Anatomiyadan amaliy


Download 0.82 Mb.
bet108/123
Sana20.06.2023
Hajmi0.82 Mb.
#1633266
1   ...   104   105   106   107   108   109   110   111   ...   123
Bog'liq
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya

Yuqori qavat (cavum pelvis peritoneale). Ma`lumki, qorin pardaning parietal varag’i qorin oldingi yuzasidan pastga - katta chanoqqa tushib, uning devorlarini yopadi. So’ngra u pastga yo’nalib, kichik chanoq bo’shlig’ining ustki teshigi chegarasidan o’tgach, uning ichiga voronkasimon bo’lib kirib boradi. Qorin pardaning ana shu kirib borgan qismining oxiri bilan, kichik chanoq bo’shlig’ining ustki chegarasi orasidagi masofaga kichik chanoqning yuqori qavati deyiladi. Uning ichida ingichka ichak qovuzloqlari, ayrim vaqtlarda ko’ndalang chambar ichak, ko’r ichak (chuvalchangsimon o’simta bilan) yoki sigmasimon ichaklar joylashadi.
O’rta qavat (cavum pelvis subperitoneale). Kichik chanoq bo’shlig’iga kirib borgan parietal qorin parda orqa chiqaruv teshigini ko’tarib turuvchi yuzaki mushaklargacha yetib bora olmaydi. Natijada mushaklar bilan qorin pardaning orqa yuzasi orasidagi siyrak to’qima, qon tomir va nervlar bilan to’lgan masofa qoladi. Shu joyga kichik chanoqning o’rta qavati deyiladi.
Pastki qavat (cavum pelvis subcutaneum s. fossa ischi). Chanoq o’rta qavatining ostida, tashqaridan kichik chanoq devorlari, yuqoridan va ichkaridan - orqa chiqaruv teshigi­ni ko’tarib turuvchi mushaklarning pastki yuzasi va pastdan - teri bilan chegaralanib turgan uchburchaksimon joyga kichik chanoqning pastki qavati deyiladi.
Qorin pardaning chanoqdagi yo’li. Qorin oldingi devorini ichkaridan yopib, chanoqqa tushgan qorin parda, erkaklarda qovuqni yuqoridan, ikki yonidan va orqasidan yopib, to’g’ri ichakning oldingi devoriga o’tadi. Bunda qovuq bilan to’g’ri ichak o’rtasida qovuq - to’g’ri ichak chuqurligi (excavatio rectovesicalis) hosil bo’ladi. Chuqurning tubi oraliqning payli markaziga qorin parda - oraliq aponevrozi (Denonville — Salishchev aponevrozi) bilan mustahkam birikkan bo’lib, qorin bo’shlig’ining chanoqdagi eng pastki chegarasi hisoblanadi. Har xil yallig’lanish jarayonida (o’tkir appenditsit, teshilgan me`da, ichak yaralari, yorilgan o’t pufagi, jarohatlardan keyin yig’ilgan qon, ekssudat va h. k.) bu chuqurlikda yig’ilib, yiringlashishi, chegaralangan absesslarni hosil qilishi mumkin. Qovuqdan to’g’ri ichakka o’tgan qorin parda ichakning oldingi yuzasi bo’ylab yuqoriga ko’tarila borib, kengaygan holda ichakning yon devorlarini ham qoplaydi va III dumg’aza umurtqasiga yetgach, uni batamom hamma tomonidan o’raydi.
Ayollar chanog’ida qorin parda qorin oldingi devoridan tushib, siydik qopini xuddi erkaklarnikidek yopib, bachadonning oldingi devoriga o’tadi, u yerdan uning ustini va yon devorlaridan yopgach, orqa devoriga o’tadi va orqa devorini ham yopib, to’g’ri ichakning oldingi devoriga o’tadi. Natijada ikkita: oldingi va orqa chuqurliklar hosil bo’ladi. Birinchisi, qovuqning orqa devori bilan bacha­donning oldingi devori o’rtasida hosil bo’lib, bunga qovuq - bachadon chuqurligi (excavatio vesicouterina) deyiladi. Ikkinchisi - bachadon orqa devori bilan to’g’ri ichak oldingi devori o’rtasida hosil bo’lib, bunga to’g’ri ichak - bachadon chuqurligi (excavatio rectouterina) deyiladi. Oldin­gi chuqurlikka Duglasning oldingi chuqurligi, orqadagisiga - Duglasning orqa chuqurligi ham deyilib, orqadagisi oldingisiga nisbatan ancha chuqur bo’ladi. Shuning uchun qorin bo’shlig’ida yoki chanoqda yig’ilgan suyuqliklar (qon, ekssudat, yiring va h. k.) avval shu chuqurlikda yig’iladi. Orqa Duglas chuqurligini punktsiya qilmoqchi bo’lsak bu ish qinning orqa gumbazi orqali bajariladi.
Chanoqning yuqori qavatida qorin parda bilan qoplangan chanoq a`zolari: to’g’ri ichak va qovuqning yuqori qismi, ayollarda -- bachadonning tubi, tanasi, bo’yin qismining orqa devori, bachadon naylari va tuxumdonlar joylashadi.
Ikkinchi qavatda erkaklarda, qovuqning qorin parda bilan yopilmagan qismi, prostata bezi, urug’ pufagi, urug’ yo’li, to’g’ri ichak va siydik yo’lining chanoq qismi joylashadi. Ayollarda esa qovuq bilan to’g’ri ichakning hamda siydik yo’lining aytilgan qismlari bilan bachadonning oldingi devori va uning qin qismi bilan qin joylashadi.
Chanoqning uchinchi qavatida, erkaklarda to’g’ri ichakning oxirgi qismi, ayollarda bo’lsa - siydik chiqarish kanalining hamda to’g’ri ichakning oxirgi qismi bilan qinning oraliq qismi joylashadi.
G’ovak tanalarni qoplab yotgan oqsil parda ham suyak usti pardasiga birikkan bo’ladi. Quymich – g’ovak mushagi, qo’ymich mushaklaridan boshlanib, olatning orqa tomoniga o’tadi va pay qismlari bilan uning oqsil pardasiga birikadi. Oqsil parda taranglansa, olatni erektsiya holatiga keltiradi. Olat o’zining ildiz qismi bilan siydik - tanosil uchburchagiga mustahkam birikadi.
Chanoq a`zolari hamda a`zolari bilan uning devorlari orasida yog’ to’qima bo’shliqlari hosil bo’ladi. Bu yog’ to’qimalar chanoqning ayrim joylarida ko’p, ayrim joylarida esa oz miqdorda chanoqning o’rta qavatida joylashgan yog’ to’qima bo’shliqlarida uchraydi. U yerda bunday bo’shliqlardan devor oldi, qovuq oldi, to’g’ri ichak orqasi va bachadon yoni to’qima bo’shliqlari mavjuddir. Devor oldi to’qima bo’shlig’i kichik chanoq bo’shlig’ining yon tomonlarida hosil bo’lib, chanoq devorini qoplagan parietal fastsiya bilan, uning a`zolarini yopgan vistseral fastsiyasi oralig’ida joylashadi. Yog’ to’qima parietal fastsiyadan ichkarida va tashqarida yotadi. Yog’ to’qimaning ichida parietal fastsiyaning tashqi sohasidan dumg’aza chigalining nerv stvollari, ichki sohasidan - qon tomirlar o’tadi.
Shuni e`tiborga olish kerakki, bu yog’ to’qimadan o’tayotgan qon tomir hamda nerv tutamlari orqali yiringli yallig’lanish jarayonlari, ularning o’tgan yo’llari bo’ylab tashqaridan chanoq ichki a`zolari tomoniga va aksincha, ichki a`zolardan tashqariga tarqalishi mumkin. Masalan, devor oldi yog’ to’qimasidagi yallig’lanish jarayoni qon tomir va nervlar bo’ylab, noksimon mushak usti va osti
teshiklari orqali dumba sohasiga, u yerdan esa quymich nervi orqali sonning orqa sohasiga, tizza osti chuqurchasiga tarqalishi mumkin. Yoki, tanosil qon tomirlari (vasa pudenda interna et. n. pudendus) orqali kichik quymich teshigidan to’g’ri ichak - quymich chuqurcha (fossa ischiorectalis) siga va u yerdan yopqich nervi orqali - sonning yaqinlashtiruvchi mushaklarining fassial yotqichlariga tarqalishi mumkin.
Qovuqning oldingi devori bilan qov suyaklari birlashmasining ichki yuzalari orasida yog’ to’qima bo’shlig’i bor. Bo’shliqning pastki sohasini prostata boylamlari chegaralab turadi. Obliteratsiyaga uchragan kindik arteriyalari orasidan tushib kelayotgan qovuq oldi fastsiyasi orqali bu bo’shliq ikkita to’qima bo’shlig’iga, ya`ni qovuq oldi va qorin parda oldi bo’shliqlariga bo’linadi. Bularning birinchisi, oldindan qorinning ko’ndalang fastsiyasi va orqadan qovuq oldi fastsiyasi bilan, ikkinchisi esa oldindan - qovuq oldi fastsiya va orqadan - qorin parda bilan chegaralanib, yon tomonlardan qovuq oldi to’qima bo’shlig’iga o’tib ketadi.
To’g’ri ichak orqasi yog’ to’qima bo’shlig’i, oldindan to’g’ri ichak qobig’i, orqadan - quymich suyagi bilan chegaralanib, yuqoridan - qorin parda orqasi bo’shlig’iga qo’shilib ketadi. Uning pastki qismi orqa chiqaruv teshigini ko’tarib turuvchi mushak fastsiyasi bilan chegaralanib turadi. Bu to’qima yon tomonlaridan ichki yonbosh arteriyalargacha, to’g’ri ichakni yon tomonlaridan o’rab oladi. Shuning uchun ham bu to’qimaga to’g’ri ichak yon (pararektal) to’qimalari ham deyiladi. Uning ichidagi to’qimada quymichning o’rta va yon arteriyalari, vena chigallari, simpatik chigallar va limfa tugunlari joylashadi.
Bachadon yoni to’qima bo’shlig’i, bachadon bo’yin qismining yonlarida hosil bo’lib, unga parametrium deyiladi. U bacha­don serbar boylamlari ichidagi yog’ to’qimasi bilan aloqada bo’lib, undagi to’qima, boylam varaqlarining yuqori tomonlarida kamroq bo’ladi. Ammo bu to’qima pastki, ya`ni bachadon bo’yniga yaqinlashgan tomonlarida ancha qalinlashib, fassial va mushak tolalaridan hosil bo’lgan kuchli qo’shimcha to’qimani hosil qiladi. Uning ichidan venalar, qin-bachadon va bachadon nerv chigallari o’tadi. Bachadon yoni to’qima bo’shlig’i yuqoridan yonbosh chuqurchasining qorin parda orqasidagi yog’ to’qimasi bilan aloqa qiladi. Pastdan - chanoq diafragmasigacha borib, chanoq fastsiyasi ostidagi to’qima bilan birlashadi. Yon tomonlardan esa noksimon usti va osti teshiklari orqali dumba sohasining yog’ to’qimalari bilan aloqada bo’ladi.
Kichik chanoq bo’shlig’ining pastki qavatida yog’ to’qimaning eng ko’p yig’iladigan joyi, bu quymich - to’g’ri ichak chuqurcha (fossa ischiorectalis) sidir. Infektsiya bu yerga chanoq diafragmasi, yoki kichik quymich teshigidan o’tayotgan tanosil qon tomir hamda nerv yo’llari bo’ylab o’tishi mumkin.
Ma`lumki, qorin aortasi IV — V bel umurtqalarining ro’parasida o’ng va chap umumiy yonbosh arteriyalariga bo’linadi. Uning bo’lingan joyida kengaygan (bifurkatsiyasi) joyi bo’ladi. U yerdan pastga va tashqariga qarab yo’nalgan umumiy yonbosh arteriyalari quymich - yonbosh bo’g’imlari ro’parasida o’zlarining oxirgi ikkita tarmoqlariga: tashqi va ichki yonbosh arteriyalariga bo’linadi.
Tashqi yonbosh arteriya (a. iliaca externa) si quymich - yonbosh bo’g’im sohasidan bel mushagining ichki qirrasi bo’ylab pastga tushib, qon tomirlar kovagi (lacuna vasorum) orqali sonning oldingi sohasiga o’tib ketadi.
Ichki yonbosh arteriyasi (a. iliaca interna) quymich - yonbosh bo’g’imidan boshlanib, uzunligi 3 - 4 sm keladi. U kichik chanoqning orqa lateral sohasidan pastga va orqaga qarab yurib, katta quymich teshigining yuqori qirrasida ikki guruh; oldingi va orqa tarmoqlariga bo’linadi. Orqa guruhdagi qon tomirlar chanoq devorlariga parietal tarmoqlarni: yonbosh - bel (a. iliolumbalis), dumg’azaning yon (a. sacralis lateralis), dumbaning ustki (a. glutea superior), yopqich (a. obturatoria) hamda dumbaning pastki arteriya (a. glutea inferior) larini beradi.
Oldingi guruh yoki vistseral tarmoqlariga: qovuqning ustki va pastki (aa. vesicales superior et inferior), urug’ yo’li (a. ductus deferentis), bachadon (a. uterina), to’g’ri ichakning o’rta (a. rectalis media) va ichki uyatlik (a. pudenda interna ) arteriya tarmoqlari kiradi.
Vena qoni kichik chanoqdan parietal va vistseral vena tarmoqlari orqali asosan ichki yonbosh venasiga, ozgina qismi esa qopqa vena sistemasiga qarab oqadi. Uning parietal vena tomirlari juft bo’lib, shu nomli arteriyalar bilan birga o’tadi. Vistseral tarmoqlar esa, chanoq a`zolari atrofida bir talay vena chigallarini hosil qiladi. Bularga: to’g’ri ichak, siydik qopi, prostata bezi, bachadon va qin vena chigallari (plexus venosus rectalis, plexus venosus vesicalis, plexus venosus prostaticus, plexus venosus uterinus, plexus venosus vaginalis) kiradi.
Kichik chanoqni IV - V bel va I - II - III quymich nervlarining oldingi tomonlaridan hosil bo’lgan quymich chigali innervatsiya qiladi. Bu chigal oldingi quymich teshigidan chiqib, noksimon mushakning ustida hosil bo’ladi. Chigaldan chiqqan nerv tolalari (yuqori va pastki dumba nervlari, quymich, sonning orqa teri nervi, uyatli nerv) asosan dumba sohasiga yo’naladi. Chanoqning yon devorlari bo’ylab yopqich nervi o’tadi. Bu nerv bel chigalidan boshlanib, yopqich kanali orqali sonning yaqinlashtiruvchi mushaklarining yopqichiga boradi. Kichik chanoqning a`zolari asosan oldingi dumg’aza teshigining ichki qismida joylashgan simpatik poyaning dumg’aza qismidan chiquvchi chap va o’ng qorin osti nervlari (n. n. hypogastrics dexter et sinister) bilan innervatsiyalanadi. Bundan tashqari, ular yana II - III - IV dumg’aza nervlaridan keluvchi chanoq hamda ichki a`zolar (n. n. splanchnici pelvis) parasimpatik nervlari bilan ham innervatsiyalanadi.
Chanoq bo’shlig’ida joylashgan limfa tugunlari uch guruhga bo’linadi: 1) umumiy yonbosh va tashqi yonbosh arteriyalari bo’ylab joylashgan limfa tugunlari; 2) ichki yonbosh arteriyalari bo’ylab joylashgan limfa tugunlari; 3) dumg’azaning oldingi qabariq yuzasida joylashgan limfa tugunlari.
Birinchi guruhdagi limfa tugunlar limfa suyuqligini oyoqlardan, dumbaning yuzaki yo’llaridan, qorin devorining chap yarmidan, oraliqning yuzaki sohalaridan va tashqi jinsiy a`zolardan yig’adi. Ikkinchi guruhdagi limfa tugunlariga, limfa suyuqligi, chanoq a`zolarining ko’pchiligidan hamda chanoq devorini tashkil qilishda qatnashgan to’qimalardan kelib quyiladi. Uchinchi guruh limfa tugunlari bo’lsa, limfa suyuqligini chanoqning orqa devori hamda to’g’ri ichakdan qabul qiladi.

Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   104   105   106   107   108   109   110   111   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling