Anatomiyadan amaliy
VII BOB CHANOQ VA ORALIQNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
VII BOB
CHANOQ VA ORALIQNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI Chanoq (Pelvis). Chanoq deb, topografik anatomiya nuqtai nazaridan chanoq suyaklari (ossa coxae), dumg’aza (os sacrum), dum (os coccygis) hamda boylamlar bilan chegaralanib turgan kishi tanasining bir qismiga aytiladi. U tashqaridan va pastdan yumshoq to’qimalar bilan o’ralib, ichini yog’ to’qima, siydik - tanosil a`zolari, to’g’ri ichak qon tomir, nerv va limfa tugunlari to’ldirib turadi. Chanoqning chiqish qismi yumshoq to’qimalar bilan yopilgan bo’lib, bu sohaga oraliq (perineum) deyiladi. Oraliq ham o’z navbatida siydik - tanosil (reg. urogenitalis) va orqa chiqaruv (reg. analis) sohalariga (uchburchaklariga) bo’linadi. Chanoqning suyak asosini bir - biri bilan birikkan yonbosh, qov, qo’ymich hamda dumg’aza va dum suyaklari tashkil qiladi. Yuqorigi uchta suyaklarning birlashgan joyida qo’ymich kosasi (acetabulum) bo’ladi. Chanoq suyaklari orqada qo’ymich suyagi bilan qo’ymich - yonbosh bo’g’imini, oldinda - tolali tog’ay yordamida, qov birlashmasi (simfiz) ni hosil qilib birlashadi. Suyaklarning birlashgan joylari boylamlar bilan mustahkamlanib, bir butun suyak - fibrozli xalqa - chanoqni hosil qiladi. Odatda chanoqning ikki qismi tafovut qilinadi. Bular katta va kichik chanoq (pelvis major et pelvis minor) qismlaridir. Ularni chegaralovchi chiziq (linea terminalis) ajratib turadi. Bu chiziq ikki yon tomondan yonbosh suyaklarining ravoqsimon chiziqlari (linea arcuata), bilan va oldindan esa, qov - ustki qirg’oqlarining bir - biri bilan birlashishidan hosil bo’ladi (50 - rasm). Katta chanoq ikki yon tomondan yonbosh suyaklarning qanotlari va orqa tomondan IV - V bel umurtqalarining tanasi bilan o’ralgan bo’lib, oldindan faqat qorin devori mushaklarining pastki qismidan iborat bo’ladi.Katta va kichik chanoqlarni ajratuvchi chiziq bilan chegaralangan teshikka, kichik chanoqning ustki teshigi (apertura pelvis superior) deyiladi, Dum suyagi, dumg’aza - qo’ymich boylami, qo’ymich va qov suyaklarining pastki butoqlari hamda qovning ravoqsimon boylamlari bilan chegaralangan teshikka esa - kichik chanoqning pastki teshigi (apertura pelvis inferior) deyiladi. Shu pastki va ustki teshiklar orasidagi bo’shliqqa kichik chanoq bo’shlig’i (cavum pelvis) deyiladi. Bu bo’shliqda, yuqorida aytganimizdek uning a`zolari (siydik - tanosil a`zolari, to’g’ri ichakning bir qismi, qon tomir, nerv va limfa yo’llari) joylashadi. Kichik chanoq bo’shlig’ida chanoqning parietal va vistseral mushaklari yotadi. Parietal mushaklarga ikkita mushak: noksimon va ichki yopqich mushaklari, vistseral mushaklarga esa - orqa chiqaruv teshigini ko’taradigan mushaklar (m. levator ani) va orqa chiqaruv teshigi tashqi qisqichini hosil qiluvchi mushak (m. sphincter ani externus) lar kiradi. Orqa chiqaruv teshigini ko’taruvchi mushak yalpoq shakldagi juft mushak bo’lib, ikki qismdan tashkil topadi. Birinchisi qov - dum (m. pubococcygeus) va ikkinchisi yonbosh - dum (m. iiiococcygeus) mushaklaridir. Bular qov suyagini simfizidan, chanoq parietal fastsiyasining qalinlashgan pay ravog’idan va qo’ymich suyagi do’mbog’idan boshlanib, voronkasimon shaklda pastga tushgach, to’g’ri ichak oxirgi qismining devorlari atrofiga aylanib birikadi. Mushaklarning ayrim tolalari dumg’aza - dum boylami (lig. sacrococcygeum ventrale) ichki yuzasiga va dumg’azaga birikadi. Erkaklarda bu mushak prostata bezini, ayollarda - siydik chiqaruv kanalini o’raydi. Uning orqasida dum mushagi (m. coccygeus) joylashgan bo’lib, u quymich do’mbog’idan boshlanadi va dumg’aza hamda dum suyaklarining yon tomonlariga birikadi. Orqa chiqaruv teshigini ko’taruvchi mushak dum mushagi bilan birgalikda chanoq diafragmasini hosil qiladi. Orqa chiqaruv teshigi tashqi qisqichini hosil qiluvchi mushak orqa teshik atrofida, teri ostida yotib, uning tolalarini yuzaki qismlari dum hamda orqa teshik - dum boylami (lig. ana coccygeus) dan boshlanadi. Keyinchalik ular to’g’ri ichakning pastki qismlariga, aylanma tolalari bilan birga borib, orqa chiqaruv teshigining tashqi (ixtiyoriy) qisqichini hosil qiladi. Ikkala orqa chiqaruv teshigini ko’taruvchi mushaklarning pastki - ichki sohalari bir - biridan ancha masofada o’tadi. Shu ochiq yetishmay qolgan masofani, ya`ni quymich suyaklari bilan qov suyaklarining pastki butoqlari o’rtasidagi bo’shliqni oraliqning chuqur ko’ndalang mushagi (m. transversa perinei profundus) to’ldirib yotadi. Ana shu mushakning joylashgan o’rniga siydik - tanosil diafragmasi (diaphragma urogenitale) deyiladi. Uning shakli uchburchaksimon bo’lganidan siydik - tanosil uchburchagi (trigonum urogenitale) ham deyilib, yon tomonlaridan qov suyaklarining pastki butog’i, orqadan - quymich do’mboqlarini birlashtirib turuvchi chiziq (linea biischiadica) chegaralab turadi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling