1-BOB. AYOLLAR JINOYATCHILIGI TUSHUNCHASI VA KRIMINOLOGIK TAVSIFI
1.1-§. Ayollar jinoyatchiligining miqdor va sifat koʻrsatkichlari tahlili
Ayollar jinoyatchiligi umumiy jinoyatchilikning tuzilishida nisbatan oʻzgarmas kattalikka ega boʻlgan holda, ijtimoiy shart-sharoitlarga qarab oʻzgarib boradigan, shu bilan bir vaqtda umuman jinoyatchilik (erkaklar jinoyatchiligi)dagi oʻzgarishlarni takrorlamaydigan hodisadir. Yuqorida zikr etilgan sabablarga koʻra, ayollar jinoyatchiligi jinoyatchilikning oʻsib borishga moyil boʻlgan nisbatan mustaqil qismini tashkil etadi.
Umumiy jinoyatchilik yoki uning muayyan yoʻnalishi oʻrganilganida albatta, jinoyatchilikning miqdor va sifat koʻrsatkichiga alohida eʼtibor qaratiladi. Chunki, bu koʻrsatkichlarsiz jinoyatchilik haqida tasavvurga ega boʻlishning hech qanday iloji yoʻq. Ushbu koʻrsatkichlar bir vaqtning oʻzida jinoyatchilikning elementlari deb ham izohlanadi. Mazkur koʻrsatkichlar toʻrtta tarkibiy qismdan, yaʼni jinoyatchilikning ahvoli (holati), tuzilishi, darajasi va dinamikasidan iborat boʻladi.
Ayollar jinoyatchiligining ahvoli (holati) − maʼlum bir davrda va maʼlum bir hududda ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar hamda jinoyatchi ayollar yigʻindisiga aytiladi.
Ayollar jinoyatchiligining tuzilishi – maʼlum bir davrda va maʼlum bir hududda ayollar ishtirokida sodir etilgan muayyan jinoyatlarning ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar yoki umumiy jinoyatlar nisbatiga aytiladi, yaʼni ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar qaysi turdagi jinoyatlardan iboratligini anglatadi.
Ayollar jinoyatchiligining tuzilishini aniqlash uchun muayyan formula asosida hisoblash talab etilmaydi, oddiy statistik koʻrsatkichlarda ushbu tuzulishni anglab olish mumkin hisoblanadi.
Ayollar jinoyatchiligining darajasi – maʼlum bir davrda va maʼlum bir hududda ayollar ishtirokida sodir etilgan jami jinoyatlar yoki ularni sodir etgan ayollar koʻrsatkichlarining ushbu hududda yashovchi ayollar soniga nisbatiga aytiladi, yaʼni hududda yashovchi jami ayollarning qancha qismiga nechta ayollar ishtirokida sodir etilgan jinoyat yoki jinoyatchi ayol toʻgʻri kelishi tushuniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |