Bilim sohasi: 300000- ijtimoiy fanlar, jurnalistika va axborot Ta’lim sohasi
-MAVZU. PSIXOANALIZNING PAYDO BO‘LIShI VA RIVOJLANIShI
Download 1.38 Mb.
|
1 CHI KURS UCHUN PSIX TARIX G YUNUSOVA MAJMUASI 2022
8 -MAVZU. PSIXOANALIZNING PAYDO BO‘LIShI VA RIVOJLANIShI
XIX asrning ikkinchi yarmida psixologiya falsafadan ajralib chiqib mustaqil fan sifatida faoliyat yurgiza boshlagach, uning asosiy maqsadi laboratoriya sharoitida introspektsiya (o‘z-o‘zini kuzatish) usuli yordamida katta yoshdagi odam psixik hayotining asosiy elementlarini ochishdan iborat bo‘lib qoldi. Keyinchalik psixologiyada strukturaviy maktab deb nom olgan bu yo‘nalishga 1879 yili Leyptsigda birinchi psixologik laboratoriya tashkil qilgan Vilgelm Vundt asos solgan edi. Vundt psixologiyaning asosiy vazifasi sifatida ong jarayonini qismlarga ajratish va ular o‘rtasidagi qonuniyat bog‘lanishlarini o‘rganishni taklif qildi. Shuning uchun o‘sha davrning psixologlari Venalik yosh vrach Zigmund Freyd tomonidan hech kimning yordamisiz ishlab chiqilgan odamlarni o‘rganishning butunlay yangi yondashuvi paydo bo‘lganda karaxt holatga tushib qolishdi. Odam psixik hayotining markaziga ongni qo‘yish o‘rniga Freyd uni ozgina qismi suvning tepasiga chiqib turgan aysbergga qiyosladi. Shu davrgacha hukmronlik qilib kelgan odamga o‘z xulqini anglay oladigan aqlli mavjudot sifatida qarashlarga zid ravishda u boshqacha nazariyani taklif qildi: odamlar doimiy ziddiyat holatida bo‘lishadi va bu ziddiyatlarning sababi butunlay boshqa, psixik hayotning yanada kengroq sohasi bo‘lgan – anglanmaydigan jinsiy va agressiv mayllardadir. Freyd birinchi bo‘lib psixikani hech qachon o‘zaro kelisha olmaydigan instinkt, mulohaza va ong kuchlari o‘rtasidagi jang maydoni sifatida taqdim qildi. «Psixodinamik» atamasi aynan ana shu shaxsning turli qismlari o‘rtasidagi doimiy kurashga ishora qiladi. Psixoanalitik nazariya psixodinamik yondashuvning ko‘rinishi sifatida xizmat qilib, inson xulqini boshqarishda hukmronlik uchun o‘zaro raqobat qiladigan yoki kurashadigan instinktlar, motivlar (faoliyatga undovchi sabablar) va mayllarning murakkab o‘zaro harakatlariga asosiy e’tiborni qaratdi. Asosan Freyd talqinidagi, shaxs hech qachon to‘xtamaydigan, o‘zaro ziddiyatda bo‘ladigan jarayonlarning o‘sib boruvchi murakkab qurilmasidan iborat, degan tasavvurda psixodinamik yondashuvning mohiyati ifodalangan. Shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan dinamika tushunchasi insonning xulqi tasodifiy yoki bebosh bo‘lmay balki, determinlashgan, ya’ni sababiy bog‘langan degan ma’noni anglatadi. Psixodinamik yo‘nalishda determinizm biz bajarayotgan, his qilayotgan yoki o‘ylayotgan, hatto ayrim odamlar butunlay tasodif deb o‘ylaydigan hodisalarga ham, shuningdek bilmay gapirib yuborish, bilmay xato yozib qo‘yish va shunga o‘xshash barcha holatlarga ham birdek taalluqlidir. Bu tasavvur bizni psixodinamik yo‘nalish taqdim qiladigan eng asosiy va hal qiluvchi mavzuga olib keladi, ya’ni aynan shu tasavvur inson xulqini boshqarishda ongsiz psixik jarayonlarning ahamiyatini ta’kidlaydi. Freydning fikricha faqat qiliqlarimizgina aksariyat hollarda irratsional (mantiq qoidalariga zid) bo‘lmay, shuningdek bizning xulqimizning ahamiyati va sabablari ham kamdan-kam hollarda anglangan bo‘ladi. Freyd ta’limotini tan olmay turib zamonaviy shaxs nazariyalarini ob’ektiv baholab bo‘lmaydi. Biz uning u yoki bu (yoki hamma) g‘oyalarini tan olish yoki tan olmasligimizdan qat’iy nazar Freydning XX asr g‘arb tsivilizatsiyasiga ko‘rsatgan chuqur va mustahkam ta’sirini inkor etib bo‘lmaydi. Shuni ta’kidlash joizki, insoniyatning butun tarixi davomida kamdan-kam g‘oyalar shunchalik keng va kuchli ta’sir kuchiga ega bo‘lgan. Uning inson tabiatiga o‘ziga xos qarashlari o‘sha davrda hukmron bo‘lgan tasavvurlarga keskin zarba berdi; Freyd qorong‘i, yashirin, demak anglab bo‘lmaydi deb hisoblangan inson psixik hayotining qirralarini tushunishga erishishning qiyin, lekin jalb qiluvchi yo‘lini taklif qildi. O‘zining 45 yillik samarali ilmiy faoliyati davomida Freyd: 1) shaxsning birinchi keng ko‘lamli nazariyasini; 2) o‘zining terapevtik tajribasi va o‘z-o‘zini tahlil qilishiga asoslangan klinik kuzatishlarning keng miqyosli tizimini; 3) nevrotik buzilishlarni davolashning o‘ziga xos usulini; 4) boshqa hech qanday usul bilan o‘rganib bo‘lmaydigan psixik jarayonlarni tadqiq qilish usullarini yaratdi. Freyddan keyin shaxs nazariyasining psixodinamik yo‘nalishida bir-biri bilan unchalik bog‘liq bo‘lmagan nazariyalar paydo bo‘lib, ularning mualliflari yoki Freydcha yondashuvni kengaytirishga yoki uni qayta ko‘rib chiqishga harakat qilishdi. Freyd uning qarashlarini ma’qullaydigan ko‘plab intellektuallarni o‘ziga jalb qilgan va ruhlantirgan edi. Ulardan ba’zi birlari psixoanalizga nazariy tizim sifatida sodiq qolishdi; unga shunchaki sayqal berib zamonaviylikka yaqinlashtirishdi. Boshqalari butunlay o‘zgacha yo‘nalishdan ketishdi, o‘zlarining shaxsiy, aksariyat antogonistik pozitsiyalariga ega bo‘lishdi. Ulardan ikkitasi - eng mashhur nazariyotchilar, Alfred Adler va Karl Gustav Yunglar Freyd bilan aloqalarini uzib, o‘z shaxsiy noyob nazariy tizimlarini yaratishdi. Ularning har ikkalasi ham dastavval psixoanalitik harakat ishtirokchilari sifatida Freyd nazariyasining ko‘lami va yangiligini qizg‘in qo‘llab-quvvatlashgan. Biroq, vaqt o‘tishi bilan ular Freydning seksuallilik va agressiyaga inson hayotining markaziy mazmuni sifatida haddan tashqari katta ahamiyat berayotganligi bilan kelisholmasliklarini bildirishdi. Freyd bilan psixoanalizning boshqa nazariyotchilari o‘rtasida ham ko‘plab fikrlarda kelishmovchiliklar mavjud edi, biroq, Adler va Yungni hisobga olmaganda, ularning birontasi ham inson xulqining asosiy qirralarini qamrab olish ko‘lami jihatidan Freyd bilan bellasha oladigan tugal mustaqil nazariya yarata olmadilar. Adler qarashlari tizimining markaziy nuqtasini individuum (shaxs)ning sotsium (jamiyat)dan ajralmasligi g‘oyasi tashkil qiladi. Ijtimoiy – kognitiv yo‘nalish vakillari singari Adler shaxsning ijtimoiy determinantlariga alohida e’tibor beradi. Adler tomonidan muhim deb hisoblangan yana boshqa mavzular odamlarning: o‘z taqdirlarini o‘zlari yaratishlari; yanada qoniqarliroq hayot kechirish uchun hayvoniy mayllarini va nazorat qilib bo‘lmaydigan muhitni bartaraf qilishlari; o‘z-o‘zini anglash orqali o‘zlarini va atrof olamni takomillashtirishlari kabi qobiliyatlarida jamlangan. Adler singari Yung ham Freydni instinktiv seksual mayllarga haddan tashqari katta ahamiyat berganligi uchun tanqid qilgan. Yung tomonidan ko‘tarilgan markaziy mavzu odamlarga bir vaqtning o‘zida ham ularning kelajakka intilishlari va hamda hayot tajribalari ta’sir ko‘rsatadi degan g‘oyani o‘zida aks ettiradi. Yung shaxs nazariyotchilari orasida birinchi bo‘lib, shaxsning psixik salomatligiga erishish uchun uning turli yo‘nalishdagi intilishlari o‘zaro mutanosiblikdagi bir butunlikda jamlanishi kerak degan fikrni isbot qildi. Bu g‘oya Yung nazariyasida «shaxsiy o‘sish» atamasi bilan nomlanadi. Download 1.38 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling