ASOS MA’NO 1. Biror ma’noning yuzaga kelishida asos boʻlib xizmat qiladigan ma’no. Masalan, oʻyin soʻzining «koʻngil ochish, dam olish maqsadidagi erkin (ermak) harakat» ma’nosi oʻyinga tushmoq, futbol oʻyini birikmalaridagi ma’nosining kelib chiqishiga asos boʻlgan ma’nodir. Qiyos. Hosila ma’no.
ASOS – q. Soʻz yasalish asosi.
ASOSIY LUGʻAT FONDI Leksikaning juda koʻp davrlardan beri qoʻllanib kelayotgan, barqaror, hayot uchun, kundalik turmush uchun eng zarur, muhim va faol boʻlgan, shu tilda soʻzlashuvchilarning hammasiga tushunarli boʻlgan, yangi soʻzlar yasalishi uchun asos (baza) boʻla oladigan qatlami. Masalan, otlar: suv, havo, quyosh, yer, yomgʻir, ish, turmush, ekin; sifatlar: oq, koʻk, sariq, qizil; fe’llar: ol, kel, soʻra, ber, oʻyna va b.
ASOSLANUVCHI SOʻZ Yasovchi asosga ega boʻlgan, ma’nosi yasash asosi va yasovchi qo‘shimcha ma’nolari orqali ifodalanib turadigan soʻz. Masalan, ishsiz, ishsizlik, ishchan, ishchanlik soʻzlari.
ASOSLOVCHI SOʻZ Soʻz yasalish asosi boʻlib kelgan soʻz. Masalan, ishchi, ishla soʻzlaridagi ish qismi.
ASSIMILATSIYA (lot. assimilatio – oʻxshab ketish) Biror tovushning boshqa tovush ta’sirida unga oʻxshashlik (bir xillik) tomon oʻzgarishi: ketdi kabi. Assimilatsiyaning bir necha turi farqlanadi: toʻliq assimilatsiya (q.); toʻliqsiz assimilatsiya (q.); progressiv assimilatsiya (q.); regressiv assimilatsiya (q.).
ASSOTSIATSIYA Til birliklarining shakli yoki mantiqiy-semantik belgisiga koʻra oʻzaro birlashuvi, bir-birini eslatishi. Masalan, yashil so‘zini aytsak, qizil, sariq, ko‘k, oq kabi so‘zlar yodimizga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |