Al-Azkor min kalami sayyidil abror


Download 5.11 Kb.
Pdf просмотр
bet3/38
Sana10.02.2017
Hajmi5.11 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   38

www.ziyouz.com kutubxonasi 
16
32/7. Yana Oisha onamiz (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
kechasi uyg’onsalar: 
 
«La ilaha illa anta, subhanakallohumma va bihamdik, astag’firuka lizanbiy va as`aluka 
rohmatak, Allohumma zidniy ‘ilman va la tuzig’ qolbiy ba’da iz hadaytaniy va hab liy min 
ladunka rohmah, innaka antal vahhab», deb aytar edilar». (Ma’nosi: Sendan boshqa iloh 
yo’q. Senga hamd aytish bilan Seni poklayman. Gunohlarimga istig’for aytaman. 
Rahmatingni so’rayman. Ey Rabbim, ilmimni ziyoda et. Hidoyatga sol-ganingdan keyin 
qalbimni og’dirma. Huzuringdan menga rahmat ber. Albatta, Sen ko’plab ato 
etguvchisan.) Abu Dovud rivoyatlari 
 
 
3-bob. Kiyim kiyishda o’qiladigan duolar 
 
Kiyim kiyishda va shu singari amallarda bismillohni aytish mustahabdir. 
 
33/1. Abu Said Xudriy (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
ko’ylak, rido yoki salla kiysalar, bismillohni aytib, so’ng:  
 
«Allohumma inniy as`aluka min xoyrihi va xoyri ma huva lahu va a’uzu bika min sharrihi 
va sharri ma huva lahu», deb o’qir edilar. (Ma’nosi: Ey Rabbim, Sendan uning yaxshisini 
va unga beriladigan narsaning yaxshisini so’rayman. Va uning yomonidan hamda unga 
beriladigan narsaning yomonidan panoh tilayman.) Ibn Sunniy rivoyatlari 
 
34/2. Muoz ibn Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
«Kim biror kiyim kiyib,  
 
«Alhamdu lillahillaziy kasaniy haza va rozaqoniyhi min g’oyri havlin minniy va la 
quvvah», desa, Alloh uning oldingi gunohlarini kechiradi», dedilar. (Ma’nosi: 
O’zgartirmasdan, quvvatimni ketkazmasdan menga rizq bergan va meni kiyintirgan 
Allohga hamd bo’lsin). Ibn Sunniy rivoyatlari 
 
 
4-bob. Yangi kiyim yoki yangi poyabzal va shunga o’xshash narsalar kiyganda 
o’qiladigan duolar 
 
Yangi kiyim kiyganda bismillohni aytish mustahabdir. 
 
35/1. Abu Said Xudriy (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh yangi kiyim kiysalar, sallami, 
ko’ylakmi yoki ridomi, bismillohni aytib, so’ng quyidagi duoni o’qir edilar: 
 
«Allohumma lakal hamdu anta kasavtaniyhi, as`aluka xoyrahu va xoyra ma suni’a lahu 
va a’uzu bika min sharrihi va sharri ma suni’a lahu». (Ma’nosi: Ey Rabbim, meni 
kiyintirganing uchun Senga hamd bo’lsin. Sendan buning yaxshiligini va unga qilingan 
yaxshilikni so’rayman. Va buning yomonligidan va unga qilingan yomonlikdan panoh 
tilayman.) Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyatlari 
 
36/2. Umar (r.a.) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim yangi 
kiyim kiyib, so’ng: 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
17
 
«Alhamdu lillahillaziy kasaniy ma uvariy bihi ‘avrotiy va atajammalu bihi fiy hayatiy» 
duosini o’qib, so’ng eskirgan kiyimini sadaqa qilishni qasd qilsa, u Allohning hifzu 
himoyasida va Uning yo’lida bo’ladi», deganlarini eshitdim». (Ma’nosi: Avratlarimni 
to’sib, meni kiyintirgan va hayotimni go’zal qilgan Allohga hamd bo’lsin.) Termiziy 
rivoyatlari 
 
 
5-bob. Birodari yangi kiyim kiyganda aytiladigan duolar 
 
37/1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qora astarli ko’ylak berishdi. U zot: «Bu 
ko’ylakni kimga ravo ko’rasizlar?» deb so’radilar. Hech kim indamadi. Shunda: «Ummu 
Xolidni keltiringlar», dedilar. Ummu Xolid kelganlaridan keyin u zot ko’ylakni muborak 
qo’llari bilan kiydirdilar va: «Kiyib-kiyib to’zdirgin», deb ikki marta aytdilar. Imom 
Buxoriy rivoyatlari 
 
38/2. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umarning 
(r.a.) egnida bir ki-yim ko’rib: «Bu yangimi yoki yuvilganmi?» dedilar. Umar (r.a.): 
«Yuvilgan», dedilar. Shunda Rasululloh:  
 
«Ilbas jadiydan va ‘ish hamiydan va mut shahiydan sa’iydan», ya’ni, «Yangisini kiy, 
maqtovli yasha, shahid bo’lib dunyodan o’t», dedilar. Ibn Moja va Ibn Sunniy rivoyatlari 
 
 
6-bob. Kiyim va poyabzalni kiyib-echish tartibi 
 
Kiyim, poyabzal, ishton va shunga o’xshash yengli, pochali liboslarni o’ng tomonidan 
kiyib, chap tomonidan yechish mus-tahabdir. Shu singari, surma qo’yish, misvok 
ishlatish, tirnoq olish, mo’ylovni qisqartirish, qo’ltiq tukini yulish, soch olish, namozdan 
salom bilan chiqish, masjidga kirish, hojatxonadan chiqish, tahorat olish, g’usl qilish, 
taom yeyish, ichimlik ichish, qo’l berib so’rashish, Hajarul asvadni ushlash, birovdan 
narsa olish hamda berish va shunga o’xshash ishlar o’ng tomon bilan boshlanadi. 
 
39/1. Oisha (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh alayhissalom har bir narsani o’ng 
tarafdan boshlashni yoqtirar edilar. Hatto, poklanish va soch tarashda ham». Buxoriy va 
Muslim rivoyatlari 
 
40/2. Yana Oisha (r.a.) onamiz aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o’ng 
qo’llari poklanish va taom uchun, chap qo’llari esa, xalo hojati va boshqa noxush 
narsalar uchun edi». Abu Dovud rivoyatlari 
 
41/3. Hafsa (r.a.) onamiz xabar qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning 
o’ng qo’llari taom, ichimlik va kiyim kiyish, chap qo’llari bulardan boshqa ishlar uchun 
bo’lgan. Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyatlari 
 
42/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar 
libos kiysangiz yoki tahorat qilsangiz, o’ng tomoningizdan boshlanglar», deb aytdilar. 
Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Bayhaqiy rivoyatlari 
 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
18
 
7-bob. Uxlash, yuvinish yoxud boshqa ehtiyojlar uchun kiyim yechilganida 
aytiladigan duo 
 
43/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon 
kishi kiyimini yechmoqchi bo’lsa: 
 
«Bismillahillaziy la ilaha illa huva», deb aytsin, shu so’z odam bolasi avrati bilan jin ko’zi 
orasida pardadir», dedilar. (Ma’nosi: Undan boshqa iloh yo’q bo’lgan Allohning ismi 
bilan.) Ibn Sunniy rivoyatlari 
 
 
8-bob. Uydan chiqayotganda o’qiladigan duolar 
 
44/1. Ummu Salama onamiz (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam uydan chiqayotib:  
 
«Bismillahi, tavakkaltu ‘alallohi. Allohumma inniy a’uzu bika an adilla av udalla av azilla 
av uzalla av azlima av uzlama av ajhala av yujhala ‘alayya», degan duoni o’qir edilar». 
(Ma’nosi: Alloh nomi bilan. Allohga tavakkal qildim. Ey Rabbim, adashish va 
adashtirilishdan, toyilish va to-yiltirilishdan, zulm qilish va zulm ko’rishdan, johillik qilish 
va menga nisbatan johillik qilinishidan Sendan panoh so’rayman.) Abu Dovud, Termiziy, 
Nasoiy, Ibn Moja rivoyatlari 
 
45/2. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim uyidan 
chiqqanida:  
 
«Bismillahi, tavakkaltu ‘alallohi va la havla va la quvvata illa billah» (Alloh nomi bilan. 
Allohga tavakkal qildim. Allohdan o’zgada o’zgartirishg ham, quvvat ham yo’qdir), desa, 
unga:  
 
«Kufiyta va vuqiyta va hudiyta» (Hidoyat qilinding, shaytondan saqlanding va himoya 
etilding), deyiladi va undan shayton uzoqlashtiriladi», dedilar». Abu Dovud, Termiziy, 
Nasoiy rivoyatlari 
 
Abu Dovudning rivoyatlarida quyidagi so’zlar ziyoda qilingan: «Shayton boshqa bir 
shaytonga: «Bir kishi hidoyat etilib, sendan himoya qilinibdi. Endi ahvoling qanday 
bo’ladi?!» deydi». 
 
46/3. Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam manzillaridan 
chiqsalar: 
 
«Bismillahi tuklanu ‘alalloh, la havla va la quvvata illa billahi», deb aytar edilar». 
(Ma’nosi: Alloh nomi bilan. Allohga tavakkal qildim. Allohdan o’zgada o’zgartirish ham, 
quvvat ham yo’qdir.) Ibn Moja va Ibn Sunniy rivoyatlari 
 
 
9-bob. Uyga kirayotganda o’qiladigan duolar 
 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
19
Manzilga kirayotganda bismillohni aytib, zikrni ko’paytirib, uyda odam bo’lsin-bo’lmasin, 
salom berib kirish mus-tahabdir. Alloh taolo Nur surasining 61-oyatida: «Bas, qachon 
uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo’lgan muborak pokiza 
salomni aytinglar (ya’ni, assalomu alaykum, denglar)», deb buyuradi. 
 
47/1. Anas (r.a.) aytadilar: «Rasululloh menga: «Ey o’g’ilcham, uyingga kirsang, salom 
berib kir. Bu ishing o’zingga va ahli ayolingga baraka keltiradi», dedilar». Imom Termiziy 
rivoyatlari 
 
48/2. Abu Molik Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom: «Kishi uyiga 
kirayotganida:  
 
«Allohumma inniy as`aluka xoyral mavlaji va xoyral maxraji, bismillahi valajna va 
bismillahi xorojna va ‘alallohi robbina tavakkalna» (Ey Rabbim, Sendan kirishning ham, 
chiqishning ham yaxshisini so’rayman. Allohning ismi bilan kirdik. Allohning ismi bilan 
chiqdik. Rabbimiz Allohga tavakkal qildik), deb aytib, so’ngra ahliga salom bersin», 
dedilar. Abu Dovud rivoyatlari 
 
49/3. Abu Umoma Bohiliydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam: «Uch kishi Alloh taoloning himoyasidadir: Allohning yo’lida g’azotga chiqqan 
kishi to shahid bo’lib, jannatga kirgunicha yoki o’lja-mukofotlarni olib qaytgunicha; 
masjidga ketayotgan kishi yo vafot etib, jannatga kirgunicha yoki ajr-savoblarni olib 
(ahliga) qaytgunicha; uyiga salom berib kirgan kishi», dedilar. Hasan isnod bilan Abu 
Dovud rivoyat qilganlar.  
 
50/4. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) aytadilar: «Rasulullohdan quyidagilarni eshitdim: «Kim 
uyiga kirayotganida va taom paytida Allohni zikr qilsa, shayton sheriklariga: «Sizlarga 
yotoq ham, ovqat ham yo’q», deb aytadi. Kim uyiga kirayotib, Allohni zikr qilmasa, 
shayton sheriklariga: «Yotoqlaringizga yetishdingiz», deydi. Taom paytida ham Allohni 
zikr qilmasa, shayton sheriklariga: «Ovqatgayam yetishdingiz», deydi». Imom Muslim 
rivoyatlari 
 
51/5. Abdulloh ibn Amr ibn Osdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam uylariga kunduzi qaytsalar: 
 
«Alhamdu lillahillaziy kafaniy va avaniy valhamdu lillahillaziy at’amaniy va saqoniy 
valhamdu lillahillaziy manna ‘alayya, as`aluka an tujiyroniy minan nar», deb aytar 
edilar. (Ma’nosi: Menga boshpana berib behojat qilgan, meni yedirib-ichirgan va ko’p 
ne’matlarni in’om etgan Allohga hamd bo’lsin. Undan meni do’zaxdan saqlashini 
so’rayman.) Ibn Sunniy zaif isnod bilan rivoyat qilganlar. 
 
Imom Molik «Muvatto’» kitoblarida aytishlaricha, kishi o’zi yashamaydigan uyga 
kirganida: 
 
«Assalamu ‘alayna va ‘ala ‘ibadillahis solihiyn» (Bizga va Allohning solih bandalariga 
salom bo’lsin), deb aytishi mustahab. 
 
 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
20
10-bob. Kechasi uyg’onganda va uyidan chiqayotganda o’qiladigan duolar 
 
Kechasi uyg’onganda va uyidan chiqayotganda, osmonga qarab, Oli Imron surasining 
190-oyatidan to oxirigacha o’qish mus-tahab sanaladi. 
 
52/1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi uy-g’onsalar yoki uylaridan chiqsalar, 
Oli Imron surasini 190-oyatidan boshlab oxirigacha o’qir edilar. Imom Buxoriy rivoyatlari 
 
53/2. Ibn Abbos (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi 
tursalar, tahajjud o’qir, so’ng ushbu duoni aytar edilar:  
 
«Allohumma robbana lakal hamd, anta qoyyimus-samavati val-arzi va man fiyhinna va 
lakal hamd, laka mulkus-samavati val-arzi va man fiyhinna va lakal hamd, anta nurus-
samavati val-arzi va man fiyhinna va lakal hamd, antal haqq va va’dukal haqq va 
liqouka haqq va qovluka haqq val-jannatu haqq van-naru haqq va Muhammadun haqq 
vas-sa’atu haqq. Allohumma laka aslamtu va bika amantu va ‘alayka tavakkaltu va 
ilayka anabtu va bika xosamtu va ilayka hakamtu, fag’firliy ma qoddamtu va ma axxortu 
va ma asrortu va ma a’lantu. Antal muqaddim va antal muaxxir, la ilaha illa anta». Ba’zi 
rivoyatlarda 
 
«La havla va la quvvata illa billah» ziyoda qilingan. (Ma’nosi: Ey Rabbim, Senga hamd 
bo’lsin. Sen osmonlaru yer va undagi narsalarni saqlovchisan. Senga hamd bo’lsin. 
Osmonlaru yer va undagi narsalar Sening mulking. Senga hamd bo’lsin. Sen osmonlaru 
yer va undagi narsalarning nurisan. Senga hamd bo’lsin. Sen haqsan, va’dang haq, 
Senga yo’liqish haq, so’zing haq, jannat haq, do’zax haq, Muhammad alayhissalom haq, 
qiyomat haq. Ey Rabbim, Senga bo’yin egdim, Senga iymon keltirdim, Senga tavakkal 
qildim, Senga qaytuvchiman, xusumat qilish Sening qo’lingda, hukm chiqarish ham 
Sening qo’lingda, oldingiyu keyingi, maxfiyu oshkora gunohlarimni mag’firat qil. Sen eng 
avvalgi va eng oxirgisan. Sendan boshqa iloh yo’q.) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari 
 
 
11-bob. Hojatxonaga kirayotganda o’qiladigan duolar 
 
54/1. Anas (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh hojatxonaga kirayotganlarida: 
 
«Allohumma inniy a’uzu bika minal xubsi val xobais» duosini o’qir edilar». (Ma’nosi: Ey 
Rabbim, erkak va ayol shaytonning yomonligidan panoh tilayman.) Imom Buxoriy va 
Muslim rivoyatlari 
 
55/2. Imom Termiziy, Abu Dovud, Nasoiylarning rivoyatlarida: 
 
«Bismillah. Allohumma inniy a’uzu bika minal xubsi val xobais», deb kelgan. 
 
56/3. Alidan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hojatxonaga 
kirayotganda bismillahni aytish odam bolasining avrati bilan jinlar ko’zi orasida parda 
bo’ladi», dedilar.  
 
Bu hadisni Termiziy rivoyat qilganlar va: «Isnodi unchalik kuchli emas», deb aytganlar. 
Yuqorida zikr qilganimizdek, zaif hadislarga fazilatli ishlarda amal qilinaveradi. Ba’zi 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
21
birodarlarimiz: «Bismilloh to’silgan joyda yoki sahroda ham aytilaveradi», deyishadi. 
Ba’zilari esa: «Avval bismilloh, so’ng «Allohumma inniy a’uzu bika minal xubsi val 
xobais» aytiladi», deb aytishgan. 
 
57/4. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
hojatxonaga kirsalar: 
 
«Allohumma inniy a’uzu bika minar rijsin najasi al-xobiysil muxbisi ash-shaytonir 
rojiym», deb o’qir edilar. (Ma’nosi: Ey Rabbim, kir, najas, iflos, ifloslik qiluvchi, 
(Allohning dargohidan) quvlangan shaytondan panoh tilayman.) Ibn Sunniy va 
Tabaroniy rivoyatlari 
 
 
12-bob. Hojatxonada so’zlashish va zikr qilishni man’ etish 
 
Xoh yalanglik-sahroda bo’lsin, xoh pana joyda, hojat chiqarayotib so’zlashish va zikr 
qilish makruhdir. Faqat zarurat yuzasidan ruxsat berilgan. Ba’zi birodarlarimizning 
fikricha, aksa ursa, hamd aytilmaydi, aksa urib, hamd aytganga javob berilmaydi, 
salomga alik olinmaydi, muazzinga ijobat qilinmaydi. Chunki bu holatida musulmon kishi 
javobga mustahiq emas. Javob berishi makruh hisoblanadi. Ammo harom emas. Lekin 
aksa urganida tilini qimirlatmasdan, qalbi bilan hamd aytsa, zarari yo’q. Shuningdek, 
jimo’ paytida ham aytish bezarardir. 
 
58/1. Ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bavl 
qilayotganlarida bir kishi u zotga salom berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning 
salomiga alik olmadilar». Imom Muslim rivoyatlari 
 
59/2. Muhojir ibn Qunfuz (r.a.) rivoyat qilib aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi 
vasallam huzurlariga borsam, u zot bavl qilayotgan ekanlar. Salom berdim, u zot tahorat 
qilib bo’lgunlaricha javob bermadilar. So’ng menga uzr aytib: «Allohni nopok yoki 
tahoratsiz holda zikr qilishni xushlamadim», dedilar». Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Mojalar 
sahih isnod bilan rivoyat qilishgan. 
 
 
13-bob. Hojatda o’tirgan kishiga salom berishdan qaytarish 
 
Birodarlarimiz aytishadi: «Hojatda o’tirgan kishiga salom berish makruhdir. Mabodo, 
salom berilsa, javobi shart emas». Yuqoridagi bobda kelgan Ibn Umar va Muhojirlar 
rivoyat qilishgan hadislar buning dalilidir. 
 
 
14-bob. Hojatxonadan chiqayotganda aytiladigan duo 
 
Rasululloh alayhissalom hojatxonadan chiqqanlarida: 
 
«G‘ufronaka» (Sening mag’firatingni so’rayman ) va «alhamdu lillahillaziy azhaba ‘annil 
aza va ‘afaniy» (mendan aziyatlarni ketkazib, ofiyatda qilgan Allohga hamd bo’lsin), deb 
aytar edilar. Avvalgisini Abu Dovud va Termiziy, keyingisini Nasoiy va Ibn Mojalar 
rivoyat qilishgan. 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
22
 
60/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
hojatxonadan chiqsalar:  
 
«Alhamdu lillahillaziy azaqoniy lazzatahu va abqo fiyya quvvatahu va dafa’a ‘anniy 
azahu», deb aytardilar. (Ma’nosi: Meni (taomning) lazzatidan bahramand qilgan va 
menda uning quvvatini qoldirgan, so’ng mendan aziyatini daf qilgan Allohga hamd 
bo’lsin.) Ibn Sunniy va Tabaroniy rivoyatlari 
 
 
15-bob. Tahoratdan oldin o’qiladigan duo 
 
Yuqorida aytilganidek, bismillohni aytish mustahabdir. 
 
 
16-bob. Tahorat qilganda o’qiladigan duolar 
 
Tahoratning avvalida «Bismillahir rohmanir rohiym», deb aytish mustahab qilingan. 
«Bismilloh», desa ham kifoya. Birodarlarimiz aytishadi: «Agar tahoratning avvalida 
bismillohni aytmasa, davomida aytaveradi. Xoh qasddan, xoh adashib aytmay qolsa 
ham, tahorati mukammal bo’ladi». (Muallif Imom Shofe’iy mazhabidalar. Shuning uchun 
bismillohni aytish mustahab deyilyapti. Bu sunnat ma’nosidadir. Bizning Imomi A’zam 
mazhabidan boshqa mazhablarda sunnat «mustahab» deb yuritiladi. – Tarjimon.) 
 
Bismillohni aytish haqida kelgan hamma hadislar zaifdir. Ahmad ibn Hanbal: «Tahoratda 
bismilloh deyish to’g’risida birorta sobit hadis bilmayman», deb aytganlar. 
 
61/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
«Tahorat qilayotganda Allohni zikr qilmagan kishining tahorati yo’qdir», dedilar. Bu 
hadisni Abu Dovud rivoyat qildilar, Bayhaqiy va boshqalar ham rivoyat qilishgan va zaif 
deb aytishgan. 
 
Fasl: Abul Fath Nasr Maqsidiy: «Bismillohdan keyin tahoratning boshida quyidagi duoni 
o’qish mustahab», deydilar:  
 
«Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan 
‘abduhu va rosuluh». (Ma’nosi: Allohdan boshqa iloh yo’q va Uning sherigi ham yo’q deb 
va Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning bandasi va rasuli deb guvohlik 
beraman.)  
 
Fasl: Abul Fath Nasr Maqsidiy tahorat qilib bo’lgandan keyin ushbu duo o’qiladi deydilar:  
 
«Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan 
‘abduhu va rosuluh. Allohummaj’alniy minat tavvabiyna vaj’alniy minal mutatohhiriyn. 
Subhanakallohumma va bihamdik. Ashhadu alla ilaha illa anta astag’firuka va atubu 
ilayka». (Ma’nosi: Yakka Allohdan bosh-qa iloh yo’q va Uning sherigi ham yo’q, 
Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning bandasi va rasuli deb guvohlik beraman. 
Ey Rabbim, bizlarni tavba qiluvchilardan va poklanuvchilardan qil. Ey Rabbim, Senga 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
23
hamd aytish bilan Seni poklayman. Guvohlik beramanki, Sendan boshqa iloh yo’q. 
Senga istig’for aytaman va Senga tavba qilaman.) 
 
62/2. Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 
«Kim tahorat qilib bo’lib: 
 
«Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan 
‘abduhu va rosuluhu», desa, unga jannatning sakkizta eshigi ochilib, xohlaganidan 
kiraveradi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari 
 
Termiziy «Allohummaj’alniy minat tavvabiyna vaj’alniy minal mutatohhiriyn» kalimasini 
ziyoda qilganlar. 
 
63/3. Ibn Umardan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim tahorat 
qilganidan keyin, gapirishdan oldin: 
 
«Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan ‘abduhu va rosuluh», desa, 
ikki tahorat orasidagi gunohlari kechiriladi», dedilar. Bu hadisni Dora Qutniy zaif isnod 
bilan rivoyat qilganlar. 
 
64/4. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim 
tahoratini chiroyli qilib, so’ng uch marta: 
 
«Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan 
‘abduhu va rosuluh», desa, u uchun jannatning sakkizta eshigi ochiladi va xohlagan 
eshigidan kirib ketaveradi» dedilar. Bu hadisni Ahmad ibn Hanbal, Ibn Moja, Ibn Sunniy 
zaif isnod bilan rivoyat qilishgan. 
 
65/5. Usmon ibn Affon (r.a.) rivoyat qilgan hadisda: 
 
«La ilaha illalloh» kalimasini uch marta takrorlash aytilgan. Ibn Sunniy zaif isnod bilan 
rivoyat qilganlar. 
 
Ba’zi faqihlar, ushbu zikr va duolarni tahoratdan ke-yin qiblaga yuzlangan holda aytiladi, 
deyishadi. 
 
Fasl: Tahorat mobaynida har bir a’zo yuvilayotganda o’qiladigan duolar bor, ammo 
ularning birortasi ham Rasulullohdan vorid bo’lmagan. Lekin salaf ulamolarimiz bu 
zikrlarni aytishni mustahab deyishgan. 
 
Tahorat qilayotgan kishi bismillohdan keyin:  
 
«Alhamdu lillahillaziy ja’alal ma-a tohuro» (Suvni pok qilgan Allohga hamd bo’lsin), 
deydi.  
 
Og’iz chayqayotganida: 
 
«Allohummasqiniy min havzi nabiyyika sollallohu alayhi vasallama ka’san la azmau 
ba’dahu abada» (Ey Rabbim, meni payg’ambarning havzidagi suv bilan sug’or, undan 

Al-Azkor. Al-Faqih an-Navaviy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
24
keyin hech ham chanqamayin), deyiladi. 
 
Burun chayqayotganida: 
 
«Allohumma la tahrimniy roixata na’iymika va jannatik» (Ey Rabbim, ne’matlaring va 
jannatingning hididan meni mahrum qilma), deyiladi. 
 
Yuzni yuvayotganida: 
 
«Allohumma bayyiz vajhiy yavma tabyazzu vujuhun va tasvaddu vujuh» (Ey Rabbim, 
yuzlar oq va qora bo’ladigan kunda yuzimni oq qilgin), deyiladi. 
 
Ikki qo’l yuvilayotganida:  
 
«Allohumma a’tiniy kitabiy biyamiyniy, Allohumma la tu’tiniy kitabiy bishimaliy» (Ey 
Rabbim, nomai a’molimni o’ng qo’limdan ber, chap qo’limdan berma), deyiladi. 
 
Boshga mash tortilayotganida:  
 
«Allohumma harrim sha’riy va bashariy ‘alan nari va azollaniy tahta ‘arshika yavma la 
zilla illa zilluk» (Ey Rabbim, sochimni va yuzimni do’zaxga harom qil va meni soyalar 
bo’lmaydigan kunda arshingni ostida soyalantir), deyiladi.  
 
Ikki quloqqa mash tortilayotganida:  
 
«Allohummaj’alniy minallaziyna yastami’unal qovla fayattabi’una ahsanah» (Ey Rabbim, 
so’zlarni eshitib, ularning yaxshisiga ergashadiganlardan qil), deyiladi. 
 
Ikki oyoq yuvilayotganida:  
 
«Allohumma sabbit qodamayya ‘alas-sirot» (Ey Rabbim, sirot ko’prigida qadamimni sobit 
qil), deb o’qiladi. 
 
66/6. Abu Muso Ash’ariy (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasulullohga tahorat uchun suv olib 
bordim. U zot tahorat qilib bo’lib: 
 
«Allohummag’firliy zanbiy va vassi’ liy fiy dariy va barik liy fiy rizqiy» (Ey Rabbim, 
gunohlarimni kechir. Hovlimni keng qil va rizqimga baraka ber), degan duoni o’qidilar. 
Men: «Ey Rasululloh, sizning shunday-shunday deb o’qiyotgan duoingizni eshitdim», 
dedim. Rasululloh: «Biror narsani o’qimay tashlab ketdimmi?» dedilar». Nasoiy va Ibn 
Sunniy sahih isnod bilan rivoyat qilishgan. 
 

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   38


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling