Axborot byulletenlari tarqatma materiallarning yana bir turi bo’lib, ta’limda ilg’or pedagogik texnologiyalarning qo’llanilishi natijasida ular juda takomillashib ketdi. Nazariy mashg’ulot o’tish vaqtida talabalarga oldindan o’rganilayotgan mavzuning matni berilishi mumkin.
Amaliy mashg’ulot vaqtida muhokama qilinayotgan muammoga doir boshlang’ich axborotlar talabalarga tarqatib chiqilishi mumkin. Talabalarni mashg’ulotlarga tayyorlashda ularni oldindan ba’zi axborotlardan xabardor qilish, ularning boshlang’ich axborotlarga ega bo’lishi yoki yangiliklardan voqif bo’lishi mashg’ulot oldiga qo’yilgan maqsadga samarali erishishga yordam beradi. Shuning uchun bunday didaktik tarqatma materiallarni axborotnomalar deyishimiz mumkin.
Topshiriq kartochkalari deganda, talabalar bilan amaliy mashg’ulot o’tayotganda, ularning har biriga yoki kichik guruhchalariga turli beriladigan yozma topshiriqlar tushuniladi. Bunday vaqtda qo’llaniladigan tarqatma didaktik materiallar topshiriq kartochkalari deyiladi. Ular laboratoriya ishlari, seminar treningi, grafik ishlar, misol va masalalar, tajriba ishlari, kasb mahoratiga doir va h.k. turdagi amaliy mashg’ulotlarga doir ishlab chiqilishi mumkin. Ular oldindan bajariladigan ishning xususiyatlari va talabalarning individual qobiliyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi. Unda topshiriqqa doir tushuntiruvlar, topshiriqning sharti va namuna berilishi mumkin. Natijada undan foydalanganda ham o’qituvchining vaqti tejaladi, ham talabaning topshiriqni bajarishi oson kechadi.
Anketalar odatda guruh talabalaridan ba’zi bir ma’lumotlarni olishga to’g’ri kelganda, biz ularga turli savollar bilan murojaat qilishimizga to’g’ri kelganda qo’llaniladi. Anketa yordamida goh ochiq, goh yashirin tartibda talabalarning munosabatlarini, qiziqishlarini va boshqa ma’lumotlarni olishimiz mumkin. Bu ma’lumotlar asosida olib borilayotgan ta’lim va tarbiya ishlariga kerakli o’zgartirishlar kiritamiz. Turli o’quv-tarbiyaviy ishlarni yo’lga qo’yishda ham foydalanishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |