B. OʻRinboyev, A. Musayev umumiy tilshunoslik jizzax- 2021 Oʻzbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi abdulla qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika universiteti


Download 0.92 Mb.
bet20/60
Sana13.04.2023
Hajmi0.92 Mb.
#1354844
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   60
Bog'liq
05.5Умумий тилшунослик ohiri

Til oialari nazariyasi. Olim Iosif Yustus Skaliger (1540-1609) Yevropa tillari va u tillarni 11 guruhga ajratgan. Ulardan 4 tasi: lotin, grek, tevton (nemis) slavyan tillarini til onalari nomi bilan ataydi. Bu guruhni katta guruh hisoblaydi.
Qolgan 7 ta til onalari tarkibiga alban, tatar, venger, fin, irland, britt (kimr), bask tillarini kiritadi. Bu tillar kichik guruhni tashkil qiladi.
I. Yu. Skaliger tomonidan "til onalari" guruhiga kiritilgan tillar orasida qarindoshlik aloqalari yoʻq, lekin har bir "til onasi" ga kiritilgan tillarning paydo boʻlishida birlik mavjud deb hisoblaydi.
Uning "til onalari" ta’limoti XIX asrda yaratilgan geneologik tasnif va XX asrda yaratilgan N.Ya.Marrning 4 element nazariyasiga asos boʻlib xizmat qilgan.
Uygʻonish davrida din sohasida tadqiqotlar olib borish bilan birga Yevropa olimlari semit (arab, yahudiy) tillarini oʻrganishga e’tibor qaratdilar. Natijada arab tili grammatikasi (1505), yahudiy tili grammatikasi (1506) yaratildi.
Semit grammatikalarida fe’ldagi shaxs-son qoʻshimchalari kishilik olmoshlaridan kelib chiqqan, barcha tillar yahudiy tilidan urchigan, degan fikrlar aytiladi. Shunday fikr fransuz Et’en Gisharning "Tillarning etimologik garmoniyasi" (1606) asarida ham oʻz aksini topgan.
Uygʻonish davrida lotin tilini oʻrganish asta-sekin mantiqiy tafakkur qoidalarini bilish deb ham tushuniladigan boʻldi. Shu asosda grammatik hodisalar mantiqiy nuqtayi nazardan baholana boshladi. Natijada mantiq grammatikadan ustun qoʻyilib, barcha tillarning yagona mantiqiy asosi boʻlishi, bitta grammatikasi boʻlishi kerak, degan ta’limot yaratildi. Gap boʻlaklari mantiq kategoriyalari sub’ekt va predikat bilan, gap hukm bilan birlashtirib yuborildi. Soʻz tushunchaning simvoli deb qaraldi.
Ana shu tamoyil asosida tuzilgan grammatika Fransiyaning Por-Royal monastrida 1660 yili Klod Lanselo va Arno tomonidan fransuz tilida yozildi. Bu grammatika "Aql asoslariga koʻrilgan va aniq hamda tabiiy usulda bayon qilingan gapirish san’atini asoslab Beruvchi umumiy grammatika" deb ataladi. Universal xarakterdagi bu grammatikaning falsafiy asosi ratsionalizmdir.
Ratsionalizm (lat. ratsio-aql) aql-idrokka ishonishga, oqilonalikni isbotlash va uni inson faoliyatining turli sohalariga asos qilib olish mumkinligiga tayanadi. Aql aloqador boʻlgan qonuniyatlarni ratsionalistlar tilga nisbatan ham qoʻlladilar. Shuning uchun Por-Royalda yaratilgan grammatika mualliflari oʻz oldilariga "nutq san’atining tabiiy asoslarini, barcha tillari uchun mushtarak boʻlgan tamoyillar va ularda uchraydigan ayirmalarning sabablari"ni aniqlashni maqsad qilib qoʻygan edilar. Ratsional va universal grammatika tamoyilida tuzilgan grammatikalar falsafiy grammatika deb ham atalgan. Falsafiy grammatika ilmiy jihatdan yanglish tamoyilga asoslanib tuzilgan boʻlib, ularda quyidagi kamchiliklar mavjud:
1. Bu grammatika ayni bir mazmunning turli tillarda turlicha vositalar bilan ifodalanishini hisobga olmadi. Ifoda vositalarining qonun va qoidalari har xil boʻlishi mumkin.
2. Bir tilning oʻzida ham turli tarixiy davrlarda har xil xususiyatlari paydo boʻlishi hisobga olinmadi. Bir tilning turli davrdagi grammatikasi bir-biridan farq qilishi turgan gap.
Falsafiy grammatika esa tilga oʻzgarmaydigan, bir xilda turuvchi hodisa sifatida qarab, uning grammatikasi ham har doim mantiq qoidalariga bir xilda mos keladi, deb hisoblaydilar. Bu bilan tildagi tarixiylikni inobatga olmaydi.
Oʻrta asrlarda lotin tili soyasida qolib ketgan grek tiliga uygʻonish davrida qiziqish kuchaydi. Natijada klassik obidalar oʻrganilib, filologik izohlar, sharhlar yaratildi.
Shu davrda cherkov-slavyan tilini oʻrganishga tegishli asarlar ham yuzaga keldi.
Serb tilida "Soʻzning sakkiz turkumi" nomli grammatika maydonga keldi. Soʻz turkumlarining sakkiztaligini ta’kidlovchi bu asar ta’sirida 1586-yili "Slaven grammatikasi", 1574-yili Ivan Fedorovning "Alifbe"si, 1591-yilda grek-slavyan tillari grammatikasi "Adel’fotis", 1596-yili Lavrentiy Zizaniyning "Sloven grammatikasi", 1619-yili Meletiy Smotritskiyning "Slavyan grammatikasi, toʻgʻri sintagma" asarlari yaratildi.
XVIII asrning 30-yillaridan boshlab rus milliy adabiy tili maromlari yaratishga kiritildi. Shu munosabat bilan rus tili grammatikalari, lugʻatlari tuzildi, boshqa oilaga kirgan tillarni tavsiflash boshlandi. Masalan: 1731-yilda V. Ye. Adodurovning "Rus tilining asoslari", M. V. Lomonosovning "Rus tili grammatikasi» (1755), "Diniy kitoblarning rus tilidagi ahamiyati" (1757), Kopievichning "Slavyan-rus yoki Moskva tili grammatikasini oʻquvchilarga oʻrgatishga doir qoʻllanma" (1706) grammatik asarlari yaratildi.
Rossiya Fanlar akademiyasiga asos solgandan keyin Kavkaz va Sibir xalqlarining tillarini yozib olishga, lugʻatlar tuzishga kirishildi.
Shved ofitseri Tabbert-Stralenberg 1730 yili "Koʻp tillarning roʻyxati" asarini e’lon qildi. Bu asarida tillarni olti guruhga ajratadi:
1. Fin-ugor tillari.
2. Shimoldagi turkiy xalqlarning tillari.
3. Samoed tillari.
4. Mongol, manjur, tibet tillari.
5. Tungus va paleosiyo tillari.
6. Kavkazdagi togʻliklarning tillari.
Rus sayyohi va tabiatshunosi P. S. Pallasning "Barcha tillar va shevalarning qiyosiy lugʻatlari" (1786-1791) nashr qilindi. Lugʻatga 276 tilga oid soʻzlar kiritildi.
Ulugʻ rus olimi M. V. Lomonosov oʻzining tilshunoslikka bagʻishlangan asarlarida XVIII asrning falsafiy tilshunosligiga qarama-qarshi ravishda empirik asosda ish tutdi.
Ma’lumki, Petr I ning islohatlari tufayli rus tiliga koʻplab cherkov-slavyan soʻzlari bilan aralashib, rus tilini ogʻirlashtirib yubordi va rus adabiy tili xalq tilidan uzoqlashib ketdi, grammatika va orfografiyada aniq qoidalar boʻlmay qoldi. Mana shu qiyinchiliklarni bartaraf qilish M. V. Lomonosov zimmasiga tushgan edi. U rus tilining oʻz xususiyatlariga asoslanish tamoyilida turdi.
M. V. Lomonosovning "Rus tili grammatikasi" ikki jihatdan qimmatlidir: 1) unga jonli rus tili asosida shakllanib kelayotgan yangi adabiy tilning rivojlanishidagi an’analarni boshqalarga nisbatan toʻgʻriroq sistemaga soldi; 2) rus tilini boshqa tillardan ajratib turadigan oʻziga xos xususiyatlarni tushundi va oʻz grammatikasida yoritib berdi. Shuning uchun bu grammatika keyingi davrlarda yaratilgan grammatikalar uchun asos sifatida xizmat qildi.
XVIII asrning oxiri va XIX asrning boshlarida tilga falsafiy nuqtayi nazardan qarash hali ustunlik qiladi. Lekin bu davrda ham turli grammatika va lugʻatlar yaratildi.
Ispaniyalik monax Lorenso 1800-1804 yillarda "Ma’lum xalqlarning tili katalogi, ularning soni, sheva va dialektlari ayirmasiga koʻra boʻlinishi va tasnifi" nomli lugʻat tuzadi. Lugʻatda 300 tilga oid soʻzlar kiritilgan va 40 tilning grammatik tavsifi berilgan. Shu xildagi lugʻatlarning mashhuri I. X. Adelungning toʻrt jildli "Mitridat yoki umumiy tilshunoslik" (1806-1817) asaridir. Bu asarda tillarni geografik tamoil asosida tasnif qiladi va bunda 500 tilning materiali beriladi.
Tilshunoslikning asosiy muammolari J. Russo, R. Dekart, D. Lokk, Sh. de Bross, G. Leybnits kabi atoqli faylasuflarning asarlarida bayon etganlar.
R. Dekard, G. Leybnits kabi faylasuflar oʻsha davrdagi universal grammatika haqidagi ta’limot ta’sirida umumiy til yaratish masalasini ilgari surdilar. Faylasuflar, jumladan J. Russo, Sh. de. Bross tilning paydo boʻlishi haqida diniy boʻlmagan turli xil nazariyalarni yaratdilar. Ular tilning paydo boʻlishini ijtimoiy ehtiyojga bogʻliq qilib qoʻyadi va til tafakkur bilan birga ibtidoiy darajadagi "tabiiy qichqiriq"lardan yaratilgan, shu yoʻl bilan grammatik jihatdan rivojlangan tillar paydo boʻlgan.
Nemis olimi Gerder tilning paydo boʻlishi va taraqqiyoti bilan bogʻlasa ham, tilni jamiyatdan ajratadi. Tilni ayrim shaxslarning faoliyati natijasida yaratilgan deb biladi. Gerder va uning izdoshlari oʻz ta’limotlarida ikki fikrni olgʻa surdilar; 1) tilning paydo boʻlishini inson oʻz aqli bilan tabiatdagi tovushlarni" toʻplagan "va ularni predmetlarning belgilari sifatida qoʻllangan deb tushuntiradilar; 2) tilda xalqning ruhi ifodalangan boʻladi. Bu bilan idealistik nazariyani ilgari suradi.
A. F. Berngardining ishlari, xususan uning "Til haqidagi ta’limot" (1801-1803) va "Tilshunoslikning dastlabki asoslari" (1805) asarlari til falsafasi va grammatikasi sohasida XIX asrgacha olib borilgan tadqiqotlarga, tilshunoslik fanining taraqqiyotidagi yangi bosqichgacha boʻlgan butun bir davrga yakun yasagan edi.
A. F. Berngardi tilshunoslikning tarkibini aniqlandi; etimologiya, soʻz yasash, morfologiya, soʻz birikmasi va sintaksis boʻlimlarini ajratdi. Tilni oʻrganishning tarixiy va falsafiy kabi ikki aspekti boʻlishi lozimligini uqtiradi.
A. F. Berngardi til ongning ehtiyoji bilan bogʻliq ravishda paydo boʻlgan, ammo ongsiz ravishda, "majburiy" qonunlar asosida taraqqiy qiladi, deb oʻqtiradi. Uningcha til oʻz taraqqiyotining eng gullagan darajasiga yetgandan keyin inqirozga yuz tutadi.
A. F. Berngardi harf bilan tovushni bir narsa deb bilgan. Tilda negiz soʻzlar va oʻzak soʻzlar boʻladi, negiz soʻzlar sof ma’noga, oʻzak soʻzlar esa mutlaqo sodda boʻgʻindan iborat boʻlib grammatik ma’noga ega deydi.
A.F. Berngardi mantiqqa asoslanib soʻz turkumlarini ajratadi. U soʻz turkumlarini sub’ekt, predikat va bogʻlamalarga oʻxshatadi. U yuklamalarni ajratib, bu guruhga artikl va old koʻmakchilarni kiritadi.

Download 0.92 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   60




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling