B. OʻRinboyev, A. Musayev umumiy tilshunoslik jizzax- 2021 Oʻzbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi abdulla qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika universiteti


Download 0.92 Mb.
bet7/60
Sana13.04.2023
Hajmi0.92 Mb.
#1354844
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   60
Bog'liq
05.5Умумий тилшунослик ohiri

Klassik tilshunoslik. Qadimgi Gretsiya va Yunonistonda til muammolarini oʻrganish butunlay boshqa yoʻnalish bilan olib borildi. Agar qadimgi hind tilshunosligida til muammolari amaliy jihatdan oʻrganilgan boʻlsa, Gretsiyada falsafiy nuqtayi-nazardan olib borildi.
Til masalalariga falsafiy nuqtayi-nazardan yondoshish Aleksandriya maktabining vujudga kelishigacha davom etdi. Ikki lagerdagi filosoflar uzoq vaqtlar davomida soʻzlar narsalarga taalluqlimi yoki aksincha narsalar soʻzlarga bogʻliqmi degan masala ustida tortishdilar. Bu tortishuvlarga Geraklit, Demokrit, Protagor, Epikur va boshqalar qatnashib, turlicha mavqeni egalladilar. Tortishuvlarning natijasi Platonning dialogi "Kratil"da oʻz ifodasini topgan. Dialogda har ikki dunyoqarashdagi filosoflari foydasiga fikr yuritiladi, oxirida til faqat ruhdagina yashaydi, degan xulosa keladi. Platon"Kratili"ning ahamiyati shundaki, qadimgi Grek tilshunosligida birinchi boʻlib soʻzlar tafsifi beriladi. Til yoki nutqdagi soʻzlarni ikkiga, ya’ni ot va fe’l guruhiga boʻladi.
Platondan soʻng qadimgi Yunon tilshunosligiga Aristotel’ katta hissa qoʻshdi. U oʻzining "Poetika" asarida nutq kategoriyasini mantiqiy nuqtayi nazardan quyidagilarga boʻladi: element, boʻgʻin, bogʻlovchi, ot, fe’l, a’zo, kelishik, gap.
Element deb, boʻlinmaydigan, ma’no anglatuvchi tovushni tushunadi. Elementlarning qoʻshilishidan hosil boʻlgan, ammo ma’no anglatish xususiyatiga ega boʻlmagan qism boʻgʻin sanalgan. A’zo nutqning shunday qismiki, u mustaqil ma’noga ega boʻlib, gapning boshlanish, oxiri Yoki ajralish qismini koʻrsatadi.
Bogʻlovchi deb mustaqil ma’no anglatuvchi va anglatmaydigan soʻzlarni kiritadi. Olmosh va yordamchi soʻzlar shunga kiritiladi. Asosiy soʻz turkumi sifatida ot va fe’lni koʻrsatadi. Ot va fe’l kelishiklarga ham ega deb ta’kidlaydi.
Gap-tarkibli tovush boʻlib, mustaqil ma’noga ega va uning ayrim qismlari ham mustaqil ma’no kasb etadi.
Aristotel oʻzining "Ritorika" asarida soʻz turkumlari tasnifiga boshqacha yondashadi. U endi ot, fe’l, bogʻlovchi kabi uchta soʻz turkumi haqida fikr yuritadi.
Aristoteldan soʻng klassik tilshunoslar soʻzlarni beshta soʻz turkumiga boʻlib oʻrganadi: fe’l, bogʻlovchi, a’zo, atoqli ot va turdosh ot. Xuddi shu davrda soʻzning haqiqiy ma’nosini anglash bilan shugʻullanuvchi tilshunoslikning boʻlimi etimologiya vujudga keladi. Etimologiya bilan oʻrta asrda Rim tilshunoslari koʻproq shugʻullanadilar. Ellinistik davrga kelib, ya’ni eramizgacha III va II asrlarda tilshunoslikning grammatika davri boshlanadi. Aleksandriya maktabi grammatiklarining tekshirish metodi hind tilshunoslarining kabi amaliy xarakterda edi. Ular ham grek adabiy til an’anasini boshqa ta’sirlardan saqlashga harakat qildilar. Bularda ham ba’zi til faktlarini falsafiy nuqtayi nazardan hal qilish seziladi.
Aleksandriya maktabining grammatik ta’limoti Aristrax, Krates, Frakiyalik Dionisiy, Apolloniya Diskol va uning oʻgʻli Gerodian asarlarida oʻz ifodasini topgan.
Aleksandriya maktabi tilshunoslari tilning tovush tomoniga koʻproq e’tibor beradilar. Tovushlarni xarakterlash akustik tamoyilga asoslanadi. Tovush va harfni bir-biriga teng qoʻyib, tovushlarni unli va undoshlarga ajratadi. Bogʻlanishli nutqning eng kichik boʻlagi soʻz deb, soʻzlar birikuvidan tuzilib, tugallangan fikrni ifodalovchi nutq parchasiga gap, deb izoh berganlar. Soʻz turkumlari va morfologiya masalalari Aleksandriya maktabi ta’limotida har tomonlama ishlangandir.
Aristrax soʻz turkumlarini sakkizta deb koʻrsatadi: ot, fe’l, sifatdosh, undov, olmosh, old koʻmakchi, ravish va bogʻlovchi kabi. Bu soʻz turkumlarining har biriga yetarli ta’rifni Aristraxning shogirdi Frakiyali Dionisiy asarida uchratamiz. Ta’riflarning ba’zilari masala mohiyatiga mos, ba’zilari esa, mos tushmaydi. Apolloniya Diskolning maxsus ishi sintaksisga bagʻishlangandir, lekin sintaksis masalalari morfologiya kabi atroflicha yoritilgan emas.
Til muammolarini oʻrganishda Rim tilshunoslari ham oʻz hissalarini qoʻshdilar. Rim tilshunosligi, asosan, grammatik masalalar bilan shugʻullangan va shu sohada ba’zi yutuqlarni qoʻlga kiritganlar. Bu sohada Donat va Pristsian xizmatlari kattadir.
Rim tilshunosligi mustaqil tilshunoslik boʻlmay, balki u qadimgi Grek tilshunosligiga asoslangan. Koʻproq hollarda qadimgi Grek tilshunosligidagi qoidalarni oʻz sharoitiga moslashtirgan.
Klassik tilshunoslik grammatika sohasida sezilarli ish qilgan boʻlsa ham ba’zi kamchiliklarga yoʻl qoʻydi. Qadimgi hind tilshunosligi kabi tarixiylikdan uzoq edi. Shunday boʻlishiga qaramasdan antik davr tilshunoslari keyingi asrlar uchun sezilarli iz qoldirdi. Natijada Yevropaning grammatik sistemasi to XIX asrgacha klassik tilshunoslik zaminiga asoslanib ish koʻrdi[3].

Download 0.92 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   60




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling