Anatomiyadan amaliy


VI BOB QORINNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI


Download 0.82 Mb.
bet82/123
Sana20.06.2023
Hajmi0.82 Mb.
#1633266
1   ...   78   79   80   81   82   83   84   85   ...   123
Bog'liq
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya

VI BOB
QORINNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI

Qorin, qorin devorlari (parietes abdominis) va qorin bo’shlig’i (cavitas abdominis) dan iborat. Qorin bo’shlig’i ham o’z navbatida qorin pardaning pariyetal varaqlari bilan o’ralib turgan qorinparda bo’shlig’i (cavitas peritonei) dan hamda, qorinparda bilan bel umurtqalari oldidagi mushaklarni yopib turgan fastsiya (fascia endoabdominalis) lar orasidagi bo’shliq - qorinparda orqasidagi bo’shliq (spatium retroperitonealis) dan iborat. Topografik anatomiya nuqtai nazaridan bularning hammasini alohida-alohida o’rganish maqsadga muvofiqdir.


Qorin oldingi - yon devorining topografiyasi.
Qorinning oldingi - yon devorlari yuqoridan to’sh suyagining xanjarsimon o’sig’idan, qovurg’a yoylari bo’ylab qo’ltiq osti o’rta chizig’igacha, pastdan - qov suyagining ustidan, chov boylamlari orqali yonbosh suyagining oldingi yuqori o’tkir o’sig’igacha o’tkazilgan chiziqqa to’g’ri keladi. Uning ikki yon tomondagi chegarasini qo’ltiq osti o’rta chizig’idan yonbosh suyagigacha davom etgan chiziq tashkil qiladi. Ammo, qorin oldingi yon devorining bu chegarasi, qorin bo’shlig’ining chegarasiga to’g’ri kelmaydi. Bunga yuqorida diafragma gumbazining ko’krak qafasi tomoniga bo’rtib ko’tarilishi va pastda qorin pardaning chanoq bo’shlig’iga ancha kirib borishi sabab bo’ladi.
Qorin bo’shlig’ida joylashgan a’zolarning teridagi tashqi tasvirini aniqlash va ularni o’zaro topografik - anatomik munosabatini o’rganish maqsadida qorinning oldingi devorini ikkita ko’ndalang (gorizontal) chiziqlar yordamida uchta sohaga va ikkita tik (vertikal) chiziqlar orqali yana 9 ta sohaga bo’lib o’rganiladi. Bunda, ko’ndalang chiziqlarning bittasi (yuqorigi), ikkala X qovurg’a yoyining pastki qirralarini o’zaro birlashtiradi va bu chiziq Linea bicostarum deyiladi. Ikkinchisi (pastki) - ikkala yonbosh suyaklarining oldingi yuqori o’siqlarini birlashtiradi va bu chiziqqa Linea bispinarum deyiladi. Natijada qorinning oldingi devorida uchta soha hosil bo’lib, yuqori gorizontal chiziqdan ustki sohaga - qorin bo’shlig’i usti (epigastrium), ikkala gorizontal chiziqlar orasidagi sohaga - qorin bo’shlig’i (mesogastrium) va pastki gorizontal ostidagi sohaga - qorin bo’shlig’i osti (hypogastrium) sohalari deyiladi. Ikkita o’ng va chap (vertikal) chiziqlar, qovurg’a yoylaridan qorin to’g’ri mushaklarining tashqi qirralari bo’ylab qov suyagining do’ngliklariga qarab o’tkaziladi. Buning natijasida qorinning oldingi devoridagi uchta soha yana har qaysisi uchtadan 9 ta mayda sohalarga bo’linadi. Bunda qorin bo’shlig’i usti sohasi - qorinustki (reg. epigastrica) hamda o’ng va chap qovurg’a yoylari osti (reg. hypochondrica dextra et sinistra) sohalariga, qorin bo’shlig’i sohasi - kindik (reg. umblicalis) hamda o’ng va chap qorin yon (reg. lateralis dextra et sinistra) sohalariga, qorin bo’shlig’i osti sohasi - qovuq (reg. pubica) hamda o’ng va chap chov (reg. inguinalis dextra et sinistra) sohalariga bo’linadi. (41-rasm)
Endi bu sohalarda joylashgan qorin a’zolari bilan tanishib chiqadigan bo’lsak, qorin bo’shlig’i ustki sohasining o’rta sohasida jigarning chap bo’lagi, me’da, kichik charvi, o’ng qovurg’a yoyi sohasida — jigarning o’ng bo’lagi bilan o’t pufagi, o’n ikki barmoq ichakning yuqori qismi va ko’ndalang chambar ichakning o’ng egriligi joylashadi. Chap qovurg’a yoyi sohasi­da — taloq bilan ko’ndalang chambar ichakning chap egrili­gi joylashadi. Shuningdek, qorin bo’shlig’ining kindik sohasida ingichka ichak qovuzloqlari, me’daning katta eg­riligi, ko’ndalang chambar ichak, katta charvi, me’da osti bezi; o’ng yonbosh sohasi­da - yuqoriga ko’tariluvchi chambar ichak, ingichka ichak qovuzloqlarining bir qismi va o’ng buyrak bilan siydik yo’li joylashadi. Chap yonbosh sohasida esa pastga tushuvchi chambar ichak, ingichka ichak qovuzloqlarining bir qismi bilan chap buyrak va siydik yo’li joylashadi.
Qorin bo’shlig’i pastki sohasining qovuq usti sohasida ingichka ichak qovuzloqlari, qovuq, (to’lgan holatida), kattalashgan bachadon joylashadi. O’ng chov sohasida - ko’r ichak o’zining chuvalchangsimon o’simtasi bilan va chap chov sohasida «S» simon ichak joylashadi.
Yuqorida keltirilganlardan ko’rinib turibdiki, qorin oldingi devorining mazko’r chiziqlar yordamida sohalarga bo’linishi, u yerda joylashgan ichki a’zolarning tashqi tasvirini shu sohalarda bexato aniqlanishiga yordam beradi.
Qorin oldingi devorining terisi yupqa va cho’ziluvchan bo’ladi. Bu hol homiladorlikda, assit, meteorizm va boshqa kasalliklarda yaqqol ko’zga tashlanadi. Uning yuqori kindikkacha sohasi oxirgi 6 juft qovurg’alararo nervlari, pastki sohasi – yonbosh - qorinosti (n. iliohypogastricus) va yonbosh - chov (n. ilioinguinalis) nervlari bilan innervasiyalanadi. Qovurg’alararo nervi qorinning ichki qiyshik, va ko’ndalang mushaklari orasidan kelib, teriga lateral teri nervi (rr. cutaneus lateralis nn. intercostalis) tarmoqlarini beradi. Qovurg’alararo nervlar qorin devorining oldingi sohasiga o’tib, qorin to’g’ri mushagi qinining orqa devoriga boradi va unga tarmoqlar bergach, pay devorini teshib, qorin to’g’ri mushagi qinining oldingi devoriga chiqadi. Unga ham o’z tolalarini bergach, terining oldingi nervlari (rr. cutanei ventralis nn. intercostalis) sifatida yuzaga chiqadi. Bu nervlar teri bilan bir qatorda qorin oldingi - yon mushaklarini va qorin pardani ham innervasiya qiladi.
Sohaning teri osti yog’ qavati kishining yoshiga, jinsiga, oriq - semizligiga qarab har xil bo’ladi. U ayniqsa qorinning pastki qismlarida ko’proq yig’ilib, kindik atroflarida juda kam bo’ladi. Yog’ to’qima ichidan yuza qon tomirlar o’tadi. Ular asosan sohaning kindikdan pastida son arteriyasidan chiquvchi yuzaki arteriyalar: qorinning tepasidagi yuza arteriya (a. epigastrica superficialis), yonbosh suyagini o’rab turuvchi yuza arteriya (a. circumflexa ilium superficialis) va tashqi uyatli arteriya (aa. pudendae externa )lar bo’lib, bularning birinchisi chov boylamining o’rta qismidan yuqoriga ko’tarilib, kindik sohasiga qarab yo’naladi. Ikkinchisi - tashqi tomonga, chov sohasiga va uchinchisi - medial, qov sohasi tomonga qarab yo’naladi. Kindikdan yuqori sohani pastki 6 juft qovurg’alararo arteriyalarning hamda bel arteriyasining tarmoqlari qon bilan ta’minlab, ular yuqoridan pastga - kindik sohasigacha tushib keladi.
Yuqoridagi nomlari keltirilgan arteriyalarni shu nomli venalari bo’lib, kindikdan pastdagi sohani vena qoni, son venasiga va u orqali tashqi yonbosh venasidan, pastki kovak venaga quyiladi. Kindikdan yuqori sohani vena qoni - qovurg’alararo hamda ko’krak - qorinusti (vv. thoracoepigastricae) venalari orqali, yuqoriga - toq venalarga, ular orqali yuqori kovak venaga quyiladi.
Qorin devorining yuzaki venalari qorin devorida o’zaro qalin anastomozlar hosil qiladi. Vena qonini yuqoriga - yuqori kovak venaga olib ketuvchi venalar bilan, pastki kovak venaga olib ketuvchi venalar orasidagi bunday anastomozlarga «kavo - kaval» anastomozi deyiladi. Bundan tashqari, bu sohada qopqa vena (v. portae) ga borib quyuvchi kindik venalari bilan yuqori va pastki kovak venaga quyuvchi qorinning yuzaki venalari orasida ham anastomoz hosil bo’ladi. Bunday anastomozga «porta - kaval» anastomo­zi deyiladi.
Bu anastomozlarning klinikada ahamiyati juda katta. Chunonchi, jigar sirrozi tufayli qopqa venasi orqali qonning o’tishi qiyinlashsa, uning vazifasini kava - kaval anastomozlari bajaradi. Natijada qorin teri ostidagi venalardan mo’tadildan ko’p qon o’tib, venalarning dimlanishiga, ularning yo’g’onlashib bo’rtib chiqishiga, vena chigallarining yaqqol ko’zga tashlanishiga (meduza boshi) olib keladi.
Qorin devorining yuzaki fastsiyasi (fascia superficialis abdominis) tana umumiy yuzaki fastsiyasining davomi bo’lib, qorinning pastki sohalarida ko’pincha ikki varaqdan iborat bo’ladi.
Uning yuzaki varag’i sonning oldingi yuzasiga o’tib ketadi, chuqur varag’i bo’lsa - songa o’tmasdan, chov boylamiga birikadi va medial tomonda - yorg’oq, erkaklik olati va oraliq sohalariga borib, ularning yuzaki fastsiyasini hosil qiladi. Qorin tashqi qiyshiq mushagining xususiy fastsiya­si shu mushakni yopib, pastga qarab yo’naladi va chov boylamiga birikadi. Bu fastsiyaning bir qismi yorg’oqqa tushib, Ko’per fastsiyasini (fascia cremasterica Coopery) hosil qiladi.
Qorin oldingi - yon devori mushaklaridan eng kattasi va yuzaki yotgani, uning tashqi qiyshiq mushagi (m. obliquus externus abdominis) dir. Bu mushak o’zining tishlari bilan oxirgi 7 juft qovurg’alarning yon tomonlaridan va bel - ko’krak fastsiya (fascia thoracolumbalis) laridan boshlanib, yuqoridan pastga, orqadan oldinga qarab yo’naladi va yonbosh suyagi tashqi qirrasining 2/3 qismiga birikib, qorinning oldingi - o’rta sohasiga qarab yo’naladi.
Qolgan qismi esa yassi pay aponevroziga aylanib, qorinning to’g’ri mushagi (m. rectus abdominis) ustidan o’tib qarama - qarshi tomondagi shu nomli mushak aponevrozi bilan qo’shilib oq chiziq (linea alba) ni hosil qiladi. Bu mushak tutamlarining yo’nalishi qovurg’alararo mushaklar tolalarining yo’nalishiga o’xshaydi. Qorin tashqi qiyshiq mushagi aponevrozining pastki erkin qismi qov do’mbog’i (tuberculum pubicum) yonbosh suyagining oldingi yuqori o’tkir o’sig’i bilan (spina iliaca anterior superior) orasida tortilib, tarnovsimon ariqcha hosil qiladi. Bu ariqchaning tubi hiyla mustahkam bo’lib, oldi va orqa chetlaridan ajralib turadi. Chov boylami (ligamentum inguinale) deb shunga aytiladi. Demak, chov boylami pishiq chandir shaklidagi boylam bo’lib, qorin tashqi qiyshiq mushagi aponevrozining pastki qalinlashgan shakldagi va bir oz qayrilgan chekkasidir.
Chov boylamining qov suyagi dumbog’iga birikuvchi medial uchidan davom etgan fibroz tolalar pastga qarab qov suyagining o’tkir qirrasiga qayrilib, kovak boylami (lig. lacunare) ni hosil qiladi.
Uning ostida qorinning ichki qiyshiq mushagi (m. obliqu­us internus abdominis) joylashib, u bel-ko’krak fastsiyasidan, yonbosh suyagining qirrasidan hamda chov boylamining tashqi 2/3 qismidan boshlanib, XII - XI va X qovurg’alarning pastki chekkasiga yopishadi. Bu mushak qorinning tashqi mushagi bilan deyarli yopilib turadi (bel sohasi bundan mustasno) va undan kichikroqdir.
Uning mushak tolalari (boshlangan joyiga. qarab) ko’ndalang, yuqoridan pastga qaragan yo’nalishga ega bo’lib, qorinning to’g’ri mushagi chetiga yaqinlashgach, serbar pay aponevroziga aylanadi va ikki varaqqa bo’linib, qorin to’g’ri mushagi qinining oldingi va orqa devorlarini hosil qilishda ishtirok etib, qorin oq chizig’ini hosil qilishda qatnashadi.
Qorin ichki qiyshiq mushagining ostida uning ko’ndalang mushagi (m. transversus abdominis) joylashib, u pastki oltita qovurg’aning ichkari yuzasidan (tishlar bilan) va ko’krak - bel fastsiyasining chuqur varag’idan hamda yonbosh suyagi qirrasining ichki labidan boshlanib, oq chiziqqa yopishadi. Mushak tolalari orqadan oldinga va ko’ndalangiga yo’nalib, aponevrozga aylanadi. Ularning aponevrozga o’tish yeri tashqariga qarab yoysimon chiziqni (linea arcuata) hosil qiladi. Qorin ko’ndalang mushagining ayrim tolalari, qorin ichki qiyshiq mushagi tutamlari bilan birgalikda chov kanalining tashqi (teri osti) teshigidan o’tib, moyakning ustki chetiga borib yopishadi va moyakni ko’taruvchi mushak (m. cremaster) ni hosil qiladi.
Hali yuqorida yozganimizdek, qorin uch juft serbar mushaklarining aponevrozlari qorinning o’ng va chap to’g’ri mushaklarining o’rtasida, to’sh suyagi xanjarsimon o’sig’idan, qov suyagigacha bo’lgan masofada aponevrozlar birlashmasi - qorinning oq chizig’i (linea albae) ni hosil qiladi.
Oq chiziqning eni yuqorida kengroq (2,0 - 2,5 sm) bo’lsa, kindikdan bir oz pastda keskin torayadi, ammo qalinligi ortadi. Oq chiziqning taxminan qoq o’rtasida, kindik halqasi (anulus umbilicalis) bor. Oq chiziq qov sohasiga kelganda, qov suyaklarining yuqori chekkasiga uchburchak shakliga o’xshab kengaygan holda birikadi.
Qorin oq chizig’ining ikkala yon tomonlarida qorin to’g’ri mushaklari (m. rectus abdominis) o’tadi. Bu mushaklar V - VI va VII qovurg’alar tog’ay qismlarining tashqi yuzasidan va xanjarsimon o’simtadan boshlanib, qov suyagining yuqori chekkasiga birikadi. Qorin to’g’ri mushaklari uzunasiga yo’nalgan baquvvat mushak tutamlaridan iborat bo’lib, uch-to’rt yerida pay belbog’lari (intersectiones tendineae) bor. Pay belbog’larining ikkitasi kindikdan yuqorida, uchinchisi esa - kindik sohasida bo’ladi. Pay belbog’lari funksional jihatdan katta ahamiyatga ega.
Mushaklarning pay belbog’lari bo’ylab, uning qon tomirlari va nervlari o’tadi. Ular asosan qovurg’alararo qon tomir va nervlarning tarmoqlaridir. To’g’ri mushak pishiq fibroz xalta (vagina musculi recti abdomini) - to’g’ri mushak qini ichida joylashgan (42-rasm).
Qorin to’g’ri mushaklarining qini, qorin serbar mushaklari­ning aponevrozlari hisobiga hosil bo’ladi. Bunda to’g’ri mushak qinining oldingi va orqa devorlari yuqori va pastki sohalarida bir xil emas. Chunonchi, yuqori qismida, kindikdan yuqorida, qorinning tashqi qiyshiq musha­gining aponevrozi tuo’g’ri mushakning old tomonidan, ko’ndalang mushak aponevrozi esa orqa tomonidan o’tadi. Qorin ichki qiyshiq mushagining aponevrozi to’g’ri mushakning lateral qirg’og’iga kelganda ikki varaqqa bo’linib, bittasi uning old tomonidan, ikkinchisi esa orqa tomonidan o’tib, tashqi qiyshiq va ko’ndalang mushaklar aponevrozlariga tutashib ketadi. Kindikdan 4 – 5 sm pastroqda, uchala serbar mushaklarning aponevrozlari to’g’ri mushakning oldingi tomonidan o’tib, oldingi devorni hosil qiladi. Natijada qinning orqa devori ko’ndalang fastsiyadan (fascia trans­versalis) iborat bo’lib qoladi. Qinning orqa devori ana shu sohada pastdan yuqoriga qaragan botiq yarimoysimon chiziq (linea arcuata) bilan keskin chegara hosil qilib o’tadi.
To’g’ri mushaklar qinining oldingi devorida pay belbog’­lari bo’lganligi sababli, har xil yallig’lanish jarayonlari, gematomalar belbog’lar orasida chegaralanib, boshqa joyga tarqala olmaydi. Aksincha, orqa devorida pay belbog’lari bo’lmaganligi sababli, u yerdagi patologik jarayonlar mushak yoki qon tomirlar bo’ylab tarqalib ketish xususiyatiga ega bo’ladi.
Qorin to’g’ri mushagining orqa tomonidan ancha katta qon tomirlar o’tadi. Bular, uning yuqori sohasidagi, qorin tepasidagi ustki (a. epigastrica superior) hamda qorin tepasidagi pastki (a. epigastrica inferior) arteriyalardir. Oxirgi arteriya tashqi yonbosh arteriya (a. iliaca externa) sining, birinchisi esa o’mrov osti (a. subclavia) arteriyasining tarmoqlaridir. Qorin tepasidagi ustki va pastki arteriyalar o’zaro anastomozda bo’lib, o’mrov osti arteriyasi bilan tashqi yonbosh arteriyalarni bir - biriga ulab turadi. Bu arteriyalarning shu nomli venalari o’rtasidagi anastomozlar esa pastki kovak vena bilan ustki kovak venani bir - biriga ulab «kavo - kaval» anastomozlarini hosil qiladi.
Qorin ko’ndalang mushagidan so’ng qorin bo’shlig’ining ichki fastsiyasi (fascia endoabdominalis) keladi. U qorin devorining ichki tomonini hamma yoqdan o’rab, qaysi sohani qoplasa, o’sha joyning nomi bilan ataladi. Chunonchi, uning ko’ndalang mushakni yopgan qismi, ko’ndalang fastsiya (fascia transversalis), kvadrat mushakni yopgan qismi - kvadrat fastsiya (fascia quadrata), diafragmani yopgan qismi - diafragma fastsiyasi (fascia diaphragmatica) va h. k. deyiladi. Bu fastsiya yon tomonlardan chov boylamlariga, o’rtadan - simfizga birikadi.
Qorin ko’ndalang fastsiyasining ostida yumshoq to’qima joylashib, u ko’ndalang fastsiyani qorin pardadan ajratib turadi. Bu yog’ to’qima qavatlari (tela subserosa) qorinning pastki sohalarida qalin joylashib, yon tomonlarda qorin parda orqasida joylashgan siyrak to’qimalarga (textus cellulosus retroperitonealis) qo’shilib ketadi.
Bu siyrak yog’ to’qimasini qorin pardaning oldida joylashgani uchun qorin parda oldi yog’ to’qimasi ham deb ataydilar. Uning ichidan ikkita qon tomiri: qorin tepasidagi pastki arteriyasi va yonbosh suyagini o’rab turuvchi chuqur arteriya (a. epigastrica inferior et a.circumflexa ilium profunda) lar o’tadi. Bularning ikkalasi ham tashqi yonbosh arteriyasining tarmoqlari bo’lib, birinchisi qorin to’g’ri mushagining tashqi qirrasiga yetgach, ko’ndalang fastsiyani teshib o’tib, qorin to’g’ri mushagining orqa yuzasi orqali kindikkacha boradi va qorin tepasidagi ustki arteriya (a. epigastrica superior) bilan anastomoz hosil qiladi. Bundan tashqari, u bel hamda qovurg’alararo arteriyalar bilan ham birlashib, qorin oldingi devoridagi mushaklarni va terini qon bilan ta’minlashda ishtirok etadi. Qorin tepasidagi pastki arteriyaning boshlanish qismlaridan moyak xaltasining mushak arteriya (a. crimasterica) si chiqadi. Bu arteriya chov kanaliga o’tib, erkaklarda moyakni ko’taruvchi mushak (m. crimaster) ni, urug’ tizmasi qobig’ini va yorg’oq terisini, ayollarda esa bachadonning yumaloq boylami bilan qinning katta labini qon bilan ta’minlaydi.

Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   78   79   80   81   82   83   84   85   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling