Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy. Buxoro Tarixi Muharrirdan


XIX. Qutayba Ibn Muslimning Hukmronligi Va Buxoroning Fath Qilinishi, Movarounnahrning Arab Va Ajam


Download 426.38 Kb.
bet19/33
Sana17.06.2023
Hajmi426.38 Kb.
#1545496
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   33
Bog'liq
Buxoro tarixi

XIX. Qutayba Ibn Muslimning Hukmronligi Va Buxoroning Fath Qilinishi, Movarounnahrning Arab Va Ajam[105] O’rtasida Taqsimlanishi
Qutayba ibn Muslim Hajjoj[106] tomonidan Xuroson amiri qilib tayinlangach, Xurosonga kelib butun Xurosonni o’ziga bo’ysundirdi va To’xoristonning[107] fath etilishi (ham) uning qo’lida tamomlandi. U sakson sakkizinchi yili (12 dekabr' 706—30 noyabr' 707) Jayhun daryosidan o’tdi. Baykand aholisi bundan xabardor bo’lib, Baykandni juda mustahkam hisor bilan o’radilar. Qadimgi vaqtlarda Baykandni shoriston deganlar va mustahkamligidan, uni «jez shahar» deb ham ataganlar. Qutayba juda qattiq janglar qildi; musulmonlar ellik kungacha (hisorni olish uchun) chora topolmay zahmat chekdilar va (oxiri) hiyla ishlatdilar. Bir guruh (askarlar) devor tagidan minora va hisorning ichkarisi tomon lahm qazib, otxonadan chiqdilar, (so’ng) devorni kavlab rahna ochdilar; musulmonlar hanuz ham hisorga kelaolmayotgan edilar, (endi) rahna orqali ichkari kirdilar. Qutayba: «Har kim shu rahnadan ichkari kirsa unga xuni bahosida (mukofot) beraman, agar u o’ldirilsa (mukofotni) uning farzandlariga beraman»,—deb qichqirdi. (Shundan keyin) har kim ichkari kirishga qiziqdi va (nihoyat) Hisorni oldilar. Baykand aholisi omon tiladi. Qutayba sulh tuzib mol oldi va Varqo ibn Nasr Bohiliyni ularga amir qildi-da, o’zi Buxoroga qarab yurdi.

Qutayba Xunbunga[108] yetib kelganida unga: «Hisorning kishilari qo’zg’olon qilib amirni o’ldirdi»,—degan xabarni yetkazdilar. Qutayba lashkariga: «Boringlar, Baykandni talon-toroj qilinglar. Ularning qonlarini (to’kishni) va mollarini (olishni) halol qildim»,—deb buyruq berdi. (Qo’zg’olon) sababi shu edi; baykandlik bir kishining sohibjamol ikkita qizi bor edi; Varqo ibn Nasr ikkalasini ham o’ziga oldi, shunda u kishi: «Baykand katta shahar, nima uchun: sen butun shahardan faqat mening ikkita qizimni olasan?»-—dedi. Varqo javob bermadi, u kishi sakrab turib Varqoning kindigiga pichoq urdi, lekin bundan bir ish chiqmadi — Varqo o’lmay qoldi. Bu xabar Qutaybaga yetgach, u qaytib Baykandga keldi va u yerda kimki urushga yaroqli bo’lsa hammasini o’ldirdi, qolganlarini asir qilib oldi, shunday qilib, Baykandda hech kim qolmadi va Baykand xarob bo’ldi, Baykand aholisi savdogarlar bo’lib, ko’plari Chin mamlakati viloyatlariga va boshqa joylarga savdo qilish uchun ketgan edilar, ular qaytib kelganlaridan keyii bolalari, xotinlari va o’z yaqin kishilarini talab qilib, arablardan sotib oldilar hamda Baykandni yana obod qildilar. Aytishlaricha, Baykanddan boshqa butkul vayron bo’lib bo’shab qolgan, so’ng yana o’z aholisi qo’li bilan tezda obod bo’lgan hech bir shahar yo’q.



Hikoyat. Rivoyat qilishlaricha, Qutayba Baykandni fath qilganida bir butxonada og’irligi to’rt yuz diram keladigan bitta kumush but topgan. U yana bir qancha kumush jomlar topib olgan va ularning hammasini jamlab torozida tortganida bir yuz ellik ming misqol chiqqan. U har biri kabutar tuxumidek keladigan ikkita marvarid ham topib olgan. Qutayba: «Bu qadar katta marvaridlarni qayerdan keltirdingiz?»—deb so’raganida: «Ikkita qush og’zida olib kelib mana shu butxonaga tashlagan»,— deb javob berganlar.

Keyin Qutayba bu qimmatbaho narsalarni yig’ib haligi ikkita marvarid bilan birgalikda Hajjojga yubordi va unga Baykandning fath etilganligi haqida xat yozib, u ikki dona marvarid qissasini ham qayd qilib o’tdi. Hajjoj unga shunday javob yozdi: «Xatda aytganlaring menga ma’lum bo’ldi; u ikki dona katta marvarid donalaridan va ularni qushlar olib kelganligidan men juda ajablandim, ammo shunday qimmatli narsani qo’lga kirgizib, uni bizga yuborib ko’rsatgan saxovating undan ham ajoyibroq tuyuldi; xudo senga barakat bersin!»

Shundan keyin Baykand ko’p yillar xarob bo’lib qoldi. Qutayba Baykand ishidan forig’ bo’lgach, Xunbunga qarab jo’nadi va ko’p janglar qilib Xunbunni, Torobni hamda ko’pgina mayda qishloqlarni oldi va Vardonaga ketdi. U yerda Vardonxudot nomli bir podshoh bor edi, u bilan ko’p urushdi va oxiri Vardonxudot o’lib, Qutayba ko’p qishloqlarni oldi.

Buxoro qishloqlaridan Torob[109], Xunbun va Romtin oralig’ida ko’p lashkar to’planib Qutaybani o’rab oldilar. So’g’d podshohi Tarxun ko’p lashkari bilan, Xunukxudot ko’p askari bilan, Vardonxudot o’z askari bilan keldilar; Xitoy podshohining jiyani malik Ko’rmag’onunni yollagan edilar u ham Qutaybaga qarshi jangda (So’g’d podshohiga) yordam berish uchun qirq ming lashkar bilan keldi. Lashkarlar jam bo’ldilar. Qutaybaning ishi og’irlashdi. Qutayba va uning yoronlari qurolsiz edilar. Qutayba: «Bundan buyon (askarlar) qurollarini o’zlaridan uzoqlashtirmasinlar, askarlarni (lashkargohdan) tarqatmasinlar!—deb buyruq berdi. Shu sababli qurol-yarog’ qimmatlashib ketdi; masalan, bitta nayza ellik diram, bitta qalqon ellik yoki oltmish diram, bitta sovut yetti yuz diram bo’ldi.



Hayyoni Nabatiy[110] Qutaybaga qarab: «Agar xudoyi taolo mening sababchiligim bilan bu baloni sendan qaytarsa nima deysan»—deb so’radi. Qutayba javob berib: «Men o’zim ham shuvday yo’l axtarmoqdaman»,— dedi. Hayyoni Nabatiy Qutaybaga «Menga ertagacha muhlat ber»,— dedi. Ertasi tong otganida Hayyoni Nabatiy So’g’d malikining oldiga odam yuborib «Mening senga aytadigan bir nasihatim bor, biz ikkalamiz bir joyda uchrashishimiz kerak»,— dedi. Tarxun: «Durust» qay vaqtda uchrashamiz?»— deb so’radi. Hayyon: «Lashkar urushga mashg’ul bo’lib, jang qizigan vaqtda»,— dedi. Shunday qildilar. Urush qizigan paytda Hayyoni Nabatiy Tarxun bilan uchrashib: «Mulk qo’lingdan ketipti-yu, sening xabaring yo’q»,— dedi. Tarxun: «Qanday qilib»,— deb so’radi. Hayyon unga: «Biz (arablar) havo issiq vaqtdagina bu yerda tura olamiz, endi havo sovub qoldi va bizning va bizning vaqtimiz yetdi. Toki biz bu yerda ekanmiz bu turklar biz bilan urush qiladilar, bu yerdan ketganimizdan keyin esa sen bilan urush qiladilar, chunki So’g’d viloyati yaxshi joy, yaxshiliqda unga o’xshash joy dunyoda yo’q, qayoqda ular So’g’dni senga qoldirib, Turkistonga ketadilar? Ular mamlakatingni oladilar, sen esa qiyinchilikda qolasan»,— dedi. Tarxush «Men qanday chora qo’llayman?»—deb so’radi. Hayyon: «Chorang shuki, Qutayba bilan sulh tuzib biror narsa berasan, turklarga esa ahvolni shunday ko’rsatasanki, go’yo Hajjojdan biz (arablar)ga Kesh va Naxshab yo’li bilan ko’p lashkar yordamga kelayotgan bo’ladi. O’zing esa: «Men o’z viloyatimga qaytib ketaman»,— deysan; shunda turklar ham qaytadilar. Sen biz bilan sulh qilib shartnoma tuzganingdan keyin biz senga yomonlik istamaymiz va seni ranjitmaymiz, sen u qiyinchilikdan qutulasan»,— dedi. Tarxun: «Menga yaxshi maslahat berding, men shunday qilaman, shu kechayoq qaytaman»,— dedi. Kechasi bo’lgach, Tarxun Qutayba oldiga odam yubordi, u bilan sulx tuzib mol va ikki ming diram yubordi. Uning lashkari karnay chalib qaytishga boshladi. Dehqonlar va amirlar: «Nima bo’ldi?»—deb so’radilar. Tarxun: «Zinhor hushyor bo’ling! Hajjoj Kesh va Naxshab tomonidan ko’p lashkar yuboripti, ular orqamizdan kelib, bizni o’rtaga oladilar, men o’z viloyatimga qaytaman»,— deb javob berdi. Ko’rmag’onun turk odam yuborib bu holdan xabar so’ragan edi, unga ham xabar qildilar, u ham karnay chaldirib qaytishga tushdi va (askarlari) yo’l-yo’lakay viloyatni talab keta berdilar. Xudoyi taolo u baloki musulmonlar boshidan daf qildi. Qutayba to’rt oydan beri u yoqda qolib ketib, shu muddat ichida Qutayba za uning yoronlari haqida Hajjojga biror xabar yetmagan va Hajjojning dili bu tomon bilan mashg’ul edi; masjidlarda qur’on o’qib, xatmlar qilar va duolar o’qir edilar. Qutayba va uning yoronlari yana Buxoroga bordilar; bu uning Buxoroga to’rtinchi marta kelishi edi. U jang qilar, mol olar, ayrim viloyatlarni talar, ba’zi kishilarni o’ldirar, ba’zilarni asir hamda qul qilib olib shu tarzda to Marvgacha borar va yana Buxoro viloyatiga qaytib kelar edi. Xudoyi taolo Buxoroni hamma ofat va balolardan saqlasin!

Download 426.38 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling