Abdulla Qodiriy O’tkan kunlar yozg‘uchidan
Download 1.12 Mb.
|
Abdulla Qodiriy-O\'tkan kunlar
www.ziyouz.com kutubxonasi 117
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy Bir kun kechasi ul yangi odati bo‘yicha allaqayoqqa ketkan edi. Hasanalining ko‘ngli bu kun ham bir ishka guvohlik bergandek bo‘lib, ichkarida yotkusi kelmadi, o‘rinni mehmonxonag‘a yozib, darbozani zanjirlab keldi. Agar bu kun ham ul o‘sha holda qaytsa, bir narsa demakchi, ya’ni qo‘lidan kelgan nasihatni qilmoqchi edi. Uxlamay kutib o‘lturdi. Ammo ul tungi soat o‘n bir bo‘lsa ham kelmas, o‘n ikkida ham daraksiz edi. Nihoyat, kuta-kuta uyqusi tang qilg‘ach, o‘rniga cho‘zilib kipragini kipragiga ulab yotdi va uxlab ketganini o‘zi ham sezmay qoldi. Oradan noma’lum bir muddat o‘tib darbozaning so‘naqasiz taqillashidan cho‘chib uyg‘ondi va yo‘lakka yugurdi. Qorong‘uda zanjirni timiskilar ekan, «kim?» deb so‘radi va javobig‘a «mmmman» degan sarxush tovushni eshitdi. Bu tovush uning yuragini uyushdirib yuborg‘an va «bu kun ham shunaqa» degan so‘zni ko‘nglidan o‘tquzg‘an edi. Zanjirni tushurib, darbozaning bir tabaqasini ochishi hamono shu tabaqag‘a suyalib turgan Otabek Hasanalining oyog‘i ostig‘a yiqilib tushdi. Hasanali bu kungi kayfning o‘tacha ketkanligini payqag‘an, yo‘lakni tutib ketgan ichkulik isidan o‘qchiyozg‘an edi. Otabekni suyab mehmon-xonag‘a kelturar ekan, ikki ko‘zi ichkari havlining eshigida, chunki Yusufbek hojining tunlari tashqarig‘a chiqaturg‘an odatining shu vaqtg‘a to‘g‘ri kelib qolishidan yuragi taka-puka edi. Otabekni yeshintirar ekan, rizosiz bir ohangda dedi: — O‘g‘lim, sizga shu shaytoni ishning nima zarurati bor? Otabek mastlarcha kuldi: — Mmmenga zarurati bo‘lmasa kkkimga bor?! — Nima bo‘lg‘anda ham men bu ishingizdan rozi emasman, — dedi Hasanali va qanday javob eshitishini kutib turdi. Otabek o‘rniga yotib olg‘ach, kuchlik qilib bir uflab oldi. Hasanali undan javob kutar ekan, bir ozdan so‘ng javob o‘rniga xurrak tovshini eshitdi... Otabekning kutilmaganda bu yanglig‘ yaramas ko‘chalarga kirib ketishiga hech bir turlik ma’no beralmay boshi qotsa ham, ammo uning ko‘z o‘ngidan ignaga zo‘rlab taqilg‘an ip nariga ketmas edi. Undan so‘ng, ikki oylardan beri Marg‘ilonni tilga olmasliqda uni bir oz shubhaga tushirib, «oralaridan birar sovuqchiliq o‘tdimi ekan», deb ham ko‘nglidan kechirdi. Otabek bilan birga choy ichish maqsadida ertalab Oybodoqning damlag‘an choyig‘a bormay, Otabekning uyg‘onishini kutib yurdi. Otabek tushka yaqin uyg‘ong‘ach, Hasanali choy hozirladi. Dasturxon yozib o‘zini kutib o‘lturgan Hasanali yonig‘a qisinib-qimtinib Otabek keldi. Tundagi holi esiga tushib bo‘lsa kerak, boshini yerdan ko‘tarib Hasanaliga qaramas va bir og‘iz bo‘lsin so‘z aytmas edi. Otabekning bu holi Hasanalining nichka yuragiga qattig‘ ta’sir etkan va o‘ylab qo‘yg‘an nasihatlarni unutib, bekzodani bu og‘ir holdan qutqazish fikrigagina tushkan edi. — Yoshlik — beboshlik, degan ekan mashoyixlar, — deb kulib qo‘ydi Hasanali va: — uy ichidan bitta-yarimtasi sezib qolmag‘ay deb juda xavotirda bo‘ldim... Haytovur hech kim payqamapti, — dedi. Otabek tashakkur etkansumon Hasanaliga kulib qaradi va o‘zi-ning bu ketishidan rizosizlik bildirgan kabi entikib tin oldi. Hasanali so‘zni urintirib Otabekni o‘z holig‘a qo‘ymas edi. Unar-unmasdan bahs qilib, nihoyat, bu unar-unmasning oxirig‘a shu savolni ham ulab yubordi: — Bu gal Marg‘ilong‘a kechikdingizmi? Biz yuqorida ham turtib o‘tkan edikkim, Otabek na Yusufbek hojig‘a, na O‘zbek oyimg‘a va na Hasanaliga Marg‘ilondan tez qaytib kelish sababini aytmagan, Marg‘ilon bilan uzil-kesil aloqasi uzilganligini churq etib so‘zlamagan, so‘ralmag‘an so‘zga javob berilmas qabilidan jim-jit alamini ichkulukdan olibg‘ina yurgan edi. Ikki oydan beri birinchi martaba Marg‘ilon to‘g‘risidan so‘ralg‘an savol ham faqat shu Hasanalining keyingi so‘zi bo‘lib, sirni ochish o‘nqovida kelgandek edi. Lekin javob tamom haqiqatka mug‘oyir va kishini hayratka solarliq bo‘ldi: — Bu kun jo‘namoqchi bo‘lib turibman, — dedi. |
ma'muriyatiga murojaat qiling