VOSITALI TO‘LDIRUVCHI Tushum, qaratqich, bosh kelishikdan boshqa kelshikdagi soʻz bilan yoki koʻmakchi olgan soʻz bilan ifodalanib, harakat-holat bevosita yoʻnalmagan obyektni koʻrsatadigan toʻldiruvchi: Bir soatlik tafakkur bir yillik toatdan afzal. (Oybek) Bu asboblarni o‘zlari ishlatadilar. Ketmon bilan yer chopadilar. Belkurak bilan daraxtlarning tagini yumshatadilar. (M. Ismoiliy)
VOSITASIZ TO‘LDIRUVCHI Tushum kelishigidagi soʻz bilan ifodalanib, harakat bevosita yoʻnalgan obyektni koʻrsatadigan toʻldiruvchi: Bo‘pti, qaynoq-qaynoq choy ich-da, borib yot. (S. Ahmad) Qanisan, bolam? Manavi choyni ich. (S. Ahmad)
VOSITA TIL Millatlar, elatlar orasida aloqa vositasi boʻlib xizmat qiladigan til.
VULGARIZMLAR (lot. vulgarism – oddiy, sodda) – q. Dagʻal soʻz, Dagʻal ibora.
X
XALQARO TIL (jahon tili) Dunyoda qo‘llanish doirasi juda kеng, boshqa til egalari ham foydalanadigan til. Hozir rasmiy tan olingan 6 ta xalqaro til mavjud: ingliz, ispan, rus, xitoy, arab va fransuz tili.
XALQ ETIMOLOGIYASI O‘zlashma yoki oʻz tilga oid hali oʻzlashib ketmagan soʻzni tovush tomonidan yaqin boʻlgan oʻz soʻzga bogʻlash; real faktlarga asoslanmagan holda, faqat tovush tomonining tasodifiy oʻxshashligiga koʻra oʻzicha qismlarga ajratib izohlash. Masalan, qoraqat (buta) soʻzini qora qandga; olxoʻri soʻzini ol + xoʻri (tojikcha xoʻrdan – yemoq, ichmoq)ga bogʻlash.
XOSLIK SHAKLI – q. Qarashlilik shakli.
XUSUSIY TILSHUNOSLIK Ayrim bir til haqidagi fan. Masalan, o‘zbek tilshunosligi – o‘zbek tili haqidagi fan. Qiyos. Umumiy tilshunoslik.
Do'stlaringiz bilan baham: |