Reja intizomiga to’la rioya qilish va uni operativ nazorat qilish rejalashtirishning muhim tamoyilidir. Reja ko’rsatkichlarining bajarilishini doimo nazorat qilib borish, yo’l qo’yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, zarur ichki rezervlarni qidirib topish va zarur bo’lganda reja ko’rsatkichlariga tuzatishlar kiritib borish talab etiladi.
Qishloq xo’jaligi korxonalari faoliyatini rejalashtirish qoidalar, yo’llari va usullari yig’indisi rejalashtirish uslubiyotini tashkil etadi. Rejalarni tuzishda, balans, variant, me’yoriy-resurs, maqsadli dasturlash hamda iqtisodiy-matematik usullardan keng foydalaniladi.
Balans usuli rejalashtirishning eng asosiy usuli bo’lib, yer resurslari, mehnat resurslari, energetik resurslar, material resurslar va moliyaviy resurslar balanslarini tuzish orqali rejaning ayrim bo’limlari va ko’rsatkichlari o’rtasida muvofiqlik hamda muttanosiblik ta’minlanadi.
Variant yoki hisob-konstruktiv usul asosida texnikaviy-iqtisodiy koeffisentlarning, moddiy-pul xarajatlarining, tarmoqlararo va ishlab chiqarish elementlari mutanosibligining turli variantlarini ishlab chiqish yotadi.
Maqsadli dasturlash usuli orqali korxonani rivojlantirishning asosiy vazifasi, maqsadi aniqlanib, uni hal qilishning vositalari va yo’llari ishlab chiqiladi. Bu usul uzoq muddatli istiqbol rejalarni ishlab chiqishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ladi.
Iqtisodiy-matematik usul rejaning eng maqsadga muvofiq (optimal) variantlarini aniqlashda, iqtisodiy, tashkiliy hamda texnik jarayonlarni optimallashtirishda keng foydalaniladi. Masalan, ekin maydonlarini, poda strukturasini hamda mexanizasiya ishlarini traktor markalari o’rtasida taqsimlashning optimal yo’llarini aniqlashda juda qo’l keladi.
Me’yoriy-resurs usulida korxona ishlab chiqarish jarayonining asosiy omillari bo’yicha ishlab chiqarish salohiyatiga baho beriladi. Ishlab chiqarish salohiyati deganda korxonada mavjud mehnat, moddiy va moliyaviy resurslarning hajmi va ular o’rtasidagi o’zaro bog’liqlik va mutanosiblik darajasi tushuniladi.
Rejalashtirish uchun talab etiladigan dastlabki ma’lumotlar hamda istiqbol, joriy, operativ va biznes-rejalarni ishlab chiqish - rejalashtirish tizimini tashkil etadi.
Qo’yilgan maqsad va vazifalarning mazmunidan kelib chiqib rejalarning quyidagi shakllarini ajratib ko’rsatish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |