Anatomiyadan amaliy
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
Ko’krak fastsiyasi (fascia pectoralis) ko’krak mushaklarini ustidan yopib turadi. Bu fastsiya ko’krak kattа mushagi sohasida ikki qavatdan (yuzaki va chuqur) iborat bo’ladi. Fastsiya mushaklar orasiga tolalarini berib, ularni bir-biridan ayirib turadi. Chuqur hamda yuzaki fastsiya varaqlari mushakning tashqi sohasida o’zaro birikadi. Ko’krakning pastki sohasida ko’krak fastsiyasi oldingi tishli hamda qorinning tashqi qiyshiq mushaklarini ham yopib o’tadi. Oldingi tishli mushakni lateral sohasida, ko’krak fastsiyasining ustida, yog’ to’qima mavjud bo’lib, uning ichidan ko’krakning lateral qon tomirlari (vasa thoracica lateralis) va ko’krakning uzun nervi (n. thoracicus longus) o’tadi. Ko’krak fastsiyasi ko’krakning orqa sohasida trapetsiyasimon (m. trapezius) va orqaning serbar mushak (m. latissimus dorsi) lariga qin hosil qiladi.
Ko’krakning chuqur fastsiyasi kurak qirra usti va kurak qirra osti hamda kichik va katta yumaloq mushaklari bilan katta va kichik rombsimon mushak (mm. supraspinatus, infraspinatus, teres major et minor, romboideus major et minor) larini yopib turadi. Ko’krak qafasining yuqori - oldingi sohasidagi fastsiyaga o’mrov – ko’krak fastsiyasi (fascia clavipectoralis) deyilib, u o’mrov suyagidan hamda kurakning tumshuqsimon o’simtasidan boshlanib, o’z yo’lida o’mrov osti va kichik ko’krak mushaklariga qin hosil qilgach, III - V qovurg’alarga birikadi. Fastsiya, nomlari ko’rsatilgan mushaklarning orasida bir qavatdan iborat bo’lib, uni o’sha yerdan o’tadigan qo’ltiq osti qon tomir va nervlari teshib o’tadi. Fastsiya tashqi tomondan qo’ltiq osti fastsiyasininг medial sohasiga ushlab turuvchi boylam hosil qilib birikadi. Bu fastsiyalar orasida yog’ to’qima bo’shlig’i hosil bo’ladi. Bu bo’shliqda gematomalar, yiring va h. k. yig’ilib qolishi mumkin. Ko’krak qafasining skeleti to’sh suyagidan, ko’krak umurtqalaridan va 12 juft qovurg’alardan tashkil topadi. Qovurg’alarning yuqorigi 7 jufti to’sh suyagiga birikadi (chin qovurg’alar) - costae verae, 8 - 9 va 10 juftlari - qovurg’a yoyini hosil qilib, o’zaro birikkach, yuqori qovurg’alar tog’ayiga birikadi (yolg’on qovurg’alar) - costae spuriae. Qolgan 11 - 12 juft qovurg’alar - yetim qovurg’alar (costae fluctuantes) deyilib, ular hech qayerga birikmay, qorin mushaklari orasida erkin turadi. Pastda turgan qovurg’aning yuqori qismi bilan, yuqorida joylashgan qovurg’aning pastki qismi orasidagi masofaga qovurg’alararo bo’shlig’i deyiladi. Bu bo’shliq qovurg’alararo mushaklar, qon-tomir, nerv va limfa yo’llari bilan to’lgan bo’lib, uning kengligi ularning joylashgan joyiga bog’liq bo’ladi (39-rasm). Qovurg’alararo bo’shliqning eng keng joyi, yuqorida I - II - III qovurg’alar oralig’idir. Pastga qarab tushgan sari qovurg’alararo bo’shliqlar torayib boradi. Masalan, yuqori sohalarda ularning hajmi 15 - 18 mm gacha bo’lsa, pastki sohada 3 - 4 mm gacha torayadi. Tashqi qovurg’alararo mushak (m. intercostales externa) lar qovurg’a do’mbog’i bilan uning suyak qismini tog’ay qismiga o’tadigan joyigacha bo’lgan oraliqni egallab, yuqori qovurg’aning pastki qirrasidan boshlanib, pastki qovurg’aning yuqori qirrasiga birikadi. Mushak yetib kelmagan qovurg’alarning tog’ay qismidagi oraliqni tashqi qovurg’alararo parda (membrana intercostalis externa) to’ldirib turadi. Ichki qovurg’alararo mushak (m.m. intercostalis interna) lar, qovurg’alararo bo’shliqning qovurg’a burchagidan, to’sh suyagigacha bo’lgan masofada joylashib, u qovurg’a burchagidan orqa sohada bo’lmaydi. Uning o’rnida qovurg’alararo bo’shliqni ichki qovurg’alararo parda (membrana intercostalis interna) to’ldirib turadi. Ichki qovurg’alararo mushagining yo’nalishi tashqi qovurg’alararo mushakning yo’nalishiga qarama - qarshidir, ya`ni pastdan yuqoriga, orqadan oldinga. Ikkala mushak orasidagi bo’shliqni yog’ to’qimasi to’ldirib, uning ichidan qovurg’alararo qon - tomir va nervlar o’tadi. Yuqorigi ikkita orqa qovurg’alararo arteriyalardan boshqa qolgan hamma 10 juft orqa qovurg’alararo arteriyalar (a.a. intercostalis posterior) aortaning pastga tushuvchi qismidan boshlanadi. Oldingi qovurg’alararo arteriyalari (intercostalis anterior) – ko’krak qafasining ichki arteriyasining tarmog’I bo’lib hisoblanadi. Yuqorigi I va II juft qovurg’alararo arteriyalari esa qovurg’a-bo’yin arteriya stvoli (truncus costocervicalis) dan chiquvchi ustki qovurg’alararo arteriyasining tarmoqlaridir. Vena qoni qovurg’alararo bo’shliqlaridan toq va yarim toq venalar orqali yo’naladi. Qovurg’alararo bo’shliqlardagi qon-tomir va nervlarning o’zaro munosabati quyidagicha: eng yuqorida - vena, uning ostida - arteriya va uning ostida - nerv (VAN) joylashadi. Bunda, qovurg’a burchagidan to o’rta qo’ltiq osti chizig’igacha bo’lgan masofada qon tomirlar qovurg’a egatchasi (sulcus costae) da o’tadi. Oldingi qo’ltiq osti chizig’idan oldinda bo’lgan masofada, qon tomir va nervlar qovurg’a egatidan chiqib, qovurg’alararo bo’shliqda tarqaladi va natijada qovurg’a bilan yopilmagan holatda bo’ladi. Bu holatni plevra bo’shlig’ini punktsiya qilishda inobatga olish kerak. Aks holda, punktsiya vaqtida qon tomir va nervlarni jarohatlab qo’yishimiz mumkin. Shuning uchun ham (ularni jarohatlab qo’ymaslik maqsadida) punktsiyani kurak va o’rta qo’ltiq osti chiziqlari orasida, VII qovurg’aning ustki qirrasi bo’ylab qilish maksadga muvofiqdir. Qovurg’alararo mushaklarning hamda qovurg’a tog’aylarining ostida to’sh suyagining tashqi qirralari bo’ylab o’mrov osti arteriyasining tarmog’i bo’lmish ko’krak qafasining ichki arteriyasi (a. thoracica interna) o’tadi. Ko’krakning yuqori qismida (III qovurg’a tog’ayigacha) bu arteriya ichki qovurg’alararo mushagi bilan ko’krakning ichki fastsiyasi (fascia endothoracica) orasida joylashadi. Ko’krakning pastki uchligida esa - u ichki qovurg’alararo mushagi bilan ko’krakning ko’ndalang mushak (m. transversus thoracis) lari orasida, to’sh suyagidan 1,5 sm cha tashqarida o’tadi. Ko’krak qafasining ichki arteriyasi I qovurg’a ro’parasida o’zidan perikard - diafragma arteriya (a. pericardiacophrenica) tarmog’ini beradi. I - V qovurg’alararo masofada undan teshib o’tuvchi (rr. perforantes) tarmoqlari chiqib, sut bezini hamda ko’krak qafasi devorlarini qon bilan ta`minlaydi. Arteriya qovurg’alararo arteriyalari bilan ham anastomozlar hosil qiladi. Buning natijasida, ular orasida, har bitta qovurg’alararo bo’shlig’ida, arteriya halqalari hosil bo’ladi. Nihoyat, ko’krak qafasining ichki arteriyasi qovurg’a yoylari ro’parasida ikkiga bo’linadi. Bulardan bittasiga, mushak-diafragma arteriyasi (a. musculophrenica), ikkinchisiga - qorin tepasidagi ustki arteriya (a. epigastrica superior) deyiladi. Oxirgi arteriya pastga, qorinning to’gri mushagi bo’ylab, kindikkacha boradi va tashqi yonbosh arteriyasining tarmog’i - qorin tepasidagi pastki arteriya (a. epigastrica inferior) bilan anastomoz hosil qiladi. Ko’krak qafasi ichki arteriyasini shu nomli ikkita vena kuzatib boradi. Ular ko’krakning yuqori uchligida o’zaro qo’shilishib yelka - bosh venasiga ochiladi. Navbatdagi qavat – ko’krak devorini ichkaridan qoplab turuvchi ichki ko’krak fastsiyasi (fascia endothoracica) dir. Bu fastsiya ko’krak qafasi ichidagi a`zolarga, qon tomirlar va nervlarga o’zidan tutamlar chiqarib, ular uchun ushlab turuvchi va mustahkamlovchi boylamlarni hosil qiladi. Bundan tashqari, bu tutamlar, ko’krak qafasidagi yog’ to’qimalarni chegaralab, ularni bir-biridan ajratib turadi. Ichki ko’krak fastsiyasining ostida yupqagina yog’ to’qima bo’lib, u parietal plevrani shu fastsiyadan ajratib turadi. Bu yog’ to’qimaning ko’krak qafasi oldingi devori tomonida joylashgan qismiga, plevra oldi yog’ to’qimasi, orqa devori tomondagisini plevra orti yog’ to’qimasi deyiladi. Yog’ to’qimaning ko’p joylashgan joyi umurtqa pog’onasi yaqinida bo’ladi. Shuning uchun ham bu sohada plevrani umurtqadan oson ajratish mumkin. Bu esa o’z navbatida shu soha bo’ylab ko’krak a`zolariga borishni (operatsiya vaqtida) yengillashtiradi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling