Bo‘G‘oz hayvonlarning kasalliklari o‘quv elementlari


Download 111.5 Kb.
bet2/9
Sana30.04.2023
Hajmi111.5 Kb.
#1403819
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
7-mavzu. BOʻGʻOZ HAYVONLARNING KASALLIKLARI-1

Qinni chiqib qolishi (Inversio vaginae s prolapsus vaginaea) tos bo‘shlig‘ining biriktiruvchi to‘qima asosi hamda devorlari tonusining yo‘qolishi tufayli, qinning jinsiy yoriqlar orqali chiqishi tushuniladi. Qinning qisman - (prolapsus vaginae partialis- qinning dorzal tomoni devorlari jinsiy yoriqdan ko‘rinib turadi) va to‘liq (prolapsus vaginae totalis- qin va bachadon bo‘yinchasining jinsiy yoriqdan tashqariga chiqishi) chiqishi farqlanadi.
Etiologiyasi. Odatda qinning chiqishiga bo‘g‘ozlikning ikkinchi yarmida hayvonlar to‘yimligi past va sifatsiz oziqlar bilan boqilishi, mosionning yo‘qligi, kuchli ishlatilishi, yomon sharoitlarda asralishi sabab bo‘ladi. Ba’zan hayvonlarda kuchli kuchanishlarning paydo bo‘lishi yoki ich ketishi ham qinning to‘la chiqishiga olib keladi. Hayvon yotganda tanasining orqa qismi past bo‘lishi sababli qorin bo‘shlig‘ida bosimning ortishi ham qinning chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Prognoz. Qinning qisman chiqishi engil kechadi va o‘z vaqtida davolanganda ijobiy natija beradi. Tug‘ishigacha uzoq vaqt harakat qilmagan hayvonda kasalikning oqibati yomon bo‘lishi mumkin. Ayrim holda kasallik asorat berishi, qin shilliq pardasining chuqur jarohatlanishi, uremiya, qorin pardalarining yallig‘lanishi va hayvon nobud bo‘lishi mumkin.
Cho‘chqalarda faqat qin tushgan bo‘lsa u holda kasallikni aniqlash oson bo‘ladi, ammo tug‘ishdan oldin qin bilan birga to‘g‘ri ichak chiqqan bo‘lsa oqibati yomon tugashi mumkin.
Klinik belgilari. Qinni qisman chiqishi jinsiy tirqishning yuqorigi qismidan qizg‘ish, shilliq parda bilan qoplangan tovuq yoki g‘oz tuxumi kattaligidagi massani chiqishi bilan xarakterlanadi. Kasallikning boshlang‘ich bosqichlarida qinni chiqishi faqat hayvon yotgan paytlarda kuzatilib, keyinchalik, qinni tutib turuvchi tutqichlarning bo‘shashishi oqibatida hayvon tik turganda ham shilliq pardaning burmalari ichkariga tortilmasdan tashqarida turadi. Ba’zi hayvonlarda qinni qisman chiqishi har bir bo‘g‘ozlikda qaytarilib turadi va tuqqandan keyin o‘z holiga qaytadi. Qinni qisman chiqishi to‘g‘ish jarayonining kechishiga yomon ta’sir qilmaydi.
Qinni to‘liq chiqishi uning qisman chiqishining asorati sifatida yoki tug‘ish paytida to‘satdan kuchli to‘lg‘oq va kuchanish paydo bo‘lishi, katta qorinni damlashi kasalligi paytida kuzatilishi mumkin. Jinsiy tirqishdan och-qizil rangdagi shilliq parda bilan qoplangan sharsimon kattalikdagi massa chiqib turadi. Keyinchalik, venoz qonini dimiqishi oqibatida shilliq pardalar to‘q-ko‘kimtir rangda, shishgan, bo‘shashgan, tez jarohatlanuvchan bo‘ladi. Ayrim joylarida yorilgan, eroziyaga uchragan joylar paydo bo‘lib, ulardan qonsimon suyuqlik oqib turadi. Chiqib turgan qinning oxirgi qismida shilimshiq suyuqlikdan iborat tiqin bilan qoplangan bachadonning bo‘yni ko‘rinib turadi (56-rasm). Ba’zan siydik chiqarish kanalining kengayishi, hayvonning to‘xtovsiz kuchanishi oqibatida siydik pufagi ham ag‘darilib chiqishi mumkin. Bu paytda jinsiy tirqishdan ikkita sharcha bo‘rtib turadi. Ularning balanddagisi qin, pastdagisi siydik xaltasi bo‘ladi. Odatda qinni chiqishida tezaklash va siydik ajratish me’yorida bo‘ladi.
Davolash. Hayvonning tug‘ishiga yaqin qolgan bo‘lsa va qinning tashqariga chiqib turgan qismi unchalik katta bo‘lmasa profilaktik tadbirlar o‘tkazish bilan chegaralanish mumkin. Ratsionga o‘zgartirish kiritilib, asosan omixta emlar va engil hazmlanuvchi oziqalar beriladi. Tos sohasida qorin bo‘shlig‘idagi bosimni kamaytirish maqsadida hayvonning orqa tomoni baland qilinib qo‘yiladi. To‘g‘ri ichakning holatiga e’tibor qilinib turiladi va tezak bilan to‘lib qolganda qo‘l bilan tozalab turiladi.
Konservativ tadbirlar samara bermaganda tashqariga chiqib turgan qinni ichkariga kiritish va mahkamlab qo‘yish talab etiladi. Buning uchun qin shilliq pardasi tozalanib, borat kislotali vazelin yoki boshqa dezinfeksiyalovchi malhamlar surtiladi.
Qinning to‘liq chiqishida o‘z-o‘zidan sog‘ayish kuzatilmaydi. Tashqi omillar (qurib qolishi, tezak, tushamalar bilan ifloslanishi) ta’sirida qinning shilliq pardasi nekrozga uchraydi, sepsis rivojlanishi mumkin. Shuning uchun qinning to‘liq chiqishida uni tezlik bilan joyiga to‘g‘rilash va qayta chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Dastlab, sakral anesteziya o‘tkazilib, narkotik, neyroplegik vositalar qo‘llaniladi (harakatsizlantirish maqsadida). Hayvonning orqa tomonini baland holatda fiksasiya qilinadi. Mayda hayvonlar orqa oyoqlaridan balandga qilinib ushlab turiladi. Qinning chiqib turgan qismi yaxshilab tozalangandan keyin, yod nastoykasi yoki karbol kislotasi surtiladi. Qin shilliq pardasining kuchli shishgan va jarohatlangan joylarini qotirish maqsadida burishtiruvchi eritmalar (2-3%-li achchiqtosh, 2-5%-li tanin, 0,1- 0,2%-li kaliy permanganat eritmasi va b.) bilan ishlov beriladi.
Qinni chiqishini quyidagi usullardan biri yordamida to‘g‘rilash mumkin:

  1. Qinni chiqib turgan qismini dezinfeksiyalovchi eritma bilan namlangan sochiq bilan o‘rab, hamma tomonidan ikki qo‘l bilan ushlagan holda asta-sekinlik bilan joyiga to‘g‘rilanadi. Qin juda katta shishgan bo‘lsa sochiq bilan o‘ralgan holda bir necha daqiqa qisib ushlab turish uning kichiklashishini va oson to‘g‘rilanishini ta’minlaydi;

  1. Qo‘lni musht qilib, salfetka bilan o‘raladi va bachadon bo‘yni to‘g‘risidan tos bo‘shlig‘iga tomon hayvonda kuchanishlar pauzasi kuzatilishiga hamohang ravishda itarib borish bilan qin joyiga to‘g‘rilanadi, qo‘l biroz qinda ushlab turiladi va hayvon tinchlangach, chiqarib olinadi. Bu usul bachadonni chiqishini to‘g‘rilashda ham yaxshi samara beradi. Mayda hayvonni orqa oyoqlaridan baland ko‘tarilganda qinning o‘zi joyiga to‘g‘rilanadi.

Qinni joyiga to‘g‘rilab qo‘yish davolash muolajasining dastlabki qismi bo‘lib, uni qayta chiqmasligini ta’minlash asosiy muammo hisoblanadi.
Qinni qayta chiqmasligi uchun mahkamlashning qinga koptok, iliq suv solingan butilka yoki baklashka solib hayvonning beliga bog‘lab qo‘yish, qinga mustahkam iplar yordamida 5-6 ta chok qo‘yish, valiklar yordamida chok qo‘yish va b. usullari mavjud bo‘lib, bu usullarning asosiy kamchiligi shundan iboratki, qinda biror jismning bo‘lishi reseptorlarni qattiq ta’sirlantiradi, yoki kuchli og’riqga sabab bo’ladi. Shuning uchun hayvonda kuchli kuchanish va bezovtalanish to‘xtamaydi. Bu qinning yirtilishi va boshqa asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Hayvonning tug‘ishiga uzoq vaqt qolganda qinni chiqishi kuzatilganda uni joyiga to‘g‘rilash va mahkamlash uchun metalldan yoki ipdan tayyorlangan halqalardan foydalaniladi. Lekin halqalar siljib ketishi mumkin.
Qinni qayta chiqmasligi uchun mahkamlashning operativ usuli. Bunda qinni joyiga to‘g‘rilab qo‘ygandan keyin jinsiy lablarga valiklar yordamida 5-6 ta chok qo‘yiladi. Bunda igna jinsiy lablar chetidan 1-4 sm masofaga suqilib, mustahkam va qalin iplardan foydalaniladi.
V. I. Maksimov va D. P. Ivanovlar rezina trubkalardan foydalanib, P. Minchev qinning yuqorigi devorini tos bo‘shlig‘ining yuqorigi devoriga tikib mahkamlashni tavsiya etadi. Lekin bu usullarning barchasida qin shilliq pardasida joylashgan reseptorlarning qattiq ta’sirlanishi hayvonda tug‘ish paytidagidek ta’sirot hosil qiladi va to‘xtovsiz qattiq kuchanish qinning yirtilishi va qayta chiqib ketishiga sabab bo‘ladi.
Shuning uchun qinni mahkamlashning usulini tanlashda qinni ta’sirlantirmaslikka harakat qilish kerak. Tug‘ishga yaqin qolganda choklar olib tashlanadi, aks holda kuchanish oqibatida qinni atrof to‘qimalari bilan birgalikda yirtilishi, yaralar bitgandan keyin o‘rnida chandiq qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Download 111.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling