurildi (passiv konstruktsiya). Juda ko`p Toshkentdagi chiroyli binolarni quruvchilar qurdilar. Juda ko`p chiroyli binolarni Toshkentda quruvchilar qurdilar va h.k. Yuqoridagi transformalar gapning biror ma`nosini o`zgartirishga ham xizmat qiladilar. Agar shu gap asosida dialog tuzsak, undagi elementlar o`z o`rnini o`zgartiradi, tushib qoladi va to`ldiradi.

- Binolarni kim qurgan?

- Toshkentdami?

- Ha, ularni quruvchilar qurgan.



- Ha, o`sha chiroyli binolarni...

Tranformatsiya metodi faqat sintaksisda emas, balki stilistik transformatsiya shaklida ham qo`llanmoqda. Unda sintaktik stilistika uchun eng zaruriy vosita bo`lib xizmat qilmoqda. Transformatsiya metodi ham lisoniy birliklarning paradigmatik munosabatlarini o`rganishga yo`naltirilgan. Ushbu metodning oldingilardan farqi shundaki, uning asosida bir tizim tarkibidagi birliklarning bir-biriga o`tishi, biri ikkinchisidan «tug`ilishi» yoki yasalishi g`oyasi yotadi. Til birliklarining qanday tuzilishi, o`zaro o`rin almashinuviga oid misol va faktlar tilshunoslar diqqatini oldindan jalb etib kelar edi. Bu hodisalar, ayniqsa, matn tahriri jarayonida bir sinonim so`zlar o`rnida ikkinchisini qo`llash, stilistik jihatdan ma`qul ko`ringan sintaktik qurilmalarni topish amaliyotida yaqqol ko`zga tashlanib turadi. Lekin bunday amallar natijalarining tilshunoslik sohasidagi ahamiyatini ilmiy asoslash birinchilardan bo`lib Sankt-Peterburglik olim akad. Lev Vladimirovich Щerbaga nasib etgan ekan. Olim tilshunoslik nazariyasiga tajriba (eksperiment) tamoyilini joriy qilishni taklif qiladi va nutqiy tuzilmalarni turli ko`rinishlarda o`zgartirish yo`li bilan nazariy xulosalarinng tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi material to`plash mumkinligini isbotlab berdi. Shunday qilib, lisoniy tajriba ilmiy tadqiqotning va transformatsion metodning asosiy amaliga aylandi.Transformatsion metodning ilmiy tadqiqot metodi sifatida to`liq shakllanishi va uning turli variantlarining yaratilishi amerikalik tilshunoslar Z.Xerris, D.Uors, N.Xomskiylar nomlari bilan bog`liqdir. Distributiv tahlilning kamchiliklarini bartaraf etish istagida bo`lgan tilshunoslar transformatsiya usuliga murojaat qilishdi. Bu usul hozirgi paytda sintaksisda keng qo`llanilmoqda va sintaktik tuzilmalarning turli o`zgartirish qonuniyatlari bu birliklarning umumiy tizimda tutgan o`rnini aniqlash imkonini bermoqda. Har qanday gap tuzilish va tarkib jihatidan o`zgarishlarga bo`lgan imkoniyatlariga nisbatan tajriba sinovidan o`tishi mumkin va ushbu gap aynan shu transformatsiya imkoniyatlari o`lchovi asosida u yoki bu sintaktik turlar qatoridan o`rin oladi. Bundan tashqari, ushbu sinovlar jarayonida gap bo`laklari, uning tashkiliy qismlarining semantik xususiyatlari, sintaktik munosabatlari ham aniqlanadi va bu jihatdan transformatsion metod differentsial ma`no xususiyatlari tahlilini to`ldiradi, uning isbotlovchi amaliga aylanadi. Transformatsiya metodini lisoniy tajriba usuli sifatida gap bo`laklarining sintaktik-semantik xususiyatlarini aniqlashda keng miqyosda qo`llash imkoniyati mavjudligini quyidagi misollar tahlilida izohlash mumkin: Rachel was looking at him – with her honest brown eyes «Rachel unga tikilib turgan edi – rostgo`y qo`y ko`zlari bilan» va Rachel was there – withher honest brown eyes «Rostgo`y qo`y ko`zli Rachel o`sha erda edi» gaplari qiyoslanganda Rachel bo`lagining agentivlik ma`nosiga ega ekanligini, ikkinchisida esa bu farqlovchi semantik xususiyat yo`qligini ko`ramiz. A.M.Muxin (1980: 278) birinchi gapdagi agentiv sitaksemani ikkinchisidagi substantsional sintaksemadan farqlash uchun transformatsiya usuliga murojaat qilishni maslahat beradi: Rachel was looking at him--------He has been looked at by Rachel. Ikkinchi gap esa bunday majhul darajaga o`tkazish transformatsiyasiga «bo`ysunmaydi». Xuddi shuningdek, olim his hair was long «uning sochi uzun edi» sintagmasidagi was long bo`lagi kvalitativ (sifatlovchi) sintaksemalar qatoriga kirishini ushbu sintagmaning aniqlovchili tuzilmaga transformatsiya qilinishi imkoniyatida ko`radi: his hair was long -------his long hair «uning uzun sochi». Qiyoslang (Muxin 1990: 258): the greatness of Charles Strickland was authentic «Charlz Striklendning buyukligi haqiqiy edi» ------ The authentic greatness of Charles Stricland «Charlz Striklendning haqiqiy buyukligi». Sintaksisda transformatsiya metodidan ikki asosiy maqsadda foydalaniladi: 1) tizimlashtirish maqsadida (bir gapning ikkinchisiga «o`tishi» qoidalarini aniqlayotib, biz uni sintaktik munosabatlar qatorida tutgan o`rnini aniqlaymiz);

2) tasniflash maqsadida (transformatsiya o`zgartirishlari jarayonida gap bo`laklarining «xulq-atvori»ga qarab, biz ularning sintaktik-semantik vazifalarini aniqlaymiz va tasniflaymiz). Ushbu ikki maqsadning farqiga nisbatan transformatsiya metodi qo`llanilganda, transformatsiya sintezi va transformatsiya tahlili amallari faollashadi.Bulardan transformatsiya tahlili tasnif maqsadi ko`zlanganda faollashadi va uning asosida gaplar va ularning tarkibiy bo`laklarini almashtirish (o`zgartirish) yo`li bilan til birliklarining tizimiy xususiyatlari aniqlanadi va ular ma`lum guruhlarga taqsimlanadilar.Tahlil va tasnif maqsadlari ko`zlanganda, transformatsiyaning quyidagi amallari bajariladi:

1) dastlab kichik guruhdagi tuzilmalarning transformatsiyalari doirasi aniqlanadi va bu tarnsformatsiyalar jarayonida lug`aviy tarkib saqlanib, grammatik morfemalar o`zgarishi mumkinligi sharti qo`yiladi;

2) hosil bo`lgan transformatsiya shakllarining guruh ro`yxati tuziladi (keyinchalik bu ro`yxat to`ldirilishi mumkin);

3) barcha turdagi transformalar matn tarkibida sinovdan o`tkaziladi va ularning faollashuv imkoniyati aniqlanadi;

4) tahlil qilingan tuzilmalar transformatsiya faollashuvi imkoniyatlariga nisbatan ma`lum guruhlarga taqsimlanadilar. Transformatsiya sintezi tizimlashtirish maqsadini ko`zlaydi. Ushbu ko`rinishda transformatsiyalar sintaktik tuzilmalarni yasash (hosil qilish) qoidalari majmuasini aniqlash imkonini beradi. Bu qoidalar asosida turli ko`rinishdagi gaplar o`zaro qiyoslanadilar va tizimlashtiriladilar. Transformatsiya sintezida ham transformatsiya tahlilida qo`llanilgan amallarga murojaat qilinadi, ammo bu amallarning bajarilishida ma`lum shartlarga rioya qilish talabi bor. Chunonchi, gaplar tuzilishini o`zgartirishda lug`aviy tarkib saqlanishi talabi bilan bir qatorda mazmun invariantligi (ifodalanayotgan voqea-hodisaning bir xilligi) sharti ham qo`yiladi. Bu shartga binoan «Opasi ukasi bilan faxrlanadi» kabi gaplarni «Ukasi opasi bilan faxrlanadi» turidagi transformaga o`tkazish ta`qiqlanadi. Transformatsiya tahlilida esa bu turdagi o`zgarishlar odatiydir. Bundan tashqari, grammatik morfemalar o`zgartirilishi bilan hosil bo`ladigan transformalarning ushbu metod doirasidagi talqini ham munozaralidir. Zero, gaplar transformatsiyasini ta`minlovchi grammatik morfemalar o`z tarkibi, tabiati va ajratib olish usuliga nisbatan turli guruhlarga oiddirlar. Agarda farang tilshunosi J.Vandrise (1937) izidan borsak, ushbu morfemalarning quyidagi turlarini ajratamiz:

1) segment (bo`lak) morfemalari (bular so`z va gap qismlari, ya`ni affiks, yordamchi so`z kabilarni ifodalaydilar);

2) supersegment morfemalar, ya`ni gapning grammatik xususiyatini izohlovchi, lekin bevosita gap tarkibida ifoda topmaydigan vositalar (masalan, intonatsiya). Keyingi bosqichda segment morfemalar ham bir necha turlarga ajraladilar:

1) alohida so`z bilan bog`liq bo`lgan morfemalar (affikslar);

2) alohida so`z bilan bog`liq bo`lmagan morfemalar (predlog, poslelog, bog`lovchi, yuklama kabilar).

Turli guruhlarga oid morfemalarning transformatsiya amallarining bajarilishidagi o`rni va roli mos kelmaydi. Shu sababli ularning barchasi ham bir xilda transformatsiya sintezi amallari talablariga javob bera olmaydilar. Gaplarning transformalari muqobilligini faqatgina shakl yasovchi morfemalar ta`minlaydi, so`z yasovchilar esa bu qobiliyatga ega emas, degan fikr ham mavjud (Isachenko 1963: 67-68). Lekin bu qoidadan chekinish

hollari ham yo`q emas: U hayajonlanmoqda – U hayajonda; Mening do`stim san`atga qiziqadi – Mening do`stimning san`atga qiziqishi kuchli. Bizningcha, transformatsion amallar doirasidan so`z yasovchi morfemalarni to`lig`icha chiqarib tashlash mumkin emas. Bu sintaksis va so`z yasash tizimlari o`rtasidagi bog`liqlikni yo`qotishga olib kelishi muqarrar. Turli grammatik morfemalar o`zgarishi transformalarning har xilda bo`lishiga olib kelishi haqida gapirsak, ma`qulroq bo`lar edi. Lug`aviy birliklarning transformatsiya shakllariga ta`siri generativ grammatikada birmuncha batafsil va muxtasar yoritilgan. Ushbu grammatikannig asosiy yutuqlaridan biri sintaksisni aniq tizim sifatida tasavvur qilish va uning birliklarini o`zaro munosabatda bo`lgan voqelik ko`rinishida yoritish imkoniyatini isbotlab berganligidadir. Ammo ushbuni qayd etish bilan birgalikda, transformatsiya metodini har qanday nuqsondan xoli usul sifatida targ`ib qilish istagida emasmiz. Aksincha, uning amaliyotda qo`llanishida uchraydigan ko`plab to`siqlar ushbu metod o`z ilmiy mohiyatini hanuz to`liq topmaganligidan guvohlik beradi. Eng xavflisi, transformatsiya amallari ayrim hollarda tajriba sub`ekti –tadqiqotchining shaxsiy nuqtai nazari, tanlovdagi ixtiyoriylik doirasidan to`liq chiqa olgani yo`q.




Download 41.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling