Abdurasulova Qumriniso


-BOB. AYOLLAR JINOYATCHILIGINING PROFILAKTIKASI


Download 354.81 Kb.
bet6/10
Sana02.06.2024
Hajmi354.81 Kb.
#1838430
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
Abdurasulova Qumriniso

2-BOB. AYOLLAR JINOYATCHILIGINING PROFILAKTIKASI
2.1-§. Ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning umumiy profilaktikasi
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan huquqbuzarliklar profilaktikasining toʻrtta turidan samarali foydalangan holda ayollar jinoyatchiligining profilaktikasi tashkil etish maqsadga muvofiq.
Shulardan biri huquqbuzarliklarning umumiy profilaktikasidir. Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunning “Huquqbuzarliklarning umumiy profilaktikasi” deb nomlangan 3-bobi talablaridan kelib chiqqan holda “ayollar jinoyatchiligining umumiy profilaktikasi”ga quyidagicha taʼrif berish mumkin: “Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalarning ayollar jinoyatchiligining oldini olish, ushbu yoʻnalishdagi huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish boʻyicha faoliyatidir”.
Ayollar va erkaklar gʻayriqonuniy xulq-atvorning genezisida baʼzan turlicha (ijtimoiy, ijtimoiy-psixologik, fiziologik va h.k.) omillarning mavjudligi tufayli, shuningdek ijtimoiy hayotdagi bir xil hodisalar ayollar va erkaklarning xulq-atvoriga har xil taʼsir koʻrsatishi hamda ularda jinoiy niyatning tugʻilishi va uni amalga oshirish mexanizmi har xil ekanligini inobatga olgan holda, ayollar jinoyatchiligining profilaktikasida ular tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning umumiy xususiyatiga ega boʻlgan omillari bilan birga, aynan ayollarda gʻayriqonuniy xulq-atvorni vujudga keltiruvchi kuchli emotsional omillarni oʻz vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish kutilgan natijalarni beradi.
Tadqiqotlardan maʼlumki, aksariyat hollarda zoʻrlik ishlatib sodir etiladigan ogʻir jinoyatlar (odam oʻldirish, badanga ogʻir shikast yetkazish, bezorilik va h.k.) ayollar tomonidan asosan oila-roʻzgʻor muhitida amalga oshirilishi qayd etilgan.
Oila-turmush munosabatlari doirasidagi nizolar tufayli jinoyatlarning sodir etilishiga koʻp hollarda shaxsning oʻz man­fa­atini ustun qoʻyib, boshqalarga oʻzining jismoniy ustunligini namoyish etish yoki qoʻrqitib qoʻyish maqsadida oʻz soʻzi va taʼsirini oʻtkazishga harakat qilganligini koʻrish mumkin. Maʼlumki, oila-turmush doirasida sodir etilgan jinoyatlar tarkibida oʻch olish, qasos, oila aʼzolarining bir-birini yoqtirmasligi, adovat, alam, kelish­movchilik va psixologik ziddiyatlar oqibatida zoʻravonliklar sodir etiladi. Shunday holatlarda koʻpincha aybdor shaxsning qilmi­shi­ga yarasha munosib javob qaytarish, kuchi, jahli yoki nimaga qodir ekanligini koʻrsatish, xafa qilgan kishiga shikast yetkazish yoʻli bilan boshidan kechirgan azob-uqubat va kechinmalar oʻrnini toʻldi­rishga intilish kabi ruhan oʻzini tayyorlash bilan bogʻliq holatlar va vaziyatlar vujudga keladi.
Yuqorida qayd etilganlarni inobatga olgan holda taʼkidlash joizki, huquqbuzarliklarning umumiy profilaktikasi chora-tadbirlaridan hisoblangan aholi oʻrtasida oʻtkaziladigan huquqiy targʻibotlarni tegishli mavzular boʻyicha yetarli bilimga va tayyorgarlikga, shuningdek bir qator kasbiy va insoniy fazilatlarga, yetuk malakali va koʻp yillik amaliy tajribaga ega boʻlgan xodimlar tomonidan oʻtkazilishi huquqbuzarliklar, xususan ayollar jinoyatchiligining profilaktikasini samarali tashkil etish garovidir. 
Shuningdek, koʻpgina oilaviy nizolarning oldini olish ichki ishlar organlari xodimlari, xususan profilaktika inspektorlaridan maʼlum pedagogik va psixologik koʻnikma va bilimlarni, nizolarning tabiatini teran tushunishni talab etadi. Amalda janjal sodir boʻlayotgan xonadonga kelishdan boshlab huquqbuzarga nisbatan chora koʻrish va kelgusida jabrlanuvchining xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq juda koʻp taktik va ruhiy qiyinchiliklar yuzaga keladi. Bunday sharoitlarda oila bilan ishlaydigan xodimlardan murakkab emotsional vaziyatda nizoga va jinoyatning oldini olish choralarining maqbul tarzini tanlashi talab etiladi. Bunga oilaviy janjallarni yarashtirish komissiyalarida koʻrib chiqish, fuqarolar yigʻini majlislarida muhokama qilish jarayonlarida qatʼiy amal qilish lozim hisoblanadi. Bundan tashqari, oilaviy janjallar bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish natijasida huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritishda ham eʼtiborga olish talab etiladi.
Ayollar jinoyatchiligining profilaktikasida oiladagi munosabatlar ham muhim ahamiyatga ega. Ota-onaning oʻz farzandidan uzoqlashishi, uning tarbiyasi va xulq-atvoriga befarqligi, ota-ona bilan bola oʻrtasida zarur emotsional aloqalarning yoʻqligi yoki bunday aloqalarning zaiflashishi odamlarda oʻzining ijtimoiy holati va oʻziga nisbatan ishonchsizlik tuygʻusini paydo qiladi. Yuqorida zikr etilgan hodisalar bunday shaxslarning tashqi holatlar va shart-sharoitlarga qaram boʻlishiga olib keladi. Bu esa ayniqsa voyaga yetmagan qizlarga koʻproq salbiy taʼsir qiladi. Ularning maʼnaviy va ijtimoiy tiklanishi erkaklarning maʼnaviy va ijtimoiy tiklanishiga qaraganda qiyin kechadi. Shuning uchun ham oila va oiladagi tarbiya umumiy profilaktik taʼsir koʻrsatishning asosiy obyektlaridan biri boʻlishi kerak.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugungi kunda ayollar jinoyatchiligining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash va ularni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan davlat, hududiy va sohaviy dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish, oʻz vaqtida sifatli huquqiy targʻibotlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish va samarali tashkil etish talab etiladi.

Download 354.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling