Anatomiyadan amaliy
Ichki eshituv teshigi (porus acusticus internus)
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
- Bu sahifa navigatsiya:
- Bo’yinturuq teshigi (for. jugulare).
- Ensaning katta teshigi (for. occipitalis magnum).
- Til osti nervining kanali (canalis hypoglossi).
- Bosh miyaning qattiq pardasi (dura mater encephali).
- Miya qattiq pardasining sinusi (bo’shliq) lari.
- 1) ko’ndalang bo’shliq
Ichki eshituv teshigi (porus acusticus internus). U piramidaning orqa yuzasida joylashgan. Bundan VII - VIII juft bosh miya nervlari (n. facialis et n. vestibulocochlearis), oraliq nervi (n.intermedius) va ichki eshituv yo’li nervining tolasi (g. meatus acustici interni) shu nomli vena bilan birga o’tadi.
Bo’yinturuq teshigi (for. jugulare). Uning oldingi sohasi bo’ylab kallaning ichidan bosh miyaning quyidagi nervlari: til - yutqin nervi (n. glossopharyngeus - IX juft), adashgan nerv (n. vagus - X juft) va qo’shimchа nerv (n. accessorius - XI juft) chiqadi. Teshikning orqa tomonidan ichki bo’yinturuq vena (v. jugularis interna) o’tib, unga kalla bo’shlig’idan keladigan vena sinuslari qoni kelib quyiladi. Ensaning katta teshigi (for. occipitalis magnum). Bu teshik kalla orqa chuqurchasining markaziy qismini tashkil etadi. Uning ichidan uzunchoq miya (pardalari bilan), ikkita umurtqa arteriyalari (a. vertebralis), miya qattiq pardasi ichida joylashgan vena chigallari (plexus basilaris et sinus marginalis) va qo’shimcha nervning orqa miya tolalari o’tadi. Til osti nervining kanali (canalis hypoglossi). Uning teshigi bo’yinturuq do’mboqlarining ostidan o’tadi. Kanalning ichidan til osti nervi (n. hypoglossus) - XII juft o’tadi. BOSH MIYANI O’ROVCHI PARDALAR Bosh miyada birin - ketin joylashgan uchta parda (meninx) lar bo’lib, bular: qattiq parda (dura mater encephali), to’r parda (arachnoidea encephali) va tomirli (yumshoq) parda (pia mater encephali) lardir. Bosh miyaning qattiq pardasi (dura mater encephali). Bosh suyagi bilan miya to’r pardasi orasida joylashib, juda qattiq yaltiroq, oqish rangdagi bu parda, kalla tubidagi suyaklar bilan yaxshi birikkan bo’ladi. U bosh miyani chodir kabi yopib, yarim sharlari orasiga, turk egarigacha kirib boradi. Qattiq parda ikki varaqdan tashkil topib, uning tashqi qavati qon tomirlariga juda boy bo’ladi. Parda varaqlari orasida yupqagina yog’ to’qimasi bo’lganligi sababli, ularni osonlikcha bir - biridan ajratish mumkin. Qattiq parda bilan bosh suyagi hamda shu parda bilan to’r parda oralarida bo’shliq bo’lib, birinchisiga qattiq parda usti (epidural bo’shlig’i), ikkinchisiga - qattiq parda osti bo’shlig’i (subdural bo’shlig’i) deyiladi. Kalla-miya jarohatlarida bu bo’shliqlarda yig’ilgan qon bosh miyaning qisilishiga sabab bo’ladi. Qattiq parda o’zidan uchta o’simta beradi. Miya o’rog’i (falx cerebri). O’z shakli bilan o’roqqa o’xshab, sagittal tekislikda yotadi. U miya yarimsharlari orasi bo’ylab, oldindan crista galli gacha, orqadan - ensa suyagi katta do’mbog’ining ichki sathigacha boradi. Shuni ham aytish kerakki, u ko’pincha aniq o’rta chiziq (sagittal chiziq) bo’ylab emas, balki uning o’ng tomonidan ham o’tadi. Miyacha chodiri (tentorium cerebelli) deb atalgan keng parda, miya o’rog’ining ikki yon tomoniga tarqalgan qattiq pardaning davomi bo’lib, xuddi chodir singari kallaning orqa chuquri ustida tortilgandir. U orqadan ensa suyagi katta do’mbog’ining ichki sathiga, ikki yon tomondan chakka suyagi piramidasining yuqori chegaralariga birikib, oldindan - asosiy suyakning ponasimon o’simtalarigacha boradi. Miyacha chodiri bosh miyaning ensa bo’lagini miyachadan ajratib turadi. Miyacha o’rog’i (falx cerebelli) o’rta chiziq bo’ylab, ensa suyagining ichki do’mboqchasidan, ensa suyagi katta teshigining orqa qirrasigacha tortilib turadi va miyachani ikki yarim sharlarga bo’ladi. Miya qattiq pardasining sinusi (bo’shliq) lari. Qattiq pardasining varaqlari ma`lum joylarda, ko’pincha suyaklardagi egatlar oldida bir-biridan ajralib (uzoqlashib), bo’shliqlar yoki kovaklarni (sinus) hosil qiladi. Bu bo’shliqlar kalla ichidan va miyadan qon to’plovchi venalar vazifasini o’taydi. Ularga quyidagilar kiradi: 1) ko’ndalang bo’shliq - (sinus transversus) qattiq pardadagi eng katta bo’shliq bo’lib, ensa suyagining ichki yuzasidagi ko’ndalang va keng egatga (sulcus transversus)da hosil bo’ladi. Buning shakli uchburchaksimon bo’lib, asosini ko’ndalang egat va devorlarini – qattiq pardaning varaqlari hosil qiladi. Ko’ndalang sinusni teridagi tasviri ensa suyagi tashqi do’mbog’ini so’rg’ichsimon o’simtani yuqori orqa qismi bilan birlashtiruvchi chiziqqa to’g’ri keladi. 2) ko’ndalang bo’shliq chakka suyagining piramidasi (tosh qismiga) yetganda pastga burilib, chakka suyagining so’rg’ichsimon qismiga tushadi va "S" simon bo’shliq - (sinus sigmoideus) nomini oladi. Haqiqatan ham "S" shaklidagi bu bo’shliq, shu nomdagi egat hisobidan vujudga keladi va bo’yinturuq teshigi (foramen jugularis)gacha boradi; 3) miya o’rogi (falx cerebri) ning ustki cheti ikki varaqqa ajralib, o’q-yoysimon egat (sulcus sagitalis) ning ikki chetiga birikadi. Natijada bu joyda ham oldindan orqaga tomon ketgan o’q-yoysimon ustki bo’shliq (sinus sagitalis superior) paydo bo’ladi. Bu bo’shliq orqa tomondan ko’ndalang bo’shliq bilan qo’shiladi, uning tashqi tasviri burun asosidan ensa suyagining tashqi do’mbog’igacha o’tkazilgan sagital chiziqqa to’g’ri keladi. 4) miya o’rog’ining pastki, erkin qirg’og’i ham ikkiga ajralib, pastki o’q - yoysimon bo’shliqni (sinus sagitalis inferior) hosil qiladi; 5) to’g’ri bo’shliq (sinus rectus). Pastki o’q – yoysimon, ko’ndalang va ustki o’q – yoysimon bo’shliqlar bir – biri bilan qo’shilishib to’g’ri bo’shliqni hosil qiladi; 6) turk egarining ikki yonboshida g’ovak bo’shliqlari (sinus cavernosus) bor. Bu ikki bo’shliqni oldingi va orqadagi g’ovaklararo bo’shliqlar (sinus intercavernosus anterior et posterior) birlashtirib turadi. Natijada, turk egari atrofida kavak halqa (sunus circularis) hosil bo’ladi; 7)kavak halqadan ikkita bo’shliq: ustki piramida (toshsimon) bo’shlig’i (sinus petrosus superior) va ostki piramida bo’shlig’i (sinus petrosus inferior) hosil bo’ladi (29- rasm). Ustki piramida bo’shlig’i chakka suyak tosh qismining oldingi va orqa yuzalari o’rtasidagi qirg’oq egatda, ostki piramida bo’shlig’i esa toshsimon qism bilan ensa suyagi birlashgan joydagi egatda turadi. Keyinchalik u ichki bo’yinturuq venasi yonidan "S" simon bo’shliqqa quyiladi. U esa o’z navbatida ichki bo’yinturuq venasiga quyiladi. Kavak halqa ichidan ichki uyqu arteriyasi (a. carotis interna) bilan uzoqlashtiruvchi nerv (n. abducens) o’tadi. Ko’zni harakatlantiruvchi (n. oculomotorius), g’altak (n. trochlearis) va ko’z nervlari (n. ophtalmicus) esa, kovak halqaning tashqi devoriga tegib turadi. Uch shoxli nervning yarimoysimon tuguni (gang. semilunare nervi trigemini - ganglion Casseri) kavak halqaning orqa tomonida yotadi. Uning oldingi tomonida esa, yog’ qavati bo’lib, u qanot-tanglay chuqurchasini to’ldirib turadi va lunj yog’ to’qimasi bilan aloqa qiladi. Boshdan va bosh miyadan vena qoni ichki bo’yinturuq hamda umurtqa venalari (v. v. jugularis internae et vv. vertebralis) va ko’pgina epidural yog’ to’qimasi venalari orqali olib chiqiladi. Kalla suyaklari hamda miya qattiq pardasining vena qoni yuqorigi va pastki o’q- yoysimon bo’shliqlar hamda ensa, yuqorigi va pastki piramida bo’shliqlari orqali olib chiqiladi. Hamma vena bo’shliqlarining o’zaro birlashgan joyiga venalar ko’li (confilium sinium) deyilib, bu yerga bosh miyadan ham katta miya venasi orqali (v.cerebri magna Caleni) vena qoni kelib quyiladi. Bu yerdan vena qoni ko’ndalang bo’shliqlar orqali "S" simon bo’shliqlariga quyiladi. Bundan tashqari, "S" simon bo’shliqlariga vena qoni yana yuqorigi va pastki piramida bo’shliqlaridan ham kelib quyiladi. Oldingi g’ovaksimonaro bo’shliqqa ponasimon suyak kichik qanotining venoz bo’shlig’idan (sinus venosus alae parvae ossis sphenoidalis) va ko’z venalaridan vena qoni kelib quyiladi. Bosh miya hamda boshdan vena qoni asosan bo’yinturuq teshigi ustida hosil bo’lgan ichki bo’yinturuq venasiga kelib quyiladi. Bundan tashqari, boshdan vena qoni epidural vena chigallari vositasida umurtqa venalari orqali ham oqib chiqadi. Emissar venalari (vv. emissariae) ham bu borada katta ish bajaradi. Ular miya qattiq pardasi bo’shliqlarining diploik venalari bilan, diploik venalarni esa bosh yumshoq to’qimalari (teri, mushak va h. k.) venalari bilan birlashtirib, ular orqali vena qonini tashkqariga, boshqa yo’llar bilan olib chiqib ketishni ta`minlaydi. Emissar venalarning eng asosiylari: ensa emissar venasi (v. emissaria occipitalis) - sagittal chokning yon tomonlarida joylashib, kalla gumbazi venalarini yuqorigi o’q - yoysimon bo’shliq bilan birlashtiradi. Ensa emissar venasi (v. emissaria occipitalis) - ensa suyagi pallasida, katta do’mboq sohasida yoki uning atroflarida joylashib, ensa venalarini ko’ndalang bo’shliq bilan yoki sinuslar ko’li bilan birlashtiradi. So’rg’ichsimon emissar venasi (v. emissaria mastoidea) – ensa - so’rg’ichsimon o’simta choki chizig’i bo’ylab yoki unga yaqin joylashib, ensa venalarini "S" simon bo’shliq bilan birlashtiradi. Do’mboqcha emissar venasi (v. emissaria condularis) - ensa suyagi do’mboqlari kanalidan (canalis condularis) o’tadi. U ensa yoki bo’yin chuqur sohalaridagi venalarni "S" simon bo’shliq bilan birlashtirib turadi. Ko’r teshik emissar venasi (v. emissaria foramen ceci) - burun shilliq parda osti venalarini yuqorigi o’q - yoysimon bo’shliqning oldingi uchlari bilan birlashtirib turadi. Bulardan tashqari, yana ko’pgina vena chigallari: oval teshikning vena chigali (plexus venosus for. ovales), til osti suyagining vena chigali (plexus venosus canalis hypoglossi), uyqu kanalining vena chigali (plexus venosus carotis interna) , va boshqalar bosh miya venalari hamda bo’shliqlari bilan aloqada bo’ladi. Kalla ichidagi hamma bo’shliqlar yonlama qon tomirlari orqali o’zaro birlashgan bo’ladi. Bunday yonlama tomirlardan Troller va Labbe venalari katta ahamiyatga egadir. Bular venoz bo’shliqlari orasidagi eng katta tomirlar bo’lib, kalla gumbazi venoz bo’shliqlarini (yuqorigi o’q- yoysimon bo’shliq) kalla asosidagi venoz bo’shliqlar (yuqorigi piramida bo’shlig’i) bilan birlashtirib turadi. Yuqorida qayd qilganimizdek, kalla ichidagi vena qon tomirlari, kalla tashqi sathidagi vena qon tomirlar bilan aloqa qilib turadi. Bular: burun - peshona, kipriklar (vv. nasofrontalis, v. palpebralis) venalarining boshlang’ich uchlari bo’lib, vena qonini peshona sohasining yumshoq to’qimalaridan yig’ib, keyin kalla ichidagi g’ovaksimon bo’shliqlarga quyadi. Bundan tashqari, bosh gumbazi hamda yon tomonlarining yumshoq to’qimalaridagi venalar ham o’z qonlarini jag’ orqasidagi venalarga, ensa soxasi - ensa venalariga quyadi. Bu venalar ham kalla ichidagi venalar bilan aloqa qiladi. Shunday qilib, boshning yumshoq to’qimasida bo’lgan har xil yallig’lanish jarayonlari (abssess, karbunkul, furunkul va h. k.) da yiringli infeksiya, shu yuqorida ko’rsatilgan yonlama qon tomirlar (anastomozlar) orqali kalla bo’shlig’iga o’tib, bosh miyada meningit yoki abssesslar paydo qilishi mumkin. Bu jihatdan ko’z va emissar venalari eng xavfli hisoblanadi. Infeksiya ko’zning yuqori yoki pastki venalari orqali kalla bo’shlig’iga o’tishi, kallaning o’rta chuqurligida yiring yig’ilishi yoki ko’z nervlarining jarohatlanishiga olib kelishi mumkin. Miya qattiq pardasi ostida to’r parda (arachnoidea encephali) joylashadi. U miyaning qattiq pardasidan subdural bo’shlig’i orqali ajralib turadi. To’r parda o’zidan o’simtalar chiqarib, ular orqali qattiq pardaga hamda venoz bo’shliqlariga birikib turadi. Bu o’simtalar to’r pardaning donachalari (granulations arachnoidealis) deyiladi. Miyaning yumshoq pardasi (pia mater encephali) qon tomirlarga boy, miyaga deyarli yopishib, har xil egat va qorinchalariga kirib turadi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling