Anatomiyadan amaliy
V BOB KO’KRAKNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI
Download 0.82 Mb.
|
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya
V BOB
KO’KRAKNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI Ko’krak qafasi. Ko’krak qafasining yuqori va pastki chegaralari tafovut qilinadi. Yuqori chegarasi to’sh suyagining ustki o’ymasi (incisura jugularis) dan o’mrov suyagining ustki qirrasi bo’ylab, o’mrov-akromion tutashmasigacha va u yerdan VII bo’yin umurtqasining o’tkir o’sig’iga o’tkazilgan chiziqqa to’g’ri keladi. Uning pastki chegarasi to’sh suyagining xanjarsimon o’simtasidan, qovurg’a yoylari orqali X qovurg’agacha va u yerdan XI - XII qovurg’alarning oxirgi uchlari bo’ylab, XII ko’krak umurtqasigacha o’tkazilgan chiziqqaa to’g’ri keladi. Ko’krak qafasida pastki va yuqorigi teshiklar mavjud bo’lib, uning yuqori teshigi (apertura thoracis superior) bo’yin fastsiyalararo bo’shliqlariga qo’shilib ketsa, pastki teshigi (apertura thoracis inferior) - diafragma bilan to’silgan bo’ladi. Ko’krak qafasi bilan diafragma orasidagi bo’shliqqa ko’krak bo’shlig’i deyilib (cavum thoracis), uning hajmi ko’krak qafasining hajmidan kichikroqdir. Bu qorin bo’shlig’idagi a`zolarning diafragmani yuqoriga ko’tarishiga, ko’krak qafasining ichiga, gavda tuzilishining shakliga hamda ularning yoshiga, jinsiga bog’liqdir. Odatda ikki xil: keng va kalta hamda tor va uzun shakllardagi ko’krak qafasi tafovut qilinadi. Ko’krak bo’shlig’ida joylashgan ichki a`zolarning tashqi tasvirini aniqlash maqsadida ko’krak qafasida quyidagi chiziqlar o’tkaziladi: 1. Oldingi o’rta chiziq (lin. mediana anterior), to’sh suyagining o’rtasidan o’tkaziladi. 2. To’sh chizig’i (lin. sternalis) – o’rta chiziqqa parallel holda, to’sh suyagining tashqi qirrasi bo’ylab o’tkaziladi. 3. To’sh oldi chizig’i (lin. parasternalis) - bundan oldingi chiziqqa parallel holda to’sh suyagining tashqi qirrasi bilan o’mrov o’rtasida o’tkazilgan chiziqning teng yarmidan o’tkaziladi. 4. O’rta o’mrov chizig’i (lin. medioclavicularis) – o’mrov suyagining o’rtasidan o’tkaziladi. 5. Oldingi qo’ltiq osti chizig’i (lin. axillaris anterior ) - qo’ltiq osti chuqurchasining oldingi qirrasidan o’tkaziladi. 6. O’rtangi qo’ltiq osti chizig’i (lin. axillaris media) - qo’ltiq osti chuqurchasining o’rtasidan o’tkaziladi. 7. Orqangi qo’ltiq osti chizig’i (lin. axillaris posterior) - qo’ltiq osti chuqurchasining orqa qirrasidan o’tkaziladi. 8. Kurak chizig’i (lin. scapularis) - kurak suyagining pastki burchagidan o’tkaziladi. 9. Umurtqa yoni chizig’i (lin. paravertebralis) – kurak chizig’i bilan umurtqa chizig’ining teng yarmidan o’tkaziladi. 10. Umurtqa chizig’i (lin. vertebralis) - umurtqa pog’onasining ko’ndalang o’siqlaridan o’tkaziladi. 11. Orqaning o’rta chizig’i (lin. mediana posterior) - umurtqa pog’onasining o’rta o’siqlaridan o’tkaziladi. Ko’krak qafasining terisi oldingi yon tomonlarda yupqa, elastik bo’lib, orqa tomonlari qalinlashgan bo’ladi. U ter va yog’ bezlariga boy, erkaklarda jun bilan qoplangan. Terisining innervatsiyasi III qovurg’a ro’parasigacha bo’yin chigalidan chiqadigan tarmoqlar bilan, undan pasti - yuqorigi oltita kovurg’alararo nervlardan chiqib keladigan tarmoqlar (rr. cutenus ventralis et lateralis nn. intercostalis) hisobiga boradi. Orqa sohasining terisini, ko’krak nervining orqa tarmoqlari (rr. dorsalis nn. thoracici) innervatsiya qiladi. Teri osti yog’ to’qimasida yuqorida aytilgan nervlar bilan birga yuzaki qon tomirlar o’tadi. Bularning arteriyalari, qovurg’alararo arteriyalarning va ko’krak qafasining ichki hamda ko’krakning yon arteriyalarining tarmoqlaridir. Teri ostidagi venalar qorin devoridagi venalar bilan keng anastomozda bo’ladi. Bularning ichida eng kattasi, qorin tepasidagi ustki venasi bilan ko’krak venasi (v.v. thoracoepigastricae) bo’lib, ular kindik sohasida qorin tepasidagi yuza hamda kindik oldi venalari (v.v. epigastrica superficialis et paraumbilicalis) bilan (qopqa venasi tarkibida ) anastomoz hosil qiladi. Qorin tepasidagi ustki-ko’krak venasi qo’ltiq osti chuqurchasi sohasida qo’ltiq osti venasiga (v. axillaris) yoki ko’krakning lateral venasi (v. thoracica lateralis) ga quyiladi. Keltirilgan anastomozlarning amaliyotdagi ahamiyati juda kattadir. Kovak yoki qopqa venalar zanjirida vena qonining oqishi qiyinlashib qolsa, dimlangan qon shu venalar o’rtasida hosil bo’lgan kava-kaval yoki porta-kaval anastomozlari orqali o’tib turishi mumkin.Yuzaki fastsiya ko’krak qafasining oldingi va yon tomonlarida juda yupqa plastinkani eslatadi. U bo’yin I fastsiyasining davomi bo’lib, sut bezi ro’parasiga kelgach ikki varaqga ajralib, sut bezini oldindan va orqadan o’rab o’tadi va unga qobiq hosil qiladi. Bu qobiq yuqoriga ko’tarilib, o’mrov suyagiga birikadi va sut bezi uchun ushlab turuvchi boylamni hosil qiladi. Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling