5-mavzu. Qahramonlik dostonlari
Alplik tizimi qahramonlik dastonlari uchun mezon
Download 42.23 Kb.
|
portal.guldu.uz-Ma`ruza matni
1.Alplik tizimi qahramonlik dastonlari uchun mezon. ALPLIK TIZIMI – epik ijodda qahramonlik eposiga xos bo‘lgan atama. Faqat qahramonlik eposiga xos, bu tur dostonlarning o‘zak mezonlaridan bo‘lmish xalqning «alplik tizimi» bilan bog‘liq tasavvurlarining qat'iy o‘lchamlari mavjud.
– Avvalo, qahramonning tug‘ilmasdanoq homiy eranlar nazarida turganligi – nazarkarda ekanligi(eposning qadimiy shaklida alp to‘g‘ridan to‘g‘ri ilohlar farzandi, deb talqin etiladi). –Baxtli yulduz oyida tug‘iluvchi, bo‘lajak qahramonning paydo bo‘lishi haqida dushman yurt kohinlarining karomatlar aytishi. Ularning bolani yo‘q qilishga urinishlari. –Qahramonning dushmanlarni dog‘da qoldirib ulg‘aya borishi davomida «alplik dardi»ga yo‘liqishi. Masalan: «Go‘ro‘g‘li»dostonida qahramon qabiladoshlariga «ozor» yetkazadi. Lekin bu «ozor» shunchaki bezovta etish emas. Odatda qahramon – alp xalqning quvvati mudrayotgan, omma inert (sust) holatga tushgan bir davrda uni kuchga endiruvchi o‘ziga xos «uyg‘otuvchi» sifatida paydo bo‘ladi. Bu davrda sust avlod ichida passionar (bunyodkor) avlod tug‘iladi. Alp passionar avlod vakiligina emas, darg‘asi – yo‘lboshchisi hisoblanadi. Hamisha passionar(faol) avlod inert(sust) ommaning «halovati»ni buzadi. Bu jarayonsiz etnos quvvatga kirmaydi. Ya'ni, yangi sifat bosqichiga chiqmaydi. «Alpomish»dagi «zakot» masalasining kun tartibiga chiqishi va elning bu yangilikdan bezovta bo‘lib ko‘chishi, ana shu ikki avlod o‘rtasidagi kurashning ifodasidir. Dostondagi «zakot» motivi asosida «alplik dardi» badiiy kodlari turibdi. Dostonning boshqa variantlarida bu motiv turlicha talqinlarda keladi. Ammo mohiyat o‘zgarmaydi. Dostondagi «alplik dardi»ni ifodalovchi voqealar tafsiloti, passionar avlodning kuchga kirish davrida uni inert omma qabul qilolmasligini aks ettiradi. Ba'zan inert(sust) ommaning soyasi alpning xatti-harakatlari ga ham ta'sir o‘tkazadi. Alp esa bu davrda yo‘l qo‘ygan xatolari badalini ulg‘ayganda to‘laydi. Etnosning savobu gunohi alpning taqdirida, Alpning savobu gunohi etnosning taqdirida namoyon bo‘ladi. «Alplik dardi» nafaqat alpning, balki «etnosning yangilanish bo‘sag‘asidagi «dardi», uyg‘onish, harakatga kelish «og‘riqlari» hamdir. –«Alplik dardi»ning «tanlangan»(alp) va «tanlovchi»chilar – homiy eranlar o‘rtasida bevosita muloqatning boshlanganligini bildirishi. Yanada aniq aytilsa, «alplik dardi» qahramonning yerda tug‘ilib, ma'lum muddatga «y ovvoyilashgan» (etnosning ushbu davrdagi zamon va makon ta'siriga qisman tobe turgan) ruh va tanini eranlar iqlimiga moslashtirish muddatidagi qarshiliklari va uyg‘unlashuv jarayoni ekanligi. –Eranlarning o‘z makonida qahramonning jismi va ruhini ilohiy nur hamda sharob bilan toblab, emlab (bamisli asov tulporni jilovlab) darddan xalos etishi. Unga alplik siru sinoatlarini o‘rgatishlari. Qahramonning alp sifatida qayta yaranishi. –Qahramonning alplik kuch-qudratiga, bilimiga, sehrli xususiyatlariga, belgilariga ega bo‘lishi. –Qahramonning eranlardan alplik qurol-aslahalarini olishi. –Qahramonning eranlardan alp sifatida bajaradigan vazifasi – yerdagi missiyasi va taqdirini (ibtido va intiho) bilishi. Ayni talablar Alpomishning Alpinbiy yoyiga ega bo‘lishi, chiltonlar huzurida Barchin va Alpomish ruhining uchrashuvi hamda boshqa tafsilotlarda aks etgan. –Eranlarning qahramonga hamkor qilib o‘z sheriklaridan birini qo‘yishi ham «alplik tizimi»ning tayanch nuqtalaridan hisoblanadi. “Go‘ro‘g‘li” dostonlarida Soqibulbul, “Alpomish ”dostonida Qultoy shunday obraz hisoblanadi. Dostonda Qultoy quyidagicha sifatlanadi: «Qultoy aytdi: –Alpomishning belgisi shul edi, o‘ng egnida Shohimardon pirning besh panjasining dog‘i bor edi, chap egnida o‘zimning besh panjamning belgisi bor edi». Qultoy shunday qudratli chol ediki: «Qultoy ham zahar chol edi. Yotgan yerida bir qur hayot tortdi, to‘qson to‘qaydagi yilqi yig‘ilib qoshiga yetdi, hamma yilqilar jam bo‘lib turdi». Eng muhim jihat Qultoy Alpomishning oti – Boychiborni boqib, tarbiyalagan kishi. «Go‘ro‘g‘li» dostonida Soqibulbul G‘irko‘kning sayisi, Go‘ro‘g‘liga maslahatchi, davrasiga soqiylik qildi. –Qahramonning alp sifatida o‘z kuch-qudratini amalda namoyish etishi va xalq tomonidan alp sifatida tan olinishi. Jangovor otning ham alp bosib o‘tgan sinov va toblanishlar jarayonidan o‘tishi ham alplik mezonlari qatorida turadi. Umuman olganda «alplik tizimi» qahramonlik dostonlarining umurtqasi hisoblanadi. Download 42.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling