Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari - . Superfosfat ishlab chiqarishda fosfatli xom ashyo parchalanishining to‘laligi parchalanish koeffitsienti, ya’ni superfosfatdagi o‘zlashadigan P2O5 ning umumiy P2O5 miqdoriga nisbati orqali talqin etiladi. Sulfat kislota me’yori qanchalik katta bo‘lsa, parchalanish koeffitsenti ham shunchalik yuqori bo‘ladi. 68-72 og‘irlik qism me’yorida apatit konsentratidan olingan kamerali superfosfatdagi parchalanish koeffitsenti 83-88% ga teng va superfosfatda ma’lum miqdordagi (11-12%) erkin fosfat kislota bo‘ladi. Superfosfatning ombordagi yetiltirish jarayonida esa parchalanish koeffitsenti 93-95% ga yetadi, erkin fosfat kislotasi esa 5% gacha kamayadi.
- Olingan superfosfat miqdorining uni ishlab chiqarish uchun sarflangan fosfat miqdoriga nisbati superfosfat unumi deyiladi. Vaholanki, fosfatdagi P2O5 to‘laligicha superfosfatga o‘tadi, shuning uchun unum fosfatdagi P2O5 ning foiz miqdorini mahsulotdagi umumiy P2O5 ning foiz miqdoriga nisbati bilan ifodalanadi. Apatit konsentratidan yangi hosil qilingan superfosfatning unumi 1,94-2,01 ni, fosforitdan olingan superfosfat unumi esa 1,5-1,9 ni tashkil etadi. Superfosfatni omborda saqlanishi natijasida undan suvning bug‘lanishi hisobiga unum ma’lum darajaga pasayadi.
Mahsulotning gigroskopikligi va uning neytrallanishi. - Yuqori erkin kislotalilikka (5% dan yuqori P2O5) ega bo‘lgan superfosfat 20OS xaroratda havoning nisbiy namligi 70-100% bo‘lganda atmosfera namligini yutadi. Buni superfosfat suyuq fazasining to‘yingan bug‘ bosimi (1,33-1,81 kPa) xuddi shu xaroratdagi suvning to‘yingan bug‘ bosimi (1,63-2,33 kPa) dan kichik ekanligi bilan izohlanadi. Yutilgan namlik ma’lum miqdordagi monokalsiyfosfatni eritadi, uning dikalsiyfosfat va fosfat kislotaga parchalanishiga olib keladi. Ajralgan qo‘shimcha miqdordagi erkin fosfat kislotasi superfosfatni yanada gigroskopikligini oshiradi.
- Bunday superfosfat yomon fizik xossaga ega bo‘ladi – yopishqoq bo‘lib qoladi, tushirish va yuklash moslamalariga yopishib qolishi natijasida qiyinchiliklar tug‘diradi. Bundan tashqari mexanizmlarning korroziyasini tezlashtiradi. Shuning uchun yetiltirilgan superfosfat fosfat kislotada oson parchalanuvchi neytrallovchi qo‘shimchalar bilan neytrallanadi. Odatda neytrallanish jarayoni donadorlash bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Neytrallovchi qo‘shimcha sifatida oson parchalanadigan mayda fraksiyali fosforit uni, suyak kukuni, ohak, bo‘r, ohaktosh, ftorsizlantirilgan fosfatlar va boshqalar ishlatiladi. Tarkibida fosfor tutgan neytrallovchi qo‘shimchalar mahsulotni boyitadi. Fosforitning qo‘llanilishi natijasida erkin P2O5 ning 1% ga kamayishi hisobiga, ekvivalent suratda, mahsulotdagi o‘zlashadigan P2O5 ning miqdori o‘rtacha 0,42% ga ortadi. Superfosfatdagi fosfat kislotani kalsiy birikmalari bilan neytrallash natijasida mahsulot tarkibida qo‘shimcha miqdordagi kalsiy monofosfat hosil bo‘ladi. Bunda superfosfatdagi qattiq komponentlar miqdori ortadi va uning fizik xossasi yaxshilanadi. Superfosfatdagi kislotalilikni keragidan ortiq darajada kamaytirish suvda kam eriydigan dikalsiyfosfatning hosil bo‘lishiga olib keladi, ohakning ortiqcha bo‘lishi esa qiyin eriydigan trikalsiyfosfat hosil bo‘lish bilan boradigan retrogradatsiyalanishga olib keladi. Mahsulot tarkibining ayrim qismlaridagi retrogradatsiya esa reagentlarning yomon aralashtirilishi hisobiga yuzaga keladi. Shuning uchun neytrallash jarayonida qo‘shimchalarni mahsulot bilan yaxshi aralashishini ta’minlash lozimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |