7 – mavzu: Jamiyat va inson falsafasi. Mavzu rejasi
Download 109.6 Kb.
|
7 мавзу Жамият ва инсон фалсафаси
- Bu sahifa navigatsiya:
- Konstitutsiya
Siyosiy kichik tizim. Rivojlangan ijtimoiy tizimga ega bo‘lgan jamiyatda ijtimoiy, etnik va diniy tabaqalanishning kuchayishi muqarrardir. Jamiyat ijtimoiy munosabatlar tizimidan iborat ekan, ijtimoiy munosabatlarin tartibga solish, boshqarish zaruriyati doimo mavjud bo‘lgan. Boshqaruv – ijtimoiy hayotning muhim sharti, uning alohida sohasidir. Jamiyat boshqaruvi ikki xil: 1. Jamiyatning o‘z-o‘zidan boshqarilishi. Bu ikki shaklda: A – stixiyali, an’ana, urf-odat va hokazolar yo‘li bilan; B – ongli o‘z-o‘zini boshqarish, oilaviy munosabatlarda, mahalla kabilarda namoyon bo‘ladi. 2. Jamiyatning maxsus boshqariluvi. Bunda maxsus boshqaruv tizimi, uning turli elementlari va ularning vazifalari mavjud bo‘ladi va bunday boshqaruvda majbur etishlik jihati mavjuddir. Mavjud mavqeidagi tub o‘zgarishlardan kelib chiqadigan qarama-qarshi manfaatlarni ko‘zlovchi ijtimoiy birliklar va guruhlar mavjudligi ularning o‘rtasida siyosiy munosabatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Bu manfaatlarni muvofiqlashtirish zaruriyati maxsus boshqaruv tizimi bo‘lgan jamiyat siyosiy tizimining shakllanishi, tuzilishi va funksiyalarini belgilaydi.
Siyosiy tizim jamiyatda siyosiy munosabatlarni tartibga soluvchi davlat va siyosiy tashkilotlar, institutlar va muassasalar majmuidir. Siyosiy tizim murakkab tuzilishga ega. Jamiyatda fuqarolarga nisbatan qonuniylashtirilgan majburlov choralarini qo‘llash yo‘li bilan o‘zining siyosiy munosabatlarni tartibga solish borasidagi funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat siyosiy tizimning bosh elementi hisoblanadi. Davlat jamiyatning muhim ijtimoiy-siyosiy instituti bo‘lib, muayyan hududda unga oliy hokimiyat vakolatlari beriladi. Bu vakolatlardan davlat odamlar, ularning guruhlari va birlashmalari xulq-atvorini boshqarish uchun foydalanadi. Davlatning asosiy belgilari: 1. Jamiyatdan ajratilgan xalq hokimiyati. Hokimiyat – bir sub’ekt (hokimiyat boshlig‘i)ning o‘z hukmi ostidagi fuqarolarga buyruqlar berish, ularning bajarilishi ustidan nazorat olib borish va ularni bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkoniyati; 2. Suverenitet, ya’ni o‘z mamlakati hududida oliy hokimiyatga to‘liq egalik qilish va tashqi siyosatda mustaqillik; 3. Hokimiyat chiqargan qonunlar va uning vakolatlari amal qilinadigan hudud; 4. Butun aholi uchun majburiy sanalgan qonunlar va normalar qabul qilish mutlaq huquqi; 5. Davlat xizmati xodimlari, qurolli kuchlar, majburlov organlari va hokazolarni ta’minlash uchun aholidan soliqlar undirish huquqi. Davlatning boshqaruv shakli (ya’ni hokimiyatni tashkil etish usuli) va davlat qurilishi shakllari mavjud. Boshqaruv shakllariga ko‘ra monarxiya va respublika farqlanadi. Monarxiya quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi: birinchidan – hokimiyat bir shaxsga qarashli bo‘ladi; ikkinchidan – davlat boshlig‘iga hokimiyat meros bo‘lib o‘tadi. Davlat boshlig‘ining vakolatlari hech qanday konstitutsiyaviy normalar bilan cheklanmaydigan mutlaq monarxiyalar va monarx vakolatlari konstitutsiya bilan cheklanadigan konstitutsiyaviy monarxiyalar farqlanadi. Respublikaning asosiy xususiyati shundan iboratki, unda hokimiyat manbai xalq hisoblanadi, zero davlatning oliy organlarini xalq saylaydi. Parlament, prezidentlik respublikalari va aralash respublikalar farqlanadi. Parlament respublikasi hukumatni parlament ko‘pchiligi tamoyiliga ko‘ra shakllantirishni nazarda tutadi: qaysi partiya parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilsa, shu partiya parlamentga hisobdor bo‘lgan o‘z hukumatini shakllantiradi. Prezidentlik respublikasi davlat boshlig‘i va hukumat boshlig‘i vazifalarini prezident bajarishi bilan tavsiflanadi. Aralash respublika (yarim prezidentlik respublikasi)da kuchli prezidentlik hokimiyati hukumat faoliyati ustidan parlamentning samarali nazorati bilan uyg‘unlikda amal qiladi. Davlat qurilishi shakliga ko‘ra unitar, federativ va konfederativ davlatlar farqlanadi. Ma’muriy birliklari o‘z davlatchiligiga ega bo‘lmagan yagona, siyosiy jihatdan bir jinsli davlat unitar davlat hisoblanadi. Federatsiya – siyosiy sub’ektlar (shtatlar, yerlar, federatsiya sub’ektlari va sh.k.), o‘z konstitutsiyalari, qonunchilik, ijro va sud organlariga ega davlatlar uyushmasi. Ularning mustaqilligi markaz bilan federatsiya tarkibiga kiruvchi sub’ektlar o‘rtasida vakolatlarning taqsimlanishi bilan belgilangan chegaralarga muvofiq cheklanadi. Davlatlararo birlashmaning alohida shakli konfederatsiya bo‘lib, u mustaqil davlatlar muayyan o‘zaro maqsadlarga erishish uchun tuzgan doimiy uyushmadir. Hozirgi davlatlarning aksariyati o‘z faoliyatini konstitutsiyaga muvofiq amalga oshiradi. Konstitutsiya – siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tuzum asoslarini, fuqarolarning huquqlari va burchlarini, asosiy davlat organlarini tarkib toptirish mexanizmi va ularning faoliyat tamoyillarini, saylov tizimi asoslari va hokazolarni mustahkamlovchi davlatning asosiy qonuni. Konstitutsiya boshqaruv va davlat qurilishi shaklini belgilaydi. Siyosiy tizim mamlakatning siyosiy hayotida ishtirok etuvchi turli-tuman partiyalar, harakatlar, tashkilotlar, institutlar, diniy muassasalar va ta’sir guruhlari majmuini ham o‘z ichiga oladi. Siyosiy tashkilotlar davlat tuzilmalarining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi, o‘z faoliyati dasturlarini belgilaydi, ijtimoiy birliklar va guruhlarning manfaatlarini tegishli shiorlar, ijtimoiy loyihalarda ifoda etadi va ularni amalga oshirishda qonuniy vositalar bilan ishtirok etadi. Ularning faoliyati o‘z guruhlarining o‘zgalarning manfaatlariga zid bo‘lgan yoki ularni kamsitadigan manfaatlarini ro‘yobga chiqarish zaruriyati bilan belgilanadi. Shu sababli partiyalar va harakatlar hokimiyat obro‘siga tayanadi. Hokimiyatning aralashuvi ziddiyatlarni tartibga solish, manfaatlarni muvofiqlashtirishga ko‘maklashadi. Jamiyatning yuqorida sanab o‘tilgan kichik tizimlari o‘ziga xos vazifalarni bajaradi va bir-biri bilan aloqa qiladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ulaming o‘rtasida belgilovchi va belgilanuvchi muayyan ierarxiya mavjudmi? Jamiyat - yaxlit tuzilma va har bir mamlakat betakror tarzda o‘ziga xos, o‘zining betakror tarixi va madaniyatiga ega. Bu tarqoq ijtimoiy kichik tizimlami muayyan birlikka birlashtiradigan omillar mavjudligini nazarda tutadi. Markscha falsafa nuqtayi nazaridan moddiy ishlab chiqarish hamda ishlab chiqarish vositalariga nisbatan mulkdorlik shakllariga asoslanadigan ishlab chiqarish munosabatlari tizim tashkil etuvchi omil sifatida qaraladi. Hozirgi vaqtda G‘arbdagi texnokratik oqim faylasuflari jamiyatning rivojlanish darajasini tavsiflovchi asos sifatida texnikaning rolini mutlaqlashtiradi. Hozirgi zamon falsafasida yetakchilik qiladigan qarashga muvofiq jamiyatning yaxlit tavsifi sivilizatsiya va madaniyat tushunchalarida beriladi. Download 109.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling