Anatomiyadan amaliy
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
Buyraklar (renes). Buyraklar juft a’zo bo’lib, qorin parda orqasidagi bo’shliqning yuqori va yon tomonlarida, bel umurtqa pog’onasining ikkala tomonida, bel sohasida joylashadi. Skeletga nisbatan XI - XII ko’krak umurtqalari bilan II - III bel umurtqalari sohasida yotadi. O’ng buyrak, chap buyrakka nisbatan bir oz pastroqda joylashib, uning yuqori qirrasi XII qovurg’alararo bo’shliqqa, darvozasi - XII qovurg’a pastiga to’g’ri keladi. Chap buyrakning yuqori qirrasi esa XI qovurg’aga, darvozasi - XII qovurg’a ro’parasiga to’g’ri keladi. Ularning darvozasi umurtqalarga nisbatan I bel umurtqasiga to’g’ri keladi. (49-rasm).
Byuraklarning teridagi tashqi tasviri “oldingi va orqa byurak nuqta” lariga to’g’ri keladi. Bunda “oldingi buyrak nuqtasi” qorin to’g’ri mushagining tashqi qirrasi bilan IX qovurg’a tog’ayining qovurg’a yoyiga birikish joyida hosil bo’lgan burchakka to’g’ri keladi. “Orqa buyrak nuqtasi” esa qorinning orqa devorida, umurtqalarni to’g’irlovchi mushakning tashqi qirrasi bilan XII qovurg’a orasiga to’g’ri keladi. Buyrak shakli loviyaga o’xshaydi. U oldindan orqaga qarab yassilangan bo’lib, uning yuqori va pastki uchlari (extremitas superior et extremitas inferior), ichki va tashqi qirg’oqlari (margo medialis et lateralis) hamda oldingi va orqa yuzalari (fades anterior et posterior) tafovut qilinadi. Uning oldinga qaragan ichki (medial) qirg’og’i botiq bo’ladi. Bu botiq joydan buyrak ichiga arteriya, nerv kiradi va undan venalar bilan siydik yo’li chiqadi, shuning uchun uni buyrak darvozasi (hilus renalis) deb ataydilar. Buyrak darvozasi siydik yo’li qon tomirlarining orqasida, ya’ni buyrak arteriyasi va venasining orqasida yotib, oldingi yuzasini buyrakning oldingi fastsiyasi, orqa yuzasini - buyrakning orqa fastsiyasi o’rab yotadi. Uning atrofidan buyrakni o’rab turgan yog’ to’qimaning davomi bo’lmish, siydik yo’lini o’rovchi yog’ to’qima (parauretron) o’rab yotadi. Siydik yo’lining oldingi yuzasi qorin pardaning pariyetal varag’i bilan birlashgan buyrak fastsiyasiga birikkan bo’ladi. Shuning uchun ham operasiya davrida uni orqa devoridagi pariyetal qorin pardaning orqasidan axtarish kerak. Qon tomir hamda siydik yo’llari buyrak darvozasida buyrak oyoqchasini hosil qiladi. Ular bir - biriga nisbatan quyidagicha joylashadi: hammadan oldinda vena, uning orqasida va bir oz pastroqda - buyrak arteriyasi va uni o’rab o’tgan nerv tolalari va uning orqasidan va pastroqda - buyrak jomi yotadi. Buyraklar segmentar tuzilishga ega bo’lib, har qaysisi beshtadan: yuqori, yuqori oldingi, pastki oldingi, pastki va orqa segmentlarga bo’linadi. Ularning mustahkamlanib turishida qorin pardaning burmalari, qon tomirlar, o’rab turgan yog’ qobig’i va qorin bo’shlig’idagi bosim xizmat qiladi. Qorinpardani buyrakning oldingi sohasidan jigarning pastki qirrasiga o’tishidan o’ng tomonda jigar - buyrak boylami (lig. hepatorenalis), uning o’rta qismidan, 12 barmoq ichakka o’tishidan buyrak - 12 barmoq ichak boylami hosil bo’ladi. Bundan tashqari, qorin pardaning chap buyrakning oldingi qismidan taloqqa (chap tomonda) o’tishidan taloq – byurak (lig. lienorenalis) boylami va u yerdan diafragmaga o’tishidan taloq - diafragma boylami (lig. phrenicolienalis) ham hosil bo’ladi. Buyraklarning sintopiyasini ko’rib chiqadigan bo’lsak, o’ng buyrak yuqoridan buyrak usti bezi va jigarga tegib turadi. Uning darvozasi 12 barmoq ichak bilan yopilib turadi. Pastki uchiga ko’ndalang chambar ichakning o’ng egriligi tegib turadi. Chap buyrakning yuqori uchi buyrak usti beziga, me’da osti beziga, ko’ndalang chambar ichakning chap egriligiga tegib turadi. Bundan tashqari, chap buyrakning ichki va oldingi yuqori yuzalari me’daning orqa yuzasiga va taloqqa tegib tursa-da, ular bir-birlaridan charvi xalta bilan ajralgan bo’ladi. Buyraklar XII ko’krak va II bel umurtqalari sohalarida qorin aortasidan chiquvchi buyrak arteriyalari (aa. renalis) dan qon bilan ta’minlanadi, ayrim vaqtlarda buyraklarning aorta yoki uning tarmoqlaridan chiquvchi ko’shimcha arteriyalari ham bo’ladi. O’ng buyrak arteriyasi uzunroq bo’lib, ko’pincha pastki kovak venaning orqasidan o’tadi. Chap buyrakning arteriyasi esa kaltaroq bo’lib, ko’pincha taloq arteriyasiga yaqin joylashadi va me’da osti bezi dumining orqasidan o’tadi. Uning bu holatini buyrakdagi hamda taloqdagi operasiyalarda esda tutish kerak. Buyraklardagi vena qoni buyrak venalari bo’ylab I - II bel umurtqalari sohasida pastki kovak venaga quyiladi. Buyrak venalari qorin parda orqasi bo’shlig’idagi venalar hamda kavo - kaval va porta - kaval anastomozlarida qatnashuvchi toq, va yarim toq, venalar bilan keng anastomozda bo’ladi. Rak kasalligi metastazlarini yoki yiringli infeksiyaning qon yo’li bilan tarqalishi hamda me’da va ichaklardagi operasiyalardan so’ng ichak yoki me’dadan qon ketishi bunday anastomozlar borligini tasdiqdaydi. Buyraklarda yuzaki (buyrak qobig’ida) va chuqur limfa sistemasi mavjud. Uning limfa yo’llari buyrak darvozasidan chiqqach, buyrak venalari bo’ylab joylashgan regionar limfa tugunlariga ochiladi, u yerdan esa - qorin aortasi va pastki kovak vena atrofidagi limfa tugunlariga o’tadi. Buyraklar buyrak arteriyalari bo’ylab joylashgan buyrak nerv chigallari (plexus renalis) bilan innervasiyalanadi. Uning hosil bo’lishida simpatik, parasimpatik va orqa miya nervlari tolalari qatnashadi. Buyrak chigallari ichak tutqichning yuqori hamda pastki chigallari bilan, Qorin aortasi, taloq, jigar va me’da osti bezi nerv chigallari bilan keng aloqada bo’ladi. Shuning uchun ham buyraklar kasalligida har xil, boshqa kasalliklarga xos belgilar (simptomlar) sezilib turadi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling