B. OʻRinboyev, A. Musayev umumiy tilshunoslik jizzax- 2021 Oʻzbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi abdulla qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika universiteti
Abu Rayhon Beruniy va til muammolari
Download 0.92 Mb.
|
05.5Умумий тилшунослик ohiri
Abu Rayhon Beruniy va til muammolari
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy (973-1048) ning asarlari 152 ga boradi. Afsuski, bizgacha faqat 30 tachasigina yetib kelgan boʻlib, ularni oʻrganish bu buyuk olimning astro-nomiya, matematika, fizika, mineralogiya, geodeziya, jugʻrofiya, falsafa, filologiya kabi fanlar taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi nihoyatda ulkan ekanini koʻrsatadi. Biroq Beruniyning shu kungacha fanga ma’lum boʻlgan asarlarining hammasi ham nashr etilgan va toʻla oʻrganilgan deb aytolmaymiz, ularning ayrimlari hamon qoʻlyozmaligicha qolib kelmoqda. Shu sababli, ensiklopedist olim ijodining ayrim tomonlari, jumladan tilshunoslik qarashlari, yetarli darajada yoritilmagan va munosib baholanmagan. Beruniyning "Tahqiq mo li-l-hind min maqula maqbula fi-l-aql av marzula" ("Hindlarning aqlga sigʻadigan Yoki sigʻmaydigan ta’limotlarining haqiqatini aniqlash" - "Hindiston"), "Al-Qonun al-Mas’udiy" ("Qonuni Mas’udiy") "Giodeziya", "Mineralogiya", "Kitob -ul-Saydana fi-t-tibb" adabiyot, tilshunoslik kabi sohalarga oid qimmatli ma’lumotlar bor. Abu Rayhon Beruniy oʻzining "Hindiston" asarida hind tili haqida ham qimmatli fikrlar beradi. Uningcha, "hindlar bilan oramizning uzilib turishiga birmuncha sabablar bor. Ulardan biri lugʻat tilida oʻzgalik bor. Undan keyin hindlarning tillari oddiy xalq oʻrtasida ishlatiladigan va fozillar sarf (morfologiya), ishtiqoq (etimologiya), nahv (sintaksis) va balogʻatning nozik qoidalariga asoslangan tilga boʻlingan» (5: 32). Beruniy sanskrit tilining ancha qiyinligi, undan foydalanib yozilgan asarning koʻchiruvchisi juda ehtiyotkor boʻlishi zarurligi, u tildagi xususiyatlarga e’tibor Berishi kerakligini uqtiradi. Hindlarning tillari, deydi Beruniy, arab va fors harflariga tegishli tovushlarga toʻgʻri kelmaydi va oʻxshamaydi, hatto, tilimiz u tovushlarni oʻz joyidan chiqarib aytolmaydi; quloqlarimiz ularning nutq tovushlarini ajratib eshita olmaydi. Nutq tovushlarini ifodalovchi harflarni hind kabi yoza olmaymiz. Natijada ularning lugʻaviy birliklarini xatimiz bilan ifodalash qiyinlashadi. Koʻpincha hindlarning ogʻzidan bir ismni yaxshilab talaffuz qilishni oʻrganib olamiz, keyin shu ismni ularga qaytarib aytsak, anglamaydilar yoki zoʻrga anglaydilar. Chunki hindlarning tillarida 2 va 3 undosh harf ketma- ket keladi va ularni talaffuz qilish biz uchun qiyin. Beruniyning koʻp tillarni bilish qobiliyatini "Hindiston" asari bilan tanishgach guvoh boʻlamiz. U asarda keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, ona tilidan - xorazmiy tilidan va turk, fors, arab tillaridan tashqari yunon va suryoniy tillarini mukammal bilgan. Natijada u oʻz kitobida 20 dan ortiq yunon tilidagi asarlarga havola beradi va sitata keltiradi. Abu Rayhon Beruniy oʻz asarlarida til, yozuvning ahamiyati, sinonimiya hodisasi, hind atamalarini arab tilida Berish usullari haqida atroflicha fikr beradi. Beruniy kishilarning aloqa vositasi boʻlgan tilning vazifasini, til va yozuvning munosabatlarini, yozma til va ogʻzaki tilning farqini, til taraqqiyotida yozuvning oʻrnini izohlab shunday yozadi: "Til, soʻzlovchi istagini eshituvchiga yetkazuvchi tarjimondir. Shuning uchun til zamonning bir ong kabi turgʻun qismi kabi cheklanib qoladi. Agar insondagi soʻzlash quvvati hamma joyga shamol kabi yoyiluvchi boʻlmaganda edi va zamonlardan zamonlarga nafaslar singari oʻtuvchi xat yozish san’atini keltirib chiqarmaganda edi, oʻtmish zamonning xabarini, ayniqsa uzoq zamonlar oʻtganda hozirgi zamon tillariga qanday koʻchirib boʻlar edi?" (5: 138). Sinonimiya tilning boy ekanligini, taraqqiyot darajasini koʻrsatib turuvchi hodisalardan biridir. Sinonomiya tufayli nozik ma’no ottenkalarni anglatishga, rang-barang stilistik boʻyoqlarni ifodalashga erishiladi. Nozik ma’no va boʻyoqlarni bildirishdan tashqari, sinonomiya nutqini ravon qilib tuzishda, qaytariqlarning, shuningdek tovush noqulayligining oldini olishda ham muhim rol oʻynaydi. Bu haqda Beruniy shunday yozadi: "ularning tili soʻzga boy va keng; arab tili kabi, ma’lum bir narsa biron oʻzakdan olinib, oʻziga xos qilib belgilangan bir muncha ismlar bilan ataladi; maqsadni ifoda qilishda sifatlarni koʻproq aytishga ehtiyoj tugʻiladigan koʻpgina narsalarga bitta ism beriladi» (5: 32). Har bir til asosan oʻz lugʻat tarkibi va grammatik qurilishi bazasida oʻz taraqqiyot qonunlari bilan oʻsib, takomillashib boradi. Bundan tashqari, turli tilda gapiruvchilarning oʻzaro aloqasi natijasida ham tillar bir-birini boyitib boradi. Xalqlar orasidagi iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar natijasida bir til qurilishining birliklari ikkinchi tilga kirib boradi, shu tilga singib, uning oʻz birligiga aylanib ketadi. Tildagi bu qonuniyat toʻgʻrisidagi Abu Rayhon Beruniy shunday yozgan edi: "Agar ism biron oʻzakdan olingan boʻlib, arab soʻzi bilan ularning ma’nosini berish mumkin boʻlsa, bundan boshqa yoʻlga yurmayman. Lekin hindchasini ishlatish yengilroq boʻlsa, uning yozilish shakli juda aniqlangandan keyin, oʻsha hindchani ishlataman. Yoki soʻz chetdan kirgan boʻlib, oʻzi juda mashhur boʻlsa, uning ma’nosini aytgandan keyin oʻzini ishlataman. Agar u ism-atama oʻrnida bizda ham mashhur ism bor boʻlsa, bunda ish oson» (5: 37). Beruniy asari manbalarga chuqur asoslanganligi bilan xarakterlanadi. Bu narsani hindlarning maxsus atamalari haqidagi fikrlarida koʻrish mumkin. Asarda, boshqa manbalarda berilgan koʻp atamalar bilan bir qatorda, ilmiy tenglashtirib boʻlmaydigan soʻzlar ham koʻpchilikni tashkil qiladi. Bular uzunlikni oʻlchash uchun ishlatiladigan rama, dasta va she’r turoqlariga oid boʻlgan jvalana, madhya, parvata kabi atamalardir (5: 117). Beruniy hind yozuvining xususiyatlarini nazarda tutib, hind transkripsiyasining diqqatga sazovor tizimini ishlab chiqdi. U tomonidan ishlab chiqilgan transkriptsiyada undoshlarni belgilashda arabcha talaffuz maromlariga begona boʻlgan belgilarni qoʻllagan. Masalan, u "gaf", "pe" va "chim" harflaridan hind tilidagi shunday harflarni ifodalash uchun foydalangan. Koʻpgina tadqiqotchilarning aytishicha, bu usul urdu tilida faqat 15-16 asrlarda keng mye’yorda ishlatila boshlagan. Bu narsa Beruniyning bunday holni oldindan koʻra bilishdir. Beruniy umrining oxirgi yillarida Mahmud Gʻaznaviyning vorisi Ma’dud sultonligi davrida 1048-yilda dorivor oʻsimliklar, hayvonlar va ma’danlar tavsifiga bagʻishlangan "Saydana" (Kitob us-saydana-fit-tibb) asarini yozdi. Beruniyning tilga va tilshunoslikka boʻlgan qarashlari mana shu asarida yaqqol namoyon boʻladi. "Saydana"ning kirish qismida muallifning yoshlik yillarida oʻzini qurshab turgan olamni va uzvlarining turli tillarda qanday nomlanishini bilishga naqadar ishtiyoqmand ekanligi bayon qilinadi. Xususan, olimning bolaligida uning yurtiga bir grek koʻchib keladi. Abu Rayhon unga don, urugʻ, meva, oʻsimlik va boshqa narsalar koʻtarib kelib, bular grek tilida qanday nomlanishini soʻraganligi va grekcha nomlarini daftariga yozib olganligini bayon qiladi. "Saydana"ning qimmatli tomoni shundaki, unda dorivor moddalarning bir necha tillardagi nomlari keltirilgan. Hatto bir oʻsimlik yoki modda bir tilning turli shevalarida turlicha nomlanishi, yoki , aksincha, bir nom turli shevalarda turli oʻsimlik nomini bildirishi mumkin. Bu esa, dorivor moddalardan amalda foydalanishni ancha qiyinlashtiradi. Ana shuni e’tiborga olib, alohida foydalanish oson boʻlishi uchun modda nomining dialektal variantlarini ham koʻrsatadi. Beruniy narsa nomini bilish insonning ma’naviy boyligini emas, balki katta moddiy boyligi boʻlishi mumkinligini, shuning uchun ham til oʻrganishning tengsiz amaliy ahamiyati mavjudligini ta’kidlaydi. Fikrning isboti sifatida asarning V bobida shunday rivoyat keltiradi: "Xorazm amirlaridan biri kasal boʻlib uzoq qiynaladi. Nihoyat nishopurlik bir tabib uning kasaliga nima davo boʻlishi mumkinligi haqida ryetsyept yozib yuboradi. Bu retseptni mahalliy dorishunoslarga koʻrsatadilar. Ular tavsiya etilgan bir dorivor oʻsimlikni hech aniqlay olmaydilar. Shunda bir kishi ular qidirayotgan dorivor oʻsimlikni topib berishi mumkinligini, lekin narxi besh yuz dirham sof kumushdan kam boʻlmasligini aytadi. Amir mulozimlari rozi boʻlishadi. U kishi mulozimlarga oʻsimlik tomirini tutqazadi. Bu oʻsimlik tomiri har kuni oʻzlari koʻrib yuradigan oddiy bir chayon oʻtining tomiri edi. Mulozimlarning jahli chiqib, oʻn besh dirhamga ham olmaydigan shu tomirini besh yuz dirhamga berasanmi? -deb oʻshqiribdilar. Shunda giyohfurush javob beradi: "Dorivor moddalar nomini bilish byebaho boylikdir. Sizlar shu oʻsimlik nomini bilmaganliklaringiz tufayli kasalning qanchalar qiynalishiga sababchi boʻldilaringiz, tilla bahosiga boʻlsa ham sotib olishga rozi edilaringiz". Nomning jamiyat hayotida shu qadar katta ahamiyatga ega ekanligini e’tiborga olib, Beruniy "Saydana" asarida ma’lum dorivor moddaning bir necha tillarda qanday nomlanishini bayon qilish bilan birga, har qaysi tildagi mahalliy nomlanishiga ham katta oʻrin beradi. Abu Rayhon Beruniy ayrim mutaassib kishilar arab yozuvini Alloh tomonidan yuborilgan deb ilohiy tus Berayotgan bir paytda, har qanday yozuv kabi bu yozuv ham insoniyatning kashfiyoti ekanligini e’tirof etadi. Lekin bu yozuvda ancha noqisliklar bor ekanligi, shuning uchun ham grek, lotin, hind tilidagi asarlarning arab tiliga qilingan tarjimalarida ayrim nomlarni toʻgʻri ifodalash qiyin, shu tufayli koʻp nomlar gʻaliz berilishini bayon qiladi. Olimning aytishicha, arab yozuvida "katta baxtsizliklar" bor. Unli fonemalarning ifodalanmasligi, koʻp harflarning bir-biriga oʻxshashligi va ularning ayrim nuqtalar orqaligina farqlanishi qator qiyinchiliklarga olib keladi. Dioskorid, Galen, Pavel, Oribaziy kabi grek olimlarining familiyalari toʻliq va toʻgʻri ifodalab boʻlmasligini original qiyoslagan holda transkripsiya qiladi. Shuningdek, hind soʻzlarini berishda bir qancha hind fonemalarining arab tili fonologik sistemasida yoʻq ekanligini, shuning uchun arab yozuvi orqali bu soʻzlarni toʻgʻri ifodalab boʻlmasligini aytadi. Shuning uchun u arab yozuviga forslardan foydalangan holda ayrim qoʻshimcha harflar kiritadi. "Saydana" asarini oʻqir ekanmiz, Beruniyning qanchalar chuqur filologik bilimga ega ekanligining guvohi boʻlamiz. U nazmning turli nazariy masalalariga bagʻishlab bir qator asarlar yozgan. Shu bilan birga, oʻzi ham arab tilida yaxshigina she’rlar ijod qilgan. Oʻzigacha boʻlgan yuzlab shoirlarning va bir qancha zamondosh shoirlarning asarlarini yoddan bilgan va bu she’rlardan ilmiy asarlarida fikrini dalillamoq uchun na’munalar keltirgan. "Saydana" da 65 ta shoirdan 141 ta she’riy parcha beradi. Beruniy qadimgi arab poeziyasiga katta e’tibor berishi tasodifiy emas. Chunki qadimda yozuv madaniyatiga ega boʻlmay turib, arablar biron voqeani esda saqlab qolish uchun uni she’rga solganlar. Natijada she’r kishiga estetik zavq bagʻishlovchi vositagina boʻlib qolmay, axborotni avloddan-avlodga yetkazuvchi, bilimlarni oʻzida toʻplovchi vosita vazifasini ham bajargan. Shu bois biror bir dorivor moddaning qanday fazilatga ega ekanligini ham she’rga solganlar. Natijada she’riyat xalqning bilimlar toʻplamiga aylangan. "Saydana" asarini yozish uchun muallif faqat oʻzi yoshligidan dunyoning turli mintaqalarida bevosita koʻrgan va yozib olgan dorivor moddalarni Berish bilangina cheklanmaydi. Balki oʻzgacha boʻlgan barcha olimlarning qoldirgan diniy merosini sinchiklab oʻrganib, ulardan samarali foydalanadi. Bu modda haqidagi ularning fikrlari beriladi. Asardagi 29 bob va 1116 maqolada dorivor moddalarning nomi izohlanadi. Har bir bob bir harfga bagʻishlanadi. Arab alifbosidagi 28 ta harfga lom-alifni ham qoʻshib alohida bob qilib beradi. Beruniy oʻz asarida bu muammoning oʻta muhimligini sezgan holda, 4500 dan ortiq arabcha, xorazmiycha, sugʻdcha, turkcha va boshqa tillardagi oʻsimlik, hayvon, minerallar va ulardan tayyorlanadigan dorivorlar atamalarini tayyorlashtirishda, me’yorlashtirishda juda katta xizmat koʻrsatadi. Ularni izohlash uchun 250 dan ortiq olimlar asarlaridan iqtibos keltiradi. Xullas, Beruniyning "Saydana" asari dorivor moddalar lugʻatidir. Bu lugʻatning xarakterli xususiyati shundaki, muallif foydalanuvchilarga oson boʻlishi uchun dorivor moddalar nomlarini arab alifbosi tartibida joylashtiradi. Bir harf bilan boshlanuvchi bir necha soʻz boʻlsa, ular shu harf bobida ichki alfavit asosida beriladi. Natijada oʻzigacha arab leksikograflarining lugʻat tuzish tamoyillaridan ancha, farq qiladigan oʻziga xos lugʻatga aylanadi. Bu lugʻat bir vaqtning oʻzida ham izohli, ham tarjima, ham etimologik, ham dialektologik lugʻatning ilk namunalaridan sanaladi. Beruniy dunyo tillari, bularning farqli xususiyatlari, leksikografiya, etimologiya, grammatika masalalari boʻyicha oʻzining ma’lum qarashlarini bayon qildi va bu bilan tilshunoslikning fan sifatida shakllanishi va lingvistik ta’limotini rivojiga ma’lum hissasini qoʻshdi. Download 0.92 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling