Mahmud Torobiy qo'zg'oloni
1238-yilda Buxoroning Torob qishlog'ida bosqinchilar va mahalliy mulkdorlar zulmiga qarshi qo'zg'olon boshlanadi. Qo'zg'olonga toroblik g'alvir yasovchi hunarmand Mahmud boshchilik qiladi. Tarixda u Mahmud Torobiy nomi bilan shuhrat topadi.
* Chig'atoy - imperiya taqsimlanganda uning Chig'atoyga tekkan qismi. Keyinchalik u Chig'atoy davlatiga aylangan
* Qopchur - chorva mollari bosh sonining 2,5% miq-dorida olingan soliq
* Kalon - hosilning 1/10 qismi hajmida olingan soliq
Torobiyning yaqin safdoshlaridan Shamsiddin Mahbubiy va Buxoro aholisi qo'zg'olonchilarga qo'shilib qo'liga qurol oladi. O'zlarining qadrdon shahar va qishloqlarini mo'g'ullardan va ularning hamtovoq xizmatchilari - mahalliy ma'murlardan ozod qilishga otlangan kishilardan kattagina lashkar to'planadi. Mahmud Torobiy o'z tarafdorlari bilan Buxoroga kirib olgach, shahar ichidagi Robiya saroyini qarorgoh qilib oladi. Bu yerga Buxoroning sadrlari, badavlat a'yonlari, yirik yer egalarini chaqirtiradi. U o'zini Buxoro va atrof viloyatlarining xalifasi, ya'ni hukmdori deb rasmiy ravishda e'lon qilishga ularni majbur etadi. Shundan so'ng Shamsiddin Mahbubiy sadr deb e'lon qilinadi. Mahmud Torobiy Buxoroda o'z hukmronligini o'rnatgach, mo'g'ul tarafdorlari bo'lgan mahalliy amaldorlar Buxorodan qochib ketadi.
Qochqin amaldorlar va mo'g'ullar noib Mahmud Yalavoch yordamida Karmana yaqinida kuch to'plab, Buxoro ustiga yuradilar. O'rtada jang boshlanadi. Mo'g'ullar yengilib, Karmanaga tomon qocha boshlaydilar. Jangda qo'zg'olon boshliqlari Mahmud Torobiy va Shamsiddin Mahbubiylar ham shahid bo'ladilar. Qo'zg'olonchilar ularning o'rniga Torobiyning ukalari Muhammad va Alini boshliq qilib saylaydilar. Oradan bir hafta o'tmay, ularga qarshi mo'g'ullarning yangi qo'shini hujum qiladi. Jangda qo'zg'olonchilar tor-mor qilinib, Torobiyning har ikkala ukalari ham halok bo'ladilar. Mo'g'ullar Buxoroni yana bosib olib, u yerda ilgarigi tartiblarni qayta o'rnatadilar.
Chig'atoy soliqlarni tartibga solishga, 1238-yilda Mahmud Yalavochni noiblikdan chetlatishga majbur bo'ldi. Uning o'g'li Mas'udbek noib etib tayinlandi. Ulug' xoqon O'qtoy Mahmud Yalavochni Pekin shahriga hokim etib tayinlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |