BOLALAR FOLKLORI kichkintoylar olami bilan kattalar dunyosining o’zaro uyg’unlashuvi oqibatida yuzaga kelgan o’yinlar, qo’shiqlar va muzikali poetik janrlarning yaxlit bir tizimiga aylangan xalq og’zaki ijodiyotining o’ziga xos tarmog’idir. b.f.ning 40 yaqin janrlari aniqlangan: alla, tez aytish, topishmoq, sanama, guldurgup, masxaralama, erkalama, chandish vahk. O’zbek bolalar folklori namunalarini to’plash, nashr etish va ilmiy-estetik qimmatini o’rganishda Elbek to’plab, tartib berib 1937-yilda chop ettirgan «Bolalar qo’shig’i» to’plamidan O. Safarov tartib bergan «O’zbek xalq ijodi» seriyasida 1984-yilda bosilib chiqqan «Boychechak» to’plami, G‘.Jahongirovning «O’zbek bolalar folklori» (1975), shuningdek, O.Safarovning «Bolalarni erkalovchi o’zbek xalq qo’shiqlari» (1983), «O’zbek bolalar poetik folklori» (1985), «Alla-yo alla» (1999), «Chittigul» (2004), Sh.Galievning «O’zbek bolalar o’yin folklori» (1998) kabi to‘plamlar muhim ahamiyatga ega.
BOLALAR O‘YINLARI O’yinlarning katta qismi bolalarning kattalar (o’z ota-onalari) faoliyatlariga taqlid qilish negizida qurilgan bo‘lsa, ma’lum qismi raqs va musobaqaga xos xususiyatlarni o‘ziga omuxtalashtirganligi bilan ajralib turadi. O‘yinlar – turli yoshdagi bolalar ijodkorligining mahsuli. Ular yil fasllariga qarab, uyda yo maydonda o‘ynalishiga qarab farqlanganlaridek, o‘yinchilar jinsiga ko‘ra ham farqlanuvchi xususiyatlarga ega. Bolalar o‘yinlarining xos xususiyati shundaki, ularda o‘yinchi ham, tomoshabin ham – bolalarning o‘zlari, har bir o‘yin – o‘ziga xos betakror dramatik asarday, hayotning qay bir parchasi, qay bir dardi, qay bir muammosini aks ettiruvchi sahna asariga aylanadi, uning muallifi ham, sahnalashtiruvchisi ham, ijrochisi ham, tomoshabini ham –bolalarning o‘zlari. b.o‘. amaliy pedagogika, san’at va jismoniy tarbiyadan iborat yaxlit tizimning tengsiz boshlanmasi, ularning ma’lum qismi harakat zamirida voqe bo‘lsa, ma’lum qismi faqat so‘z zamirida qurilgandir. Shu xususiyatiga ko’ra ularni (q.)HARAKATLI o’yinlar va (q.)MA’NAVIY (SO‘Z) o’yinlar tarzida ikki guruhga ajratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |