B. OʻRinboyev, A. Musayev umumiy tilshunoslik jizzax- 2021 Oʻzbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi abdulla qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika universiteti
TILSHUNOSLIKDAGI ASOSIY YOʻNALISHLAR. NATURALIZM VA PSIXOLOGIZM OQIMLARI
Download 0.92 Mb.
|
05.5Умумий тилшунослик ohiri
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tilshunoslikda naturalizm oqimi.
TILSHUNOSLIKDAGI ASOSIY YOʻNALISHLAR. NATURALIZM VA PSIXOLOGIZM OQIMLARI
Har bir fanning predmeti masalasi oʻsha fanning asosiy muammosini tashkil qiladi. Til asosan tilshunoslikning predmetidir. Lekin tilni filosof ham, fiziolog ham, sotsiolog ham oʻrganadi. Ular bir tilni oʻrganganda unga turlicha yondoshadi va turli aspektda yoritadi. Golland tilshunosi fon Ginneken tilni obrazli qilib uy bilan tenglashtiradi. Podval etajida biologiya va fiziologiya boʻlsa, beletaj va birinchi etajida psixologiya va sotsiologiya mavjuddir, -deydi. “Tilshunoslik fanining predmeti boʻlgan til deb nimani tushunamiz va uning mohiyati nimadan iborat?”, -degan savolga turlicha javob olamiz. Tilning mohiyatini turlicha tushunish va talqin etish natijasida tilshunoslikda turli xil oqimlar va nazariyalar vujudga kelgandir. Bu nazariya va oqimlar quyidagilardan iboratdir: 1. Naturalizm oqimi. 2.Psixologizm oqimi 3. Mladogrammatiklar oqimi 4. Moskva va Qozon tilshunoslik maktablari 5. Pozitivizm va neolingvistika oqimi 6. Sotsiologizm oqimi. 7. Strukturalizm oqimi. 8. Etnolingvistika oqimi. 9. Semasiologiya va semantiklar oqimi. 10. XX asr rus tilshunosligi. Tilshunoslikda naturalizm oqimi. Naturalizm oqimi va uning rivojlanishi mashhur nemis olimi Avgust Shleyxer nomi bilan bogʻliqdir. Tilshunoslikdagi naturalizm oqimi XIX asrda shakllandi. Avgust Shleyxerning naturalistik qarashlari uning "Cherkov slavyan tilining morfologiyasi" (1852), "Litva tilidan qoʻllanma " (1856), "Hind-Yevropa tillarining qiyosiy grammatika kompendiumi" (1861), "Nemis tili" (1859), "Darvin nazariyasi va tilshunoslik" (1863) kabi asarlarida olgʻa surilgandir. Uning naturalistik konsyepsiyasi birinchi asari "Yevropa tillari" (1850) da berilgandir. Tilshunoslik sohasiga naturalistik kurashlarning kirib qolishiga asosiy sabab Shundan iboratki, birinchidan, olimlar tilning xarakteri va ijtimoiy mohiyatini tushunmaganliklari boʻlsa, ikkinchidan, tabiat sohasida qilingan Darvin kashfiyotining keng tarqalganligidir. Avgust Shleyxer tilshunoslikni tabiatshunoslik bilan tenglashtirdi. U yozadi: "Til vositasida kishilar fikr qiladi, tana jon uchun qanchalik kerak boʻlsa, tafakkur uchun til ham shunchalik kerakdir". Uningcha, tasavvur va tushuncha tovushli ifoda boʻlib, ma’noni tashkil qiladi. Tilning mohiyati unda ma’no va munosabatning ifodalanishi bilan aniqlanadi. Ma’no va munosabat soʻzni tashkil qiladi. Tilda ma’no va munosabatning ifodalanishi xarakteriga qarab A.Shleyxer tillarni uch tipga ajratadi, bu tabiatdagi uch hodisani koʻrsatadi, deb izohlaydi. 1. Tilda faqat ma’no tomoni oʻz ifodasini topadi. Bunda soʻz boʻlinmaydigan turgʻun birlikni tashkil qiladi. Shu jihatdan u kristallga oʻxshaydi. Oʻzakli tillar shunga oʻxshaydi, deydi. Bunga xitoy, annam, siam va birma tillarini kiritadi. 2. Tilda ma’no va munosabat ifodalangan boʻlib, soʻzning qismlari oʻzak bilan mahkam bogʻlangandir. Soʻzlarni qismlarga boʻlish mumkin. Bunday soʻz qurilishiga ega boʻlgan tillar agglyutinativ tillardir. Agglyutinativ tillar, A.Shleyxer fikricha, oʻsimlikka oʻxshaydi. Bunday tillarni ikki guruhga ajratadi: sintetik tillar va analitik tillar. Sintetik tillarga turkiy tillar, mangol tillari, fin-ugor tillari, dravid tillarini kiritadi. Analitik tillarga tibet tilini kiritadi. 3. Uchinchi tur tillarda munosabat tovush ifodasiga ega hamda soʻz birlikka egadir. Bu narsa flektiv tillarga xos boʻlib, u til qurilishining yuqori choʻqqisidir. Bunday koʻrinishli tillar hayvon organizmiga oʻxshaydi, deb koʻrsatadi. Tabiat taraqqiyoti minyeral dunyodan, oʻsimlik dunyosiga va undan hayvonot dunyosiga qarab rivojlandi, -deydi u. Ana shu uch xil taraqqiyotga oʻxshash uch xil til vujudga keldi, -deb izlohlaydi A. Shleyxer. Uch tip tillar tarixdan oldingi davrda vujudga kelgan. Tillar tarixiy davrda rivojlanmaydi, -degan xulosaga keladi. Tarixiy davrda tillarning taraqqiyoti emas, balki tushkunligi davridir. Tushkunlik oliy ruhning tazyiqi ostida roʻy beradi. A. Shleyxer tilni lingvistik va filologik nuqtayi nazardan tahlil qiladi. Filologiya tarixiy fan boʻlsa, tilshunoslik tarixiy emas, balki tabiatshunoslik fanidir. Tilshunoslikning maqsadi tillarni oʻrganish boʻlsa, filologiyada til vosita boʻlib xizmat qiladi. Adabiyot bor yerda filolog ish koʻradi. Agar filologni tilning qoʻllanishi qiziqtirsa, tilshunosni til organizm ekanligi qiziqtiradi. Shuning uchun ham tilshunos demakdir. Agar botanik oʻsimlikka qanday munosabatda boʻlsa, tilshunos tilga Shunday munosabatda boʻladi. A. Shleyxer filologni dehqon bilan qiyoslansa, tilshunosni zoolog bilan tenglashtiradi. A. Shleyxer tilshunosni botanikka tenglashtirish bilan cheklanib, oʻzi "bobo daraxt" nazariyasini yaratdi. U hind-Yevropa tillari oilasidagi tillarni katta daraxtga oʻxshatadi. Hind-Yevropa bobo tilini daraxtning tanasiga hind-Yevropa tillari oilasining tarmoqlarini daraxt shoxlariga oʻxshatadi. Hozirgi hind-Yevropa tillari tarmogʻida uchrovchi shakllarni tushunish uchun qadimgi hind-Yevropa tilini tiklashga katta ishonch bilan qaragan. Uning qadimgi hind-Yevropa tilida yozilgan masalasi ham bor boʻlib, u "Qoʻy va otlar" deb ataladi. Demak, A. Shleyxerning naturalistik qarashlari alohida sistemani tashkil qiladi. Uning naturalistik qarashlari quyidagilardan iborat deb hisoblash mumkin: 1. Til fikrni tovushli ifodalashdir. Faqat til vositasida oʻylash mumkin. Fikrda tasavvur (tushuncha) va munosabat oʻz aksini topadi. Tilda soʻzning oʻzagi bilan bogʻliq boʻlgan ma’no va affikslar bilan aloqador boʻlgan munosabat mavjuddir. 2. Munosabatning ifodalanishiga qarab, tabiatdagi kristall, oʻsimlik, hayvonot olami kabi tillarni uch tipli til uning taraqqiyotidagi uch bosqichni koʻrsatadi. 3. Tillarning paydo boʻlishi va rivojlanishi tarixgacha boʻlgan davrda bor edi, tarixiy davrda tillar rivojlanmaydi. 4. Hamma tillarning paydo boʻlishi, rivojlanishi va yoʻqolishi bir xildir. 5. Bir kishining xohishi tilning xususiyatini va taraqqiyotini belgilay olmaydi. Til tabiiy organizmdir. Til organizm paydo boʻladi, oʻsadi va qariydi. Tilshunoslik-tabiiy fandir. 6. Tabiiy fan deb hisoblangan tilshunoslikni tarixiy fan deb hisoblovchi filologiyaga qarama-qarshi qoʻyadi. Filolog faqat yozuvga ega boʻlmagan tillarni va dialektlarni oʻrganishi kerak, deydi. Filologning tilga munosabatini bogʻbonning oʻsimliklarga munosabatiga, tilshunosning tilga munosabatini botanikning oʻsimliklarga munosabati bilan qiyoslaydi. 7. Tilshunoslikning boʻlimlaridan morfologiya tom ma’noda lingvistik fan, sintaksis ba’zan filologiyaga ham taalluqli, stilistika toʻlaligicha filologiyaga tegishlidir. A. Shleyxerning bu konsepsiyalarida naturalizm, gyegelchilik va individualizmning yigʻindisi oʻz ifodasini topgandir. A. Shleyxerning bu kontsyeptsiyalaridan ikki tayanch nuqtani ajratib olish mumkin. Biri, u "til - fikrni ifodalash vositasi", -desa, ikkinchisi, "til-tabiiy organizm"dir, deb qaraydi. A. Shleyxer birinchi marta naturalistik qobiqda boʻlsa ham filologiya bilan tilshunoslikni chegaralashga harakat qildi. Bundan tashqari, yozuvga ega boʻlmagan tillarni va yozuvga ega boʻlgan tillarni dialektlarini oʻrganish masalasini olgʻa suradi. A. Shleyxer oʻzining bu naturalistik nazariyasini qiyosiy-tarixiy tilshunoslik nuqtayi nazardan turib yaratdi. Naturalistik oqimning vakillaridan yana biri nemis olimi Marks Myullerdir. A. Shleyxerdan farqli tilni fikrlash organi deb qaraydi. "Til kishilik tarixini soʻzlovchi va jonli guvohidir". Uning bu kabi fikrlari "Til haqidagi fan toʻgʻrisida leksiyalar " nomli kitobida bayon etilgan. M. Myuller ham tilshunoslikni tabiiy fan deb qaraydi. U tilni organizm deb atamaslik kerak, deydi. M. Myuller tilshunoslikni "qiyosiy filologiya" hisoblab, uni tabiiy fanlar qatoriga kiritadi. Chunki til uchun "tarix "emas balki "oʻsish" bor, emish. Tilning oʻsishi natijasida fonetik oʻzgarishlar va dialektlar paydo boʻladi, -deydi u. M. Myuller qiyosiy tilshunoslik bilan filologiyani A. Shleyxer kabi chogʻishtirib, ularning tekshirish ob’ektini aniqlaydi. Uningcha, filologiya tarixiy fan boʻlib, til tasvir vositasi sifatida oʻrganiladi. Tilshunoslik (qiyosiy filologiya) fikrlash organi boʻlgan tilning paydo boʻlishi, xususiyati va qonunlarini oʻrganadi. Yozuvga ega boʻlmagan tillar tilshunoslikning tekshirish ob’ekti deb uqtiriladi. M. Myuller asarlarida yozuvsiz tillar haqida juda yaxshi fikr berilgan. Lekin N. Ya. Marr yozuvsiz tillar haqidagi nazariyani men yaratdim, deb da’vo qiladi. A. Shleyxer va M. Myuller naturalizm oqimi vakili boʻlsa ham ularda ba’zi nooʻxshash tomonlar ham bordir. Agar A. Shleyxerni gyegelchi desak, M.Myullerga nisbatan buni aytish mumkin emas. A. Shleyxer tilni tabiiy organizm desa, M. Myuller organizm deb qaraydi. Umuman, ular til mohiyatini tushunishda naturalizm pozitsiyasida turadilar. Til uning taraqqiyoti (oʻsishi) kishi faoliyati bilan bogʻliq emas, xuddi bulbul toʻrgʻay boʻlib sayray olmagani kabi (A. Shleyxer), kishi oʻz qon aylanishiga ta’sir qila olmagani kabi (M.Myuller) kishi til mohiyatini oʻzgartirishga qodir emas. Shuning uchun ham tilshunoslikni tabiiy fan, deydilar. Tillarni oʻrganishda naturalizm yozuvga ega boʻlgan tillar bilan yozuvsiz tillarni bir qatorga qoʻyadi. Naturalizm tillarning oʻzgarishi gapiruvchi kishilarning irodasiga bogʻliq emas, deganda toʻgʻri fikr bayon etgan. Lekin oʻzgarish -bu tarix emas, balki oʻsishdir, deb notoʻgʻri xulosaga kelgandir. Naturalizm tushunchasiga koʻra, tarix qonuniyatga ega boʻlmagan oʻzboshimchaliklar hukmronligidir. Ular tilni tarixiy-qiyosiy oʻrganish kerak, deb koʻrsatdilar, lekin uni tarixiy emas, balki tabiiy fan deb talqin etadilar. Umuman, naturalizm individualistik konsepsiyadir. Tilshunoslikdagi naturalizm oqimi vakillari tillarning qarindoshligini oʻrganish va til faktlarini bir-biriga qiyos qilib oʻrganish sohasida katta ish qilganlariga qaramay, nazariyada oqsaganlar. Buning asosiy sababi, ular tilning ijtimoiy xarakterini, til tarixini xalq tarixi bilan bogʻliq holda oʻrganishni bilmaganlar. Download 0.92 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling