15-modda. Suvlarning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalar, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni ishga tushirishni taqiqlash
Quyidagilarni:
suvlarning bulg‘anishi va ifloslanishining oldini oluvchi qurilmalar bilan ta’minlanmagan, shuningdek suvlarning va suv obyektlarining holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yangi hamda rekonstruksiya qilingan korxonalar, sexlar, agregatlarni, kommunal va boshqa obyektlarni;
erlarning suv bosishi, zax bosishi, botqoqlanishi, sho‘rlanishining hamda tuproq eroziyasini oldini olishning loyihalarda nazarda tutilgan tadbirlari amalga oshirilmaguncha sug‘orish va suv bilan ta’minlash tizimlarini, suv omborlari va kanallarni;
tasdiqlangan loyihalarga muvofiq suv qabul qiladigan va boshqa inshootlarni qurib bitkazmay turib, zax qochirish tarmoqlarini;
tasdiqlangan loyihalarga muvofiq baliqlarni saqlab qolish qurilmalari bo‘lmagan suv olish inshootlarini;
tasdiqlangan loyihalarga muvofiq toshqin suvlarni va baliqlarni o‘tkazib yuboradigan qurilmalari tayyor bo‘lmagan gidrotexnika inshootlarini;
yer osti suv zaxiralari tasdiqlanmagan suv olish inshootlari guruhini;
suvni tartibga soluvchi qurilmalar bilan ta’minlamay turib va tegishli hollarda sanitariya muhofazasi zonalarini belgilamay turib, suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqlarni ishga tushirish taqiqlanadi.
Suv omborlarini ularning o‘zanini loyihada ko‘rsatilganidek tayyor qilib qo‘yish tadbirlari amalga oshirilmaguncha suv bilan to‘ldirish taqiqlanadi.
16-modda. Suv obyektlaridan o‘tadigan ko‘priklar, o‘tish yo‘llarini hamda boshqa transport kommunikatsiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash loyihalarini kelishib olish
Suv obyektlaridan o‘tadigan ko‘priklar, o‘tish yo‘llarini va boshqa transport kommunikatsiyalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish loyihalari suv xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsizligini nazorat qilish organlari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda zarur hollarda, energetika, arxitektura va qurilish organlari, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan (daryo transporti yuzasidan) kelishib olinishi lozim, shuningdek toshqin suvlarini o‘tkazib yuborishni, suv obyektlaridan foydalanish rejimini, suvlarning ifloslanishiga, bulg‘anishiga va kamayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikni, ularning zararli ta’sirining oldini olishni ta’minlovchi tadbirlar o‘tkazilishini nazarda tutishi kerak.
Suvlarning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi suv obyektlaridan o‘tadigan ko‘priklar, o‘tish yo‘llarini hamda boshqa transport kommunikatsiyalarini ta’mirlash va tiklash loyihalari suv xo‘jaligi organlari bilan, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa organlar bilan kelishib olinishi hamda toshqin suvlarni o‘tkazib yuborishni, suv obyektlaridan foydalanish rejimini, suvlarning bulg‘anishi va ifloslanishining oldini olishni ta’minlovchi tadbirlar o‘tkazilishini nazarda tutishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |