Frazeologiya
Frazeologiya (gr. phrasis-ifoda va logos-ta’limot) atamasi ikki ma’noda ishlatiladi: 1) til frazeologik tarkibini o‘rganuvchi tilshunoslik sohasi; 2) shu tilning frazeologizmi majmui.
Frazeologiyaning o‘rganish predmeti frazeologizmning tabiati va substantsional xususiyatlari hamda ularning nutqda amal qilish qonuniyatidir.
Frazeologizm til hodisasi sifatida lison va nutqqa daxldor birlikdir. Birdan ortiq mustaqil leksema ko‘rinishining birikuvidan tashkil topib, obrazli ma’noviy tabiatga ega bo‘lgan lisoniy birlik frazeologizm deyiladi: [tepa sochi tikka bo‘ldi], [o‘takasi yorildi], [boshga ko‘tarmoq] va boshqa.
Frazeologizm ibora, frazeologik birlik, turg‘un birikma, barqaror birikma, frazeologik birikma atamalari bilan ham yuritiladi.
Frazeologiya leksikologiya bo‘limining tarkibiy qismidir. Frazeologizm tashkil etuvchisiga ko‘ra qo‘shma leksema, so‘z birikmasi va gapga o‘xshaydi. Biroq ular ko‘proq qo‘shma leksema kabi til jamiyati ongida tayyor va barqaror holda yashaydi. Boshqacha aytganda, frazeologizm lisonda barcha lisoniy birliklarga xos bo‘lgan umumiylik tabiatiga ega va nutqda xususiylik sifatida namoyon bo‘ladi.
“L”, “M”, “Ng” tovushlarini undosh tovushlar tasniflariga ko’ra tavsiflang
L tovushi til oldi, portlovchi-sirg‘aluvchi, jarangli (sonor) undosh tovush bo‘lib, so‘z boshida (lagan, latifa, lof), o‘rtasida (olis, uloq, belgi ) va oxirida (kasal, kel, yo‘l) keladi. Bu tovush so‘z o‘rtasida kelganda so‘zlashuv nutqida ko‘pincha tushib qoladi: olsa>osa, kelsa>kesa, bo‘lsa>bo‘sa, kelgan>kegan.
Ng tovushi til orqa, portlovchi-sirg‘aluvchi, burun, jarangli, sonor undosh tovush bo‘lib, so‘z boshida mutlaqo uchramaydi. So‘z o‘rtasida (yangi, bangi) va oxirida (bodring, ong) keladi.
M tovushi - lab-lab, portlovchi-sirg‘aluvchi, burun, sonor, jarangli undosh tovush bo‘lib, so‘zning boshida (mehr, mo‘ylov, mulk), o‘rtasida (omon, umr) va oxirida (tom, bodom, qadam) kela oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |