Anatomiyadan amaliy


Ko’krak-qorin to’sig’i - diafragma


Download 0.82 Mb.
bet68/123
Sana20.06.2023
Hajmi0.82 Mb.
#1633266
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   123
Bog'liq
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya

Ko’krak-qorin to’sig’i - diafragma (diaphragma). Diafragma - qorin bo’shlig’i bilan ko’krak qafasi orasidagi gumbazsimon mushak-pay to’siqdir. Uning ancha kattaroq bo’lgan mushak va kichikroq bo’lgan - pay qismlari tafovut qilinib, mushak qismi tevarak qismlarini, pay qismi esa – o’rta qismlarini tashkil qiladi. Diafragma ko’krak qafasi tomoniga bo’rtib, gumbaz hosil qilib kirib turadi. Gumbazning yuqori qismi o’rta o’mrov chizig’i bo’yicha, o’ng tomonda IV – qovurg’a va chap tomonda V -qovurg’a oraliqlariga to’g’ri keladi. U ko’krak qafasi tomonidan parietal plevra, qorin bo’shlig’i tomonidan - parietal qorin parda bilan qoplanib turadi. Bulardan tashqari, diafragmani ko’krak qafasi tomondan ichki ko’krak fastsiyasi va qorin bo’shlig’i tomonidan esa - ichki qorin fastsiyalari yopib, bu fastsiyalar shu sohada diafragma fastsiyasi (fascia diaphragmatica) nomini oladilar.
Diafragma mushaklarining boshlangan joylariga qarab uchta qismi farq qilinadi: to’sh qismi (pars sternalis), qovurg’a qismi (pars costalis) va bel qismi (pars lumbalis). To’sh qismi uncha yaxshi rivojlanmagan bo’lib, uning mushak tolalari to’sh suyagi xanjarsimon o’sig’ining orqa yuzasidan hamda qorin to’g’ri mushagi qinining orqa devoridan boshlanadi. Qovurg’a qismi - keng yoyilgan bo’lib, oxirgi 6 juft qovurg’alarning ichki yuzasidan boshlanadi. Bel qismi - xiyla mahkam bo’lib, har tomonda uchtadan oyoqchalar hosil qilib, bel umurtqalaridan boshlanadi. Uning ichki (crus medialis), oraliq (crus intermedium) va tashqi (crus laterale) oyoqchalari tafovut qilinadi.
Ichki oyoqchalari I - IV bel umurtqalaridan boshlanib, yuqoriga I bel va XII ko’krak umurtqalari tomonga ko’tarilib, xuddi shunday qarama-qarshi tomon ichki oyoqchalari bilan ikki marta (bir tomondan ikkinchi tomonga va yana o’z tomoniga o’tishi natijasida) kesishib "8" soniga o’xshash ikkita teshikni hosil qiladi. Bu teshiklarning bittasidan pastga tushuvchi aorta bilan ko’krak limfa yo’li (ductus thoracicus) o’tganligi uchun "aorta darvozasi" (hiatus aorticus), ikkinchisidan qizilo’ngach bilan adashgan nervlar o’tganligi uchun "qizilo’ngach darvozasi" (hiatus esophageus) deyiladi. Oraliq oyoqchalari ancha kalta va ingichka. Ular II - bel umurtqalarining yon tomonlaridan boshlanib, yuqoriga qarab ko’tariladi. Oraliq oyoqcha bilan ichki oyoqchalar orasida ham har ikki tomondan bittadan teshik hosil bo’lib, uning o’ng tomondagisidan toq vena (v. azygos) va chap tomondagisidan - yarim toq vena (v. hemiazygos) qorin bo’shlig’i tomoniga qarab o’tadi. Bundan tashqari, bu teshikdan ko’krak qafasidan qorin parda orqa sohasiga qorin ichki a`zolariga boruvchi katta va kichik nervlar (n.n. splanchnici major et minor) ham o’tadi.
Tashqi oyoqcha boshqalariga qaraganda kalta, ammo keng bo’lib, II va I - bel umurtqalarining yon tomonlaridan hamda ikkita tashqi va ichki yoysimon boylamlar (lig. arcuatum mediales et laterales) dan boshlanadi. Tashqi oyoqcha bilan oraliq oyoqchalarning orasida ham har tomonda bittadan yoriq hosil bo’ladi. Bu yoriq orqali orqa ko’ks oralig’idan qorin parda orqa sohasiga simpatik poya (truncus sympathicus) o’tadi.
Diafragmaning hamma mushak qismlari yuqoriga ko’tarilib, o’zaro qo’shilgach, payga aylanadi va diafragmaning pay qismini (pars tendineum diaphragma) hosil qiladi. Uning o’ng tomonida teshik bo’lib, u orqali pastki kovak vena bilan o’t pufagiga tarmoq beradigan o’ng diafragma nervi o’tadi. Shuning uchun ham bu teshik "kovak vena darvozasi" (foramen venae cavae) deb ataladi. O’t pufagi o’tkir yallig’langanda yoki unda tosh bo’lsa, musbat frenikus belgisini diafragma nervini o’t pufagiga bergan tarmog’i bilan bog’lash mumkin.
Yuqorida keltirilgan teshik va yoriqlardan tashqari, diafragmada mushak tolalaridan holi, faqat fastsiya plastinkalari bilan yopilib turgan "zaif" joylar bo’lib, bular orqali diafragma churralari chiqishi yoki yiringli yallig’lanishlar jarayonida fastsiya varaqlari teshilishi oqibatida yiring plevra osti yog’ to’qimasidan qorin parda osti yog’ to’qimasiga (yoki teskariga) o’tishi mumkin.
Shunday "zaif" joylardan biri, diafragmaning chap qovurg’a qismini to’sh qismiga o’tadigan joyida uchburchaksimon shaklda hosil bo’ladi. Bunga to’sh - qovurg’a yoki Larrey uchburchagi (trigonum sternocostale) deyilib, uning ichidan ko’krak qafasining ichki arteriyasi o’tadi. Xuddi shunday uchburchak o’ng qovurg’a qismi bilan to’sh qismi orasida hosil bo’lib, bunga Morgan uchburchagi deyiladi. Diafragma qovurg’a qismining bel qismiga o’tadigan joyida, XII kovurg’a ustida, bel umurtqalarining ikkala yon tomonlarida ham bittadan uchburchak bel-qovurg’a uchburchagi (trigonum Lumbocostale) yoki Baxdalek uchburchagi hosil bo’ladi. Diafragmani qon bilan asosan pastga tushuvchi aortaning tarmoqlari - yuqori va pastki diafragma arteriya (a. phrenica superiores et inferiores) lari, qovurg’alararo arteriya (a. intercostales) lardan va ko’krak qafasining ichki arteriya (aa. thoracica interna) sidan chiquvchi tarmoqlar ta`minlaydi.
Diafragmaning venalari, uning arteriyalari bilan birga yo’nalib, bunda yuqori diafragma venasi – ko’krak qafasining ichki venasiga, pastkisi esa pastki kovak venaga quyiladi. Uning innervatsiyasi o’ng vа chap diafragma (n.n. phrenici), qovurg’alararo (n.n. intercostales), adashgan va simpatik (n.n. vagi et sympatici) nervlar orqali boradi.



Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling