B. OʻRinboyev, A. Musayev umumiy tilshunoslik jizzax- 2021 Oʻzbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi abdulla qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika universiteti
QIYOSIY-TARIXIY TILSHUNOSLIK VA UNING SHAKLLANISHI
Download 0.92 Mb.
|
05.5Умумий тилшунослик ohiri
QIYOSIY-TARIXIY TILSHUNOSLIK VA UNING SHAKLLANISHI
Qardosh tillarning faktlarini bir-biriga sistemali ravishda taqqoslab, oʻtmishda bir necha tillar uchun umumiy boʻlgan lingvistik birliklarni, soʻz va uning shakllarini qayta tiklash bilan qiyosiy-tarixiy tilshunoslik shugʻullanadi. Bu tilshunoslik XIX asrning boshlarida maydonga kelib, u tilshunoslik fanida yangi davr ochdi va fanga koʻp xizmat qilgan qiyosiy-tarixiy metodga asoslanib ish koʻradi. Qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning shakllanishida uch tarixiy jarayon sabab boʻldi: 1. Fanga tarixiy yondashish paydo boʻldi. Til faktlari tarixiylik tamoyili asosida izohlana boshlanadi. Tilshunoslikka tarixiy taraqqiyot gʻoyasi falsafa, sotsiologiya, huquqshunoslik fanlaridan kirib keldi. 2. Tilshunoslik faniga romantizm qarashlari ta’sir koʻrsatdi. Jonli tillarning oʻtmishini oʻrganishga romantizm undadi. Romantizm XVIII asrning oxiri, XIX asrning boshlarida Fransiyada burjua mafkurasi sifatida shakllangan boʻlib, ular tarixiy oʻtmishni ideallashtirdilar. 1800 yilda Germaniyada romantiklarning "Ien" guruhi uyushmasi tashkil topadi. Bu uyushmaning rahbari va nazariy asoschisi Fridrix Shlegel’ sanaladi. U "Hindlarning tili va donoligi" (1808) asarini yozib, sanskrit tilini grek, lotin, turkiy tillarga chogʻishtirib, ular orasida qardoshlik, oʻxshashlik borligini koʻrsatadi. Natijada tillarni flektiv va affiks oluvchi tiplarga ajratadi. Shu asosda keyinchalik tilshunoslikda katta oʻrin tutgan tillarning tipologik tasnifiga asos soldi. 3. Sanskrit tili bilan tanishish qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning yaratilishiga ijobiy ta’sir koʻrsatadi. Sanskrit tili haqidagi dastlabki ma’lumot XVI asrda ital’yan sayyohi Filippo Sosetti hind tili bilan tanishgach, uning italyan va lotin tillariga yaqinligi borligini koʻrsatgan. Sankrit tili grammatikasi bilan tanishgan Iezuyet Pateri Pons 1740-yilda yaxshi fikrlarini yozgan. Sanskrit tilini grek, lotin tillariga qiyoslab, ular oʻrtasida qardoshlik borligini Vilyam Djonz (1746-1794) koʻrsatgandan soʻng sanskrit tiliga qiziqish kuchaydi. Qiyosiy-tarixiy metodni birinchi marta Markaziy Osiyo xalqlarining farzandi M. Qoshgʻariy ishlab chiqqan. Uning asarlari keyingi olimlarga noma’lum boʻlib qolganligi sababli Yevropa olimlari M. Qoshgʻariydan VIII asr keyin qiyosiy-tarixiy metodni original usul deb e’lon qildilar. XIX asrning birinchi yarmida turli mamlakatlarda tilshunoslikka doir ishlar nashr qilinadi. Natijada bu asarlarda qiyosiy-tarixiy tilshunoslik ilmiy asoslanadi. Bu sohaga dastlabki hissa qoʻshgan kishilar sifatida nemis olimlari F. Bopp (1791-1867), Yakov Grimm (1787-1863), Rasmusk Rask (1787-1832) va rus olimi A. X. Vostokov (1781-1864)ni koʻrsatish mumkin, ular qiyosiy-tarixiy nuqtayi nazardan tillarni oʻrganganda turli tillarning materillariga murojaat qildilar. Masalan, A. X. Vostokov slavyan tillari, Ya.Grimm german tillari, F. Bopp esa, roman-german tillari materiallariga asoslangan holda ish yuritdilar. Nemis tilshunosi Frants Bopp 1816-yilda "Sanskrit tilining tuslanish sistemasi va uni grek, lotin , fors va german tillaridagi tuslanish sistemasiga qiyoslash" kitobini yozdi va nashr etadi. Bu asarda aytilgan tillarda mavjud grammatik shakllarni qiyosiy asosda tasvirlaydi. U qiyoslash usuli bilan tillarning ibtidoiy holotin i qayta tiklash mumkin, degan fikrni ilgari suradi. F. Bopp 1833-1852 -yillarda uch jilddan iborat "Sanskrit, zend, arman, grek, lotin , litva, eski slavyan, got va nemis tillarining qiyosiy grammatikasi" asarini e’lon qildi. Bu asarda sanskrit tiliga asoslangan holda ayrim grammatik shakllarning taraqqiyotini va ularning birinchi manbalarini aniqlash mumkin deb hisoblaydi. Shu asosda F. Bopp flektiv shakllarning dastlabki manbalarini ochish maqsadini koʻzlagan boʻlsa-da, shu jarayonda qiyosiy tilshunoslikni yaratdi. U F. Shlegelga ergashib, oʻzining tipologik tasnifini yaratdi. Tilning grammatik qurilishini "organizm" deb ataydi. F. Bopp agglyutinatsiya nazariyasini yaratuvchi olimdir. U davrda agglyutinatsiya deb mustaqil ma’noli oʻzaklarni biriktirish usuli tushunilgan. Unga asosan soʻz oʻzgartiruvchilar (turlovchilar va tuslovchilar) ilgari mustaqil qoʻllanib kelgan oʻzaklarning asosiy oʻzakka qoʻshilishidan, birikishidan kelib chiqqan. Chunonchi, fe’ldagi shaxs-son affikslari olmoshdan kelib chiqqan. O. Byotlingk 1751 yilda yozgan bir asarida F. Bopp nazariyasiga qoʻshilib, buryat-mongol tilida olmoshdan shaxs-son qoʻshimchalarining, qolmiq tilida koʻmakchidan kelishik qoʻshimchalarning kelib chiqqanini koʻrsatadi. F. Boppning qiyosiy-tarixiy metod sohasidagi dastlabki xizmatlari haqida daniyalik olim O. Yespersen shunday yozadi: "Bopp oʻz oldiga flektiv shakllarning boshlangʻich holotin i aniqlashni maqsad qilib qoʻyib, buning oʻrniga qiyosiy tilshunoslikni yaratdi» (Zvyagintsyev V. A. Istoriya yazi koznaniya X1X i XX vekov v ocherkax i izvlecheniyax. ch II. M. 1965, str 26). Daniyalik tilshunos Rasmus Rask oʻzining "Qadimgi shimol tili sohasidagi tadqiqot yoki island tilining kelib chiqishi " (1818) nomli asarini yozdi. Bu asarida Skandinaviya tillarining kelib chiqishi va ularning hind- Yevropa tillari bilan qarindoshligi bilan qiziqadi. Biroq u oʻzi qiyoslayotgan tillardagi dastlabki shakllarini tiklash bilan shugʻullanmadi. Rasmus Rask grammatik va leksik qiyoslarga koʻproq e’tiborini qaratdi, bunda sanskrit tiliga murojaat qilmadi. Nemis tilshunosi Yakov Grimm oʻzining toʻrt jildli "Nemis grammatikasi" asari bilan qiyosiy - tarixiy tilshunoslikka sezilarli hissa qoʻshdi va tilshunoslik metodologiyasiga tarixiylik tushunchasini kiritdi. U tilni xalqning madaniy - tarixiy taraqqiyoti mahsuli deb hisoblar edi. Yakov Grimm german tillari bilan boshqa hind -Yevropa tillarining tovushlar sistemasi oʻrtasida oʻxshashlik borligini isbotlab berdi. Bu fonetik qonun keyinchalik tilshunoslikda «Grimm qonuni» nomi bilan mashhur boʻldi. Bu qonunga binoan hind-Yevropa tillaridagi jarangsiz portlovchi (p, f, k) tovushlarga german tillaridagi jarangsiz sirgʻaluvchi (f, q, h) tovushlari mos keladi. Hind - Yevropa tillaridagi jarangli portlovchi (b, q, g) tovushlari german tillaridagi (p, t, k) jarangsiz portlovchi tovushlarga mos keladi. Bu hodisa grammatikada ham uchraydi. (J. Boʻronov. Ingliz va oʻzbek tillari qiyosiy grammatikasi. Toshkent, 1973). Rossiyada qiyosiy-tarixiy tilshunoslik Aleksandr Xristoforovich Vostokov nomi bilan aloqador. U "Slavyan tili haqida mulohazalar" (1820), " Rumyansyev muzeumidagi rus va slavyan qoʻlyozmalarining tasviri" (1842), "Cherkov-slavyan tili lugʻati" (1858-61) kabi asarlar yozgan. Bu asarlarida tilshunoslikka doir quyidagi fikrlari oʻz aksini topgan: mantiqchilar nazariyasiga amal qilib, rus tili grammatikasida birinchi marta toʻrt boʻlak (sub’ekt, predmet, ob’ekt, atribut) ni koʻrsatdi; slavyan va rus tillari tarixidagi taraqqiyot davrlarini (qadimgi, oʻrta, yangi davrlar); qadimgi rus tilining eski slavyan, polyak va serb tillariga munosabatini aniqlaydi. Tarixiy fonetika haqida qimmatli fikrlar berdi. Germaniyaning eng buyuk kishilaridan biri boʻlgan Vil’gel’m fon Gumbol’dt (1767-1835) boʻlib, u tilshunoslikdagi barcha idealistik yoʻnalishlarga ham nazariy asos solgan olimdir. U oʻz davrida va oʻzidan soʻng ijod etgan tilshunoslar: F. Bopp, A. Pott, G. Shteyntal’, A.Shleyxer, K. Fossler, A. A. Potebnya, I. A. Boden de Kurtenelarga juda ta’sir koʻrsatdi. Hozir ham unga ergashuvchilar boʻlib, ular yangi gumbol’dtchilik oqimiga birlashganlar. V. Gumboldt har taraflama keng bilimli olim sifatida baks tilidan tortib Amerikalik mahalliy aholi tilini, Polineziya orollaridagi tillarni yaxshi bilgan. V. Gumboldtning dastlabki lingvistik qarashi 1820 yilda Berlin akademiyasida "Tillar taraqqiyotining turli davrlarida ularni qiyosiy oʻrganish haqida" degan ma’ruzasida bayon etilgan. Bu ma’ruzasida tilshunoslikning ilmiy-tadqiqot dasturini bayon qildi, tilni oʻrganuvchi mustaqil fanni yaratish zarurligini asoslab berdi. Qiyosiy metodning asosiy qoidalarini belgiladi. V. Gumboldt Snundan keyingi davrlarda «Harf yozuvi va uning til qurilishi bilan aloqasi haqida» (1824), «Juftlik son haqida» (1827), «Yozuvning til bilan bogʻliqligi haqida» (1836), uch jildli «Yava orolidagi kavi tili haqida» kabi asarlar yozgan. V. Gumboldt oʻz ijodida, bir tomondan, Kant falsafasiga asoslansa, ikkinchi tomondan nozik tilshunos sifatida til faktlarini tahlillar ekan, tilning rivojlanish jarayoni va funktsiyasini koʻrsatishda idealizm doirasidan chiqib ketadi. V. Gumboldt tilning "ichki shakli" haqida ma’lumot yaratdi. Bu ta’limotga koʻra, birinchidan, til xalqning ruhi qandayligini koʻrsatsa, ikkinchidan, soʻz yasalishi, shakllanish jarayonida foydalanadigan ma’nolar birligidir. V. Gumboldt tillarni tipologik jihatdan tasniflab ularni dastlab ikki guruhga ajratadi: 1. Grammatik munosabat uchun hech qanday fonetik ifodaga ega boʻlmagan ajratuvchi til (xitoy tili). 2. Grammatik munosabatni flektiv shakl orqali ifodalaydigan til (sanskrit til). Uningcha, qolgan tillar shu ikki qarama-qarshi nuqtalar orasiga joylashadi va bu tillar oʻz oʻzidan uchinchi guruhni tashkil qiladi. Uchinchi guruh tillarini oʻz navbatida ikkiga ajratadi: 1. Biror material koʻrsatkich orqali fe’l boshqa soʻzlardan ajratilmaydigan tillar: hindi- xitoy, polineziya tillari manjur va moʻgʻul tillari: 2). Agglyutinativ tillar. Bu tillarda fe’l turkumi qisqargan yoki shaklan oʻzgargan olmosh qoʻshilishi bilan boshqa soʻzlardan ajratiladi. V. Gumbol’dt tillarni tasniflashda uch muhim belgiga e’tibor beradi: relyatsion ma’nolarni ifodalash usuli, gap tuzish usuli, tovush shakli. U davrlarda fonetika maxsus fan sifatida shakllanmaganligi uchun tillarning tovush shakliga xos belgilarni oʻz asarlarida V. Gumboldt koʻrsata olmadi. V. Gumbol’dt agglyutinatsiyani "sof organik yopishtirish emas, balki ozmi koʻpmi darajada mexanistik qoʻshish"deb ta’riflaydi. Lekin flektiv tillarni agglyutinativ tillardan yuqori qoʻyadi. U F. Shlegel’ singari "tilning mukammaligi oʻz oʻzidan unda fleksiyaning mavjudligini taqoza qiladi", deydi. Nihoyat, "qoʻshish va yonma-yon chizish metodlariga nisbatan fleksiya genial ijod boʻlib koʻrinadi", degan xulosaga keladi. Bunday xulosa V.Gumboldtning qisman romantizm kayfiyatiga berilganligidan dalolat beradi. U dunyoni tushinish "mahsulining yigʻindisi sifatida til ayrim nutq aktidan farqlanadi"deyish bilan til va nutqni farqlagan. Tilni soʻz va grammatik qoidalardan iborat deb bilgani holda, soʻzni u tushunchani ifodalaydigan simvol degan holda V. Gumboldt tushuncha shakllanmagan tarzda soʻzdan oldin paydo boʻladi, soʻz esa keyinchalik shakllantiradi va mustahkamlaydi degan xulosaga keladi. Bu bilan tushuncha soʻzdan oldin paydo boʻladi, degan idealistik nazariyani mustahkamlamoqchi boʻladi. V. Gumboldt nutq tovushlarini tilning shakli deb, soʻzning nutqda qoʻllangandagi qiyofasini soʻzning grammatik shakli deb ta’riflaydi. V. Gumboldt oʻz asarlarida til falsafasiga doir fikrlarni bayon etadi. Shuning uchun hozirgi tilshunoslik mohiyatini tushinish uchun V. Gumboldt ta’limotini oʻzlashtirish kerak boʻladi. V. Gumboldtning fikricha, til butun yigʻindisi bilan ruh demakdir. U ruhning qonunlariga asosan rivojlanadi. Lekin shunga qaramay u tilni tafakkur quroli sifatida xarakterlaydi. U oʻz asarlarida ta’kidlashicha tilning yashash shakli uning taraqqiyoti demakdir. V. Gumboldt shunday yozadi: "Til faoliyatning mahsuli boʻlmay, faoliyat tilning mahsulidir". Shu konsepsiya bilan bogʻliq holda til va nutq oʻrtasidagi fikrni oʻrgatadi. Til nutqiy faoliyatning ayrim aktlaridan farq qiladi. V. Gumboldt tilning kommunikativ funksiyasini va tovush tomonini alohida ta’kidlaydi. Uningcha, bu ikki omil til shakllarining kelib chiqishi nuqtayi nazaridan sub’ekt va individual hodisalarni ob’ektivlashtiradi. Soʻz tushunchaning belgisi sifatida tovushli shaklda yashash mumkin. "Soʻzda hamma vaqt ichki birlik tovush va tushuncha mavjud boʻladi ". "Tovushli shakl ifoda boʻlib, uni til tafakkuri uchun yaratadi. "V. Gumboldt fikricha, tilda xalqning ma’lum darajadagi dunyo qarashi, diniy e’tiqodi oʻz ifodasini topadi. Bu narsa shuning natijasida yuzaga keladiki, til kishi bilan uning tashqi dunyosi oʻrtasida turadi. Natijada tashqi dunyo qanday boʻlsa, xuddi shundayligicha til aks ettiradi, uni kishilar qabul qiladi. Boshqa tillarni oʻrganish bilan kishi oʻzininng dunyoqarashini kengaytiradi. V. Gumboldt oʻz asarlarida soʻzning ichki va tashqi shakli haqida ham fikr bildiradi. V. Gumboldt tillar va grammatika oʻrgatishdagi deduktiv metodni, ya’ni umumiylikdan yakkalikka borishni qoralab, indektiv metodni, ya’ni yakkalik omilidan umumiylikka borishni ulugʻlaydi. Grammatikani induktiv tarzda oʻrganishning birdan bir yoʻli deb tushunchaning tovush tomonini tekshirish deb koʻrsatadi. Tushunchaning turli xil tovush vositasida hosil boʻlishini oʻrganish orqali kishilik nutqining hali qilinmagan muammolarini yechish mumkin deb hisoblaydi. Xuddi shu yuqoridagilar V. Gumboldtning til predmeti muammosiga va tilshunoslik metodlariga doir fikrlardir. V. Gumboldt nazariyasi idealistik negizga asoslangan boʻlsa ham tilshunoslikka doir juda koʻp qiziqarli fikrlarni bayon etgandir. B. Delbryuk fikri bilan aytganda, V. Gumboldtning nazariyasiga qarshi boʻlgan olimlar ham uning nazariyasidan koʻz yumib oʻta olmaydilar. Xullas, F. Bopp, R. Rask, Ya. Grimm, A. X. Vostokovlar qiyosiy tarixiy metodga asos solib, qiyosiy-tarixiy tilshunoslikni boshlab bergan boʻlsalar, V.Gumboldt umumiy tilshunoslikning mustaqil fan sifatida shakllanishiga asos soldi. Download 0.92 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling