Alisher navoiyning ilmiy merosi. Adabiyotshunoslik va tarixiy asarlari
Download 91.92 Kb.
|
ALISHER NAVOIYNING ILMIY MEROSI. ADABIYOTSHUNOSLIK VA TARIXIY ASARLARI
- Bu sahifa navigatsiya:
- “Tarixi anbiyo va hukamo”
To‘kadur qonimni har dam ko‘zlaring boqib turub. Kim, necha yuzumga boqqaysen yiroqdin telmurub.”
Bu o‘rinda Navoiy “telmurmak” so‘zining nozik semasini tahlil etib, “telmurish” orqali ikki insonning o‘zaro muhabbati namoyon bo‘lishini ta'kidlaydi. Keltirilgan misoldan: “Ko‘zlaring har lahza menga boqib qonimni to‘kadi, chunki uzoq-uzoqlardan menga telmurib boqasan”, degan mazmun orqali mahbubaning o‘z oshig‘iga befarq emasligi ma'lum bo‘ladi. Alisher Navoiy turkiy va forsiy tillar leksikasini qiyoslash uchun turli sohalarga doir narsa-buyum, tabiiy hodisalar va hayvonlarning forsiy tilda mavjud bo‘lmagan turkiy tildagi nomlarini berib, ularning ba'zilari forsiy til leksikasi tarkibiga ham kirganligini aytib o‘tadi. Xususan, turkiylar ovlanadigan kiyikni jinsiga qarab nomlashlarini, erkagini “huna”, urg‘ochisini “qilchoqin” deb atashlarini, forsiy tilda esa bular bir xil qo‘llanilishini yoki yana forsiylar qo‘yning faqat ba'zi a'zolarini nomlaganliklarini, lekin qo‘yning orqasini, oshiq-ilikni, yon suyakni, qovurg‘ani, ilik, o‘rta ilik, bo‘g‘izni turkcha aytishlarini ta'kidlaydi. Shuningdek, qaymoq, qatlama, bulama, qurut, uloba, quymoq, urkamoch kabi taom nomlari forsiy tilga turkiy tildan o‘zlashganligini aytib o‘tadi. Alisher Navoiy omonimlik va so‘zlarning ko‘p ma'noliligi jihatidan turkiy tilning imkoniyati kengligini, ularning she'riyatda turli nozik ma'nolarni ifodalashdagi ahamiyatini (ot, it, bor, sog‘in, tuz, ko‘k kabi so‘zlar talqinida) ko‘rsatadi, shu orqali tajnis va iyhom san'atiga asos bo‘ladigan so‘zlarning forsiy tildagiga nisbatan ko‘pligini misollar bilan isbotlaydi, aynan tajnis orqali vujudga keladigan va forsiy she'riyatda qo‘llanilmaydigan tuyuq janrining o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatib beradi. Navoiy ba'zi mansab egalari yoki kasb-hunar, umuman, muayyan soha bilan shug‘ullanuvchi shaxs nomlarini bildiruvchi “-ch” hamda “chi”qo‘shimchalarini keltirib, forsiylar ushbu qo‘shimchalar orqali yasaladigan qo‘rchi, suvchi, chavgonchi, qo‘riqchi kabi o‘nlab so‘zlarning muodili o‘z tillarida bo‘lmaganligi uchun ularni turkiy tildagi varianti asosida qo‘llashlarini aytib o‘tadi. “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari adabiyot va adabiyotshunoslik fanlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Navoiy asarda forsiy tilda yaratilgan adabiyotning yetuk namoyandalarini chuqur hurmat bilan tilga oladi, ularning musulmon Sharqi she'riyatiga qo‘shgan hissasini, turkiy adabiyot, xususan, o‘z ijodiga ko‘rsatgan ta'sirini alohida ta'kidlaydi, forsigo‘y va turkiy shoirlar orasidagi o‘zaro adabiy hamkorlik – adabiy mavzularda suhbat, munozaralar, badiiyatga doir mubohasalar bo‘lib turishi haqida ma'lumot beradi. Navoiy turkiy she'riyatning forsiy she'riyatga nisbatan sustroq rivojlanganligini bir necha sabablar orqali ko‘rsatib beradi: 1) turkigo‘y ijodkorlar turkiy tilda ona tilining murakkab va nozikligini bildiruvchi bir necha ma'noli so‘z va ifodalar ko‘p bo‘lganligidan, ularni tushunish va she'riyatda mahorat bilan ishlatish mashaqqatidan cho‘chib, osonlik sari mayl ko‘rsatadilar; 2) ba'zi idrokli shoirlar o‘z zamonidagi hukmron an'ana va adabiy rasm-rusumlardan chetga chiqishni xohlamay, shu doirada qolishni o‘zlariga munosib deb biladilar; 3) yosh ijodkorlar o‘z yozgan asarlarini tajribali ustozlarga ko‘rsatib, ularning e'tirofini eshitmoq istaydilar, bunday ustozlarning aksariyati esa forsigo‘y bo‘lganliklari uchun yosh shoirlar o‘z she'rlarini forsiyda yozmoqni ma'qul ko‘radilar. Asarda Alisher Navoiyning ijodiy biografiyasi bilan bog‘liq qimmatli ma'lumotlar ham keltirilgan. Asarda muallif devonlari, dostonlari va boshqa ko‘plab asarlarining ro‘yxati va ixcham tavsifi mavjud. Xususan, shoirning turkiy tilda yaratgan asarlari ro‘yxati ularga asos bo‘lgan manbalar nomi bilan birga keltirilishi Navoiy asarlarining tub mohiyatini anglashda muhim ahamiyatga ega. Masalan, uning “Xamsa” tarkibiga kiruvchi dostonlarning har biri uchun asos bo‘lgan manbalar quyidagi tartibda keltiriladi: 1)“Hayrat ul-abror” ↔ “Maxzan ul-asror” (Nizomiy); 2) “Farhod va Shirin” ↔ “Shirin va Xusrav” (Xusrav Dehlaviy); 3) “Layli va Majnun” ↔ “Gavharnoma” (Hoju Himmatiy), 4) “Sab'ai sayyor” ↔ “Haft paykar” (Ashraf Marog‘iy); 5) “Saddi Iskandariy” ↔ “Xiradnomai Iskandariy” (Abdurahmon Jomiy). “Muhokamat ul-lug‘atayn”da o‘sha davrdagi turkiy til bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar haqida ham ma'lumotlar keltiriladi. Husayn Boyqaro turkigo‘y shoirlarni o‘z ona tillarida ijod qilishga chorlab, maxsus farmonlar chiqarilganligi, Husayn Boyqaroning o‘zi turkiy tilda Husayniy taxallusi bilan ijod qilganligi va devon tartib berganligi bilan bog‘liq masalalar haqida fikr yuritiladi. Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari mohiyatida adabiy til masalasi bosh mavzu sifatida tanlangani, forsiy va turkiy tilni leksik, fonetik va grammatik jihatdan qiyoslagani nuqtai nazaridan tilshunoslik yo‘nalishidagi muhim manba bo‘lish bilan birga ilmiy nasrning yorqin namunasidir. Fanda “Muhokamat ul-lug‘atayn” 4 ta qo‘lyozmasi ma’lum: Istanbuldagi To‘pqopi saroy muzeyi Revan kutubxonasida 808-inventar raqami ostida saqlanuvchi nusxa. Bu qo‘lyozma Navoiyning boshqa asarlarini ham o‘z ichiga olib, “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari qo‘lyozmaning 774a – 781b sahifalarda keltirilgan. Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Fotih bo‘limida 4056-inventar raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmaning 773b – 781a sahifalari “Muhokamat ul-lug‘atayn”ni o‘z ichiga oladi. Parij nusxasi. Suppl.Turc.317|1513-inventar raqami ostida saqlanayotgan ushbu qo‘lyozmada “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari 277b – 285b sahifalarni egallaydi. Budapesht nusxasi. Alisher Navoiyning tarixnavis sifatidagi faoliyati uning “Tarixi anbiyo va hukamo” hamda “Tarixi muluki ajam” asarlarini bitganligida namoyon bo‘ladi27. Buyuk mutafakkirning “Tarixi anbiyo va hukamo” risolasi islom dini manbalariga asoslangan nasriy yo‘lda yozilgan asar bo‘lib, payg‘ambarlar – rasul va nabiylar hamda hakim zotlar – allomalar tarixiga bag‘ishlangan. Shu ma'noda asarni shartli ravishda ikki qismga bo‘lish mumkin: Anbiyo – payg‘ambarlar tarixi. Hukamo – hakim zotlar tarixi. Alisher Navoiygacha musulmon Sharqida anbiyolar to‘g‘risida turli rivoyat va qissalar mavjud bo‘lgan. “Tarixi Tabariy”, “Tarixi Banokatiy” kabi asarlarda tarixiy voqealar, ba'zi podshohlarning yurishlari din tarixiga oid ma'lumotlar bilan birga berilsa, “Qisas ul- anbiyo”lar, xususan Nosiriddin Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida aynan payg‘ambarlar tarixi keltiriladi. Navoiy ushbu mavzuni davom ettirib, o‘zigacha yaratilgan asarlarni tizimlashtiradi, nabiylar biografiyasini sulolalar bo‘yicha keltiradi. Asarda Odam Ato (a.s.)dan tortib Jarih Rohibgacha bo‘lgan 60 dan ortiq nabiy va nabiylar avlodlari haqida ma'lumotlar keltirilgan. Dastavval, Odam Ato (a.s.) qissasi hikoya qilinadi. Unda Odamning yaratilishi, Iblisning Oliy Dargohdan quvilishi, so‘ng Odam va Momo Havvoning yer yuziga tushirilishi bilan bog‘liq hikoyalar keltiriladi. Navoiy payg‘ambarlarni an'anaga binoan ikki guruhga bo‘ladi: rasul va nabiylar. Rasullarga Alloh kitob va sahifa nozil qilgan bo‘lib, ular “mursalin” nomi bilan ataladi. Nabiylar esa faqat vahiy olgan payg‘ambarlar bo‘lib, ularga kitob nozil qilinmagan (tushirilmagan). Alisher Navoiy payg‘ambarlar haqida so‘zlab, ularning yashagan davrlariga to‘xtaladi, aniq yillarni keltiradi (Masalan, Mahoyil binni Qinon 865 yil yashagan). Shuningdek, payg‘ambarlarning ahli ayoli, farzandlari, kasb-u kori haqida ma'lumot beriladi. Payg‘ambarzodalarning hammasiga ham payg‘ambarlik maqomi berilmagan, ularning ba'zilarigagina Allohdan vahiy tushgan. Masalan, Odam Atoning nevarasi Anush, uning o‘g‘li Qinon kabilar bu sharafga noil bo‘la olmaganlar. Shu tariqa muallif oltmishdan ziyod payg‘ambar va payg‘ambar avlodlarining hayoti, tarjimai holini batafsil yoritadi. Zikr etilganlar sirasida “Qur'on”da nomi tilga olingan barcha payg‘ambarlar, Luqmoni Hakim, Zulqarnayn kabi vahiy tushgan yo tushmagani ixtilofli bo‘lgan valiy zotlarni ham ko‘rishimiz mumkin. Mazkur asarda bir zamonda bir necha payg‘ambarlar yashagani ham aytiladi. Masalan, Is’hoq (a.s.) vafot etgan yili Yusuf (a.s.)ning Misr hokimi bo‘lgani va hokazo. Shuningdek, “Qur'on”da tilga olingan “As’hobi kahf” qissasi ham mazkur asardan o‘rin olgan. Payg‘ambarlar qissasi hajman o‘zaro farqlanadi. Ba'zi payg‘ambarlar, masalan, Xizr (a.s.) haqida qisqa ma'lumot bilan cheklanilsa, Yusuf (a.s.), Ibrohim (a.s.), Muso28 (a.s.) va Iso (a.s.)larning hayotiga doir juda ko‘p voqealar bayon qilinadi. Alisher Navoiy Yusuf (a.s.) haqidagi qissani bayon qilishga kirisharkan, Firdavsiy Tusiy va Abdurahmon Jomiylar ham mazkur mavzuda doston yozganlarini aytib, o‘zining ham turkiy tilda masnaviy yozish niyati borligini bildirib o‘tadi. Mazkur qismda keltirilgan ma'lumotlarning bosh manbasi Qur'oni karim bo‘lib, muallif o‘z fikrlarini asoslash uchun muayyan oyatlarni havola qilib boradi. Yana bir e'tiborli jihati, Alisher Navoiy payg‘ambarlarning iymoni, sabri va yuksak fazilatlarini alohida tasvirlaydi. Masalan, Ayyub (a.s.)ning boshiga tushgan tashvish va balolar ham uni Allohga ibodat qilishdan to‘smaganini aytarkan, bu bilan sevgi va do‘stlikning sobit bo‘lishi haqidagi g‘oyalarini bayon qiladi. Asarda har bir payg‘ambar qissasidan so‘ng muayyan she'riy parchalar keltiriladi. Shoir ularni “masnaviy”, “ruboiy”, “bayt”, ba'zan esa “she'r” yoki “nazm” nomlari ostida berib boradi. Mazkur she'riy parchalarda qissasi hikoya qilingan payg‘ambar nomi tilga olinadi va falsafiy xulosalar chiqariladi. Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asarining ikkinchi qismi hukamolar tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu qism umumiy asarning taxminan to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Hukamolar tarixi anbiyolarnikiga nisbatan qisqa bo‘lib, umumiy ma'lumotlar bilan cheklanilgan. Alisher Navoiy Luqmoni hakim, Fishog‘ur (Pifagor), Jomosb, Buqrot (Gippokrat), Buqrotis, Suqrot (Sokrat), Aflotun (Platon), Aristotilis (Arastu), Balinos, Jolinus (Galen), Batlimus (Ptolemey) kabi yunon faylasuflari va Sodiq, Buzurgmehr kabi fors hakimlarining, jami o‘n uch nafar olimning tarixini qisqacha yoritadi. Hakimlarning umumiy tavsifini bergandan so‘ng ularning hikmatli so‘zlaridan keltiradi. Har bir tavsifdan keyin yakun sifatida shoir o‘sha faylasuf tomonidan aytilgan iboraning mazmunini ifodalovchi bir bayt she'rni ilova tarzida berib boradi. Masalan: “Jomosb hakim Gushtosbning qardoshidur va Luqmonning shogirdi erdi. Nujum ilmida g‘arib ahkomi bor. O‘z zamonidin so‘ngra uch ming yilgacha kelur ishlarni hukm qilibdur. Va aning so‘zlaridindurkim, karimning yomonroq xislati o‘z ilmining tarki va laimning yaxshiroq xislati o‘z ilmining tarki. Va aning madfani Fors viloyatidadur. She'r: Download 91.92 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling