Boqiy darbadar
Download 211.72 Kb. Pdf ko'rish
|
Boqiy darbadar (roman)
www.ziyouz.com kutubxonasi
8 – Fikrlayapsanmi, demak, bajaryapsan, – dedi karvonboshi. – Pilladan kapalak chiqqanini ko‘rmaganmisan?
– Juda ko‘p ko‘rganman. – Fikr ana shunaqa narsa, – dedi Chol. – Oldin nimanidir ko‘rasan, undan o‘sha narsa haqidagi fikring paydo bo‘ladi.
– Xuddi kapalakka o‘xshab, a? – Parvardigorning dargohi keng, u ko‘p narsalarni sirlar pardasiga yashirgan. Odamlar ularning ba’zilarini biladilar, ba’zilarini bilmaydilar. Dunyoda ko‘zga ko‘rinmas jonzotlaru hodisotlar mo‘l. Ularni odam ko‘rmaydi xolos, lekin ba’zi jonzotlar ko‘radi.
– Siz bularning tilini qanday anglay olasiz? – deb so‘radi bolakay. – Odam bolasidan boshqa hamma bir tilda gaplashadi, o‘g‘lim, – dedi oqsoqol. – Aslida, bunday sirlarni qancha ko‘p anglaganing sayin shuncha chuqur sukutga tolasan. Chunki ba’zi bilimlar hatto halokatli bo‘ladi, bolam.
– Shamol hozir nima deyapti? – deb so‘radi o‘g‘lon. Chol miyig‘ida jilmayib, dedi:
– Shamolmi? U gapirmaydi, balki qanotida bilimlarni tashib yuradi. Kerak joyiga qarab kerak narsangni olaverasan...
* * * ...Otaxon shamolning tog‘larda avliyo bilan suhbat qurganini, shahri Haybar xarobalarining qumlarini to‘zg‘itib-sochib o‘tganini nevarasiga aytmadi. Zero, cholning hadigi bor edi. Shamollarning turlariniyu vazifalarini u yaxshi bilardi. Lekin, bunisi bag‘rida yomg‘irlarni olib keluvchi rahmat epkini emasdi. Gullarni to‘kuvchi va mevalarni changlantiruvchi rizq shamoli ham, marhamat shamoli ham, fasllarni o‘zgartiruvchi mavsum shamoli ham emasdi. Aksincha, boshqa epkin edi, uning esishida jazo shiddati borga o‘xshardi. Shu bois ham bu haqda indamadi, aksincha, agar shunday bo‘lib chiqsa, o‘ziga ham, qavmiga ham, shu bolakayga ham marhamat yetajagidan umidlandi.
Shuningdek, bu kecha, hamma uxlagan mahali sahro ichidan chiqib kelgan bir odam bilan qurgan suhbati haqida ham lom-mim demadi. Holbuki, tungi suhbat juda ko‘p narsalarni oydinlatuvchi suhbat bo‘lgan edi. – Bizlar ko‘p yillar avval yo‘lga chiqqanimizni bilasan, – dedi Chol, tungi yo‘lovchiga. – Sen tug‘ilmasingdan ikki ming yil avval boshlangan bu darbadarlik. Safar manzilini biladiganlar o‘sha mahallarda dunyodan o‘tib ketdilar. Taxmin qila oladiganlar ham allaqachon tuproqqa aylanganlar, balki ularning zarralari hozir shamolga qo‘shilib uchib yurgan bo‘lsa ne ajab... Biz uchun hech yerda qo‘nim yo‘q, dunyoning qaeriga borsak chodir tikib, Alloh xohlagancha vaqt turamiz, keyin yana dunyo kezishga ravona bo‘lamiz. Bola-chaqalarimiz ham darbadarlikda tug‘iladilar va shu qismat bilan o‘ladilar.
|
ma'muriyatiga murojaat qiling