Bilishning taraqiyotining mantiqiy shakllari reja: Bilishning mazmuni va mohiyati. Bilishning asosiy turlari va shakllari
Ong-tafakkur va borliqning birligi
Download 206.1 Kb. Pdf ko'rish
|
BILISHNING TARAQIYOTINING MANTIQIY SHAKLLARI
3. Ong-tafakkur va borliqning birligi.
Tafakkurning asosiy shakllari. Tafakkur jarayonining oqilona mazmuni tarixiy rivojlanish jarayonida yaratilgan mantiqiy shakllar qobig‘iga o‘raladi. Tafakkur o‘zining asosiy shakllari – tushunchalar, mulohazalar va xulosalar ko‘rinishida yuzaga kelgan, rivojlanmoqda va amalga oshirilmoqda. Tushuncha – narsalar va hodisalarning umumiy, muhim xossa va aloqalari aks etuvchi fikr. Tushuncha – tafakkur, tushunish faoliyatining mahsuli. Ular nafaqat narsalar va hodisalarning umumiy jihatlarini aks ettiradi, balki ularni bir-biridan ajratadi, ular o‘rtasida mavjud farqlarga qarab ularni guruhlaydi, tasniflaydi. Mulohaza – fikrning shunday bir shakliki, unda tushunchalarni bog‘lash yo‘li bilan biror narsa haqidagi biron-bir fikr tasdiqlanadi yoki rad etiladi. Masalan, «Terak – o‘simlik» degan shunday bir mulohazaki, unda terak haqida uning o‘simlik ekanligi xususida fikr bildiriladi. Tasdiqlash yoki rad etish, soxtalik yoki haqiqiylik, shuningdek ehtimol tutilgan narsalar bor joyda biz mulohazalarga duch kelamiz. Sub’ektning o‘zgarishiga qarab mulohazalar, masalan, shaxssiz bo‘lishi mumkin: «Tong otyapti», «Kayfiyat yo‘q». Yakka, ayrim va umumiy mulohazalar farqlanadi: «Nyuton tortilish qonunini kashf etgan», «Ayrim odamlar yovuz niyatli bo‘ladi», «Suyak – faol to‘qimalardan biri». Mulohazalar tasdiqlovchi va inkor etuvchi bo‘ladi: «Tana kuchni o‘simlik sharbatlaridan oladi», «Sayyoralar yulduzlar emas». Inson u yoki bu mulohazaga biron-bir dalilni bevosita kuzatish orqali yoki bilvosita yo‘l bilan – xulosa chiqarish yordamida kelishi mumkin. Tafakkur faqat mulohaza yuritish emas. Tafakkur jarayonida amalda tushunchalar va mulohazalar alohida o‘rin to‘tmaydi. Ular aqlning yanada murakkabroq harakatlari zanjiri – mushohadaning bo‘g‘inlari hisoblanadi. Xulosa chiqarish tafakkurning shunday bir amaliki, unda ayrim fikrlarni taqqoslash yo‘li bilan yangi mulohaza yaratiladi. Inson narsalarning, xossalari va munosabatlarini teran bilish orqali vaqti vaqti bilan hozirgi zamon chegaralaridan o‘tib, sirli kelajakka nazar tashlashi, hali ma’lum bo‘lmagan narsalarni oldindan ko‘rishi, yuz berishi ehtimol tutilgan va muqarrar bo‘lgan voqealarni bashorat qilishi mumkin. Bashorat qilish «murakkab narsani oddiy narsaga aylantirish»ning oliy darajasini tashkil etadi. Ilmiy bilim taraqqiyoti ilmiy bashorat kuchining o‘sishi va mazkur hodisa chegaralarining kengayishi bilan bog‘liq. Bashorat qilish jarayonlarni nazorat qilish va boshqarish imkonini beradi. Ilmiy bilish nafaqat kelajakni bashorat qilish, balki bu kelajakni ongli ravishda shakllantirish uchun imkoniyat yaratadi. Har qanday fanning hayot mazmunini shunday tavsiflash mumkin: bashorat qilish uchun bilish, ish ko‘rish uchun bashorat qilish kerak. Masalan, D.I.Mendeleev yuz yil keyin kashf etilgan kimyoviy elementlarning mavjudligini bashorat qilgan edi. Intuitsiya – haqiqatni mantiqiy dalillar yordamisiz, bevosita anglab etish qobiliyatidir. U doim inson aqli va joni birgalikda amalga oshirgan katta ish mahsuli hisoblanadi. Shu ma’noda faqat iste’dodli, mehnatkash va tirishqoq odamlargina intuitiv bilishga qodir. Mantiq sifatida tushuniladigan dialektika intuitsiyaning shakllanishi va uning natijalariga tanqidiy yondashilishiga imkoniyat yaratadi. Garchi intuitsiya deduktiv nazariyaning muhim bo‘g‘inlarini ko‘rsatib bersa-da, u bizni ularni isbotlash zaruriyatidan xalos etmaydi. Bevosita, kutilmagan va anglab etilmagan bilim sifatida intuitsiya quruq joyda emas, balki vazifalarni echish, echimni «intuitiv» topishni belgilaydigan muayyan asoslar mavjud bo‘lgan holda yuzaga keladi. Biroq intuitsiya natijalarini bilimning tegishli shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan sohalarida tekshirish lozim. Masalan, matematika va fizikada olingan natijalarni faqat tajriba o‘tkazish yo‘li bilan tekshirish mumkin. Ong shak-shubhasiz mavjud, ammo u mavhum bo‘lib, balki bilvosita – odamlar tili va muayyan faoliyati orqali namoyon bo‘ladi. Binobarin, inson borlig‘ining bu elementlarini tahlil qilmasdan ongning mohiyatini aniqlash mumkin emas. Mazkur tahlil ongning biologik jihatini ham o‘z ichiga oladi, zero uning mavjudligi inson bosh miyasi faoliyati bilan uzviy bog‘liq. SHu sababli ongning tabiati nafaqat falsafada, balki fiziologiya, psixologiya, sotsiologiya, kibernetika, informatika va boshqa ijtimoiy va tabiiy fanlarda ham o‘rganiladi. Ayni vaqtda mazkur muammo o‘ta murakkabligi tufayli uning falsafiy talqini ayrim fanlar uchun muhim metodologik rol o‘ynaydi. Ularning natijalari esa, o‘z navbatida, ongning tabiati xususidagi falsafiy mulohazalar uchun asos bo‘ladi. Ongning tabiati masalasining qo‘yilishi va unga berilgan tegishli javob, odatda, barcha keyingi falsafiy, chunonchi: ontologik, gnoseologik, ijtimoiy va boshqa mavzulardagi mulohazalarning yo‘nalishini belgilaydi. Ongsizlik. Ong insonning ichki dunyosi sifatida o‘z strukturasiga ega. Uni o‘rganishdan oldin quyidagi holatga e’tiborni qaratish lozim. Ba’zan «ong» tushunchasi «inson ruhiyati» tushunchasi bilan ayniylashtiriladi. Bu noto‘g‘ri. Ruhiyat – ongga qaraganda murakkabroq tuzilma. U aks ettirishning ikki sohasi – ong va ongsizlikni o‘z ichiga oladi. Olimlar insonda onglilik va ongsizlikning o‘zaro nisbati to‘g‘risida so‘z yuritar ekanlar, ba’zan ularni okeandagi muztoqqa o‘xshatadilar. Bu muztog‘ning suv ustidagi ko‘zga ko‘rinadigan qismi ongga qiyoslanadi, suv ostidagi ko‘rinmaydigan qismi esa ongsizlikka o‘xshatiladiki, uning miqyosi, shakli, tuzilishi va mazmuni haqida biz bilvosita belgilarga ko‘ra faqat taxmin qilishimiz mumkin. Ongsizlik sohasi – bu aqldan tashqaridagi ruhiy hodisalar, holatlar va harakatlar majmui, deb hisoblash odat tusini olgan. Bu sohaga, eng avvalo, instinktlar – inson xulq-atvorining uzoq tadrijiy rivojlanish jarayonida hosil bo‘ladigan va har bir mavjudotning hayot funksiyalarini, umuman uning mavjudligini ta’minlashga qaratilgan tug‘ma harakatlari majmui kiritiladi. Ongsizlikni (ong osti) tushunish yanada ko‘proq qiyinchilik tug‘diradi. Uning mavjudligi avstriyalik mashhur psixiatr Z.Freyd (1856-1939) tomonidan XX asr boshida aniqlagan. Ongsizlik strukturasiga ong sohasida vujudga kelishi va vaqt o‘tishi bilan ongsizlik sohasiga kirishi mumkin bo‘lgan intuitsiya va avtomatizmlarni ham kiritadilar. Intuitsiya – bu olish yo‘llari va shartlarini anglamasdan, bevosita hissiy kuzatish yoki mushohada yuritish yo‘li bilan olinadigan bilim. Avtomatizmlar – bu avval ong nazorati ostida paydo bo‘lib, uzoq mashq qilish va ko‘p karra takrorlash natijasida ongsiz harakatlar xususiyatini kasb etuvchi insonning murakkab harakatlari. Tush, gipnoz holati, somnambulizm hodisalari, hushsizlik holatlari ham ongsiz harakatlar hisoblanadi. Ong qanday strukturaga ega? Ong strukturasi ko‘p jihatdan shartlidir. Gap shundaki, ong elementlari bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Ammo, shunga qaramay, ongda quyidagi elementlarni ajratish mumkin: Birinchi element – bilim. Bu ongning bosh tarkibiy elementi, uning o‘zagi, mavjudlik vositasi. Bilim – bu insonning voqelik haqidagi tushunchasi. Inson ongida bilim anglab etilgan hissiy va abstrakt mantiqiy obrazlar sifatida aks etadi. Ikkinchi elementi – emotsiyalar. Inson o‘zini qurshagan dunyoni sovuqqonlik va befarqlik bilan emas, balki qoniqish, nafrat yoki hamdardlik hissi bilan anglab etadi. U o‘z ongida aks etgan hamma narsani his qiladi. Emotsiyalar borliqning real hodisalarini individ anglab etishini yo rag‘batlantiradi, yo bunga to‘sqinlik qiladi. Ko‘zni quvontiradigan narsalar xotiraga osonroq o‘rnashadi. Ammo ba’zan dunyoning «ko‘zni quvontiradigan» manzarasi o‘ziga mahliyo qilishi, illyuziyalar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Ayrim, ayniqsa salbiy emotsiyalar aqlning teranlik darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, qo‘rquv hissi inson yuz berayotgan hodisalarni anglab etishi yo‘lida to‘siqqa aylanishi mumkin. Uchinchi elementi – iroda hisoblanadi. Iroda inson o‘z faoliyatini ongli ravishda, izchillik bilan boshqarishini o‘zida ifodalaydi. Bu insonning o‘z faoliyatida yuzaga keladigan, sub’ektiv va ob’ektiv qiyinchiliklar va to‘siqlardan ongli ravishda oshib o‘tishni talab etadigan vazifalarni hal qilishga o‘z ruhiy va jismoniy kuchlarini safarbar etish va yo‘naltirish qobiliyatidir. Inson mehnat qurollarini yaratishi – bu irodani shakllantirishning birinchi va eng muhim maktabidir. Bunday ong osti harakati insonga hayvonlardan o‘tgan. To‘rtinchi elementi – tafakkur. Tafakkur – individ bilish faoliyatining voqelikni umumiy va bilvosita aks ettirish bilan tavsiflanuvchi jarayoni. Mazkur jarayon narsalarning muhim, tabiiy munosabatlarini ma’lum, his qilingan, eshitilgan narsalar asosida aks ettirishni o‘zida ifodalovchi abstrakt tushunchalar, mulohazalarning yaratilishi bilan yakunlanadi. Fikrlash faoliyati yordamida biz ko‘z bilan ko‘rish va qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lmagan narsalarni idrok etamiz. Tafakkur bizga muhim xossalar, aloqalar va munosabatlar haqida bilim olish imkoniyatini beradi. Tafakkur yordamida biz sirtdan ichga, hodisadan narsalar, jarayonlarning mohiyatiga o‘tishni amalga oshiramiz. Ong strukturasiga e’tibor va xotira ham kiradi. E’tibor – bu inson ruhiy faoliyatining muayyan ob’ektlarga qarab mo‘ljal olishda namoyon bo‘luvchi shakli. Xotira – bu individ miyasida uning o‘tmishdagi tajribasini mustahkamlash, saqlash va gavdalantirishdan iborat bo‘lgan ruhiy jarayon. Xotiraning asosiy elementlari eslab qolish, saqlash, gavdalantirish va unutish hisoblanadi. Eslab qolishning fiziologik asosini bosh miya po‘stlog‘ida vaqtinchalik nerv aloqalarining hosil bo‘lishi va qayd etilishi tashkil qiladi. Nerv aloqalarining keyinchalik jonlanishi eslab qolingan materialni gavdalantirish imkoniyatini beradi, bu aloqalarning susayishi esa xotiradagi materialning unutilishiga olib keladi. Insonning sub’ektiv borlig‘ida muhim kichik struktura – o‘zlikni anglash ham bor. Bu insonning o‘zini shaxs sifatida anglab etish, o‘zining mustaqil qarorlar qabul qilish va shu asosda odamlar va tabiat bilan ongli munosabatlarga kirishish, qabul qilingan qarorlar va harakatlar uchun javobgar bo‘lish qobiliyatini tushunish jarayonidir. Boshqacha qilib aytganda, o‘zlikni anglash – bu o‘z-o‘ziga, o‘zining ma’naviy qiyofasiga, o‘z bilimlari, fikrlari, qiziqishlari, ideallari, xulq-atvor mo‘ljallari, harakatlari va shu kabilarga yaxlit baho berishdir. O‘zlikni anglash yordamida inson o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatini ro‘yobga chiqaradi, o‘z-o‘ziga his qilishga qodir bo‘lgan fikrlovchi mavjudot sifatida baho berishni amalga oshiradi. Bu holda sub’ekt o‘z-o‘zini va o‘zining ongini bilish ob’ektiga aylantiradi. SHu tariqa inson o‘z-o‘ziga baho beradigan, shusiz hayotda o‘z o‘rnini belgilash va topishga qodir bo‘lmagan mavjudot sifatida namoyon bo‘ladi. Faylasuflarning o‘zlikni anglashga sub’ektiv dunyoning alohida sohasi sifatida yondashishlari Suqrotdan, uning «O‘z-o‘zingni angla» deb nomlangan maksimasidan boshlangan. Falsafa dunyo va inson haqidagi alohida bilim sifatida shakllanishi jarayonida jonning faolligi, aqlning o‘z-o‘ziga nisbatan tanqidiy munosabati haqida qarashlar vujudga kelgan. Platon fikriga ko‘ra, jon faoliyati – bu o‘zi bilan o‘zi suhbat xususiyatiga ega bo‘lgan ichki ishdir. Jon mulohaza yuritar ekan, o‘zi bilan o‘zi tinimsiz gaplashadi, savollar beradi, javoblar qaytaradi, tasdiqlaydi va e’tiroz bildiradi. Ong tarkibiy elementlari bir-biri bilan o‘zaro aloqaga kirishadi va ongga inson hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan bir qancha funksiyalarni ta’minlaydi. Ongning birinchi funksiyasi bilish yoki aks ettirish, ya’ni insonni qurshagan voqelik haqida va uning o‘zi haqida bilimlar olishdir. Bilish faoliyati sifatida anglash jarayoni hissiy, obrazli bilishdan boshlanadi va abstrakt fikrlash sari yuksaladi. Hissiy (empirik) bilish bosqichida rang-barang ashyoviy material to‘planadi va keyinchalik u abstrakt fikrlash yo‘li bilan umumlashtiriladi. SHu tariqa ong eng muhim hodisalarning mohiyatini anglaydi va ular bo‘ysunuvchi ob’ektiv qonuniyatlarni aniqlaydi. Bilish funksiyasi birinchi darajali ahamiyat kasb etadi, undan qolgan barcha funksiyalar kelib chiqadi. Mazkur funksiya faol, evristik xususiyat kasb etadi, ya’ni ong voqelikni ildamroq aks ettirish xususiyati bilan tavsiflanadi. Ongning bilish funksiyasi jamg‘arish funksiyasini belgilaydi. Bu funksiyaning mohiyati shu bilan belgilanadiki, bevosita, shaxsiy tajribadan olingan bilimlargina emas, balki zamondoshlar yoki o‘tmishdoshlardan olingan bilimlar ham inson xotirasida jamlanadi. Bu bilimlar zaruriyatga qarab aktuallashtiriladi, tiklanadi va ongning boshqa funksiyalarini amalga oshirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Inson xotirasi qancha boy bo‘lsa, u optimal qaror qabul qilishi shuncha oson bo‘ladi. Ongning aksiologik funksiyasi (baholash funksiyasi)da inson tashqi dunyo haqida ma’lumotlar olish bilan bir vaqtda ularni o‘z ehtiyojlari va manfaatlari nuqtai nazaridan baholaydi. Dunyoga qadriyat sifatida qarashning natijasi va maqsadi borliqni, dunyoning inson mayllari va ehtiyojlariga muvofiqlik darajasini, o‘z hayotining mazmunini anglab etish hisoblanadi. Tafakkur, bilish faoliyati asosan bilimni aniq ifodalash, mantiqiy sxemalarga rioya etish, ular bilan ish ko‘rishnigina talab qilsa, dunyoga qadriyat sifatida yondashish va uni anglab etish esa shaxsiy kuch-g‘ayrat, o‘y-mulohazalar va haqiqatni teran idrok etishni talab qiladi. Ongning baholash funksiyasi bevosita maqsadni shakllantirish funksiyasiga o‘tadi. Maqsadga intiluvchanlik – bu ongning muhim xususiyati hisoblanuvchi sof insoniy qobiliyat. Maqsad – bu insonning o‘z predmetini topgan ideallashtirilgan ehtiyoji; bu faoliyat predmetining shunday bir sub’ektiv obraziki, uning ideal shaklida inson faoliyatining mo‘ljallangan natijasi namoyon bo‘ladi. Maqsadlar insoniyatning jami tajribasi negizida shakllantiriladi va ijtimoiy, axloqiy, estetik va boshqa xil ideallar ko‘rinishidagi oliy shakllar sari yuksaladi. Ongning ijod funksiyasida insonning oliy imkoniyatlari namoyon bo‘ladi. Maqsadga intiluvchanlik, ya’ni inson o‘z harakatlarini «nima uchun» va «nimaga erishish yo‘lida» amalga oshirishini anglab etish har qanday ongli qilmishning zaruriy shartidir. Maqsadni ro‘yobga chiqarish muayyan vositalarni, ya’ni maqsadga erishish uchun yaratiladigan va shunga xizmat qiladigan vositalarni ishga solishni nazarda tutadi. Inson tabiatda mavjud buo‘lmagan narsalarni bunyod etadi. U butunlay yangi narsalarni va umuman yangi dunyoni yaratadi. Odamlar o‘zgartirgan, yaratgan narsalarning ko‘lami, shakllari va xossalari ularning ehtiyojlari, maqsadlari bilan belgilanadi; bu narsalarda inson niyati, uning g‘oyalari ro‘yobga chiqariladi. Ongning kommunikativ funksiya (aloqa funksiyasi)da odamlar umumiy mehnatda ishtirok etadilar va bir-birlari bilan o‘zaro aloqalarga kirishishga doimi muhtoj bo‘ladilar. Fikrlarning bu aloqasi nutq orqali (ovozlik aloqa) va texnika vositalari yordamida (matnlar, kodlangan axborot) amalga oshiriladi. Shaxs ongining mantiqiy siklini tartibga solish (boshqaruv) funksiyasi yakunlaydi. Ong omillarga baho berish asosida va qo‘yilgan maqsadga muvofiq inson harakatlarini, keyinchalik esa – jamoalarning harakatlarini ham boshqaradi, tartibga soladi. Download 206.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling