Boqiy darbadar
Download 211.72 Kb. Pdf ko'rish
|
Boqiy darbadar (roman)
www.ziyouz.com kutubxonasi
29
Hozir ham odamlar ziyoratga goh-goh borib turadigan Bobo Toshbaqa maqbarasining gujumlaridan hanuz suv tomchilab turibdi. Mangu barhayotlar makoni deb nom olgan shahri Haybar esa, aynan shu maqbara yaqinida joylashgan edi, degan taxminlar bor...
BOBO TOSHBAQA MAQBARASI. HIJRATNING 190-YILI.
...Uzorida Alloh kalimasi bo‘lgan toshbaqaning paydo bo‘lishi xabari bir mo‘‘jiza yanglig‘ yashin tezligida tarqaldi. Odatda mo‘‘jizalar va g‘ayrioddiy narsalar qandaydir ulkan bir hodisaning boshlanishidan darak berib namoyon bo‘ladi. Toshbaqa ham nimaningdir darakchisi ekani ayon.
Biroq, nimaning? Somon amirining askari toshbaqani qirq kun qidirdi, lekin topolmadi. Umuman, bu maxluqning paydo bo‘lishi naqadar hayratangiz va mo‘‘jizakor bo‘lsa, goh ko‘rinib-ko‘rinmasligi ham shu tarz hayratlanarli edi.
Mish-mishlar esa urchib boraverdi. Bahorning o‘rtalariga borib, Sanginak devori xarobalari yonida bir cho‘pondan xabar keldi. Aytishicha, toshbaqani uzun bo‘yli, sochlari yelkasigacha o‘sib tushgan, yalangoyoq bir odam yetaklab yurgan ekan.
Somon amiri shon-shuhratni yaxshi ko‘radigan odam edi. Bu beozor maxluqning saroyga olinishi albatta uning obro‘sini oshirardi. Darhol askar yuborildi, borganlar haqiqatan ham devor xarobalari yonida g‘alati toshbaqani topishdi, lekin cho‘pon aytgan noma’lum kishini uchratishmadi. Aslida o‘sha sirli odam haqidagi gap-so‘zlarning o‘zi shubhaliroq edi: toshbaqaday imillovchi maxluqni kim ham yetaklab yurardi?
Mo‘‘jizaga atab maxsus bir xona bino qilindi, uning sahni marmardan edi, jilo berilgan marmarlardan hovuzcha ham yasab qo‘yilgan edi. Toshbaqa ana shu xonaga joylashtirildi.
Qo‘shnilarga qarshi urushlarning maslahatlari, saltanat mashvaratlari aynan shu joyda o‘tkazilar, mo‘‘jiza toshbaqa esa muqaddas naqshlarini ko‘z-ko‘z qilgancha, asriy sokinligi ila go‘yo gap- so‘zlarga quloq solayotganday, bu yerda qilingan duolarning ijobat bo‘lishiga sababchiday edi.
Darhaqiqat, toshbaqa daragini eshitgan kishilar butun tevarakdan oqib kela boshladilar. Arab yozuvini uncha-muncha tushunadiganroqlar uni ko‘rib sarosimaga tushdilar. Hatto ko‘zlarida duv-duv yosh ila faryod urganlar bo‘ldi. Yuzlab kishilar shu toshbaqa tufayli imonga kelib, Alloh taoloning diniga kirdilar. Bularning bari amirga xush yoqar, farog‘at baxsh etar va o‘zini hatto sohibqiron Iskandarday xayol qilar edi.
Boz ustiga, g‘oyatda uzoq umr ko‘radigan va odamni hayiqtiradigan qismat sohibi bo‘lmish bu maxluq kishida falsafiy xayollarni ham uyg‘otardi. Chunki u o‘zining qismatini ortmoqlab yurgan kishilarni eslatardi. Yoxud gunohlari yelkasiga yuklanganlarning timsoli bo‘lishi ham mumkin – balki qiyomat kunida kimlardir o‘z gunohlarini yelkasida xuddi shu beozor maxluq singari ortib yurar?
|
ma'muriyatiga murojaat qiling