K. G. Yung tomonidan ikkita asosiy hayotiy: ekstravertlashgan va introvertlashgan ustanovkalar tasvirlangan. Odamda har ikkala hayotiy ustanovkalar mavjud, lekin ulardan bittasi ustunlik qiladi. Ekstravertlashgan ustanovka ustunlik qilganda odamda qiziqishlarning tashqi olamga, boshqa odamlarga yo‘nalganligi namoyon bo‘ladi. Introvertlashgan ustanovka ustun bo‘lganda odamda qiziqishlarning o‘zining ichki olamiga, fikr va hissiyotlariga yo‘nalganligi namoyon bo‘ladi.
Ekzistentsial va gumanistik psixologiya
Psixologiyada ekzistentsial model determinizm va sababiylikni izchil inkor etish asosida shakllandi. Ekzistentsial psixologiyada markaziy o‘rinni inson turmush tarzining birlamchiligi haqidagi g‘oya egallaydi, uning eng muhim muammolari esa hayot va o‘lim, erkinlik va mas’uliyat, yolg‘izlik va mavjudlik mohiyatidir.
XX asrda ekzistentsial psixologiyaning metodologik asoslari F. Brentano va E. Gusserllarning ilmiy tadqiqotlarida yaratildi va L. Binsvanger, V. Frankl, R. Mey va boshqalarning ishlarida yanada rivojlantirildi.
Brentano Frants (1838 – 1917), nemis filosofi va psixologi. F. Brentano inson ongini faqat his qilib sezish, fenomenologik tasvirlash orqaligina o‘rganish mumkin, deb hisoblab, tabiashunoslik metodlarini psixologik tadqiqotlarda qo‘llab bo‘lmaydi, degan fikrda bo‘lgan. F. Brentano psixik faoliyat bilan jismoniy ob’ektlarni farqlash muhim emas, muhimi ularning ongda namoyon bo‘lish usullarini o‘rganish, deb hisoblagan. Ongning intetsionalligi muammosini o‘rganib, F. Brentano shunday xulosaga keldiki, odam ikki xil xodisalarni idrok qilish qobiliyatiga ega: 1) jismoniy va 2) mental.
Jismoniy xodisalar tovush yoki rangni idrok qilish jarayonida aniq bo‘ladi, mental xodisalar esa u yoki bu ob’ektga yo‘nalganlik orqali amalga oshiriladi (masalan, biron narsani ko‘rmay ko‘rib bo‘lmaydi, biron narsani sevmay sevib bo‘lmaydi). Bu yo‘nalishni F. Brentano intentsionallilik deb atagan. Shunday qilib, tabiatshunoslik metodlaridan psixologik tadqiqotlarda foydalanib bo‘lmasligini asoslovchi asosiy dalil jismoniy ob’ektlarning intentsionallilikka ega emasligi bo‘ldi. F. Brentano psixik xodisalarning asosida ong aktining psixik faoliyatning har qanday shakli bilan birga mavjud bo‘ladigan ichki idrok yotadi, deb hisoblagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |