Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiy. Buxoro Tarixi Muharrirdan


Download 426.38 Kb.
bet25/33
Sana17.06.2023
Hajmi426.38 Kb.
#1545496
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   33
Bog'liq
Buxoro tarixi

XXVI. Sharik Ibn Shayx Al-Mahriy[127]
U arablardan bo’lib Buxoroda yashagan va jangovar kishi bo’lgan. U shiy’a mazhabidan edi. U odamlarni Amirul-mu’minin Alining,—xudo undan rozi bo’lsin,— avlodidan (birini) xalifa qilishga chaqirar va: «Biz marvoniylar[128] qiynog’idan endigina qutuldik, abbosiylar[129] zulmiga tutilishimiz kerak emas, payg’ambarning xalifasi payg’ambar avlodidan bo’lishi kerak»,— der edi. Unpng atrofiga ko’p xalq yig’ildi. Buxoro amiri Abduljabbor nbn Shuayb edi, u Sharikka bay’at qildi. Xorazm amiri Abdumalik ibn Harsama hamda Barzam[130] amiri Muhallad ibn Husaynlar ham unga bay’at qilib ittifoqlik bildirdilar va hammalari Sharikning chaqirig’ini oshkora qilishga va kimki ularga qarshi kelsa urush qilishga qaror berdilar. Bu xabar Abu Muslimga[131] borib yetdi, u Ziyod ibn Solihni o’n ming kishi bilan Buxoroga yubordi va unga: «Amuga yetganingda o’sha yerda to’xtab, ayg’oqchilaringni yubor, ular isyonkor Sharik ahvolidan xabar bersinlar, Buxoroga ehtiyotlik bilan yurgin»,— deb ta’kidladi. Marhum Abu Muslimning o’zi Marvdan chiqib Omuy yo’li bilan bir manzil yurib Kashmizda[132] lashkargoh qurdi va har tomondan lashkarini yig’ib Ziyod ibn Solihga: «Men shu yerda turaman, agar senga (yana) lashkar kerak bo’lib qolsa xabar ber, men yuboraman»,—dedi.

Ziyod Buxoroga (yaqin) kelib lashkargoh qurdi. Sharik iba Shayx (ham) ko’p sonli lashkar bilan Buxoro darvozasida lashkargoh qurdi; butun Buxoro aholisi Abu Muslimga qarshi urushish uchun Sharikka ittifoqlik bildirdilar. O’ttiz yetti kun davomida urushdilar, Shayx o’g’li g’alaba qozonmagan hech bir kun bo’lmadi, Ziyod ibn Solih lashkaridan esa har kuni ko’p kishilar o’lar va asir tushar edi. Nihoyat Hayyoni Nabatiyning ustozi Sulaymon Qurayshiy besh yuz askar bilan shahar darvozasiga bordi. Hamza Hamadoniy Buxoro shaharidan unga qarshi chiqdi. Sulaymon to’rt yuz kishini pistirmaga yashirib qo’yib, o’zi yuz kishi bilan Hamza Hamadoniyga qarshi urushga yurdi. Hamza uning askari shu miqdordan ortiq emas degan gumon bilan yaqin kelib jang boshlagan edi, u to’rt yuz kishi pistirmadan chiqib Hamza askarlarining ko’pini halok qildilar, qolganlari shaharga qochishdi. Qutayba ibn Tag’shoda Buxorxudot o’n ming odam bilan kelib sipoh alomatini oshkora qildi[133] va Ziyod ibn Solih bilan birgalikda (Sharikka qarshi) jangga kirishdi. Uning buyrug’i bilan ko’shklarning darvozalarini ochdilar. Buxoro shahrining darvozasida yetti yuzta ko’shk bor edi, uning farmoni bilan ko’shkdagilar ham sipoh alomatini oshkoro qildilar. Bu ko’shklardagi kishilar shahardagilardan ko’ra ko’p edi. Lekin shaharda yerli xalq bilan birga arablar turar, ko’shklarda esa arablardan biror kishi ham yo’q edi. Buxorxudot qishloq xalqiga va ko’shklarda turuvchilarga Sharik lashkariga darvozalarni berkitishni, ularga oziq-ovqat va yem-xashak bermaslikni, oziq-ovqat va yem-xashakni Ziyod lashkargohiga olib borishni buyurdi.

(Shunday qilib) har yo’l bilan Sharik lashkariga qiyinchilik tug’dirdilar va Sharik lashkari tanglikda qoldi: o’zlari och qoldilar, otlari (ham) yem-xashaksiz qolib urushga yaramadi. Ular tadbir ko’rishib, bizga shahardan oziq-ovqat va yem-xashak yetkizishar, shahardan boshqa lashkarlar ham chiqib bizga qo’shilar degan umid bilan shahar darvozasiga yaqinroq borishga, orqa tomonni shahargayu yuzni dushmanga qaratishga qaror qildilar. Lekin yo’lda Ziyod va Buxorxudotning lashkargohi bo’lganligi tufayli kunduzi yurishga imkoniyat topmay, kechasi yo’lga chiqdilar. Shahardan bir farsang uzoqlikdagi masofaga yetganlarida Ziyod bundan xabardor bo’lib qarshi chiqdi va ularning yo’llarini to’sdi. Ikki lashkar qattiq jang qildilar; Ziyod va Buxorxudot lashkari mag’lubiyatga uchradi. Buxorxudot (Ziyodga): «Yaxshisi shuki, biz dushman lashkarining orqa qismiga hujum qilaylik; agar biz ularning oldilariga o’tsak ular (lashkarning) biror joyiga hujum qilib (yorib) o’tadilar va bizning ishimiz og’irlashadi. Agar biz orqadan hujum qilsak, ularning oldimgi qismlari o’zini shaharga olgan bo’ladi-yu, (lekin) tezlik bilan qaytib jangga kirishishga (majbur bo’ladi), bu esa biz uchun qo’l keladi»,— dedi. Ana shu maslahatni amalga oshirib, Ziyod va Buxorxudot lashkarlari orqada qoldilar hamda (dushman lashkarining) ba’zi qismlari oldinga qarab jo’nagan paytda orqa qismlariga hujum qilib urush boshladilar; lashkarlar yo’l-yo’lakay jang qilib Navkandaga yaqinlab yetdilar. Buxorxudot Ziyod ibn Solihga: «Bu qavm ochiqib qolgan, ular bu yil uzum va qovun ko’rganlari yo’q, yeganlari ham yo’q, ular Navkandaga yetganlarida o’z hollariga qo’yaylik, toki ular uzum, qovunga ovora bo’lib qolsinlar va oldingi qismlari shaharga yetib olsin, ana shunda biz ularga hujum qilamiz», -dedi.

Sharik lashkari Navkandaga yetgach uzum, qovun va (boshqa) meva qidirib tarqalib ketdi; uning oldingi qismi esa shaharga yetgan edi. Shu vaqt Buxorxudot va Ziyod ularga hujum qilib ko’p kishini o’ldirdilar, qolganlari qochib ketishdi. Shu asnoda u jamoani (o’z mazhabiga) da’vat qilayotgan Sharik ibn Shayx otidan yiqildi va o’ldirildi.

Ziyod ibn Solih hozirda «Masjidi Mag’ok» deb ataladigan Mox darvozasiga — anhor labiga kelib tushdi va shaharga o’t qo’yishga buyurdi; shahar uch kecha-kunduz davomida yondi. Ziyod: «Har kim shahardan chiqsa unga omonlik beriladi»,— deb jar chaqirtirdi; ular shahardan chiqsinlar deb lashkarni shahardan uzoqroqqa qo’ygan edi. Sharikning o’g’li va uning lashkar boshliqlaridan biri shu kechasi shahar darvozasiga kelgan edilar, har ikkalasini ham tutib Ziyodning oldiga olib bordilar va unint farmoni bilan ikkovini dorga osdilar. Shundan keyin shahar xalqi qo’rqib qolib bu chaqiriqka tashqari chiqmadilar.

Uch kundan keyin Ziyod shahar darvozasiga kelib Buxorxudotning Registondagi hisor darvozasida bo’lgan ko’shkiga tushdi va lashkariga shahar darvozasiga borishga buyurdi. Yana urush boshlanib, jang qilishar va shunday takbir aytar edilarki, undan yer larzaga kelar edi. Jang qattiq bo’ldi. Tanilgan mashhur kishilardan bir qanchasi shahardan chiqdilar. Attorlar darvozasida urush bo’ldi va shahar aholisidan ko’p kishi o’ldirildi. Ziyodning buyrug’i bilan shahar aholisidan kimniki tutsalar shahar darvozasida dorga osa berdilar va nihoyat shaharni oldilar.

Buxoro ishidan xotirjam bo’lgach, Ziyod Samarqandga ketdi. U yerda ko’p urushlar qildi va yana Xuroson tomonga qaytib ketdi. Yana xudo bilimdonroq.


Download 426.38 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling