Bob. Paxta ishi – sovet rejimining O‘zbekistondagi so‘nggi qatag‘on siyosat


Download 382.75 Kb.
bet6/7
Sana18.06.2023
Hajmi382.75 Kb.
#1598788
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Oʻzbekistonda paxta ishi va uning oqibatlari

A.Gurov: – Menimcha, buning sabablarini iqtisodiy hayotdan izlash kerak. Janub – bu bizning Klondayk. (Klondayk – Kanadadagi oltinga boy hudud. – O.T.) Salbiy hodisalar haqida gap ochilsa, negadir nuqul O‘zbekiston haqida so‘zlaydilar. Bu o‘rinda gap qog‘ozda yetishtirilgan paxta uchun milliardlab so‘m pul o‘g‘irlanganida, rahbarlarning korrupsiyaga berilib ketishi tufayli respublika jar yoqasiga kelib qolganida emas, respublika haddan tashqari kavlab tekshirilgani sabab O‘zbekiston tildan tushmay qoldi. Gap shunda. Boshqa hududlarni tekshirish uchun esa qo‘limiz kaltalik qilyapti». (Tarjima bizniki – O.T.)
1991 yil sentyabrining 2-kunida SSSR xalq deputatlarining navbatdan tashqari V s’yezdi bo‘lib o‘tadi. Sentyabrning 3-kuni SSSR Bosh prokurori Nikolay Trubin sobiq tergovchilar – SSSR xalq deputatlari Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov ustidan ochilgan jinoiy ishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Shuningdek, SSSR Bosh prokuraturasi tergov bo‘limi sobiq boshlig‘i German Karakozov va boshqa ko‘plab prokuratura xodimlari ustidan ochilgan jinoiy ishlar to‘xtatiladi. 
Xalqimizning «Onangni qozi so‘rasa dodingni kimga aytasan…» degan maqoli bejiz emas. Bu xalqning boshida bu sho‘rish ham bor ekan. Ushbu adolatsizlik tantanasiga oid «TASS» xabari «Pravda» gazetasining 205-sonida chop qilingan.
Xullas, 1983 yilning sentyabridan 1989 yilning may oyiga qadar O‘zbekistonda faoliyat yuritgan Gdlyan – Ivanov guruhi, yuqorida ko‘rganimizdek, «harakatlarida jinoyat sostavi yo‘qligi sababli» (Oqlovni qarang! – O.T.) tergovdan ozod bo‘ladi. Bu qarordan norozi bo‘lgan O‘zbekistonlik 83 nafar SSSR xalq deputati s’yezdga maktub yo‘llaydi. Shu bilan birga, noiblar O‘zbekiston prokuroridan Gdlyan va Ivanovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘ab, mustaqil tergov o‘tkazishni talab qiladi.
O‘zbekistondan saylangan SSSR xalq deputatlari tashabbusi bilan T.Gdlyan boshliq tergov guruhining faoliyatini tekshirish uchun parlament komissiyasi tuziladi. Komissiyaga tarixchi olim va publitsist Roy Medvedev rais etib tayinlanadi. Matbuotchilar bilan uchrashgan komissiya raisi Moskva va Leningradda «Gdlyan va Ivanovni himoya qilish uchun» tuzilgan ko‘pdan-ko‘p frontlarning komissiyaga qattiq tazyiq o‘tkazishga urinayotgani, «tergovchilarning adolatli ishini himoya qilish to‘g‘risida»gi talabnomalar kelib turgani, dag‘dag‘alar bo‘layotganini aytib o‘tadi.
Yana bir ma’lumot, Oliy Sovetga Gdlyanni SSSR xalq deputati qilib saylagan Zelenograd shahri saylovchilarining «O‘zbekistonlik deputatlarni S’yezd minbariga yaqin yo‘latmang» degan maktubi ham kelib tushadi. 
Shunday qilib, «qizil o‘lat» yangi shaklda namoyon bo‘lgan edi. Bu ikki manfur ijrochi buyurtmachi homiy tomonidan taqdirlanib, avvaliga Armaniston SSR Oliy Soveti deputati, keyinroq SSSR xalq deputati etib saylanadi. Bu bilan DXQ o‘z rejasini to‘la-to‘kis amalga oshiradi. Qo‘qon Muxtoriyatini yakson qilib qo‘li qonga botganlar oradan oltmish olti yil o‘tib yana o‘sha zulmat tig‘ini ochiqqo‘l va sodda xalqning yuragiga sanchadi. Tarix takrorlandi, zulm-zo‘rlik, qatag‘on va xo‘rlik takror bo‘ldi. Adolat, haqiqat axtargan bechora avom esa Kalomulloh o‘qib, Haqdan o‘zga haq yo‘qligiga yana bir bor imon keltirdi…
O‘zbekda «Ham g‘arlik, ham sharlik» degan maqol bor. Bu maqol axloqsizligini tan olmay, buning ustiga, shaddodlik bilan tuhmat qiladigan kishiga nisbatan aytilgan.
Gulistonlik M.Ahmedovning «Birning kasri mingga urmasin-da!» maqolasi («O‘zAS»,1988 yil 20 may) millat boshiga yog‘dirilgan tuhmat toshi naqadar og‘ir ekanligiga bir misol bo‘la oladi.
«Toshkent – Moskva» poyezdida safarga ketayotgan edim. Restoranda xunuk bir voqea yuz berdi. To‘g‘risini aytsam, safar ham tatimadi. Nima bo‘ldi deng? Ovqatlanib bo‘lgach, ofitsiantka hisob-kitob qildi. «Olti so‘m 60 tiyin deganda qo‘liga bitta o‘n so‘mlik berdim. «Maydam yo‘q edi-ya», deb qaytim berishni paysalga soldi. Aybim, «ha, mayli, qo‘yavering», debman. Men bilan birga ovqatlangan kupedoshim:
– Birodar, qaytim olish boyvachchalarga yarashmaydi, deb qoldi.
Jahlim chiqdi.
– Meni boyvachcha deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz yanglishasiz, – dedim ranjib. – Men oddiy odamman, yigirma yildan beri dalada suvchilik qilaman…
– Mug‘ombirlik ham evi bilan-da, - sherigim istehzosini yashirmay qo‘ya qoldi. – Millionlarni bosib, xumga ko‘mib yotibsizlar-ku. Nima, gazeta o‘qimaydi, deb o‘ylaysizmi? 
Nafasim ichimga tushib ketdi. Birozdan keyin o‘zimga keldim, ammo indamadim. Tortishib o‘tirish befoyda, dedim-da, qaytimdan ham kechdim. 
Tortishish kechqurun boshlandi, tonggacha davom etdi. Moskvalik injener yigit ekan sherigim. Esli-hushli, bama’ni, ammo biz haqimizdagi fikri chatoq. Go‘yo hammamiz boyvachchamiz. Hayot ertaklardagiday: qozon to‘la moy, qo‘ylar so‘yilgan, palov, kabob deganingiz mo‘l! Sovg‘a-salommi, marhamat, razmerini aytsangiz bas. Hammayoqda o‘yin-kulgu, askiya…
Yo‘q, bunaqa emas. Besh-o‘nta haromtovoqni deb yuzimiz qora bo‘lmasligi kerak. Yigirma yildan beri g‘o‘zaga suv tarayman, erta bahordan to kech kuzgacha tinim bilmayman. Ammo oshib-toshib ketgan joyim yo‘q. Farzandlarimning bo‘yi cho‘zilib qoldi. Sandiqda esa hech vaqo…»
Shoir Sulaymon Rahmon qalamkash do‘stiga qarata yozgan she’rida noqisliklarga isyon qilib:
«Hayqir, ey, sabrning kosasi to‘ldi!
Gunohkor – begunoh! Begunoh – o‘ldi! 
Qor yog‘di. Izlar yo‘q. Bu qandoq bo‘ldi?!
Navo qil, qorni yoq, izni tiriltir», – deb hayqiradi.
Shoir jafokash xalqning faryodini bayon etgan. Keling, shu o‘rinda respublikaning o‘sha yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotini bir esga olaylik.»Paxta ishi», «O‘zbek ishi» degan mash’um hujjatlarda ming martalab takrorlanganidek, bu xalqning tuvagi tilladan bo‘lib ketganmidi? Balki, rostdanam qishloqlardagi har bir o‘zbek dehqoni amir Olimxondek hayot kechirgandir? Bugungi yoshlar bilishi uchun bu savollarga tarixchi va iqtisodchi mutaxassislar to‘g‘ri va xolis javob berishlari lozim. Men bu o‘rinda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi taxlamlarini varaqlab, ko‘zim tushgan ayrim misollarni keltirib o‘taman. Haftalikning 1989 yilgi 1 yanvar sonida akademik Bekjon Toshmuhamedov «El to‘q, mamlakat obod bo‘lsin» maqolasi orqali ma’murchilik va ijtimoiy farovonlik yo‘lga qo‘yilmagan joyda eng avvalo xalqning tibbiy ahvoli keskin yomonlashib, o‘nglab bo‘lmas vaziyat vujudga kelishini dalillab beradi.Respublika iqtisodi va qishloq xo‘jaligining nochor holga tushib qolgani aholi dasturxonida, yemak-ichmagida aks etayotganini aytib o‘tadi. Olim millatdoshlari quvvatni guruch va xamir ovqat, non-choydan olayotganini ta’kidlaydi.
«Bu ko‘ngilsiz hol rasmiy statistik ma’lumotlarda ham o‘z ifodasini topgan. Agar go‘sht, sut, tuxum iste’mol qilish mamlakat bo‘yicha jon boshiga o‘rtacha 64 kg, 341 l va 272 donani tashkil etsa, bu miqdor O‘zbekistonda 29 kilogramm go‘sht, 186 litr sut va 112 dona tuxumga to‘g‘ri keladi. Bu farqlar – hatto mamlakat bo‘yicha ko‘rsatkichlarning o‘zi ham ilmiy asoslangan normalardagidan ancha pastligini inobatga olmagan taqdirda ham – hazilakam emas. Respublikamiz aholisi kartoshkani ham Ittifoq darajasidagiga qaraganda uch baravar kamroq iste’mol qiladi. Buning ustiga, baliq mahsulotlari, qand, hatto sabzavot va mevalar iste’mol qilish jihatidan ham biz mamlakat bo‘yicha o‘rtacha darajadagidan orqadamiz». 
B.Toshmuhamedov O‘zbekiston bolalar o‘limi ko‘pligi jihatidan Ittifoqda «peshqadam»ligini, bu noxush manzara Yaponiyaga solishtirganda o‘n baravar ko‘pligini ta’kidlab, fojia ildizi nochor va ayanchli turmushda, deb uqtiradi. Muallif keltirgan statistik ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda qishloq aholisi jon boshiga bir yilda 8 kilogramm go‘sht to‘g‘ri keladi. Bu esa Estoniya qishloq aholisinikidan o‘n baravar kam.
Iqtisodchi olim Nurislom To‘xliyevga ko‘ra, «Mamlakat bo‘yicha iqtisodiy taraqqiyot darajasi to‘rt «mintaqa»12ga bo‘linadi. Birinchi mintaqaga Boltiqbo‘yi jumhuriyatlari va Belorussiya kiradi. Ikkinchi mintaqaga RSFSR, Ukraina va Moldova, uchinchi mintaqaga Qozog‘iston, Armaniston va Gurjiston jumhuriyatlari, to‘rtinchi mintaqaga esa Ozarbayjon va O‘rta Osiyo jumhuriyatlari kiradi. Tasavvur qiling, biz ana shu oxirgi mintaqaning ham eng so‘nggi o‘rinlaridan birida turamiz.
Yana bir dahshatli misol. Kolxozchilarga13 jumhuriyatimizdagi (1988 yilda) to‘lanadigan mehnat haqi mamlakat bo‘yicha kolxozchilarga to‘lanadigan o‘rtacha mehnat haqidan 21,5 foizga kamdir. RSFSRdagidan 34,0, Belorussiyadagidan 33,2, Litvadagidan 49,6, Latviyadagidan 62,5 foizga, Estoniyadagidan esa 2 martadan ham kam bo‘ldi».
Poyonsiz paxtazorlarda chigirtkaday chirqillab yurgan go‘dak-bolalar mehnati qadim zamonda emas, sovet O‘zbekistonida zavq-shavq bilan madh etilgan. Bunday hayot deyarli har bir o‘zbek bolasining taqdiriga esh edi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Erta bahordan to qishgacha dalada ko‘kargan avlod uchun maktab ham, muallim ham paxtazor bo‘lgani ayni haqiqat. Chin dunyoga ketgan shoir Chori Avazning 1989 yilda e’lon qilingan bir turkumida shunday satrlar bor: 
«Maktab – o‘n yil.
Yarmidan ko‘pi
Paxtazorda kechgan –
Yagana, o‘toq, terim.
Nimjon g‘o‘zalarni yulib bir paytlar,
Paxtakorga sharaf keltirgan bo‘lsam,
Bugun maktabdagi nimjon yillarim
Yagana qilmoqqa turibman mahkum.
Qaysi bir yilimdan kechayin, ayting?»
O‘sha yillarda ayrim yutdoshlarimiz yurak yutib muammodan so‘z ochadi. Farg‘onalik Tohir To‘xtasinov «Dehqon faqat og‘izda yoki qog‘ozda emas, amalda yerning haqiqiy egasi bo‘lishi kerak. Inson o‘z mehnatining samarasidan to‘la bahramand bo‘lmasa, yaxshi yeb-ichmasa, dam olmasa, faqat og‘ir ish qilaversa, yashashdan nima ma’no qoladi?» deya savol qo‘ygan bo‘lsa, bekobodlik maktab o‘quvchisi Abduvahob Boltaboyev kattalar qo‘yolmagan masalani qo‘rqmasdan o‘rtaga tashlaydi.
«Mening yoshligim dalada o‘tayapti. Qishlog‘imizning hamma tomoni paxtazor. Ota-onamga yordam bo‘lsin, deb saraton jaziramasida bo‘yim tengi ketmon ko‘tarib dalada ishlayman. Kuzda paxta teraman. Ish haqimiz esa ma’lum. Hozir ko‘plab xo‘jaliklarda oila va ijara pudrati joriy etilyapti. Shu ketishda bir necha yildan keyin qishloqlarda ishsizlar soni ko‘payishi tayin. Zero, kolxoz-sovxozlarda paxtani qayta ishlashga mo‘ljallangan korxonalar qurilsa, ayni muddao bo‘lardi. Shuningdek, qishloqlarda madaniy-maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini ko‘paytirish lozim. Bizning qishloqda esa na klub, na hammom, na sartaroshxona, na bolalar bog‘chasi bor. Qolganini o‘zingiz tushunib olavering».
Qiziltepalik I.Berdiyevning maktubini ham shunchaki o‘qib bo‘lmaydi.
«Qishloqlarimiz hayoti ancha murakkab. Ba’zi oilalar besh-olti kishilashib dalada ishlaydi. Ammo haftada ikki kilogramm go‘shtni ham osonlikcha topolmaydi. Qishni g‘o‘zapoya bilan o‘tkazayotganlar, bolalarini durustroq kiyintirish uchun pul topa olmayotganlar qancha? Qishloq bolalarining aksariyati noyabrdan to tut pishig‘igacha olma, uzum, anor, qovun kabi servitamin noz-ne’matlarni deyari tanovul qilmaydi. Asosiy ovqatlari non va choy. Ustiga-ustak uyda mol boqish uchun yem-xashak yo‘q. Tomorqalarning asosiy qismi chorva ekinlari bilan band. Bu hollar partiya va hukumatimizning keyingi paytlarda qabul qilingan qarorlarida keskin tanqid qilindi, sharoitni yaxshilash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Lekin natija qani? Dehqon tomorqasini rivojlantirishga, shaxsiy xo‘jaliklarda chorva mahsulotlari, meva va sabzavotlari yetishtirishni ko‘paytirishga qachon amaliy yordam ko‘rsatiladi?»
Bu o‘tli xitoblar dunyoga «o‘g‘ri», «muttaham», «poraxo‘r», «boqimanda», degan qator tuhmat yorliqlari bilan tanishtirilgan mehnatkash, mard, ochiqqo‘l va tanti xalqning mustabid tuzumga qarata aytgan so‘rovi edi. 

XULOSA


Xullas, sovet rejimining paxta ishioqibatida O’zbekistonda minglab kishilar nohaq ravishda jazolandi. Xalq xo’jaligi sohalarida qo’shib yozish, poraxo’rlik va korrupsiyaga aloqador jinoyatlar SSSR ning deyarli barcha hududlarida yuz bergan bo’lsa ham “tajriba maydoni” sifatida O’zbekiston tanlandi hamda jinoiy ishga aloqador kishilardan tashqari ko’plab odamlar aybsiz jazoga tortildi. Kommunistik mafkuraning qatag’on qilichi bu bilan cheklanmasdan paxta ishini o’zbeklar ishiga aylantirishga urindi. Qatag’on siyosatini amalga oshirishda Markaz rahbariyati va vakillaridan tashqari O’zbekistonning o’sha paytdagi siyosiy rahbariyati, xalqimiz orasidan chiqqan hamd tergovchilar bilan hamkorlik qilgan va ularning g’arazli ishlariga ko’maklashgan yrim qo’rqoq va xoinlar ham faollik ko’rsatdi. Bu – tarixning achchiq haqiqati.


Download 382.75 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling