Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
37 Quvasoyning suvi tobora ko‘tarilib bormoqda edi. Oldinda kelayotgan otliq chig‘dovullar uncha ko‘p emas edi, shuning uchun ko‘prikdan siyrak saf bilan o‘tib ketishdi. Ammo ulardan keyin kelayotgan saflar juda qalin edi. Har bir bekning navkarlari o‘zlariga qarashli yuklarni tuya qo‘shilgan og‘ir aravalarga ortib kelmoqda edilar. Chug‘uruqday behisob qo‘shin otlari, tuyalari, aravalari bilan birga yomg‘irli tongda qop- qora selga o‘xshab ko‘prikni limmo-lim to‘ldirib kela boshladi. Ko‘prikning o‘rtasida boyagi yigitlar mixlarni sug‘urib, to‘sinlarini arralab ketgan joy bunchalik og‘ir yukka bardosh berishi amrimahol edi. Buning ustiga, xuddi o‘sha joyda bir cho‘bir otning ikki oldingi oyog‘i mixi ko‘chirilgan yog‘ochlarning yorig‘iga tushib ketdi. Ot o‘mrovi bilan yiqilib tushib, oyog‘ini sug‘urib ololmay tipirchilay boshladi. Egarda o‘tirgan navkar otning boshidan oshib, boshqa otlarning oyog‘i tagiga uchib tushdi. Hozir behisob tuyoqlar ostida qolib yanchilishini sezdi-yu, dod solib qichqirdi. Hamrohlari beixtiyor jilovlarini tortishdi. Ba’zi otlar qo‘rqib orqaga tisarilib ketdi. Orqadagilar esa hech narsadan bexabar, yopirilib kelmoqda edi. Bir lahzada ko‘prikning shu joyi haddan tashqari tiqilinch bo‘lib ketdi. Arra va bolta zarbalaridan nochorlashgan ko‘prik yog‘ochlari to‘satdan qarsillab sindi. Tiqin bo‘lib yotgan o‘nlab otlar, odamlar ko‘prik yog‘ochlariga qo‘shilib suvga qulab tushdi. Toshib turgan soyning suvi qulab tushganlarni lopillatib oqizib ketdi. Ko‘prik ustida qolganlar jonholatda orqaga burilib, qochmoqchi bo‘lishdi. Ammo orqadan hamon otliqlar, aravalar, tuyalar ko‘chkiday bostirib kelmoqda edi. Oldinda nima hodisa bo‘lganidan bexabar podshoh eng yaqin beklari bilan soyning narigi chetida turib, qo‘shinni ko‘prikka tomon yo‘naltirmoqda edi. Lekin ko‘prik o‘rtasidan ko‘tarilgan qiy- chuv, to‘polon tobora zo‘rayib borardi. Vahimaga tushgan qo‘shin birdan o‘zini orqaga tashladi, ammo ur-sur to‘polonda ko‘prikka sig‘may, ot-ulovlari bilan suvga tutday to‘kila boshladi. Ko‘prik qanotlarining ancha joyi sindirib tashlangani ularning qulab tushishini osonlashtirardi. Tartibi buzilgan aravalar bir-birini itarib, ko‘prikning butun turgan qanotlarini ham sindirib qulamoqda edi. Ba’zi navkarlar yo‘lida uchragan tirik jonning hammasini qamchilab o‘tmoqchi bo‘lsa, ba’zi beklar qilich yalang‘ochlab, to‘polonni tig‘ bilan bosmoqchi bo‘lishadi. Ammo g‘ij-g‘ij bo‘lib, qurt-qumursqaday qaynab yotgan qo‘shin ko‘prikka shunday tiqilib qolgan ediki, unga na qamchi kor qilar edi, na qilich. Tuyalar bo‘kiradi. Odamlar qichqiradi. Talvasaga tushgan olomon tig‘ ko‘targan beklarning o‘zini otlari bilan surib borib, ko‘prikdan ag‘anatib yuboradi. Podshoh bilan birga qirg‘oqda turgan xos navkarlar suvda oqib borayotganlarni qutqarishga farmon oldilar. Ular qamishlarni shaldiratib, suvga yaqin borganlarida o‘zlari ham balchiqqa botib keta boshladi. Keyin orqada qolganlari arqon tashlab ularning uch- to‘rttasini zo‘rg‘a qutqarib oldi. Boshqalarini qamishzor balchiq qa’riga tortib ketdi. Suvga qulab tushganlarning cho‘kkani cho‘kib o‘ldi. Suzishni biladiganlari esa otlarning bo‘yniga yopishib qamishzor qirg‘oqqa chiqay deganda balchiqqa botdi. Sassiq botqoqlik ajdahoga aylanib odamni ham, otni ham oyog‘idan pastga tortar edi. Otlar jon achchig‘ida siltanib kishnar, odamlar qamishlardan qo‘llari tilinib dod solar, ammo ular talvasa qilganlari sari balchiqqa chuqurroq botib, yuz azoblar bilan jon berishar edi. O‘rtasi sinib tushgan ko‘prikning ustida — ag‘darilgan aravalar, yiqilib yotgan ot va tuyalar orasida talay navkarlarning ezg‘ilangan jasadlari qoldi. Yovning shu bir-ikki soat ichida ko‘rgan talafoti urush boshlangandan beri ko‘rgan hamma talafotlaridan ko‘proq va dahshatliroq edi. Yana bu falokatning sababini hech kim bilmas edi. Shuncha odamning mislsiz qiynoqlarda jon berganini ko‘rgan jangchilar mag‘lubiyatga uchragandan battar esankirab, ruhsizlanib qoldilar. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling