Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
149 Bobur orqaroqda turgan navkarlariga o‘girildi-yu, ko‘zi Tohirga tushdi: — Tez chorraha darvozasiga boring! Xonzoda begimni topib, mening buyrug‘imni yetkazing! Darhol bu yoqqa yetib kelsinlar! Begim kelmagunlaricha biz qo‘zg‘olmaymiz! Shuni borib ayting! — Amirzodam!.. — deb Qosimbek Boburga e’tiroz qilmoqchi bo‘lgan edi. Bobur unga quloq solmay yana Tohirga buyurdi: — Tezroq boring! Shiddat bilan chopayotgan otning taqalari toshlarga qarsillab urilib, ko‘chalarning tungi sukutini buzib o‘tdi. Tohir Chorraha darvozasiga yetib borganda Xonzoda begim tushgan mahofa mash’al ko‘targan otliqlar qurshovida qo‘rg‘ondan chiqib ketmoqda edi. Ko‘pdan beri davom etayotgan qamal yov qo‘shinini ham toliqtirgan, hamma urush tugashini sabrsizlik bilan kutar, agar Boburning opasi xonning shartini qabul qilsa, sulh tuzilishini ko‘p odam bilar edi. Endi shahardan mash’alalar yoqib, darvozani ochib chiqqan shohona mahofa va uning ichida o‘tirgan Xonzoda begim xon qo‘shiniga tinchlik alomati bo‘lib ko‘rindi-yu, hammani uyg‘otib yubordi. Sulh keltirayotgan malika sharafiga naqoralar va karnay-surnaylar chalindi. Mahofa atrofiga mo‘ri-malahday qo‘shin to‘planib borayotganini Tohir ochiq darvoza orqali ko‘rdi-yu, otini tez orqaga burdi. Shayxzoda darvozasi oldiga uchib borib, hamma ko‘rganlarini Boburga aytib berdi. Shodlikka to‘lib yangrayotgan naqora sadolari, karnayning «vah-vaha-hu-u»si, surnay navosi bu yerlarga ham eshitilmoqda edi. Boburning nazarida, Xonzoda begim qari qiz bo‘lishdan qo‘rqib va ukasi dargohida tortgan kulfatlaridan bezib, Shayboniyxon huzuriga rohat-farog‘at izlab ketgan edi. — Dunyoda sadoqat yo‘q ekan! — dedi u alam bilan va otining jilovini siltadi: — Darvozani oching! Darvoza sekin ochildi. Choh ko‘prigi tushirildi. Olti oydan beri qo‘rg‘ondan chiqmagan bir dasta otlig‘u piyoda odamlar qorong‘i tunda yuraklarini hovuchlab, choh ko‘prigidan o‘tdilar. Atrof tahlikaga to‘la. Go‘yo har daraxt ortida bir o‘lim kutib turibdi. Yo‘llarda yov jangdovullari uchrab qolishidan xavotirlanib, yo‘lsiz joylardan yurdilar, chuqur ariqlardan o‘tdilar. Lekin biror joyda yovga duch kelmadilar. Samarqand qo‘rg‘oniga o‘ralib, uning olti darvozasini olti boshli ajdarhoday qo‘riqlab yotgan yov qo‘shinining butun diqqat-e’tibori xon qarorgohidan kelayotgan karnay- surnay tovushiga va qal’adan go‘yo sulh timsoli bo‘lib chiqqan malikaga jalb bo‘lgan edi. Xonzoda begim xonning shartini qabul qilgandan so‘ng Boburni ta’qib etmaslik haqida butun qo‘shinga farmon berilgan edi. Xonzoda begim hamma balolarga o‘zini tutib berib ukasini yov qurshovidan xalos qilganini Bobur bilmasa ham Qutlug‘ Nigor xonim yaxshi bilar edi. Uzoqdagi naqora va karnay-surnaylar to‘y shodiyonasini eslatuvchi quvnoq kuylar chalgan sari Qutlug‘ Nigor xonimning yuragi qon bo‘lib, ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilardi. Download 1.14 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling