TOBE ALOQALI TUZILMA Gaplarning oʻzaro ergashtiruvchi vositalar yordamida tobelanishi.
TOBE BO‘LAK Soʻz birikmasining tobe qismi; (q.). Masalan, uyga kirmoq so‘z birikmasida uyga soʻzi tobe boʻlak.
TOBE GAP – ayn. ergash gap.
TOBE QISM O‘zaro aloqa (bogʻlanish)da sintaktik jihatdan tobe boʻlgan, boshqa (hokim) qismning ma’nosi (mazmuni)ni turli nuqtayi nazardan aniqlaydigan, toʻldiradigan, izohlaydigan qism: tobe soʻz, tobe boʻlak, ergash gap.
TOBE SOʻZ Soʻz birikmasida sintaktik jihatdan boshqa soʻzga tobe vaziyatdagi soʻz. Masalan, shirin meva, o‘rnidan turmoq birikmalarida shirin va oʻrnidan soʻzlari tobe soʻz hisoblanadi.
TOBELANISH Tobe sintaktik munosabatda boʻlish; soʻz birikmasi yoki gap tarkibidagi soʻzlarning oʻzaro teng boʻlmagan, sintaktik jihatdan biri ikkinchisiga boʻysunuvchi munosabati.
TOBELIK O‘zaro aloqa (bogʻlanish)da boshqa komponentga nisbatan tobe vaziyat. Masalan, yashil dala, chaqqon harakat qilmoq birikmalarida yashil va chaqqon soʻzlarining holati.
TON (yun. tonos − taranglashish, urilish; urgʻu) Tovushning taranglashgan un paychalarining bir maromda tebranish chastotasi bilan belgilanadigan sifati.
TOPONIMIKA (yun. topoz – joy + onyma – nom) 1. Leksikologiyaning joy nomlarini oʻrganuvchi boʻlimi.
2. Ma’lum bir hududdagi joy nomlari majmui.
TOPONIMIYA – ayn. Toponimika 1.
TOR UNLI Til yuqoriga koʻtarilib, ogʻiz boʻshligʻi (tor) ochilishi bilash hosil boʻladigan unli. O‘zbek tilida i va u unlilari tor unlilardir.
TOVUSH – q. Nutq tovushi.
TOVUSH BALANDLIGI Tovushning un paychalarining tebranish chastotasi bilan belgilanadigan sifati: ma’lum vaqt oʻlchovida tebranish qancha koʻp boʻlsa, tovush shuncha baland va, aksincha, tebranish qancha oz boʻlsa, tovush shuncha past boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |