Anatomiyadan amaliy
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
- Bu sahifa navigatsiya:
- Sigmasimon ichak (colon sigmoideum).
Tushuvchi chambar ichak (colon descendens). Chap bukilishdan boshlangan yo’g’on ichakning bu qismi, qorin devorining chap tomoni bo’ylab pastga yo’nalib fossa iliaca sinistra gacha boradi va «S» simon ichakning boshlanishigacha davom etadi. Uning uzunligi taxminan 10 - 15 sm bo’lib, katta bel mushagi (m. psoas major) dan tashqi tomonda joylashadi. U belning kvadrat mushagiga, qorinning ko’ndalang mushagiga va o’zining yuqori qismi bilan hamda chap buyrakka tegib turadi. Oldingi tomoni esa, ingichka ichak qovuzloqdari bilan berkilib turadi. Yo’g’on ichakning bu qismi ham qorinparda bilan uch tomonlama (oldindan va ikki yon tomondan) o’ralib, uning faqat pastki «S» simon ichakka yaqin qismi harakatchan bo’ladi. Tushuvchi chambar ichakning katta - kichikligi, shakli, uning uzun - kaltaligiga hamda to’lib yoki bo’shashib turishiga bog’liqdir.
Sigmasimon ichak (colon sigmoideum). Bu ichak chap dumg’aza - yonbosh bo’g’imi sohasida boshlanib, II - III dumg’aza umurtqasi ro’parasida to’g’ri ichakka o’tib ketadi. U hamma tomonidan qorin parda bilan o’raladi. Bu ichakning ko’p qismi chap yonbosh chuqurida, qolgan ozroq qismi esa, kichik chanoq, bo’shlig’ida turadi. Yuqori chegarasi dumg’aza va yonbosh suyaklarining qo’shilgan joyidan boshlanib, uchinchi dumg’aza umurtqasi qarshisida tugaydi va to’g’ri ichakka o’tadi. Uzunligi 10 - 12 sm bo’lgan bu ichak, qorin parda bilan har tomonlama o’ralgan (intraperitoneal) bo’lib, uning tutqichi (mesocolon sigmoideum) bor. Shuning uchun ham u juda harakatchan. Tutqichning uzunligi 9 - 10 sm bo’lib, tashqaridan ichkari tomonga yo’naladi va yonbosh, katta bel mushaklari, chap siydik yo’li va chap yonbosh arteriya hamda venalar bilan kesishib to’g’ri ichak tutqichiga o’tadi. Yo’g’on ichakning boshlangich qismi ichak tutqichining yuqori arteriyasi (a. mesenterica superior) dan qon oladi. Bunda och ichakning yo’g’on ichakka ochiladigan joyiga yonbosh-chambar ichak arteriyasi (a. iliocolica) kelib, undan ingichka ichakning oxirgi qismlariga, ko’tariluvchi chambar ichakning pastki va o’rta qismlariga va chuvalchangsimon o’simtaga tarmoqdar chiqib, ularni qon bilan ta’minlaydi. Ko’tariluvchi chambar ichakning yuqori qismiga va uning o’ng egriligiga chambar ichakning o’ng arteriyasi (a. colica dextra) va ko’ndalang chambar ichakning 2/3 qismiga - chambar ichakning o’rta arteriyasi (a. colica media) borib, ularni qon bilan ta’minlaydi. Ichakning qolgan qismlarini ichak tutqichining pastki arteriyasi (a. mesenterica inferior) qon bilan ta’minlaydi (46-rasm). Bu arteriya III - IV bel umurtqalarining ro’parasida qorin aortasidan chiqlb, ichakning chap chambar (a. colica sinistra) arteriyasini, sigmasimon yo’g’on ichak arteriyasini (a. sigmoideae), to’g’ri ichakning yuqori arteriyasini (a. rectalis superior) beradi. Bularning birinchisi chambar ichakning chap egriligini va tushuvchi chambar ichakni qon bilan ta’minlaydi. Ikkinchisi esa sigmasimon ichakni va uchinchisi - to’g’ri ichakning boshlanish qismlarini qon bilan ta’minlaydi. Chambar ichakning o’rta arteriyasi bilan chambar ichakning chap arteriyasi, ko’ndalang chambar ichak tutqlchining varaqlari orasida bir-birlari bilan qushilib ravoqsimon anastomozni - Riolan (arcus Riolani) ravog’ini hosil qiladi. Yo’g’on ichakning venalari o’z arteriyalari bilan yonma - yon borib, ichak tutqichning yuqori va pastki venalari orqali qopqa venaga quyiladi. Uning limfa yo’llari qon tomirlari bo’ylab joylashgan tutqich - chambar limfa tugunlariga (nodi lymphatici mesocolice) borib ochiladi. Bunday limfa tugunlari 25 - 50 tagacha bo’lib, ular uch guruhga bo’linadi. Birinchi guruhga yonbosh – chambar ( iliocolici), ikkinchi guruhga - o’ng, o’rta va chap chambar (colici dextri, medii, sinistri) va uchinchi guruhga - to’g’ri ichakning yuqori (rectalis superior) limfa tugunlari kiradi. Chambar ichakning hamma qismlari simpatik (yuqori va pastki tutkdch chigallari - plexus mesentericus superior et inferior) va parasimpatik (adashgan nervdan - n. vagus va chanoq, nervlaridan - n. n. pelvici sigmasimon chambar ichakkacha) nerv tolalari bilan innervasiyalanadi. Umuman olganda, qorin bo’shlig’ining yuqori qavatida joylashgan a’zolar (jigar, o’t pufagi, me’da, taloq, 12 barmoq ichakning bir qismi va me’da osti bezi) ning hammasi qorinning arterial stvoli (truncus coeliacus) dan, pastki qavatdagilari esa - ichak tutqichning yuqori va pastki arteriyalaridan qon bilan ta’minlanadi. Ichak tutqichning yuqori arteriyasini ko’rish uchun katta charvini ko’ndalang chambar ichak bilan yuqoriga, ingichka ichakni pastga va chap tomonga tortish kerak. Bunda qorin bo’shlig’ining o’ng tutqich sinusi, 12 barmoq, ichakning bir qismi, ingichka ichakning hammasi, uning yo’g’on ichakka ochilish joyi, ko’tariluvchi chambar ichak va ko’ndalang chambar ichakning 3/4 qismi ham ko’rinadi. Bularning hammasi ichak tutqichning yuqori arteriyasidan qon oladi. Agar ingichka ichakni yuqoriga va o’ngga ajratsak, chap tutqich sinusi ochiladi va chambar ichakning tushuvch qismi, sigmasimon ichak va to’g’ri ichakning boshlangich qismi ko’rinadi. Bularning hammasi ichak tutqichning pastki arteriyasidan qon bilan ta’minlanadi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling