Voxidov Mahammad Vohidovich (1927 - 1989 yillar) 1955 yili Leningradda nomzodlik ishini himoya qilgan. Dastlab Andijon Davlat pedagogika institutida, so‘ngra Qori Niyoziy nomidagi pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida ishlagan. 1966 yili Toshkent Davlat universiteti psixologiya kafedrasining mudiri etib tayinlangan. 1973 yili O‘zSSR Ministrlar Sovetining topshirig‘iga binoan Toshkent Davlat universitetining tarix fakulteti tarkibida psixologiya bo‘limini tashkil qilishga boshchilik qilgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Toshkent Davlat universiteti tarkibida tashkil qilingan psixologiya bo‘limi amalda Moskva va Leningraddagi psixologiya fakultetlaridan keyin psixologlar tayyorlaydigan uchinchi o‘quv markazi bo‘lib hisoblangan. Uning rahbarligida bo‘lim tarkibida V. Zinin, L.I. Soyfer ishtirokida o‘quv eksperimental laboratoriya tashkil qilingan. M.Voxidov tomonidan maktabgacha pedagogika bilim yurtlari uchun, pedagogika institutlari uchun darsliklar yozilgan, A. Petrovskiy tahriri ostidagi «Umumiy psixologiya» darsligi o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Nashr qilingan ilmiy ishlari: “Istoriya razvitiya psixologicheskoy mo‘sli v Uzbekistane” (1971), “Psixologiya” (1981).
Davletshin Muhammad Gabdulgalimovich (1927 – 2010). Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika instituti (hozirgi pedagogika universiteti)ning psixologiya kafedrasi mudiri, psixologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. 1957 yilda “5 va 7 sinf o‘quvchilarida texnik qiziqishlarning shakllanishi” mavzusida nomzodlik, 1971 yilda «O‘quvchilarning texnik qobiliyatlari psixologiyasi» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. M.G.Davletshin rahbarligi va maslaxatlari yordamida O‘zbekistonda 100 dan ortiq nomzodlik va doktorlik ishlari himoya qilingan.
Nashr qilingan ilmiy ishlari: “V-VII sinf o‘quvchilarida texnika qiziqishlarini shakllantirish” (1956), “Qiziqish va ta’lim” (1962), “Maktab o‘quvchilarining texnika qobiliyatlari psixologiyasi” (1971), “Yosh psixologiyasi va pedagogik psixologiya” o‘quv qo‘llanma (1974), “Qobiliyatlar va ularning diagnostikasi” (1979), “Hozirgi zamon o‘zbek oilasi va uning psixologik xususiyatlari” (1993), “Qadimgi Sharqda psixologik fikrlarning rivojlanishi” (1995), “Pisxologiyani pedagogik oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish yangi kontseptsiyasi” (1997), “Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi va psixologiya fanining vazifalari” (1998), “Zamonaviy maktab o‘qituvchisi psixologiyasi” (2000), “Umumiy psixologiya” (lektsiyalar matnlari to‘plami 2000).
Do'stlaringiz bilan baham: |