Tadqiqotning dissertasiya bajarilgan oliy ta’lim muassasasi ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bog‘liqligi. Dissertasiya Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti Adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon kafedrasi rejasining “Hozirgi adabiy jarayon masalalari” mavzusida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar doirasida bajarilgan.
Tadqiqotning maqsadi. N.Eshonqul va U.Hamdam kabi iste’dodli yozuvchilarning adabiy-estetik qarashlarini o‘rganish va o‘z ijodida zuhur bo‘lishi hodisasini adabiy-estetik tafakkur va badiiy konsepsiya, ijodiy laboratoriya hamda ijod psixologiyasi nuqtai nazaridan tadqiq etishdan iborat.
Tadqiqotning vazifalari:
ijodkor adabiy-estetik qarashining asarlarida turlicha aspektlarda namoyon bo‘lishi, adib dunyoqarashi va ijod psixologiyasii uyg‘unligi masalalarini jahon va o‘zbek adabiyotshunosligi kontekstida qiyoslash;
ijod psixologiyasi muammosini Nazar Eshonqulning biografik xarakterdagi “Urush odamlari”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” asarlaridagi Tersota xronotopi, Biydi, Bayna momo kabi obrazlar talqini asosida yoritib berish;
Nazar Eshonqul adabiy-estetik qarashlari asosida yozuvchi “men”i va ijodiy konsepsiyasining badiiy asarlarida namoyon bo‘lish usullarini ko‘rsatish;
Ulug‘bek Hamdam ijodiga xos ilmiy va badiiy mantiq ustuvorligini adib ijodining o‘ziga xos xususiyati sifatida belgilash;
adibning adabiy-estetik qarashlarida ilgari surilayotgan sharqona falsafiy yondashuvlarni (“izlaganing o‘zingdadir”, hayotiylik, aql va yurak
sintezi) badiiy asarlari bilan qiyosiy aspektda o‘rganish va ijodiy laboratoriyaga doir masalalarni yoritish.
Tadqiqotning ob’yekti sifatida N.Eshonqulning adabiy-estetik qarashlari ifoda etilgan “Mendan “men”gacha” va U.Hamdamning “Badiiy tafakkur tadriji”, “Ruhni uyg‘otuvchi so‘z” kabi maqolalar to‘plami hamda badiiy asarlari tashkil etadi. Ishning mohiyatidan kelib chiqib, zaruriy o‘rinlarda o‘zbek va jahon adiblarining asarlari ham tahlilga tortilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |