Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
87 Samarqanddan olib kelayotgan Bobur Bulung‘ur va Xaliliya* qishloqlaridan o‘tib, Sangzor daryosiga yaqinlashib qolgan edi. Og‘ir xastalikdan yaqinda turgan Bobur yana uzlikib qolmasligi uchun uni to‘rt otliq mahofaga o‘tkazganlar, tagiga yumshoq parqular solganlar. Mahofaning eshik va derazalariga osilgan qizg‘ish ipak pardalar yo‘lning o‘nqir-cho‘nqirlarida alanga tillariday muttasil silkinib o‘ynab boradi. Par yostiqqa yonboshlab o‘tirgan Bobur har zamonda bir o‘rnidan qo‘zg‘alib, mahofaning orqa tomonidagi pardani ko‘taradi-yu, uzoqlarga tikilib qaraydi. Uning qo‘shinidan besh-olti chaqirim orqada yana bir mahofa kelmoqda edi. Bir talay otliqlar qo‘riqlab borayotgan bu ko‘rkam mahofada Boburning xolasi Mehr Nigor xonim va qallig‘i Oyisha begim safar qilmoqdalar. Bobur Samarqandni tashlab ketmoqchi ekanidan Buxorodagi Sulton Ali mirzo allaqachon xabar topgan va poytaxtni darhol egallash uchun Shahrisabzga kelib shaylanib turar edi. Bobur o‘z raqibi Sulton Ali mirzodan yaxshilik kutmas va qallig‘ini uning qo‘li ostida qoldirgisi kelmas edi. Bir vaqtlar Boysunqur mirzodan qattiq jabr ko‘rgan Mehr Nigor xonim va Oyisha begimlar ham endigi xavf-xatarlardan tezroq qutulgilari kelar edi. Hozir ular uchun eng bexatar joy — Toshkent edi. Toshkent xoni Mahmudxon — Mehr Nigor xonimning akasi, Oyisha begimning opasi Roziya Sulton begim ham Toshkentga, Mahmudxonga tushgan. Toshkent yo‘li Jizzaxgacha Andijon yo‘li bilan bir. Mana shu sabablarga ko‘ra Bobur xolasi va qallig‘ini butun odamlariyu ko‘ch-ko‘ronlari bilan birga qo‘riqlab olib ketmoqda edi. Faqat urf-odatni buzmaslik uchun kuyov bilan qalliq orasida besh-olti chaqirimlik masofa qoldirib, ikki to‘p bo‘lib bormoqda edilar. Kechqurun Sangzordan o‘tib, ko‘m-ko‘k adirlarda tunash uchun to‘xtaganlarida ham o‘sha masofani saqlab, ikki joyga chodir va o‘tov tikdilar. Yonbag‘irlarda lolalar ochilgan. Havo nihoyatda yoqimli. Bobur mayin ko‘kat ustiga qadam qo‘yganda o‘zini xiyla yengil sezdi. Samarqanddan chiqayotganda vujudini zilday bosib yotgan g‘am-g‘ussalar endi asta- sekin tarqab ketayotganday tuyuldi. Poytaxtni shuncha mashaqqatlar bilan olib, oxiri o‘z ixtiyori bilan boshqaga qoldirib ketishi unga so‘nggi yillarda qilgan barcha harakatlarini behuda ko‘rsatib, ta’bini tirriq qilgan edi. Hozir mana bu ko‘klam adirlarda yayrab nafas olar ekan, u onasi va ustozini qutqarish niyatida ketayotganini, bunda bir olijanoblik borligini, qallig‘ini asoratdan qo‘riqlab olib borayotgani ham mardlikdan ekanini o‘yladi- yu, ko‘ngli bir qadar taskin topdi. Temur darvozasi deb atalgan ulug‘vor tangidan o‘tganlaridan keyin Bobur mahofaning eshigini ochib, miroxo‘r*ni chaqirtirdi. Miroxo‘r mahofaga jips kelganda: — B-b-bo‘z o-o-otimni kel-t-t-tiring, — deb buyurdi. U sog‘ayib ketganday ko‘rinsa ham, ammo hali tilida o‘sha og‘ir xastalikning asorati bor edi. Uning duduqlanib gapirishidan xavotirlangan Qosimbek: — Amirzodam, ot nechuk kerak? — dedi. — Minmoqchilarmi? Bobur yana tili tutilishi mumkinligini sezib, tasdiq ma’nosida so‘zsiz bosh irg‘adi-yu, miroxo‘rga: «Aytganimni qiling!» degandek qaradi. Mahofa yurib bormoqda edi. Miroxo‘r: — Bosh ustiga! — deb otga ketdi. Qosimbek orqaroqda kelayotgan tabibni chaqirtirdi. Kalta oq soqolli o‘sha jikkak tabib mahofaga yondashib, Boburdan hali yana uch-to‘rt kun ot minmaslikni iltimos qildi. Ammo Bobur o‘zini yaxshi his qilmoqda edi: — B-bir-pas otl-liq yuray! — Tilingizdan kalolat ketmaguncha sabr qiling, amirzodam! |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling