Burxanova feruza abdurazaqovna
Download 282.34 Kb.
|
DISSERTATSIYA БУРХАНОВА ФЕРУЗА АБДУРАЗАҚОВНА
- Bu sahifa navigatsiya:
- Yozuvchining tarjimai holi va adabiy faoliyati.
- Yozuvchi shaxsiyatidagi o‘ziga xosliklar
- Yozuvchi ijodining o‘ziga xosligi.
- “Ilhomimning vaqti yo‘q, selday keladi // Rahm etmay, jalloddek dilni tiladi...”
- Muallif adabiy-estetik qarashlari poetik talqinni shakllantiruvchi ijodiy kategoriya sifatida
- Nazar Eshonqul nasrida milliy ma’naviyat, ijtimoiy hurlik, shaxs konsepsiyasi talqini
- Zamon
- Ijodiy niyat va badiiy ifoda parallelizmы
- BOB. ULUGʻBEK HAMDAM IJODINING BADIIY-FALSAFIY OMILLARI 3.1. Nasriy ijodda ilmiy va badiiy konsepsiya mushtarakligi
- Faqat unga ishondim // Yurak meni aldamas aslo!”
- Yozuvchi asarlarida umuminsoniy g‘oyalar va milliy qadriyatlar talqini
Basa keldi sa’ir bu soz terguci, kisig oggucilar yema yerguci/ (“Yana shoirlar keldilar, bular so‘z terguvchilardir, kishini maqtovchi hamda so‘kuvchilardir”) (QBN, 4288 bayt, 657 bet). Shoirlar, ya’ni, ijod ahli so‘zni muqaddas sanab, so‘z vositasida kishini ulug‘lab yoxud qoralashlari, shu orqali ezgulik va yovuzlikka o‘z munosabatini bildirib, badiiy talqin etishlari tabiiydir. Shoir asarda “Qiligdan yetigrak bularnig tili // Yana qilda yingka bu xatir yoli” (“Ularning tillari qilichdan ham o‘tkirroqdir, xotir yo‘llari esa qildan ham nozikdir”32) (QBN, 4289 bayt, 657 bet), deya ularning tillari, ya’ni ijodi qilichdan o‘tkirroq, badiiy didi, ko‘ngli esa qildan-da nozik ekanini ta’riflaydi. Mutafakkir fikricha, badiiy asarning ta’sir kuchi tig‘dan o‘tkir, uning yaratuvchilari esa yuksak badiiy did, mustaqil fikrlovchi, nozik qalb sohiblaridir.
Bunday fikrlar Sharq va Gʻarb mumtoz adabiyoti, uyg‘onish davri va yangi adabiyot namunalari bilan parallel ravishda rivojlanib takomillashib borganini alohida ta’kidlash lozim. Gomer, Dante, Shekspir, Gyote, Pushkin, Tolstoy, Dostoyevskiy kabi Gʻarb, Firdavsiy, Rudakiy, Rumiy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Yassaviy, Navoiy, Bobur kabi Sharq allomalari ijodidan bu masalaga doir noyob fikrlarni topish mumkin. Zamonaviy adabiyot va adabiyotshunoslik, boshqa gumanitar sohalarda ham ijod tushunchasi diqqat markazida turadi. Faylasuflar, psixologlar, sosiologlar, san’atshunoslar, adabiyotshunoslar, nafosatshunoslarning ilmiy-ijodiy izlanishlarida mazkur masala u yoki bu jihatiga ko‘ra o‘rganilib keladi. “Ijod - insonning yangilik yaratishga qaratilgan konstruktiv faoliyati. Zamonaviy falsafada ijod talqiniga ikki xil yondashuv mavjud bo‘lib, ulardan birinchisida ijod jarayonida intellekt fenomeniga alohida ahamiyat berilsa, ikkinchi yondashuvda shaxsning erkinligi asosida yotadigan ekzistensiallikka urg‘u beriladi.”33 Falsafa va estetikaga oid darslik va qo‘llanmalarda ijod ikkiga - ilmiy va badiiy ijodga bo‘linib tasniflanadi34. Ilmiy ijod - bilish shakllari uyg‘unligida yangi, betakror nazariy va texnologik qadriyatlarni yaratishga qaratilgan bo‘lsa, badiiy ijod tabiiy va inson hayotidagi lahza, manzaralar, tuyg‘ularni nozik idrok qiluvchi, hissiyotli kishilarga xos ekani, unda voqea va hodisalar obrazlar, timsollar orqali ifodalanishi qayd etiladi35. Albatta, ilm haqida, ilmiy ijod metodologiyasi haqida turli soha vakillarining juda ko‘plab fikrlari mavjudki, bu o‘rinda ularning hammasini keltirib o‘tirishimiz shart emas. Lekin ilmiy va badiiy ijod jarayoni ruhiy psixologik omillarga ko‘ra bir-biriga yaqin, tub asoslari bitta ildizga bog‘langan tushunchalar ekanligini qayd etish joiz. Zero, har ikkalasining asosida ijodkorlik, odam va olamni anglash va anglatishga bo‘lgan xohish-istak yotadi. Shu ma’noda turli soha olimlarining ijodga bergan ta’riflarida ijod jarayonining umumlashtiruvchi jihatlariga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ilmiy va badiiy kashfiyotning yaratilish jarayoni talqinida ham mushtaraklik mavjud. Psixolog olim A.Kovalyov “Psixologiya literaturnogo tvorchestva” nomli monografiyasida badiiy ijod psixologiyasining muhim yo‘nalishlari haqida fikr yuritar ekan, badiiy ijod psixologiyasini 3 bosqichga bo‘lib o‘rganish lozimligini tavsiya qiladi: Yozuvchining tarjimai holi va adabiy faoliyati. O‘n sakkiz bo‘limdan iborat qilib belgilangan bu bosqichda A.Kovalyov ijodkorning tug‘ilgan joyi va vaqtidan tortib, oilaviy sharoiti, tarbiyalanish darajasi, oila a’zolari, bolaning yoshlikda eshitgan ertak va hikoyalarga bo‘lgan munosabati, tabiatidagi o‘ziga xosliklari va atrof-muhitdagi voqea- hodisalarga munosabati, musiqa, teatr va boshqa san’at turlariga qiziqishi, badiiy asar yaratishga bo‘lgan dastlabki intilishlari, ilm olishga bo‘lgan istagi, adabiy insholari va ularning bahosi, adabiy tugaraklarga a’zoligi, ijodiy urinishlari va unga bo‘lgan munosabati, adabiy ta’lim va adabiy ta’sir, yosh ijodkor asarlariga adabiy jamoatchilikning munosabati masalalarini kiritadi. Yozuvchi shaxsiyatidagi o‘ziga xosliklar. Ushbu bosqich o‘n bo‘limni o‘z ichiga oladi. Unda ijodkor shaxsiyatiga xos bo‘lgan qator xususiyatlar belgilanadi. Bunga A.Kovalyov yozuvchining atrof muhitdan olgan taassurotlari, kuzatuvchanligi, eslab qolish salohiyati, ichki sezgi, intuitiv qobiliyati, ijodiy tasavvurining darajasi, tabiat va insonlarga bo‘lgan munosabati, estetik didi, ishontira olish san’ati, o‘ziga bo‘lgan talabchanligi, mehnatsevarligi kabi masalalarni kiritadi. Yozuvchi ijodining o‘ziga xosligi. Bu bosqichni olim olti punktdan iborat qilib belgilaydi. A.Kovalyovning fikricha, bu bosqichda yozuvchi ko‘proq qaysi janrda ijod qilishni yoqtirishi, asar yaratishga undovchi turtki (impuls), o‘ylangan fikr va uning asarga ko‘chishi, asarning yaratilishi, reja tuzish va uning xarakteri, asarlaridagi so‘z boyligi, yozma va xalq og‘zaki ijodidan foydalanish salohiyati, ish uslubi kabi masalalarni kiritadi36. Bir qarashda bu tasnif va ijod bosqichlariga berilgan ta’riflar yangidek tuyuladi. Ammo diqqat bilan qaraladigan bo‘lsa, ko‘rsatilgan birinchi bosqich ijodkor biografiyasi, ikkinchi bosqich ijod jarayoni, uchinchi bosqich ijodkor laboratoriyasiga doir mavjud qarashlar va xulosalarning umumlashmasi ekanligi ma’lum bo‘ladi. Shunga qaramasdan bunday bosqichlar tasnifi yozuvchi ijodiy laboratoriyasiga kirish va uni o‘rganishga keng imkoniyatlar yaratadi. Shu o‘rinda nemis faylasufi Gegelning “Estetika” asarida ilhom va ijodiy mahorat, mehnat haqidagi, rasionallik asosida irrasionallik yetisha olmagan cho‘qqiga erishish mumkin, degan g‘arbona mulohazasiga e’tibor qarataylik. “Faqat fikrlash, tirishqoqlik va mashq bilan hech qanday ilhom yetisha olmagan mahoratga ham erishish mumkin”37. Ushbu mulohaza M.Gorkiy aytgan iste’dodning 99 foizi mehnat degan fikrning genezisidek taassurot qoldiradi. Biroq, bir foiz iste’dod, ilhom bo‘lmasa, haqiqiy san’at asari yaralishi dushvor. Faqat, rasionallikka asoslangan badiiy ijod kitobxonga estetik zavq berishi, ko‘ngil torlarini chertishi qiyin. Ijodiy jarayon haqida boshqa qator yozuvchi va olimlarimizning kuzatishlari ham mavjudki, ular badiiy asar yaratishning sir-asrorlarini o‘rganishimizga yordam beradi. Tadqiqotchilarning yozishicha Ernest Xeminguey hayotining Parij davri (XX asrning 20-yillari) uning ijodida muhim o‘rin tutgan. Bu yerdagi adabiy, ijtimoiy - adabiy muhit undagi ijodiy prinsiplarning mukammallashuvi, inson va unda faoliyat yuritayotgan tirik odam haqidagi to‘xtamlarining shakllanishini ta’minlagan. “Xemingueyning odamlar bilan muloqotga kirishishi qiyin edi. Atrofdagilar, ayniqsa, yozuvchilar bilan munosabatlari o‘ta qiyin kechardi. Ammo Joys bilan tengma-teng munosabatda bo‘lar, hech qachon xafalashmagandi. Xeminguey Joysni “tirik yozuvchilar orasida yagona” der edi. Joysning “hammadan ko‘ra eng yaxshi komponion, eng sadoqatli do‘st” ekanini ta’kidlar edi. Ular bir- birlarining asarlarini navbati bilan o‘qib turishar edi. “Ehtimol, Joysning “Dublinliklar” hikoyalar to‘plami arxitektonikasi shu sabab Xemingueyning “Bizning zamonamizda” asariga ta’sir ko‘rsatgandir” 38 . Darhaqiqat, yozuvchining to‘laqonli shakllanishi uchun atrof-muhitning ta’siri katta bo‘ladi. U o‘zi bilan zamondosh ijodkorlar orasidan ko‘pchilikni tan olmasligi mumkin. Ammo ruhan yaqin ijodkorlar o‘rtasidagi do‘stlik, izchil muloqot, fikr almashinuv jarayoni yozuvchining ijodiy taqdirida o‘ziga xos iz qoldirishi mumkin. E.Xeminguey ta’sirlanganidek, balki J.Joys ijodida ham Xeminguey ta’sirida yozilgan biror asar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. “Hozirgi vaqtda bir tomondan ruhiy-ma’naviy, ikkinchi tomondan estetik kayfiyat, inson ichki dunyosi, dunyoning “abadiy” savollari va uning yechimiga munosabati bilan bog‘liq muammolar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularning tabiat bilan birligi, undan uzoqlashuvi haqidagi lirik mavzular esa adabiyotda azaldan mavjud edi”, deb yozadi ijod jarayoni va ijodkor estetik qarashlari haqida adabiyotshunos V.Dementyev39. “Shaxs qachonki individ mustaqil tarzda, sub’yekt o‘laroq real voqelikdagi norma va etalonlardan o‘zib ketsagina o‘zini namoyon etadi”40. Demak, shaxs insonning biologik yaratiqdan ijtimoiy yaratiqqa, undan badiiy-estetik yaratiqqa aylanishi, ma’naviy inson sifatida namoyon bo‘lishi ijodkor shaxsiyati bosib o‘tishi kerak bo‘lgan muhim pog‘onalardir. Rus adabiyotshunosi B.S. Meylax “Badiiy ijod jarayoni psixologiyasi: tadqiqot yo‘nalishi va predmeti” maqolasida ijod jarayonini vaqt nuqtai nazaridan uch davrga bo‘lib ta’riflaydi: “birinchi davr g‘oyaning tug‘ilishi va uning kristallashuvi (ya’ni, ob’yektiv va sub’yektiv impulslarning paydo bo‘lishi) davri, ikkinchisi oraliq davr, va uchinchisi yakuniy davrlarga bo‘linadi” 41 , deya o‘z mulohazalarida ijod psixologiyasining asosiy komponentlari sifatida tasavvur, fantaziya, intuisiya, ilhomlanish kabilarni tilga oladi. Adabiyotshunos olim H.Umurov “Badiiy ijod asoslari” nomli kitobida ijod psixologiyasi, ijodiy jarayon masalasiga keng to‘xtaladi. Badiiy ijod haqida jahon, rus va o‘zbek olimlarining kuzatishlariga munosabat bildirib, mavzuning o‘rganilish tarixiga nazar tashlaydi. Badiiy ijodning asosini tashkil etuvchi iste’dod, ilhom, badiiy mahorat kabi masalalarga alohida to‘xtaladi va ularning o‘ziga xos yo‘sinda talqinlar etishga harakat qiladi. E.Vohidov, A.Oripovlarning qarashlaridan iqtiboslar keltirib, iste’dodning badiiy ijoddagi o‘rni va beqiyos ahamiyatini ta’kidlaydi. Faqat tinimsiz mehnat, o‘qish va o‘rganish, izlanishlar natijasidagina chin iste’dod ro‘yobga chiqishi mumkinligi haqidagi fikrlarni qo‘llab-quvatlaydi. Badiiy ijodda ilhomning o‘rni masalasiga e’tibor qaratib, A.Oripov, O‘.Hoshimov, E.Vohidovning ilhomning badiiy ijod jarayonidagi o‘rni borasidagi fikrlariga urg‘u beradi. Ilhomning hissiy ta’sir kuchi haqida L.N.Tolstoy asarlaridan tortib, A. Qahhor, P.Qodirovgacha, shoir M.Isakovskiy qarashlaridan Gʻ.Gʻulom, Oybek, A.Muxtorning fikr- mulohazalariga qadar muqoyasaga tortadi. Bu kuzatishlardan ilhomning barcha ijodkorlarga xos bo‘lgan mushtarak va ma’naviy-ruhiy jihatlari, ijodkorning o‘z-o‘zini, o‘zligini izlash jarayoni ekanini anglab olamiz. “Ilhom bepoyon ijodiy jarayonning bir parchasi, badiiy asar yaratish tizimidagi san’atkorning muayyan bir holati. Lekin ilhomsiz yaxshi asar yaratish mumkin emasligi ham ayon bo‘ldi”, deb yozadi bu haqda olim42. Adabiyotshunoslikda ilhomning ikki darajasi farqlanishini aytar ekan, uning “birinchisini - moʻtadil ilhom va ikkinchisini - zavqu shavqqa to‘liq ilhom (vdoxnoveniye - effekt) deb” ataydi 43 . Olimning ta’kidlashicha, birinchisisiz asar yozish mumkin emas, ikkinchisisiz ijod qilsa bo‘ladi. Moʻtadil ilhomda ijodkor uning ta’sirini his qilsa-da, xotirjamlik bilan o‘z g‘oyaviy-estetik maqsadini yoritishda ongli ijod jarayonini yaratadi. Bu holat barcha asarlar yaratilishi uchun xos xususiyat. Ikkinchi holat esa epigrafda keltirilgan U.Nosirning “Ilhomimning vaqti yo‘q, selday keladi // Rahm etmay, jalloddek dilni tiladi...” misralarida aks etgan oniy holatda “lov” etib paydo bo‘ladigan va quyma misralar to‘kilishiga zamin yaratuvchi “kayfiy” holatdir. Munaqqid ushbu holatning turli yozuvchi va aktyorlar hamda kitobxonlar xotiralari orqali yoritadi. Demak, ilhom ijodkor qalbini o‘rtayotgan nido, dardni yuzaga chiqaruvchi, o‘zligini namoyon etuvchi, ijodiy zavq, tasalli beruvchi g‘ayrishuuriy yaratuvchilik quvvatidir. Psixoanalitiklar qarashiga suyangan adabiyotshunos olim Jabbor Eshonqul “Ilhom aql bug‘ib qo‘ygan, aqliy faoliyat to‘xtatib qo‘ygan ong osti hislarining birdan yuzaga qalqib chiqishidir”44 deya ta’rif beradi. Ilhom ijodiy jarayonda turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Ilhom onlarida har bir ijodkor turfa ruhiy holatni, jazavani boshidan kechiradi. Abdulla Sher o‘zining ijod va ijodiy jarayon haqidagi kuzatishlarida jahon adabiyotining ko‘plab ijodkorlari hayotidan misollar keltirib, bu jarayonning o‘ziga xosligini ko‘rsatadi. A.Sherning yozishicha: “Mosart musiqiy g‘oyalar unga xuddi tush kabi beixtiyor kelishi, Hofmann ijod paytida qandaydir chetdagi sirli odamning aytganlarini qilishini, Gyote ko‘pgina she’rlarini telbagazak (lunatik) holatida yozganini aytgan. Ba’zi ijodkorlarda ilhomning tushda kelishi ham tez-tez uchrab turadi. Chunonchi, S.T.Kolrij “Kublaxon” dostonini tushida yozganini, Sergey Yeseninning rafiqasi Yesenina ulug‘ rus shoirining yarim kechada uni uyg‘otib, tushida “kelgan” she’rlarini yoddan aytib yozdirgani adabiyot tarixidan bizga ma’lum”45. Demak, ilhom jazba, tush va vahiylikka daxldor anglanmagan ruhiy holatdir, deb qabul qilishimiz mumkin. Hotam Umurov e’tibor qaratgan yana bir narsa bu yozuvchining badiiy mahorati masalasidir. Yozuvchi muayyan g‘oyani yoritish uchun, avvalo, o‘zining hayotiy tajribasiga asoslanib, uni qalbidan o‘tkazib, ko‘pchilikka xos umumlashma mazmun bilan boyitadi. Bunda mazmun va shaklning mutanosibligiga katta e’tibor qaratadi. Har bir obrazining hayotiyligiga e’tibor qaratib, o‘zining his-kechinmalari-yu tuyg‘ularini asar ruhiga singdirib yuboradi. Shu tariqa badiiy asarning yuquvchanligini, samimiyligini ta’minlashga harakat qiladi. Bular barchasi yozuvchi mahorati tufayli namoyon bo‘ladigan, badiiy mahoratni oshirib borishdagi uzluksiz izlanishlar jarayonidir. Badiiy mahorat ham ushbu jarayonda ijodiy reja va uning paydo bo‘lishi qog‘ozga ko‘chishi uchun muhim ahamiyatga ega. Ijodiy reja birinchi bosqich bo‘lsa, keyingi bosqich yozish, badiiy so‘zda ifodalash jarayonidir. Badiiy asar rejasi asta-sekinlik bilan pishib, yetilib borishini homila bilan qiyoslasa bo‘ladi. Xuddi ona organizmida ro‘y berayotgan fiziologik, psixologik o‘zgarishlar kabi yozuvchi ongu ruhiyatida ham shunday jarayonlar kechishi muqarrar. Shu bois badiiy reja va ijod jarayoni yaxlit hodisa, deb qaraladi va bunda albatta, yaratilgan badiiy asar yozuvchi shaxsiyatidan uzilib, mustaqil “yashash” salohiyatiga ega bo‘lishi kerak46. Ijodkor va ijodiy jarayon, yozuvchi “men”i xususida fikr yuritgan X.Do‘stmuhammad qarashlari g‘oyat e’tiborli va ayni masalada bizning fikrimizga hamohang: “... ijodkor inson tashqi dunyoni idrok etib, idrok etganlarining barini qalb va shuur chig‘irig‘idan o‘tkazib pirovardida obraz yaratayotgan chog‘ida qanday ruhiy jarayonlar yuz bersa, ularning bari badiiy tafakkurning to‘laqonliligini ta’minlashga xizmat qiladi... Ijod ahlining yangicha uslubiy yondashuvlari, avvalo, hayot haqiqatiga mutlaqo shaxsiy “men”i orqali emin-erkin yondashish, badiiy haqiqatga aylantirishda vosita bo‘lmish tipiklashtirish, o‘xshatish, ramziylik, konflikt yasash, g‘ayri reallik va hokazo adabiy unsurlardan erkin foydalanishi bilan yuzaga chiqadi”47. Darhaqiqat, badiiy ijod, ijodiy jarayon, uning ijtimoiy, ma’naviy, falsafiy va psixologik asoslarini yozuvchi “men”i bilan, uning shaxsiyati, iste’dodi, dunyoqarashi, intuisiyasi, poetik mahorati va boshqa bir qator jihatlari bilan bog‘lab o‘rganish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqorida qayd etganimizdek, so‘nggi paytlar adabiyotshunoslikda badiiy asarni ijodkorning biografiyasi bilan bog‘lab talqin qiluvchi biografik yondashuvga, shuningdek, psixologik tahlilga katta e’tibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Bu hol yozuvchi ijodiy laboratoriyasiga chuqurroq kirib borish, kengroq nazar tashlash imkoniyatini beruvchi asosiy omillardan biridir. Bunday talqinlarda eng avvalo ijodkor shaxsiyatiga katta e’tibor qaratilmoqda, ya’ni yozuvchi “men”i shaxs darajasiga ko‘tarilganmi, o‘zligini namoyon qila olganmi - yo‘qmi, kabi masalalar asosiy muammolardan biri sifatida qayd etilmoqda. Yozuvchi qachonki shaxs darajasiga ko‘tarila olsa, u badiiy asarda aks etayotgan dardni Vatan, millat va o‘zlikni anglash maqomini egallaydi. Shu tariqa yozuvchi shaxsiyatiga xos bo‘lgan shaxsiy kechinmalar umumlashma mohiyat kasb etib, yuqoridagi olimlarning qarashlarida aks etganidek, ezgulik ruhi bilan sug‘orilgan umumbashariy g‘oyalarga evriladi. Badiiy asarda namoyon bo‘luvchi bu xususiyatlar, g‘oyaviy- badiiy motivlar badiiy asar yozuvchidan uzilib,“mustaqil yashashga” o‘tgandan keyin umumbashariy mohiyat kasb etadi. Ijod bu - ong va his-tuyg‘uning birikishidan yaraladi, degan qarash adabiyotshunoslar o‘rtasida barqaror. Inson tafakkuri va tuyg‘u-tasavvurlar olami bir-birini to‘ldiruvchi va bir-birini taqozo etuvchi hodisalardir. Inson aql-zakovati qalb kechinmalari bilan bir nuqtada birlashib, badiiy asarning g‘oyaviy-estetik asosini yaratadi. Agar badiiy asar g‘oyasining shakllanib, pishib yetilishida inson ong va tafakkuri qanchalik muhim ahamiyat kasb etsa, uning ifoda yo‘sinida, inson qalb kechinmalari talqinida tasavvurning ahamiyati shunchalik oydinlashadi. “Tasavvur - sezgi a’zolariga qachonlardir ta’sir etgan narsa va hodisalarning yaqqol hissiy obrazi. Tafakkur - inson aqliy faoliyatining yuksak shakli. Sezgi, idrok va tasavvurlar orqali bevosita bilib bo‘lmaydigan narsa va hodisalar tafakkurda ongli ravishda aks etadi. Tafakkur jarayonida fikr vujudga keladi, bu fikrlar inson ongida hukm, tushuncha, xulosa shakllarida yuzaga keladi”48. “Tasavvur asosan, qayta tiklangan idrokdir. Biroq obrazning tasavvuri uning dastlabki idrokidan bir muncha farq qiladi. Tasavvur odatda idrokdan xiraroq bo‘ladi. Faqat ayrim kishilardagina tasavvur yorqin bo‘ladi, ba’zi yozuvchi, rassom, kompozitorlar guyo o‘z suratlari, romanlari, operalari qahramonlarining obrazini ko‘rayotgandek va eshitayotgandek bo‘ladilar. Rassom Ayzovskiy o‘z suratlarini dengiz stixiyalarini cheksiz suratda ko‘rish asosida hosil bo‘lgan tasavvurlar asosidagina chizgan. Rassom Levitan etyudlarini naturadan chizgan bo‘lsa ham ko‘pchilik asarlarini tasavvuri asosida yaratgan. Kompozitorlardan Mosart bilan Betxovenlar o‘zlari yaratayotgan musiqani juda aniq eshitganlar. Yozuvchi Goncharov o‘z asarlari qahramonlarini ochiq-oydin “ko‘rgan” va “eshitgan”49. Ijodiy jarayonga xos bo‘lgan yana bir muhim xususiyatlardan biri ijodiy dardning bo‘lishidir. “Dard” tushunchasi badiiy ijodda o‘zining lug‘aviy ma’nosidan kengroq mazmunga ega bo‘lib, umumbashariy mohiyat kasb etuvchi hodisadir. Dard yozuvchining hayot haqida, inson umrining o‘tkinchiligiyu, abadiyatga daxldor hodisalar kabi umumbashariyatga molik masalalar xususidagi o‘y-mushohadalaridan tortib xiyonatu diyonat, e’tiqodu etiqodsizlik, sevgi-vafo va vafosizlik, insoniy burch va h.k. umuminsoniy xislatlar haqidagi estetik prinsiplarigacha qamrab oluvchi jarayondir. Yozuvchi badiiy asar yaratish asnosida shunchaki voqealar silsilasi yoki qahramonlar kechmishini tasvirlab qo‘ya qolmaydi, balki ularning mohiyatiga o‘zining ushbu mohiyatga daxldor bo‘lgan dardlarini singdirib yuboradi. Bejiz bu haqda F. Kafka “San’atkor uchun ijod - iztirob, bu vosita orqali u yuragini yangi iztiroblar uchun bo‘shatib oladi” 50 , degan fikrni bildirmagan. Iztirob, dardsiz ijod namunasi nihoyatda qashshoq, hissiz va nursiz bo‘lib qoladi. Shuning uchun ham badiiy asarni mutolaa qilgan kitobxon unda eng avvalo mohiyatga yashiringan yozuvchi “men”ini, uning shaxsiyatini, dardu dunyosini his qiladi, asar orqali yozuvchi qalbiga yo‘l oladi. Demak, ijod jarayoni, badiiy asarning yaratilishi, xuddi homilaning tug‘ilish jarayonidagi kabi o‘ziga xos to‘lg‘oqli “dard”lardan iboratdir. “Dard, iztirobning surunkali holatga o‘tishi iste’dod deyiladi”51. Ijod jarayonining yana bir xususiyati yozuvchi intuisiyasiga aloqadorligidadir. Odatda, badiiy asar haqida gap ketganda u ilohiyotga daxldor hodisa sifatida ta’riflanadi. Darhaqiqat, ijod jarayonida shunday ruhiy holatlar, kechinmalar, jarayonlar ro‘y berishi mumkinki, ularni so‘z bilan ifodalashdan ko‘ra his qilib tushunish osonroqdir. “Intuisiya (lot.tShep - yaxshilab diqqat bilan qaramoq) - voqelikni bilishning bevosita haqiqatga aylanishi bilan amalga oshiriladigan alohida usul bo‘lib, uning yordamida “muammoli vaziyatlar” yechimini topishi mumkin, u ijodiy faoliyat mexanizmi sifatida tushuntiriladi. Intuisiya tafakkurda masalaning yechilishini bir onda to‘satdan anglash sifatida ham tushuniladi”52. Intuisiya ijodkorni ijod jarayonida g‘ayb olamiga boshlab boruvchi o‘ziga xos vositadir. Cho‘lponning “Men shoirmi?”, “Go‘zal” yoki bo‘lmasa, Usmon Nosirning “Yana she’rimga” kabi she’rlarida aks etgan ruhiy po‘rtanalarni faqat ongi anglam orqali shunchaki baholab bo‘lmaydi, balki ulardagi ilohiylik bilan bog‘langan o‘rinlarni qalban his qilib talqin etish lozim. Zero, inson qalbining o‘zi shoir aytganidek “anglab bo‘lmas sirdir”. Muallif adabiy-estetik qarashlari poetik talqinni shakllantiruvchi ijodiy kategoriya sifatida Badiiy ijod jarayoni uch muhim bosqichni qamrab oladi. Bularning birinchisi asar yozilguncha bo‘lgan tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, unda yozuvchi badiiy asar uchun mo‘ljallangan voqea-hodisalar, hayotiy shaxsiyatlar, detallar, joy, vaqt va h.k.larni saralaydi. Yon daftarida qayd etilgan dalillar, jumla, ibora, so‘zlarni asar kompozisiyasining qaysi o‘rniga joylashtirish haqida fikr yuritadi. Xayolida, tafakkurida asar kechadigan “sahna” dekorasiyasini tayyor holga keltiradi. Ikkinchi bosqich yozish jarayoni bo‘lib - bu, ijodiy jarayon uchun o‘ta muhim bosqich hisoblanadi. Tafakkurida yetilgan badiiy komponentlarni yozuvchi aynan shu bosqichda moddiylashtiradi. Hayoliy manzaralar, obrazlar, voqealarni jonlantiradi. Bir asar uslubiy tizimiga solib, o‘quvchiga ma’qul keladigan darajada badiiy ifodalashga urinadi. Uchinchi va so‘nggi bosqich - bu ijodiy o‘qish bosqichidir. Bu bosqichda yozuvchi bir yo‘la ikki vazifani bajarishiga to‘g‘ri keladi: muallif va o‘quvchi vazifasini. Agar bu bosqichda yozuvchi o‘quvchi darajasiga tushib fikrlamasa o‘z asariga nisbatan tanqidiy, ob’yektiv ёндашиши қийин кечади. O‘quvchi nigohi bilan qarar ekan o‘z kamchiliklarini ko‘radi. Bu jarayonda butun boshli jumlalar, so‘zlar, personajlar, hatto bir butun motivlaru badiiy manzaralardan ham voz kechishga to‘g‘ri kelishi ehtimoldan xoli emas. Bunday holatlarni L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, T.Drayzer, P.Merime, O.de Balzak, A.Qodiriy, Oybek, Gʻ.Gʻulom, S.Moem, M.Bulgakov, M.Sholoxov, A.Qahhor, J.Joys, F.Kafka, G.Markes, O.Yoqubov, P.Qodirovlarning ijodiy jarayonida istagancha uchratishimiz mumkin. Ammo shuni alohida ta’kidlash joizki, ijodiy jarayonga doir mana shu uch muhim bosqichning qanday kechishi, pirovard natijada tayyor “sifatli mahsulot” sifatida o‘quvchiga yetib borishi yozuvchining adabiy-estetik qarashlari, uning nazariy- poetik darajasi bilan chambarchas bog‘liq. Adabiy-estetik qarashlari yuksak darajada shakllangan, o‘zining badiiy-estetik pozisiyasiga ega bo‘lgan muallifgina qayd etilgan uch ijodiy bosqichning har birini badiiy asar muvaffaqiyatiga aylantira oladi. Aks holda o‘rtamiyona yoki undan ham past darajadagi “asar” paydo bo‘lishi mumkin. Haqiqatan ham, dunyoga kelayotgan, poetik hodisaga aylanayotgan hodisaning ijrochisi ham, shu jarayonni tahlil va talqin qilib muayyan shakl va mazmun asosida namoyon bo‘lishini nazorat qilayotgan, uning butun go‘zalligi, jozibasi va nafosatini to‘laligicha his qilayotgan dastlabki o‘quvchi ham ijodkorning o‘zidir. Bu o‘rinda bularning bari bitta shaxs - ijodkor shaxsiyatida jamlanadi. Endilikda asar muallifi “o‘quvchi- munaqqid”ga aylanadi. Shu tariqa ijodkorning adabiy-estetik qarashlari va ijodiy prinsiplarining shakllanishiga asos vujudga keladi. Shoir va yozuvchilarning badiiy asar, uning spesifikasi, asar tarkibidagi poetik komponentlar, qolaversa butun boshli adabiy jarayon haqida muayyan adabiy- ilmiy qarashlari, xulosalari maydonga keladi. Ular ba’zan badiiy asar tarkibiga yozuvchining falsafiy-badiiy, adabiy-ilmiy qarashlari o‘laroq singib ketadi. L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, A.Chexov, S.Moem kabi jahon, A.Qodiriy, Oybek, A.Qahhor, P.Qodirov kabi o‘zbek yozuvchilari asarlaridagi muallif, roviy, adabiy qahramonlarning “ilmiylashgan 37 mulohazalar”i bunga yaqqol misol bo‘ladi. Ayni paytda, epik tafakkuri keng, global darajada fikrlaydigan yozuvchilar badiiy asar tarkibiga sig‘magan fikr-qarashlarini “tajribalar”, “o‘ylar”, “kundaliklar”, “tundaliklar”, “bitiklar” tarzida alohida nashr etishga jazm qiladilar. Shu bilan birga, L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, T.Mann, S.Moem, Oybek, A.Qahhor, F.Kafka, P.Sart, A.Kamyu, A.Muxtor, O‘.Hoshimov kabi yozuvchilarning alohida va ilmiy yo‘sinda yozilgan risola va maqolalari ham mavjud. Bularning barchasida yozuvchilar ijod va ijodiy jarayon, muayyan salaf va xalaf ijodkorlar asarlari haqida so‘z yuritishsa ham, asosan, o‘z ijod namunalarini taftish qilishni bosh maqsad qilib oladilar. Bularning barchasi tadqiqotchi uchun muhim hisoblanadi. Xususan, ijodkor laboratoriyasini o‘rganishda metodologik kalit vazifasini bajaradi. Buning o‘zbek adabiyoti tarixidagi klassik namunasini buyuk shoirimiz Alisher Navoiyning “Majolis-un nafois” tazkirasi va boshqa adabiyot haqidagi qarashlari aks etgan asarlarida kuzatamiz. Boburning “Boburnoma”sidagi Navoiy va unga zamondosh ijodkorlar haqidagi fikr- mulohazalar, turkiy va forsiy tilda bitilgan tazkiralar, risola va majmualar, devonlarga yozilgan so‘z boshilarda ham ushbu jihat namoyon bo‘lgan. Shuni ham e’tiborda tutish joizki, klassik adabiyotda ijodkorning estetik qarashlari aniq, lo‘nda va izchil tarzda bayon etiladi. An’analarga rioya etish va ularni davom ettirish tamoyili ham bu davr adabiyotiga xos xususiyatdir. Zamonaviy o‘zbek adabiyotida esa bunday an’analar u qadar izchil davom etmaganini ko‘ramiz. Buning asosiy sabablaridan biri sobiq sho‘ro tuzumining yozuvchilar oldiga aniq majburiyatlar qo‘yganidir. Oqibatda erkin ijodiy muhitdan mahrum qilingan ijodkorlar faqat tuzumga bo‘ysungan holda fikr-qarashlarni bayon etishga majbur bo‘lganlar. Mustaqillik arafasi va istiqlolning dastlabki yillariga kelib yozuvchi-shoirlarimizning adabiy jarayonga faol aralashuvi, adabiyotning asosiy vazifasi va yangilanish jarayonlari haqidagi fikr-mulohazalari, kuzatuvlari o‘zbek adabiyoti masalalarini jahon adabiyoti kontekstida 38 talqin va tadqiq etishga, ijodkor “men”i va shaxsiyati haqida yangi-yangi qarashlarni dadil ayta boshlashlariga zamin yaratdi. Chunki bu davrga kelib ijodiy erkinlikka yo‘l ochildi, adabiy jarayonda jahon adabiyotiga xos turli ijodiy eksperimentlar, izlanishlar vujudga kela boshladi. Natijada, mustaqillik yillarida sho‘ro davri tafakkur tarzidan farq qiluvchi ko‘p qirrali, plyuralistik shakldagi adabiyot va uning tadqiqu talqinlari vujudga keldiki, bunda shoir-yozuvchilarimizning ham o‘rni alohida. Muallif adabiy-estetik qarashlarini unga xos sof badiiy-ijodiy konsepsiya bilan qiyosiy tadqiq etish ijod psixologiyasini o‘rganishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Adabiy estetik qarashlar va ijodiy prinsiplar parallelizmi yozuvchi poetik konsepsiyasini to‘g‘ri belgilash uchun muhim omil bo‘lishi bilan bir qatorda, uning joriy adabiy muhitda tutgan o‘rni hamda vazifasini belgilashda ham qo‘l keladi. Ijod jarayonida yozuvchi shaxsiyati, real hayot prinsiplari, turmush tarzi, psixologik holatlarining badiiy ijod jarayoni bilan parallel namoyon bo‘lishi o‘ta murakkab va chigal hodisa hisoblanadi. Shu ma’noda ijodiy parallelizmni doimiy tarzda yagona tempda kechadigan, uyg‘unlikdan iborat silliq jarayon deb qarash to‘g‘ri emas. Ijodiy parallellizm ba’zan yozuvchi estetik qarashlarining ijod namunasida tasdiqlanishi tarzida namoyon bo‘lsa, ba’zan buning aksi ham bo‘lishi mumkin. Ijodkor estetik qarashlarida e’tirof etilgan biron bir tushuncha, fikr-qarash yoki shaxs tabiati, psixologiyasiga xos holat badiiy asarda inkor etilishini ham tabiiy qabul qilish lozim. Bizningcha, buning uchta sababi mavjud. Birinchisi, badiiy ijod dunyosiga singib ketgan yozuvchi endilikda tamomila boshqa odamga - “muallif obrazi”ga aylanadi. U endi o‘zi istagan taqdirda ham o‘sha asar mantig‘idan tashqariga chiqolmaydi. Boshqacha aytganda yozilayotgan asar ohangida “raqsga tushishga” majbur bo‘ladi. Ikkinchidan, bir oddiy inson sifatida yozuvchi ham ijtimoiy-psixologik holatlar, maishiy majburiyat, yosh o‘tishi bilan bog‘liq murakkab jarayonlar bois o‘zgarishi, 39 dastlabki yillardan o‘zgacharoq fikrlay boshlashi mumkin. Uchinchidan, jahon adabiyotidagi ulkan ijodkorlar biografiyasi va asarlarini bir butun kuzatish shundan dalolat beradiki, katta adabiyotga daxldor, o‘ta iste’dodli, daho ijodkorlar shaxsiyati o‘ta ziddiyatli bo‘ladi. O‘z-o‘zini inkor etish, ilk asarlaridan voz kechib, tamomila o‘zga shakl va yo‘nalishda ijod etish holatlari jahon yozuvchilari biografiyasida tez-tez uchrab turadi. L.Tolstoy, J.Joys, F.Kafkalar ijodi bunday xulosa qilishimizga to‘la asos beradi. Ammo, shuni alohida qayd etishni istardikki, bu holat ham tabiiy tarzda ijodiy parallellizmning bir qirrasi sifatida qabul qilinishi va o‘rganilishi maqsadga muvofiqdir. Masalan, o‘zining umrboqiy ijodi bilan nafaqat rus, balki dunyo adabiyotida munosib o‘ringa ega bo‘lgan L.Tolstoy shaxsiyati, adabiy-estetik qarashlari va ijodiy konsepsiyasidagi tasdiq hamda inkor holatlari izchil tarzda kuzatiladi. Tolstoy adabiyotning ko‘plab tur va janrlarida qalam tebratgan serqirra ijodkor bo‘lishi barobarida falsafiy, tabiiy, ijtimoy- gumanitar va diniy ilmlarni ham mukammal egallagan edi. O‘z ijodiy faoliyatida har doim adolatli, to‘g‘ri so‘z bo‘lishga, aytganiga amal qilishga uringan. Ayni paytda o‘z prinsiplaridan chekinmagan holda inson umri mohiyati, hayotning tub mazmunini anglashga intilgan. Bu jihat yozuvchining barcha asarlarida u yoki bu darajada ko‘zga tashlanadi. Ayni paytda prof. Ozod Sharafiddinov tarjima qilgan “Iqrornoma” (“Ispoved”) asari L.Tolstoy ijodiy biografiyasining oynasi hisoblanadi. O.Sharafiddinov haqli ravishda ta’kidlaganidek, “Iqrornoma”dagi asosiy masala inson hayotining ma’no-mohiyati, imon-e’tiqod, vijdon, diyonat haqidagi o‘y-mulohazalar, yashashdan maqsad nimaligini anglash yo‘lidagi sa’y-harakatlar, adoqsiz ruhiy iztiroblar, anglab yetilgan haqiqatu iqrorlardir. Mazkur asarni o‘qir ekanmiz, adibning iztirobli kalb kechinmalariga guvoh bo‘lamiz. Uning oilasiga, xotini va qizlariga, xizmatkorlari va 40 atrofdagilarga, keng ma’noda butun jamiyatu tabiatga, borliqqa bo‘lgan munosabatida umid bilan umidsizlik, ishonch bilan ishonchsizlik mudom o‘rin almashib turganiga guvoh bo‘lamiz. Adib o‘z ruhiyatida kechayotgan ma’naviy inqirozlarni, qalb evrilishlarini sayyoh haqidagi sharq masali orqali ham ifoda etadi. O‘zini masal qahramoni sayyohga mengzaydi. Masalda sayyoh yirtqichlardan qochib o‘zini suvsiz quduqqa tashlaydi, biroq quduq tubida dahshat solib turgan yovuz ajdaho uning joniga xavf soladi. Shu bois quduq devoridagi yoriqdan o‘sib chiqqan va sichqonlar kemirayotgan butaga muallaq osilib jon saqlagan sayyoh garchi umri poyonlashayotganini anglab tursa-da, butada yiltillab tomayotgan asalni yalashga tushib ketadi. Osilib turgan butasini kemirayotgan oq va qora sichqonlarni nazardan qochiradi. Tolstoy bu masal voqealaridan kelib chiqadigan ramziy ma’noni o‘z hayotiga muqoyasa qiladi. Masaldagi sayyoh - umr yo‘lini bosib o‘tayotgan inson. Jarlik tubidagi ajdaho - o‘lim va oxirat. Uni quvlab kelgan tuya - yer yuzida insonga berilgan o‘tkinchi umr, to‘xtashni bilmaydigan vaqt. Butadagi asal - o‘tkinchi dunyoning aldamchi lazzati. Oq va qora sichqonlarlar esa inson umrini kemirayotgan, abadiy almashinib turuvchi kun va tun ramzlaridir. Xo‘sh, unda hayotning, yashash, ishlash ijod qilishning ma’nosi nima? Inson nimaga tug‘iladi-yu qayoqqa ketadi? L.Tolstoy shu haqda fikr yuritadi. Shu savollarga javob izlaydi. Boshidan o‘tkazgan kunlar, holatlar, fikr- xayollar tog‘ini o‘rganadi, taftish etadi. “Menga “sen hayotning ma’nosini tushuna olmaysan, bu haqda hadeb o‘ylaverma, yashayver”, deb har qancha uqtirishmasin, men buni qilolmayman,- deb yozadi L.Tolstoy. Chunki avvallari buni ancha uzoq muddat davomida qilganman. Endilikda qarshimdan yugurib ketayotgan va meni o‘lim sari eltayotgan kun bilan tunni ko‘rmasligimning iloji yo‘q. Men faqat shuni ko‘raman, negaki faqat shugina haqiqatdir. Qolgan narsalarning hammasi - yolg‘on!”53 Chunki L.Tolstoydek mutafakkir o‘ylamay, fikrlamay, o‘z savoliga javob topmasdan yashay olmasdi. Shu bois haqiqatni anglash maqsadida dunyoviy ilmlardan, so‘ng diniy ilmlardan javob izlaydi. Sulaymon payg‘ambar va Shopengauerning “Hayot yovuzliklardan iborat” degan qarashi mutlaq haqiqat emasligini anglaydi. Bunga adib quyidagicha iqror bo‘ladi: “Men noto‘g‘ri fikr yuritganim uchun adashgan emas ekanman, balki gunohkorona hayot kechirganim uchun adashgan ekanman... “Mening hayotim nima?” - deb o‘z-o‘zimdan so‘rab, “yovuzlik va ma’nosizlik”, - deb javob olganman. Chindan ham mening hayotim baloi nafsni qondirishga qaratilgan bo‘lgan va shuning uchun ham ma’nosiz va yomon bo‘lgan”54. Bularni anglab yetgan, hayot ma’nosiz va yovuz degan javob barchaning emas, balki faqat o‘z hayotiga taalluqli ekanini tushungan adib, poklanishga, halol mehnat qilishga, xalq dardi bilan yashashga, barchaga mehr va muhabbatli bo‘lishga intilish orqali hayot ma’nosini anglash mumkinligini anglaydi. Asl haqiqatga faqatgina tafakkur nuri ila emas, balki iymon-e’tiqod ila erishish mumkin, haqiqatni iymondan, dindan topdim, degan xulosaga keladi. Mana shunday ruhiy-psixologik taftishlarda u azaliy haqiqatni, yashashdan maqsad nima ekanligini anglab yetadi. Buni ramziy usulda shunday ifodalaydi: “Sohil - Xudo edi, yo‘nalish rivoyat edi, eshkaklar menga berilgan erk edi. Men ularning yordamida sohilga - Xudoning jamoliga erishmoqqa suzmog‘im kerak edi. Shunday qilib, menda hayot qudrati qayta tirildi va men yana yashay boshladim”55. Shu o‘rinda adabiyotshunos U.Jo‘raqulovning asar haqidagi quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinli bo‘ladi deb o‘ylaymiz: “Iqrornoma” muallifi “Men nima uchun yashayapman? Hayotning mazmuni nima?” degan murakkab savollarga ro‘baro‘ keladi va ushbu asarida mazkur muammoning yechimini topishga urinmaydi, yo‘q! Balki o‘zining boshqalar bilmaydigan, bilishi-da mumkin bo‘lmagan ichki qiyofasini beshafqat ochib tashlaydi, tahlil etadi. Muammo esa tabiiy yechim topadi” (Ta’kid bizniki, F.B.)56. L.Tolstoy shaxsiyati va tafakkur tarzidagi bunday jo‘mardona xususiyatlar uning asarlari qahramonlariga ham tabiiy ravishda singib ketgan. Buning yorqin misolini adibning “Urush va tinchlik” romanidagi Andrey Bolkonskiy obrazi timsolida ko‘rishimiz mumkin. Mazkur qahramon orqali yozuvchi o‘zi anglagan asl haqiqatlarni ifoda etadi. Qahramonning qayinzorda o‘sgan yolg‘iz dub daraxti bilan bo‘lgan muloqot-monologida bu jihat yaqqol namoyon bo‘ladi. U o‘zining ma’nisiz hayoti, huvillagan qalbini “ko‘klam latofati”dan bebahra dubga mengzaydi. “Bahor, muhabbat, baxt- saodat! - der edi go‘yo dub, - hamon bir xildagi behuda, ma’nosiz aldov hech ko‘ngillaringga urmas ekan-da! Hamon o‘sha gap, o‘sha aldov! Zotan bahor ham yo‘q, quyosh ham yo‘q, baxt-saodat ham yo‘q”57. Bu isyon aslida yozuvchining o‘z qalbida kechayotgan og‘riqlar ekani “Iqrornoma” sahifalarida oydinlashadi. Dunyo abadiy emasligi, inson umri o‘tkinchi ekanligi, asl haqiqat iymonda ekani Andrey Bolkonskiyning Austerlis jang maydonidagi chalajon holatidagi ruhiy tasviri orqali teran ifoda etilgan: “Bu baland osmonni nega men shu choqqacha ko‘rmagan ekanman? Buni ko‘rganimga shukur! Ha, mana shu bepoyon osmondan boshqa hamma narsa behuda, puch ekan”58. Prasen tepaligida qo‘lida bayroq bilan qonga belanib yotgan Andrey ruhiy holatidagi evrilish baland, adolatli, va shavkatli o‘sha osmon bilan qiyoslaganda Napoleon Bonapartdek buyuk shaxs aslida shuhratparast, mayda zarra ham emasligini anglab yetishiga olib keladi. Ma’lumki, Lev Nikolayevich Tolstoy o‘zining realistik yo‘sindagi o‘lmas asarlarini yozishi bilan birga nigohi o‘tkir munaqqid ham edi. Bu jihat uning realistik ijodiga xos prinsiplarni belgilashda muhim rol o‘ynadi. Zotan, L.Tolstoy ijodi realizmning cho‘qqisi hisoblanadi. Hayot haqiqatini badiiy haqiqatga aylantirish, obrazli tafakkurda hayotiy mantiqqa izchil rioya etish yozuvchi estetik prinsiplarining asosi edi. U nafaqat boshqalar, balki o‘z ijodiga nisbatan ham g‘oyat talabchan edi. Buni biz “Iqrornoma”dagi quyidagi e’tiroflarda ham ko‘rishimiz mumkin: “Bizning hamma xatti-harakatlarimiz, fikr yuritishlarimiz, ilm- fan, san’at, bularning bari menga bir ermakday, tantiqlikday ko‘rinib qoldi. Angladimki, bundan ma’no izlab bo‘lmaydi. Hayotni ijod qiluvchi mehnatkash xalqning xatti-harakati esa menga birdan-bir arziydigan haqiqiy ish bo‘lib ko‘rindi. Shunda angladimki, shu hayotga ato etilgan ma’no haqiqatdir. Va men bu haqiqatni qabul qildim”59. “Iqrornoma”ning tadqiqotimiz uchun ahamiyati shundaki, undagi fikrlar orqali biz o‘zbek adabiyotshunosligida nisbatan kam o‘rganilgan ijodkor laboratoriyasiga kirish imkoniga ega bo‘lamiz. Yozuvchi dunyoqarashi, estetik pozisiyasi, ijtimoiy voqelikka munosabatini to‘g‘ri anglaymiz. Albatta, har bir ijodkorda bu jarayon o‘ziga xos, individual tarzda kechishi tabiiy. Biroq u ijod jarayonining umumiy qonuniyatlariga mutlaqo yot emas. Qaysidir nuqtalari bilan umuman ijod va ijodkor muammolariga javob topishimizga qo‘l keladi. Ijod psixologiyasini parallellash, muqoyasaviy o‘rganish imkonini beradi. Binobarin, L.Tolstoy ruhiyatida kechgan bunday evrilishlar, inkor, tasdiqning parallel kelishi kabi murakkab holatlarni jahon adabiyotining boshqa yozuvchilari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Bunday holni biz F.Dostoyevskiy ijodi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Yozuvchi qalbidagi buyuk insoniy olijanoblik, mehr-shafqat, insonparvarlik, kambag‘alparvarlik uning deyarli barcha asarlarida yetakchi pafosga aylangan. Psixolog olimlarning yozishicha, buyuk shaxslar o‘z aql-zakovati va ilmi bilan avliyo darajasiga erishadi. Taniqli nevropsixolog olim, tibbiyot fanlari doktori Z.Ibodullayevning “Asab va ruhiyat” kitobida buyuk shaxslar, dohiy va allomalar, yozuvchilar, favqulodda qobiliyat egalari, chapaqaylar va boshqa ruhiyat sohiblarining o‘ziga xos xarakter xususiyatlari, odatlari, tabiatida bo‘rtib ko‘zga tashlanuvchi jihatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar beriladi60. F.Dostoyevskiy ruhiyatidagi injalik, ayni paytda, uni bir umr ta’qib etgan kasallik (epilepsiya) alomatlari asarlari ruhiyatiga chuqur singib ketgan. Uning yetakchi qahramonlari - knyazь Mishkin, Raskolnikov, Karamazov obrazlarida bevosita Dostoyevskiyga xos jihatlarni ko‘ramiz. Ulardagi ko‘pqatlamlilik, murakkablik, polifonik fikrlash tarzi aynan muallifning serqatlam tabiatidagi xususiyatlar ekaniga amin bo‘lamiz. Frans Kafkaning kundaliklarida bolaligidan qalbiga qo‘rquv hissini singdirilganligini, bu qo‘rquv otasidan yashirib yurgan siri - kitobga bo‘lgan mehri, otasidan yashirib o‘qish va ijod qilishlari, xabardor bo‘lib qolishidan xavotir bola ruhiyatida ta’qib qiluvchi kuchga aylanadi. Uning yozishicha, mana shu ta’qib qiluvchi kuch asarlaridagi hadik, qo‘rquv, yolg‘izlik, zulmat ranglarining quyuqlashuviga olib kelgan. Bu holat yozuvchining “Jarayon” romanida butun murakkabliklari bilan namoyon bo‘lganiga tadqiqotchilar e’tibor qaratishgan. F.Kafkaning quyidagi so‘zlari fikrimizni quvvatlaydi: “Men tanqidchi emasman. Men mahkum va tomoshabinman, xolos...(adolatsiz jamiyatdan, ish faoliyatidan voz kechib ijod qilishi, o‘ziga faoliyatsizman deya baho berishi - F.B.) Menga yorug‘ fabrika, uylar, ro‘paradagi deraza xalal beradi...(Hadik, qo‘rquv, fabrika - ota istagiga qarshilik, deraza - nigoh, ta’qib belgisini bildiradi - B.F.) Men yolg‘izman...”61 Aytish joizki, Kafka o‘z ijod namunalarini “o‘ta shaxsiy yozishmalar va ko‘ngil ermaklari” deya baholab, ularning nashr etilishini istamaydi. Shu bois aksariyat asarlari o‘limidan so‘ng Maks Brod tomonidan chop ettiriladi. Shuni ta’kidlash joizki, adabiy-estetik prinsiplar bilan ijodiy jarayonning teranlashuvi, ko‘p ovozliligi, murakkablashuvi, asosan, ijodkor shaxsiyatidagi o‘zgarishlar, uning dunyoqarashi, tabiat va jamiyatda kechayotgan globallashuv jarayonlari bilan uzviy bog‘liqdir. Masalan, 80-yillarning oxirlariga kelib, o‘zbek xalqi ijtimoiy-siyosiy hayotidagi katta o‘zgarishlar, mustaqillik sari tashlangan ilk qadamlar, sho‘ro mafkurasi qoliplarining parchalanishi, sosrealizm ijodiy metodi prinsiplarining inkor etilishi va parokandalikka uchrashi ijodkorlarimiz ruhiyatida ham murakkab ijtimoiy psixologik holatni vujudga keltirdi62. Bu davrda xuddi XX asr boshidagi “qadimchi”lar bilan “jadid”lar o‘rtasida bo‘lganidek saralanish jarayoni boshlandi. Mustaqillik bu jarayonda ilg‘or dunyoqarashga ega bo‘lgan “sho‘ro qoliplari”ni inkor etuvchi, jahon adabiyotiga xos ilg‘or ifoda usullarini o‘zbek adabiyotiga dadil tatbiq etayotgan bir guruh yozuvchi va shoirlarni yetishtirdi. Ularning ayrimlari o‘z ijodini 70-yillarning oxiri 80-yillarning boshlarida boshlagan va o‘zlarining yangicha konsepsiyalari, davr adabiyotidan farqlanuvchi ijodi bilan ko‘zga ko‘ringan avlod bo‘lsa, ayrimlari mustaqillik yillarida ijod maydoniga kirib kelgan ijodkorlardir. Bular oldingi avlodlardan hayot tarzi, falsafasi, adabiy-nazariy qarashlarining o‘ziga xosligi bilan ajralib turadilar. Jahon adabiyotida kechayotgan tendensiyalar, falsafalar, estetik qarashlar, psixologik jaryonlardan bevosita xabardorlar. Shu bois ular yaratayotgan asarlar avvalgilardan falsafiy teranligi, ramziyligi va psixologik talqinlarning serqatlamligi bilan farqlanadi. Biz bu o‘rinda M.M.Do‘st, E.A’zam, A.A’zam, X.Sulton, X.Do‘stmuhammad, O.Otaxon, T.Murod kabi o‘tgan asrning 80-yillarida adabiyot olamiga o‘z “ovozi” va “soz”i bilan kirib kelgan yozuvchilarni nazarda tutmoqdamiz. 80-yillarning oxiri va 90-yillardan boshlab adabiy jarayonda faol ishtirok etib kelayotgan N.Eshonqul, T.Rustamov, L.Bo‘rixon, A.Yo‘ldoshev, U.Hamdam, S.Vafo, Z.Qurolboy qizi, I.Sultonlarni yuqorida nomlari sanalgan yangi avlodning izdoshlari deyish mumkin. Ular o‘tgan davr maboynida nafaqat badiiy ijodlari bilan, balki adabiy-estetik qarashlarining o‘ziga xosligi bilan ham adabiy jarayon qiyofasini o‘zgartirishga urinmoqdalar. Ularning mustaqillikkacha va undan keyin yozilgan roman va qissalari, hikoyalarini ko‘zdan kechirsak, bu fikrning haqiqat ekani oydinlashadi. Masalan, X.Sultonning “Yozning yolg‘iz yodgori”, M.M.Do‘stning “Lolazor”, E.A’zamning “Atoyining tug‘ilgan yili”, “Bayramdan boshqa kunlar” asarlari, O.Otaxon va A.A’zam, X.Do‘stmuhammadning turkum qissa va hikoyalari mana shunday poetik o‘zgarishlardan dalolat beradi. Bizningcha, adabiy jarayondagi bunday yangilanishlar jamiyat va individual ongdagi keskin reaksion jarayonlar bilan izohlanadi. Sho‘rolar tuzumining qulashi, milliy o‘zlikni anglashga intilish, o‘ttiz yil ichida ijtimoiy hayotda ro‘y bergan keskin o‘zgarishlar (qayta qurish, bozor iqtisodi, istiqlol, diniy va milliy qadriyatlarning tiklanishi) o‘zbek yozuvchi-shoirlari individual badiiy tafakkurida shunday aks-sado berdi. Natijada o‘zbek adabiyoti, xususan, epik tafakkurida tub yangilanishlar ko‘zga tashlana boshladiki, biz buni tadqiqotimiz ob’yekti bo‘lgan N.Eshonqul, U.Hamdamlar ijodi misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. bob bo‘yicha xulosalar 1. Adabiyotshunoslikdagi ijodiy jarayon va ijodkor shaxs tushunchalarining ildizlari insoniyatning uzoq tarixiga borib bog‘lanadi. Insondagi erk va ozodlikka intilish ehtiyoji unda ijod ishtiyoqini tug‘dirdi. Ijodiy jarayon esa o‘zining adabiy-estetik, falsafiy-psixologik omillariga ko‘ra ko‘p qirralidir. Ijodiy jarayon, birinchi navbatda, shaxsiy, psixologik hodisadir. Undagi ruhiy-ma’naviy ehtiyojlar va istaklar insonda ijodkorlik xususiyatlarini shakllantirishga omil bo‘ladi. Ruhiy-ma’naviy ehtiyojlar ostida insonning ilohiyotga bo‘lgan intilishi yotadi. Inson o‘zi ko‘rib, his etib yashayotgan dunyosidan o‘zga dunyolar haqida fikr yuritganda uni beixtiyor ijodiy kayfiyat chulg‘ab oladi. Shu yo‘ldagi mashaqqat va izlanishlar san’at asarining dunyoga kelishiga omil bo‘ladi. Moddiy-biologik ehtiyojlarning ham shaxs va ijodiy jarayonning shakllanishida muhim o‘rni bor. Psixoanaliz asoschisi Z.Freyd ushbu hodisani o‘rganar ekan, biryoqlama fikrlaydi. Inson ong osti istaklarining ijodiy quvvatga aylanish jarayonlarini uning biologik imkoniyatlari bilan cheklab qo‘yadi. Olim garchi bu borada muayyan kashfiyotlar qilgan, salmoqli yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, ijodning ilohiy mohiyatini to‘laligicha ochib berishga erisha olmagan. Badiiy tafakkur tarixida ijodkor shaxsiyati va ijodiy jarayonni ijtimoiy hodisalar bilan mushtarak talqin etish, shaxs tushunchasini ijtimoiy hayot voqeligiga bog‘lab tushuntirishga urinishlar ham yetarlicha uchraydi. Ammo badiiy ijod sof ijtimoiy hodisa bo‘la olmaganidek, ijodiy jarayon va ijodkor shaxsi ham butkul ijtimoiy hodisa bo‘lishi mumkin emas. Bu fikrning to‘g‘riligini sobiq sho‘rolar davri adabiy siyosatining inqirozi to‘la tasdiqlab turibdi. Tom ma’nodagi badiiy ijod va ijodkor shaxsiyati, bizning xulosamizga ko‘ra, yuqorida sanalgan barcha jarayonlarni o‘zida mujassam etadi. Ya’ni shaxs o‘zini o‘rab turgan ilohiy, ma’naviy, ijtimoiy, falsafiy, milliy va umuminsoniy muhit ta’siridan xoli tarzda namoyon eta olmaydi. Ilohiylik, insonning biologik, ijtimoiy, psixologik, ruhiy-ma’naviy olami, bilim-tajribasi bir butun holatda ijodkor shaxsi hamda ijodiy jarayonni tashkil etadi. Har bir ijodkorda shaxs va uning estetik pozisiyasi parallel holatda namoyon bo‘ladi. Har bir badiiy asarning yaratilishida shubhasiz ijodkorga turtki bo‘lgan, uni ijodiy jarayonga undovchi bir qator ichki va tashqi omillar mavjud. Bunga tashqi omil sifatida ijtimoiy hayot unda kechayotgan muayyan voqea va hodisalar, umuman olganda istalgan narsa-hodisalar bo‘lsa, ichki omil sifatida ijodkor “men”idagi ichki evrilishlar, kechinmalar, ta’sirlanish va hokazolar orqali ijodga bo‘lgan intilish, ya’ni ilhomning paydo bo‘lishidir. Ilhom yozuvchini badiiy ijodga yo‘llaydigan, otlantiradigan psixologik omildir. Ilhom bilan yozilmagan asar quruq, hissiz va tuyg‘usiz bo‘lib qoladi, kitobxonda hech qanday munosabat uyg‘otmaydi. Ilhom esa badiiy asarning zavq-shavq, pafos bilan yaralishiga olib keladi. Ilhomning muhim xususiyatlaridan biri badiiy asardagi psixologik talqinlarning kitobxonga “yuqishiga” zamin tayyorlashda namoyon bo‘ladi. Badiiy ijod va ijodiy jarayonga, badiiy asar yaratilishiga xos bo‘lgan hodisalar shunday bir ijtimoiy-ma’naviy va psixologik hodisalar silsilasiki, uning barcha qirralari ijod jarayonini hosil qilishda, badiiy asar yaratilishida birdek ishtirok etadi. Yozuvchi bilan kitobxonni, yozuvchi bilan badiiy asarni, badiiy asar bilan kitobxonni bir -biri bilan bog‘lovchi mustahkam bir mexanizmga aylanadi. Umuman, ijod jarayonida, xususan, epik qamrovdorlik muhim hisoblangan nasriy ijodda tuyg‘u va tafakkurning uyg‘un bo‘lishi qonuniyatdir. Tuyg‘uga yo‘g‘rilmagan epik obraz badiiylik kasb eta olmaganidek, tafakkur yetakchilik qilmagan his-tuyg‘u ham epik talqinga aylana olmaydi. Yozuvchi asarlarini uning shaxsiyati, biografiyasi, ruhiy- psixologik holatlari, oila muhiti, ijtimoiy doirasi, xususan, shu asosda shakllangan adabiy-estetik qarashlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yozuvchining: a) ijod jarayonida shaxs darajasiga ko‘tarilishi, o‘zligini anglashi; b) oddiy odamlardan farqlanuvchi ichki intuisiyaga egaligi; v) ilhom jarayonlarini to‘g‘ri anglab, uni to‘g‘ri tarbiyalashi natijasida shaxs va ijod uyg‘unligi maydonga keladi. Ijodkorning aniq va mukammal estetik qarashlari shakllanadi. Yozuvchi fenomenini shakllantiruvchi yana bir jihat u mansub jamiyat orasida amal qilayotgan falsafalar, psixologik jarayonlarga nisbatan aniq pozisiyaning mavjudligi bilan belgilanadi. O‘z falsafiy qarashlari xususida muayyan to‘xtamga ega bo‘lgan, uning bashariyat manfaatlariga muvofiqligini anglagan va bunga ko‘nika olgan yozuvchigina umumbashariy asarlar yoza oladi. Rus yozuvchisi L.Tolstoy ijodiy yo‘li bizni shunday xulosa chiqarishga undaydi. O‘ziga xos shaxsiyati, falsafasi, ijodiy prinsiplari, adabiy- ilmiy konsepsiyasiga ega yozuvchi endilikda adabiy jarayonning faol ishtirokchisiga aylanadi. Uning tabiat, jamiyat, inson shaxsiyati, san’at va madaniyat haqida aytgan fikrlari umummilliy, umuminsoniy ko‘lam kasb etadi. Bevosita badiiy ijod va adabiyotga doir qarashlari esa ikkiyoqlama mohiyat kasb etadi: 1) jamiyatning estetik didini tarbiyalashga xizmat qiladi; 2) ijodiy mukammallikka asos bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan yozuvchi badiiy asarlarini uning adabiy-estetik qarashlari bilan muqoyasaviy o‘rganish nainki bir ijodkor, umuman adabiy jarayon va ijod psixologiyasiga oid nazariy xulosalar chiqarish imkonini beradi. bob. NAZAR ESHONQUL IJODIDA BADIIY IDROK VA TANQIDIY TAFAKKUR SINTEZI Yozuvchi “men”i ijodiy tamoyillar asosi sifatida Nazar Eshonqul adabiyotga o‘z ovozi va mustaqil badiiy konsepsiyasi, ifoda usuli bilan kirib kelgan yozuvchidir. N.Eshonqul va uning zamondoshlari o‘zidan oldingi yozuvchilar avlodidan qator jihatlari bilan farq qiladi. Bunday prisipial farqlar N.Eshonqul avlodi ijodkorlarining shaxsiyati, ayni paytda ijodiy tamoyillari shakllangan davr, tuzum xarakteri bilan ham bog‘liq, albatta. Avvalo, bu avlod ijodida mafkuraviy tazyiq izlari yaqqol sezilmaydi, milliy doiradagi muammolar nisbatan ochiq-oydin bayon etiladi; ikkinchidan, o‘tgan tuzumga xos illatlar ularning asarlarida erkin va atroflicha ijtimoiy-badiiy tahlil etiladi, unga nisbatan aniq konseptual munosabat bildiriladi; uchinchidan, N.Eshonqul avlodi asarlarida poetik eksperimentlar qilish imkoniyati keng va ular bu imkoniyatdan yetarli darajada foydalanadilar; to‘rtinchidan, Yevropa, Amerika va Lotin Amerikasi adabiyotiga xos badiiy tendensiyalarga moyillik bu avlod estetik dunyoqarashining yetakchi xossalaridan hisoblanadi; beshinchidan, ushbu avlodga mansub ijodkorlar jahon adabiyoti va nazariyasi muammolari, dunyo adabiyotida mavjud adabiy oqim va metodlardan yaxshi xabardor. Xabardorgina bo‘lib qolmay, bu haqda erkin fikr yurita oladilar. Bu avlod, xususan, N.Eshonqul poetik idroki, adabiy-estetik qarashlari mana shunday ijodiy prinsiplar asosida shakllangan. Ularning bosh maqsadlari, bizning fikrimizcha, adabiy muhitni yangilash, ijodiy prinsiplarni qayta shakllantirish, jahon adabiyotidagi eng ilg‘or tendensiyalarni milliy adabiyotga sintezlashda namoyon bo‘ladi. Albatta, bunda turli badiiy eksperimentlar, ifoda usullaridagi yangilanishlar bilan birga adabiy-tanqidiy ishlarning ham muhim o‘rni bor. Tadqiqotimiz ob’yekti bo‘lgan N.Eshonqul va U.Hamdam asarlarida badiiy ijod jarayonidagi estetik tamoyillar, poetik eksperimentlarning tanqidiy asarlarda izchil aks etganiga guvoh bo‘lamiz. Oldingi bobda ta’kidlaganimizdek, ushbu an’ana Sharq va Gʻarb adabiyoti vakillari ijodida ham mavjud bo‘lib, N.Eshonqul va U.Hamdam asarlarida uch ko‘rinishda namoyon bo‘ladi: a) jahon va o‘zbek adabiyotida kechayotgan poetik hodisalar, muayyan adabiy shaxsiyatlarga estetik munosabat tarzida; b) o‘z ijod laboratoriyasi, yozilgan va yozilayotgan ijod namunalari haqidagi o‘ylar, fikr-mulohazalar, baholar tarzida; v) izchil, rejalashtirilgan ilmiy tadqiqotlar tarzida (bu jihat ko‘proq adabiyotshunoslik muammolari bilan maxsus shug‘ullangan U.Hamdam ijodiga xos). Zamonaviy jahon va o‘zbek adabiyotida ro‘y bergan biron muhim hodisa yo‘qki, u N.Eshonqul e’tiboridan chetda qolgan bo‘lsin. Turli hajm va shakldagi badiiy esselar, maqolalar, taqriz, suhbat, adabiy bahslarda N.Eshonqul badiiy idroki va tanqidiy tafakkurining o‘ziga xosligi ko‘zga tashlanadi. 2014 yilda yozuvchining “Mendan “men”gacha” nomli adabiy-tanqidiy asarlar to‘plami nashr etildi. Kitobdan N.Eshonqulning qariyb o‘ttiz yillik tajribalari, adabiyot haqidagi fikr-mulohazalari o‘rin olgan. Kitobning qamrov doirasi o‘ta keng. Unda Sharq va Gʻarb klassiklari, o‘zbek nasri va she’riyatining zabardast vakillari ijodi muhim ijodiy fenomen - ijodkor “men”i doirasida talqinu tahlil etilgan. Kitobning “MEN”ni izlab...” nomli dastlabki qismida adibning ijodkor shaxsi mohiyatini belgilovchi, o‘zligini namoyon etuvchi yadrosi - “men”lik olami haqida fikr yuritiladi. Ushbu asarda, eng avvalo, ijodkor kim, uning o‘zligi qanday namoyon bo‘ladi, ijodkorning yaratuvchanlik salohiyati nimalarda ko‘rinadi, degan savollarga javob izlanadi. Uning shaxs darajasiga ko‘tarilishi yoki shaxssizlik doirasida qolib ketishining sabablariyu omillari nimada tarzidagi aniq va shafqatsiz savollar qo‘yiladi. “Men” i va “mensizlik” 52 ijod jarayonida qanday namoyon bo‘ladi kabi masalalar adabiy materiallar asosida tahlil etiladi. Nazar Eshonqul “men”likni yaratuvchanlikda deb biladi. Muallif fikricha, go‘zallikni hamma his qilishi, zavqlanishi, hayratlanishi, ma’naviy ozuqa olishi mumkin, lekin uni yaratish faqat o‘z “men”iga ega bo‘lgan insonlar qo‘lidan keladi. “Go‘zallik va “men” o‘rtasidagi munosabat voqelikni tasvirlash darajasi bilan emas, voqelikni o‘zgartirish, uni o‘ziga va o‘z idealiga moslashtirish, undagi inson va dunyo haqidagi iztiroblar darajasi bilan o‘lchanadi. Voqelikni tasvirlash qobiliyat emas, voqelikni yaratish qobiliyatdir ” 1. Demak “men-iste’dod”gina chinakam go‘zallikni yaratishga qodirdir. Yozuvchi “men”likning namoyon bo‘lishida real voqelik, tashqi ta’sirni inkor qilmaydi. Biroq badiiy asar tashqi olamning in’ikosigina emas, balki butunlay yangidan yaratilgan yozuvchi “men”iga taalluqli bo‘lgan va kashf etilgan poetik topilmadir. “Tashqi olam va bu “dunyo” o‘rtasidagi farq yozuvchi mahorati, saviyasi, maqsadi hamda ideali bilan o‘lchanadi”63 64. Nazar Eshonqulga ko‘ra, “men”likni namoyon qiluvchi yana bir muhim xususiyat shaxs tushunchasidir. Ya’ni asl “men” faqat shaxsda namoyon bo‘ladi. Shaxs o‘z fikri, dunyoqarashi, o‘z so‘zi, o‘z ovoziga ega inson. Shaxssizlik esa, aksincha, fikrsizlikdir. “Fikr - botiniy qiyofa, odamning, shaxsning ichki qiyofasini ko‘rsatib turuvchi ko‘zgu. Fikri yo‘q odamning qiyofasi ham bo‘lmaydi. Fikr odamning o‘zligini, o‘ziga xosligini bildirib, mavjudligini ko‘rsatib, talab qilib turadi. Fikr, aslida, “men” mavjudman degani. Fikr yo‘q joyda olomonchilik va johillik ko‘pchiydi. Mening fikrim - bu mening qiyofam... Fikrsizlik ma’naviy o‘limdir”65, deb yozadi bu haqda yozuvchi. N.Eshonqul shaxssizlikning ijtimoiy asoslariga nigoh tashlaydi. Uningcha, sho‘ro davrida hokim mafkura adabiyotda shaxslarni yo‘q qilish va shaxssizlikni yuzaga keltirish uchun ko‘p harakat qildi. O‘z maqsadiga butkul erisha olmagan bo‘lsa-da, talaygina o‘z “men”iga ega bo‘lmagan rang-tussiz asarlarning yaralishiga zamin tayyorladi. Falsafa, psixologiya, estetikaga oid adabiyotlarda insonning o‘zligi, axloqi, ijtimoiy munosabatlari uning shaxsida namoyon bo‘lishi ta’kidlanadi. “Shaxs mustahkam imon-e’tiqod, g‘oya va insoniy fazilatlarga ega bo‘lgan, Vatan, millat tuyg‘usi bilan yashaydigan, o‘zida davr xususiyatlarini ifoda etadigan insondir” 66 . “Shaxs - ijtimoiy va shaxslararo munosabatlarning mahsuli, ongli faoliyatning sub’yekti bo‘lmish individdir”67 . “Shaxsning o‘zi, o‘z xulq-atvori xususiyatlari, jamiyatdagi mavqeini tasavvur qilishidan hosil bo‘lgan obraz - “Men” obrazi deb atalib, uning qanchalik adekvatligi va reallikka yaqinligi shaxsning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini belgilaydi va uning barkamolligi mezonlaridan hisoblanadi. “Men” obrazining ijtimoiy psixologik ahamiyati shundaki, u shaxs tarbiyasining va tarbiyalanganligining muhim omillaridan hisoblanadi” 68 . To‘g‘ri, bu ta’riflarda psixologik yondashuv yetakchilik qiladi. Asar mualliflari umuman shaxs tushunchasi haqida fikr yuritadilar. Ularda N.Eshonqul talqinidagi kabi ijodkor shaxs fenomeni alohida ajratib olinmaydi. Ammo shunga qaramasdan bu ikki talqin o‘rtasida umuminsoniy mushtarakliklar bor. N.Eshonqul ijodkor shaxs haqida fikr yuritganda, u qanday sifatlarga ega bo‘lishi lozim, degan masalani o‘rtaga ko‘ndalang qilib qo‘yadi. Ijodkorning biologik insonlardan farq qiluvchi alohida xususiyatlariga e’tibor qaratadi. Bunday alohidalik - individuallikni yozuvchi ijodkor shaxs “men”ida deb biladi. N.Eshonqul adabiy-estetik qarashlari asosini “faqat o‘z “men”iga ega bo‘lgan yozuvchigina chinakam badiiyat namunalarini yaratadi”, degan aniq konsepsiya tashkil etadi. “Men” faqat yurak emas, u bo‘y ko‘rsatayotgan dunyoning asoschisi va ma’naviy hokimi hamdir”69 . Demak, yozuvchi shaxsini uning ijtimoiy fazilatlari emas, ichki “men”i ko‘tarib turadi. Ayni paytda, yozuvchi asarlari bilan shaxsiyatining bir-biriga mos kelmasligi o‘zlik, ya’ni o‘z “men”ini bilishga intilishning yo‘qligi oqibatidir. “Shaxs aqliy idrok mahsuli, ijod esa ong osti kechinmalar mahsulidir”70. Asl “men” - ijodkor “men”dir. U boshqalar ilg‘amagan, anglamagan moddiy va ma’naviy, tashqi va botiniy holatlarni anglaydi. Faqat anglash, idroklash bilangina cheklanmaydi, o‘z ijod namunalarida qayta kashf etadi. “Men ijoddan xoli narsalarni yaratuvchilik deb atashlariga qarshiman. Ijod yo‘q joyda yaratgan ham, yaratuvchilik ham bo‘lmaydi. Ijodiy zavq olish so‘ngan daqiqadan turg‘unlik boshlanadi, ijodiy zavq tugagan jamiyat tanazzulga yuz tutadi. Ijod - buyuklikni va Parvardigor qudratini anglash hissi”71. Ko‘rinadiki, N.Eshonqul haqiqiy ma’nodagi ijodkor ijod bilan tirikligiga urg‘u bermoqda. Ijodkor shaxs o‘z hayotini ijod qilgan daqiqalarinigina yashaydi. Umrining qolgan vaqtlarida oddiy odamlardan farq qilmaydi. Lekin shuni unutmaslik lozimki, ijodning oldingi bobda qayd etilgan uch bosqichi unda doimiy tarzda davom etib turadi. Ijod kayfiyatidagi yozuvchi olam va odamlarni ijodkor nigohi bilan kuzatadi. O‘z asarlari syujetini, obrazlarni, detallar va metaforalarni xotirasida saqlashga harakat qiladi. Yozish jarayonida ijodining kulminasion nuqtasiga chiqsa, qayta o‘qish jarayonida munaqqid, adabiy taftishchiga aylanadi. Haqiqiy ijodkor, bizningcha, kamdan-kam holatlardagina oddiy odam bo‘lib yashaydi. Muallif ijodni yaratuvchanlik bilan bog‘lar ekan, ijod va ijodkorlik haqida ham o‘ziga xos qarashlarni ilgari suradi. Ijodni ilohiy hodisa deb bilgan muallif, uni mavjudlik falsafasi bilan bog‘laydi. Ijodni yozuvchi “men”ini, mustaqil “men” mavjudligining tan oldirish vositasi deb biladi. Yozuvchi ijodni har qanday zo‘ravonlikni inkor qiluvchi kuch sifatida baholaydi. Zo‘ravonlik va jaholat ijodning eng katta dushmanidir. Ular azaliy va abadiy ziddiyat, kurashda yashaydilar. N.Eshonqul ta’rificha, chin ijod zo‘ravonlik, johiliyat, zulmatga qarshi isyondir. Ko‘rinib turibdiki, N.Eshonqul ijodni inson ruhini tanazzuldan qutqaruvchi vosita deb biladi. Insonning mag‘lubiyatga mahkumligini ta’kidlash barobarida ijodda ijtimoiylik, ya’ni xaloskorlik ruhi borligini e’tirof etadi. Adib o‘z qarashlarini faylasufona ifodalab, har qanday qudratli inson ham baribir mag‘lub, degan xulosani beradi. Asrlar mobaynida ne-ne jahongirlar ham “men g‘olibman”, deb o‘tishgan bo‘lsa-da, oxir-oqibatda mag‘lubiyatga mahkumligini Iskandar haqidagi afsonaga bog‘lab talqin qiladi. Faqat ijodgina insonni mag‘lubiyatdan qutqarib qolishini ta’kidlaydi. N.Eshonqulning “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Xaroba shahar surati”, “Sibizg‘a volasi”, “Muolaja”, “Qultoy” singari asarlari matnida inson tabiatida shunday jihatlar aks etganini inkor etib bo‘lmaydi. Ma’lumki, N. Eshonqul o‘z ijodini “Urush odamlari” nomli realistik qissa bilan boshlagan edi. Bu qissa adabiy jamoatchilikda yaxshi taassurot qoldirdi va yana bir iste’dodli yozuvchi paydo bo‘layotgani e’tirof etildi. Shundan keyin yozuvchi o‘zining ifoda yo‘sinini o‘zgartirib, dastlab, “Maymun yetaklagan odam” (1989), keyinchalik esa “Qora kitob”, “Tun panjaralari” kabi qissa va hikoyalarini yaratdi. Yozuvchi adabiy-estetik qarashlari xuddi shu ma’noda badiiy va adabiy- tanqidiy, falsafiy-psixologik ijod o‘rtasida doimiy harakatda bo‘lgan yozuvchi ijodiy “men”ining umumlashma obrazida namoyon bo‘ladi. N.Eshonqul estetik qarashlaridagi fikr-g‘oyalarini badiiy asarlarini yaratish jarayonida ko‘ngil prizmasidan o‘tkazib, ko‘ngilning suratlari o‘laroq gavdalantiradi. Masalan, adib sho‘ro davri siyosatining yozuvchi shaxsini mahv etishga qaratilgan mafkurasi haqida fikrlar ekan, shaxssizlik oqibatini vayrona qilingan shahar tarzida ramzlashtiradi. Uni ko‘ngil xarobalari deb ataydi. “Shaxs yo‘q joyda biz hamisha ma’naviy xarobalikka, turlanib- tuslanishlarga duch keldik”72. Ushbu konsepsiya yozuvchining “Xaroba shahar surati” asarida xuddi rassom chizgan suratdek hikoyaga ko‘chgan. Yozuvchi va munaqqid Xurshid Do‘stmuhammad N.Eshonqul hikoyalarini tahlil qilar ekan, ularda shaxs tushunchasi markaziy o‘rinda turishini e’tirof etib, shunday yozadi: “N.Eshonqul o‘z qahramonlari dunyoqarashini shaxs va jamiyat, shaxs va o‘tmish, shaxs va muhit munosabatlarini ochiq- oshkora tahlil etish yo‘li bilan gavdalantiradi”73. Darhaqiqat, N.Eshonqul qahramonlari o‘tmish, bugun va kelajakdan iborat zamon-makonlar ichra o‘zligini qidirayotgan, nainki shaxsiy o‘zligi, hatto milliy hamda umuminsoniy o‘zlik tomon intilayotgan murakkab obrazlardir. Ularning maishiy makonlar ichra xonanishin qahramonlari ham umuminsoniy dard bilan qorishib istiqomat qiladilar. Bayna momo kabi qasos va yolg‘izlik iztirobi og‘ushida yonib kul bo‘ladilar. Shu tariqa jahoniy poetik obrazlar (G.Markes, Robeka) maqomiga ko‘tariladi. “Shaxs sifatida o‘zini, davrini, zamonini muttasil mushohada chig‘irig‘idan o‘tkazishga moyillik - intellektual qahramonlar obrazini yaratish N.Eshonqul hikoyalarining o‘ziga xosligini tashkil etadi”. - deb fikrini davom ettiradi X.Do‘stmuhammad. “Adibning qaysi hikoyasini tahlil etmaylik syujet qurilmasi, konflikt, ohang - barchasi o‘ychan va sermushohada nasr namunasi ekanini ko‘ramiz. Ularda voqealar, taqdirlar, personajlar ko‘lami emas, qahramon qalbi shuurida kechayotgan o‘y- mushohadalarning tahlili birinchi planga chiqadi. Voqealarning, to‘qnashuvlarning o‘zi emas, ulardan qolgan kechinmalar tadqiq ob’yektiga aylanadi”74. Tanqidchi bu fikrlarni N.Eshonqulning “Tobut”, “Muolaja”, “Ajr”, “Istilo” (Ayni hikoya tahrir etilib, hozir “Evolyusiya” nomi bilan chop etilgan - F.B.), “Bevaqt chalingan bong”, “Maymun yetaklagan odam” hikoyalari tahlili asosida bayon etadi. N.Eshonqul asarlarida yozuvchi shaxsiyati, uning “men”i o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Uning qahramoni tom ma’noda ko‘ngil odami. Odam va odam orqali olamni anglash qahramonning murakkab ruhiy kechinmalari, so‘ngsiz o‘y-xayollari, iztirobu diltangliklari aro kechadi. Qahramon “men”i bu olamda yashamaydi. Eng avvalo o‘z “men”i olamida namoyon bo‘ladi va shu olam orqali tashqi olamga nazar soladi. N.Eshonqul o‘zining adabiy-estetik qarashlarida, adabiy suhbatlarida ham hayotning ulkan va so‘ngsiz haqiqatlari to‘g‘risida fikr yuritadi. Uning asarlarida aks etgan olam oddiy hayotiy voqelik asosida emas, balki olam bilan odamni bog‘lab turuvchi asl rishta - olam va odam bir butunligi haqidagi oliy haqiqatlarga tayanadi. N.Eshonqul qahramonlari “men”i, yozuvchi shaxsiyati ana shu katta ilohiy haqiqatlarni anglash yo‘lida kechinmalar kechirayotgan, ruhan poklanayotgan yoki o‘zini anglashga harakat qilayotgan shaxsdir. Adib dunyoqarashidagi eng xarakterli jihat Gʻarb va Sharq falsafasi alal oqibat bitta g‘oyada birlashadi, degan xulosada namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham uning asarlarida Sharqu Gʻarb qarashlari uyg‘unlashib, birikib ketadi. Adibning “Tun panjaralari” qissasi ham shu g‘oya bilan sug‘orilgan. Yozuvchining “Maymun yetaklagan odam” kitobiga so‘z boshi yozgan Xurshid Do‘stmuhammad “tun, xaroba, zulmat, tobut, o‘lik, og‘riq sifatlari umumlashib, N. Eshonqul badiiy tafakkuri o‘q chizig‘ini tashkil etadi”, deb yozadi. Adabiyotshunos D.Xoldorov ham ayni fikrning tasdig‘i sifatida adib uslubida rang bilan bog‘liq ramzlar muhim rol o‘ynashini, qora rang yozuvchi asarlarining sarlavhalariga ham chiqqanini e’tirof etadi75. “Tun panjaralari” qissasida aks etgan voqelik ham qora tun fonida metaforiklashtirilgan. Filol.f.d. U.Jo‘raqulov keyingi yillar o‘zbek nasridagi metaforiklik haqida quyidagilarni yozadi: “Bunday asarlarda yozuvchi tomonidan tanlangan biror mavzu hamda voqea bir butun istiora tizimiga aylantiriladi. Syujet va obraz umumlashma (tipologik) mohiyat kasb etadi. Asar kompozisiyasi o‘rnini istiora qolipi (metaforik model) egallaydi. Natijada asar makon-zamon qamrovi ulkanlashadi. Ma’no ko‘lami kengayadi”76. Qissada yozuvchi voqelikni, aniqrog‘i “men”ning qalb kechinmalarini tun manzaralari orqali ifoda etadi. Tun qahramonning faoliyat maydoni. Asarni shartli ravishda ikki qismga ajratish mumkin: dastlab, qahramonning qoq tunda bitayotgan maktubi; ikkinchisi, ayni shu maktub bitish jarayonidagi ruhiy holati. Ayni chog‘da bu tipdagi asarlarda inson ruhiyatini turli xil badiiy detallar (nutqiy, xatti-harakat, imo-ishora va h.k.), dialog va monologlar, kechinmalar va boshqa tasviriy vositalar orqali aks ettirish samarali natija beradi. Insonning ichki, ya’ni botiniy olamini ko‘rsatishda, ziddiyatli holatlarni tasvirlashda ichki monolog katta rol o‘ynaydi. “Tun panjaralari” qissasida inson mohiyatining namoyon bo‘lishi “men”ning ongida kechayotgan o‘y-fikrlar orqali epifaniya asosida, ya’ni muallif ishtirokisiz ochiladi. Ma’lumki, inson ongida kechayotgan o‘y- fikrlar, xayollar betizgindir, shu boisdan, bu qissada aniq maqsadga yo‘naltirilgan an’anaviy syujet yo‘nalishi yo‘q. Bu N.Eshonqul moderncha uslubiga xos xususiyatlardan biri sanaladi. Qissada ramziy ifodalar serob. Tadqiqotchi F.Radjapova mazkur qissa tahlili asosida N.Eshonqul o‘z ijod manerasiga ko‘ra ramziylikka moyil adib ekanini ta’kidlaydi. O‘z tahlillarini: “Tun panjaralari” qissasi ramzlar, poetik ko‘chimlar nisbatan keng qo‘llanilgan, hayotning turfa manzaralari falsafiy-badiiy talqin etilgan asardir”77, degan xulosa bilan yakunlaydi. “Men”ning fikriy faoliyati asosan tunda boshlanadi. Buning sababi nimada? Tun nimaning ramzi? Qissani o‘qigan o‘quvchida haqli ravishda shunday savollar tug‘iladi. Aslida tun - qorong‘ulik, zulmat, g‘aflat, shuningdek, sokinlik, osoyishtalik ramzi hamdir. Shu sababdan asar qahramoni faqat sokin tundagina baxt-baxtiqarolik, poklik-tubanlik, vijdon-vijdonsizlik, umid-tushkunlik, orzu va armon, g‘ussa va quvonch, yalqovlik va shijoat, xullas, odam va uning taqdir bitigi to‘g‘risida o‘y suradi. Qahramon “men”i ongida kechayotgan fikriy mushohadalar orqali yozuvchi inson ruhiy olamini, o‘ziga xosligi va murakkabligini tasvirlaydi. Inson - murakkab bir tilsim ekanligi ushbu qissada o‘z aksini topgan. Inson qalbi va umrining muayyan qismi hisoblangan “tun” metaforasi orqali asl mohiyat sari qadam tashlaydi. Asardagi tasvirlar Cho‘lponning XX asr boshlarida yaratgan tun poetik obrazini yodga tushiradi. Zero, tun o‘ziga xos bo‘lgan barcha ko‘rguliklarni pinhon tutib turadigan qora parda. “Barcha yovuzliklar, inson ma’naviyatiga xos kirdikorlar, inson umrining yorug‘ pallalarida ko‘rinmaydigan jihatlari shu qora parda bilan berkitilgan. Yozuvchi uni panjara deb ataydi. Bu qissada inson uchun o‘qilgan o‘ziga xos hukm, xulosa ”78. Asardagi Hosila obrazi men, sen va muhabbat timsolida ijodkor konsepsiyasini ifodalovchi vosita sifatida keladi. Asar bir kechaning tasviri va falsafiy talqinidan iborat. Qahramon nazdida tun nafaqat shaytoniy xislatlarni namoyon qiluvchi hodisa, ayni paytda tunning ham o‘ziga xos gulzori, ulug‘vorligi va go‘zalligi ham bor. Ana shu ikki jihatiga ko‘ra tun insonning o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolib his-tuyg‘ularini namoyon qilish maydoniga aylanadi. Yozuvchi tunning ayni xususiyatini qahramon qalbida kechayotgan kechinmalar fonida birlashtiradi va butun ulug‘vorligi bilan namoyon qiladi. O‘ttiz bir yoshli qahramon bir kechada butun hayotini qayta yashaydi. Assosiativ tasvir etilgan asar voqeligi jarayonida ham insoniy tuyg‘ular, ham shaytoniy vasvasalar og‘ushida to‘lg‘onadi. Yozuvchi qalbi bir vaqtlar yuragida cho‘g‘ bo‘lib ilingan muhabbat rishtalari bilan Senga intiladi. Senga intilish asnosida bolalik xotiralari yodga tushadi. Yozuvchi Senning dastlabki suratini yetti-sakkiz yasharlik bola paytida his etadi. Bu bolaligida momosiga qo‘shilib ro‘za tutganda, kuni bilan och yurishga chiday olmay oyisi bergan qaynatilgan tuxumni molxonaga kirib yashirincha кезларда молхона тирқишидан yeyishlari tasvirida aks etadi. O‘sha tushayotgan ignadek yorug‘ nur bola nazarida uning qilmishini kuzatib, fosh qiluvchi qudratli kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bir tutam yorug‘ nur asarning asosiy leytmotivini tashkil etuvchi, Sen darajasiga ko‘tarilib asarda osmonu falakda kezuvchi Sen bilan kundalik hayotida yonma-yon yurib yo‘ldan ozdirishga urinayotgan shayton timsollariga munosabat tarzida aks ettiriladi. Umuman olganda, N.Eshonqulning shu turkumga mansub asarlarining aksariyatida shayton, iblis obrazlari ko‘p uchraydi. Shayton obrazi yo‘ldan uruvchi, gunoh ishlarga boshlovchi sifatida keladi. Qissada shayton uning dastlabki asarlarini tan olmagan muharrir yoki bo‘lmasa unda-bunda ilk sevgilisi Hosilaning yonida pak-pakana yarashiqsiz bo‘lib hamrohlik qilib yurgan eri timsolida ifodalanishini kuzatamiz. Eng xarakterlisi, yozuvchi konsepsiyasi asarda xarobaga aylangan Tursoriya shahri surati orqali aks etgan g‘oyada ifodalanadi. Kezi kelganda aytib o‘tish joizki, “Tun panjaralari” qissasi boshqa asarlarning yozilishi uchun ham asos bo‘lib xizmat qilgan. Asar qahramoni - yozuvchini iztirobga solayotgan omillardan 61 biri uning o‘zligini izlashga undovchi xayoliy olami - Tursoriyadir. N.Eshonqulning “Xaroba shahar surati” hikoyasida ham asar qahramoni doimo Tursoriya sari intiladi. Ma’naviy xarobalik - yozuvchi tomonidan topilgan ajoyib topilma. Tursoriya haqidagi afsona qahramon anglab yetgan haqiqat. Xaroba shahar surati, ya’ni Tursoriya yozuvchining foniy (ijtimoiy) dunyodagi ko‘ngil xarobalari. Yozuvchi mana shu xarobalar oralab boqiylikka, ya’ni Tursoriyaga intiladi. Unda faqat shaxs maqomiga ega bo‘lgan kishilargina boqiy dunyoda erishadi. Asardagi falsafiy mazmun foniy dunyoda o‘zingni poklab, izlab, izlaganingga boqiy dunyoda erishasan, degan sharqona qarashda aks etgan. Tursoriya yozuvchi mehr bilan tasvirlaydigan makon, yozuvchi ideali. Adibning adabiy-estetik qarashlarida ayni hikoyada markaziy planga chiqarilgan shaxs tushunchasi, shaxssizlikning fojiaviylik kasb etishi ijtimoiy tuzum bilan bog‘lanib majozlashtirilgan. Ushbu asarlardagi Tursoriya degan makon qayerdan kelib chiqqani, albatta, bir mutaxassis sifatida bizni ham, o‘quvchilarni ham qiziqtiradi. Bu borada bizda uchta versiya mavjud. Birinchi versiya, yozuvchi tug‘ilib-o‘sgan qishloq - Tersota nomi bilan bog‘liq. Yozuvchi ongidagi o‘z qishlog‘i obrazi, shahar va ijtimoiy hayotning qing‘irliklaridan xoli bolaligi o‘tgan makon Tursoriya idealiga asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ikkinchi versiya, turkiy “tur” va forscha “sar” (bosh) so‘zlarining qo‘shilishi orqali yasalgan qo‘shma so‘z bo‘lib, aql (aql boshda bo‘ladi-da!) maqomida turmoq, dunyo qing‘irliklariga aql ko‘zi bilan qaramoqni bildirishi ham ehtimol. Oxirgi versiya esa bir muncha ijtimoiy mazmunga ega. Ya’ni yozuvchi bu makon atamasi bilan “turk” yoki “turkiylik” “sari” (tomonga) degan ijtimoiy jihatdan ideal g‘oyani ilgari surgan bo‘lishi haqiqatga yaqinroq. Tarixiy-badiiy asarlar (Burhoniddin Rabg‘uziy “Qisasul anbiyo”, Mirzo Ulug‘bek “To‘rt ulus tarixi”, Muhammadrizo Ogahiy “Zubdat ut-tavorix”)da qayd etilishicha, turkiy qavmlar otasining asl ismi Tur bo‘lgan. N.Eshonqul nasridagi yetakchi poetik pafos milliylik ekanini e’tiborga olib qaraydigan bo‘lsak, shu versiya haqiqatga yaqinroq tuyuladi. Ta’kidlaganimizdek, N.Eshonqul adabiy-estetik qarashlarining ikkinchi asosiy yo‘nalishlaridan yana birini milliylik, odamiylik, ijtimoiy gumanizm kabi g‘oyalar tashkil etadi. Adibning madaniyat haqidagi fikr-mulohazalari ham alohida o‘ringa ega. Yozuvchi “Mendan “men”gacha” kitobida madaniyat haqida fikrlar ekan, olimlik va odamiylik muammolariga quyidagicha to‘xtaladi: “Olimlik ham madaniyat belgisi bo‘lolmaydi, agar u yerda odamiylik bo‘lmasa. Odamiylikdan yiroq taraqqiyot ham xuddi qoloqlik va yovvoyilik kabi vahshiylikka olib boradi. Odamiylik mezoni bo‘lmasa, suyanadigan qutblar yo‘qoladi. Qutbsizlik chegarasizlik, qiblasizlikdir”79. Ko‘rinib turibdiki, yozuvchi navoiyyona faol munosabat bilan insoniylikni “olimlikdan ham” yuqori qo‘yib ulug‘laydi. “Xaroba shahar surati”dagi professor ham ma’lum tashqi va ichki omillar sabab o‘zligini unutgan, “ma’naviy xarobaliklarda turlanib-tuslanayotgan” sho‘ro davri “qo‘g‘irchog‘i”. Adib shogird timsolida o‘z idealini, qalbini tirnayotgan dardni poetiklashtirib beradi. Hikoya syujetiga ko‘ra shogird Tursoriya afsonasini unutishni xohlamaydi va ustozi erishgan hamma amallari sarob ekanligini anglab yetadi. Muallif “Tun panjaralari” qissasining yozilishiga turtki bergan sabablar ichida eng birinchisi sifatida J.P.Sartrning “So‘z” qissasi va unda yozuvchining o‘zini shafqatsiz fosh qilishi, hayotni kashf qilish uchun yashamaslik kerak, degan xulosasi ekanini qayd etadi. “Tun panjaralari” qissasidagi qahramon - atrofdagi holat va fikr turg‘unligidan bezgan, “o‘zini o‘z xayoliga bandi qilgan, o‘zini izlayotgan odam.”80 Shu nuqtai nazardan yondashsak, asar qahramoni o‘z ko‘ngil olamini, ichki to‘g‘yonlarini yovsiz fosh etuvchi kimsadir. Yozuvchining adabiy-estetik qarashlarida ilgari surilgan masalalardan yana bittasi yaratilayotgan asarlar har biri ijtimoiylik bilan u yoki bu darajada bog‘lanishdadir, degan fikrlarida ko‘zga tashlanadi. N.Eshonqul o‘z asarlarida ijtimoiy mazmunni mutlaq inkor etmaydi. Bu uning Gʻarb modernistlaridan farq qiladigan muhim jihatlaridan biridir. N.Eshonqulning “Tun panjaralari”, “Qora kitob”, “Tobut”, “Xaroba shahar surati”, “Zulmat saltanatiga sayohat” kabi asarlarini o‘qisak, ulardagi ijtimoiy pafosni bexato anglaymiz. Uning asarlarida tasvirlanayotgan va qahramonning o‘z “men”ini, o‘zligini izlashi, bundagi his-tuyg‘ular, ruhiy olam tovlanishlari, qahramonlarning xarakter xususiyatlari, qalbidagi qo‘rquv va quvonch, yorug‘lik va zulmat hislari, shaytoniy tovlanishlar o‘tmish va kelajakni yozuvchi “buguni”, ijtimoiy zamoni bilan sintezlaganini ko‘rish mumkin. Chorasiz isyon - ularning paydo bo‘lish omillari, aynan shu nuqtai nazardan, faqat yozuvchi va qahramonlar ichki “men”ga, ong osti jarayonlariga emas, sezilarli darajada tashqi olam, aniq zamon-makon bilan uzviy aloqadorlikda namoyon bo‘ladi. Chunonchi, “Qora kitob” qissasida ilgari surilgan badiiy konsepsiya, shayton portretining cho‘qqisoqol sifatida chizilishida, asar xronotopini belgilashda “yuz yil” vaqt qamrovining qo‘llanishida, “Zulmat saltanatiga sayohat” hikoyasidagi to‘qsonga kirgan yozuvchi M.ning asarlari vositasida orttirilgan qo‘rquv saltanati talqinlarida, “Xaroba shahar surati”dagi xaroba va vayronagarchilik tasvirlarida biz yozuvchi qisman yashab o‘tgan sobiq sho‘ro tuzumi manzaralarini his etamiz. “Tobut” hikoyasida esa butun boshli shahar (saltanat, tuzum strukturasi)ning o‘lim ramzi bo‘lgan tobut shaklida qurilishida, undagi biri-biridan dahshatli qora ranglarning quyuq tasviri totalitar tuzumning badiiy metaforiklashtirilgan qiyofasidir. Yozuvchining aynan shu tipdagi asarlarida tun, chirkin va badbuy hid, mog‘orlab ketgan, zax hidi anqib yotgan xarobalar tasvirlari yetakchilik qilishi ham shu bilan izohlanadi. Xuddi ijtimoiy asosning mavjudligi bois yozuvchi asarlarida Gʻarb modernizmiga xos ma’nisizlik, tushkunlik psixologiyasi yetakchilik qilmaydi. “Tun panjaralari” qissasidagi qahramonning o‘zligini anglab yetib, porloq osmondagi “Sen”ga intilishi, “Qora kitob” qissasida shaytonbachchaning homila davridayoq bo‘g‘ib o‘ldirilishi, “Zulmat saltanatiga sayohat” hikoyasidagi M.ning xanjar bilan simyog‘ochga sanchib qo‘yilishi, unga bag‘ishlangan madhiya maqolaning yozilmasligi yoki “Xaroba shahar surati”da butun xarobalarning ichida yorishib turgan nurning mavjudligi ezgulikning muqarrar g‘alabasini ifodalaydi. Bular N.Eshonqulning Gʻarb modernistlari ta’sirida yozgan asarlarida ham hayotbaxsh g‘oyalar mavjudligini tasdiqlaydi. Chunki Gʻarb modernizmining yadrosini tashkil etuvchi falsafa: “Absurd hech qachon insoniyat hayoti uchun xos falsafa bo‘la olmaganidek, hech qachon universal badiiy falsafaga ham aylana olmaydi”81. N.Eshonqul shu tariqa ko‘plab adabiy-estetik tushunchaga aloqador bo‘lgan masalalarni jamlab, adabiyotning bosh vazifasi haqida muhim xulosaga keladi. Uning fikricha, adabiyotning bosh vazifasi: “...bevosita ham, bilvosita ham insonni “tarbiyalash”82 dan iborat. Chinakam adabiyotni iste’dodlar yaratadi, yangilaydi, o‘zgartiradi. Chinakam adabiyot hamisha insonni, uning o‘zligini, dardini qalamga oladi. Shu bois ham uning markazida hamisha bosh harflar bilan yoziladigan INSON turadi. N.Eshonqul estetik qarashlarining yana bir muhim jihati Sharq va Gʻarb falsafasi, uning adabiyotdagi o‘rni haqidagi kuzatishlarda ko‘rinadi. Adib fikricha, Sharq va Gʻarb falsafasining adabiyotdagi ifodasi bir- biridan farq qilsa-da, ularning mohiyat sari tortilgan yo‘li yagonadir. Bu fikrni yozuvchi Dante, Navoiy, Shekspir ijodini muqoyasa qilish asosida ko‘rsatishga harakat qiladi. Adabiyot alaloqibat mangu, boqiy muhabbat haqida kuylaydi: “Layli va Majnun” hamda “Romeo va Julyetta” asarlari o‘rtasidagi mushtaraklik buning yorqin dalilidir. Adibning e’tiroficha, “Qora kitob” qissasini A.Kamyuning qarashlari ta’sirida yaratgan. Bir o‘rinda F. Kafka asarlaridagi motivlar o‘zi uchun “yuqumli” ekanligini ham e’tirof etadi. “Menga bu qissani yozishda turtki bergan ta’sirlar, sabablar anchagina. Eng birinchisi Sartning “So‘z” qissasi edi. “So‘z”da yozuvchi o‘zini shafqatsiz fosh qiladi. Qissadagi “Hayotni kashf qilish uchun yashamaslik kerak” degan xulosa, “Qora kitob” qahramonining “...hayotimning mazmunsiz ekanini anglab yetdim”, degan e’tiroflari ekzistensializm, asosan Kamyu ta’riflagan inson haqidagi qarashlar ta’sirida paydo bo‘lgan”83. XX asr Gʻarb adabiyoti vakili F.Kafka o‘z asarlari bilan olam va odam munosabatlarini, inson va uning qismatini yangi rakurslarda tasvir etgan yozuvchidir. U nafaqat o‘z nomini, hatto adibning badiiyatga bo‘lgan ishtiyoqini bo‘g‘ishga, uni ta’qiqlashga intilgan otasining, oila a’zolari va sarobga aylangan muhabbati timsoliga aylangan Felisiya Bauer xonim nomini ham mangulik daftariga bitdi84. Zero, haqiqiy iste’dod, yozuvchiga in’om etilgan ilohiy ne’mat qanchalik ta’qibu tazyiqqa uchramasin, baribir insoniyatning ma’naviy merosiga aylanib qolaveradi. Xo‘sh, F.Kafkaning nomini butun olamga mashhur qilgan omil nima? Uning o‘zbek adiblari, xususan, N.Eshonqul ijodi bilan qanday mushtaraklik bog‘lab turadi? Eng muhimi, bu ijodkorlar ijodida adabiyotning asosiy tasvir ob’yekti bo‘lgan insonni, uning qalb kechinmalarini yangicha poetik idrok qilish, yangicha kashf qilish bosh maqsadga aylanishidagi uyg‘unlik qanday namoyon bo‘lgan? Bu masalalar N.Eshonqul adabiy-estetik qarashlaridagi eng muhim jihatlaridan birini tashkil etadi. Adib “Mendan “men”gacha” kitobida F.Kafka shaxsiyati va ijodiga xos xususiyatlarni lo‘nda qilib, quyidagicha ifodalaydi: “U hayotning boshqalar ko‘rolmayotgan, ko‘rishga idroki va salohiyati yetmayotgan qirralarini, tomonlarini tasvirlab, chizib berdi, insonni tahlikaga solayotgan hikmat - majozlarni yaratdi”85. Binobarin, o‘z qarashlarida mohiyatan Sharq va Gʻarb bir butun hodisaligini ilgari suruvchi va ijodini yangicha poetik ifoda bilan yangilashga ahd qilgan N.Eshonqul jahonga mashhur Avstriya adibidan ilhom olmasligi mumkinmidi? Chunki har ikkala ijodkorning adabiyot, san’at, go‘zallik, inqilob haqidagi qarashlarida ham uyg‘unlik kuzatiladi. F.Kafka ijod, adabiyot, xususan, poeziya mohiyatiga to‘xtalib, “Poeziya - kasallik. Haroratni tushgani bilan bemor sog‘ayib qolmaydi. Aksincha! Isitma tanani tozalaydi va tanani ravshan qiladi”86. Bu bilan F.Kafka garchi modernistik estetikani targ‘ib qilayotgandek bo‘lib tuyulsa-da, mohiyatiga ko‘ra bu fikrning ildizlari Aristotelning “katarsis” nazariyasiga borib bog‘lanadi. N. Eshonqul esa ijod - ilohiy, u dard va iztirobdan, insonga bo‘lgan shafqatdan yuzaga kelishini ta’kidlar ekan, bir tomondan Aristotel qarashlariga, boshqa tomondan Abu Nasr Forobiy va Alisher Navoiyning adabiy-gumanistik fikrlariga bog‘lanadi87. Demak, g‘ayrishuuriylik, dard, iztirob, katarsis (ruhiy poklanish) har ikki yozuvchining ijod haqidagi estetik qarashlarining mushtarak jihatlarini ko‘rsatadi. Ularning go‘zallik, insondagi hayrat va zavqning so‘nishi haqidagi mulohazalarida ham uyg‘unlik bor. Kafka “Kimki o‘zida go‘zallikni ko‘rish layoqatini saqlasa, qarimaydi”, deb yozadi88. N.Eshonqulni ham tashvishga solayotgan narsa insondagi go‘zallikni his etish, yaratish, zavq va hayratni so‘nishi kabi ruhiy-ma’naviy tanazzulga yetaklovchi his-tuyg‘ularning noyoblashib borayotgani. Shu nuqtai nazardan har ikkala adib ijodini qiyosiy tahlil qilish asnosida qator o‘xshash jihatlarni kashf etish mumkin. Bu uyg‘unlik, avvalo, ramziylikda ko‘rinadi. Ma’lumki, F.Kafka ijodining asosiy xususiyatlaridan biri voqelikning ramziy ifodalanishida namoyon bo‘ladi. Bunday xususiyatni adib qalamiga mansub “Jazo koloniyasi”, “Evrilish”, “Tush” kabi hikoyalar va “Jarayon” romanlarida ko‘ramiz. Chunonchi, “Jazo kaloniyasi” hikoyasidagi zobit tomonidan yasalgan jazo mashinasi, aslida, ijtimoiy muhitning insonga yetkazayotgan zarari, qul va qurbon qilishga qaratilgan xurujlarning poetik ifodasidir. N.Eshonqul ijodi ham boshdan-oyoq metoforaga qurilishi bilan F.Kafka ijodiga uyg‘un keladi. Masalan, yozuvchi qalamiga mansub “Qora kitob” qissasi insoniyatni ruhan taftish etishga, poklash va chorlov mohiyatiga ega metaforalashgan badiiy kashfiyotdir. Qora kitob - g‘oya. Bu g‘oya insoniyatni yovuzlik saltanatiga eltuvchi, vayrongarchilik va vahshat olamiga, nahs amallariga undovchi mash’um da’vat timsolidir. F.Kafkaning “Evrilish” hikoyasi qahramoni Grigori Zamza ertalab uyqudan uyg‘onib, hashorat qiyofasiga kirganini bilib qoladi. Eng achinarlisi shu holida olamdan o‘tadi. Bunday g‘ayrioddiylikning siri inson bo‘lib yashashning ehtiyoj darajasiga ko‘tarilmasligi, jamiyatda inson tushunchasi qadrsizlanishining ramziy ifodasidir. N.Eshonqul “Evolyusiya” hikoyasida asarning ismsiz qahramonini shunday bir vaziyatda tasvirlaydiki, u mudom ta’qiblardan qochib yashashga mahkum. Qahramon ta’qibdan butunlay qochib qutula olmaydi. Xuddi Grigori Zamza kabi, aksincha qo‘zichoqqa evriladi va aynan o‘sha g‘animlarning qo‘liga tushadi. Bechorahollik, mo‘minqobillik psixologiyasini vujudga keltirish, milliy o‘zlikni yo‘qotish, asl mohiyatga tajovuz sho‘ro davri mafkurasining asosiy maqsadi ediki, yozuvchi bu hikoyada ayni holatni ramziylashtiradi. F.Kafkaning “Tush” hikoyasi qahramoni Yozef K. tushida xushohang kuy taralayotgan va mato bilan berkitilgan tomon odimlagan o‘z qabrining ustidan chiqib, musavvir qabrtoshga uch so‘zdan ortiq hech nimani yoza olmayotgan g‘ayritabiiy va noreal kinoyaviy epizodni tasvirlaydi. Bunda quvnoq ohang bilan odamni o‘ziga jalb qilgan tovush aldov va soxta g‘oyaga, 68 mato vositasida berkitilgan, ammo, hali bo‘sh qabr - inson o‘zligining yo‘qotilishi, orzu va umidlar, intilishlarining toptalishi, qurbon etilishi, tazyiqqa uchrashini bildiradi. Bunday manzarani ijodkor biografiyasida uchratamiz. Undagi musavvir - yozuvchi “men”i timsoli. Zero, hikoyadagi musavvir tahlika va mavhum tuyg‘u asosida o‘z ishini poyoniga yetkazolmaydi, aksincha, yozgan uch so‘zi ham shamol tufayli o‘chib ketadi. Faqat K harfigina qoladi. Ayni shu harf qahramon ismiga ishora qiladi. Tiriklayin qabrga kirish - insonga yetkazilayotgan ma’naviy qutqu, o‘zlikning yo‘qotilishiga, mantqurtlashuviga ishora. Ma’lumki, F.Kafka hayotligida uning asarlari o‘zining asl bahosini ololmadi, hayotdagi qiyinchiliklari, yolg‘izligi, xastaligi, ma’lum darajada uning ruhiy tushkunligiga sabab bo‘ldi. Shon-shuhrat, mashhurlikka intilmasdan ko‘ngil mayllariga, qalbdagi dardga quloq tutib, ijod qildi. N.Eshonqul o‘z asarlari mazmun-mohiyati haqida fikrlar ekan, qahramonlarining o‘zligini izlayotgan, o‘z-o‘ziga qarab evrilayotgan insonlar ekanini yozadi. Ular o‘zlarini beshafqat so‘roqqa tutayotgan va shu bilan fojiaviylikka mahkumligini ta’minlayotgan insonlardir. N.Eshonqul bu tipdagi qahramonlar haqida gapirar ekan, ularni sirtdan osongina ijtimoiy faoliyatsizlikda ayblash mumkin, lekin ular o‘zlarining kimligini, qadr-qimmatini anglab-bilishlari bilan boshqalardan ustun turadi, deb hisoblaydi. Hatto qahramonlari muhabbat mojarosini ham o‘zlarini anglash uchun bir vosita deb hisoblaydi. Muallif qarashlaricha, qahramon o‘z qalbining to‘rida turib, o‘zini anglashga intilishi, uning faoliyatsizligidan dalolat bermaydi. Muallif “Qora kitob” qissasi qahramonini o‘zini anglab yetgan va muayyan xulosalar ham chiqarib bo‘lgan inson sifatida baholaydi. Yozuvchi talqinicha, “Qora kitob” qahramonining anglash jarayonidagi adashuvi - go‘zallik deb bilgani jaholatning, ezgulik deb intilgani yovuzlikning timsoli bo‘lib chiqqanligini anglab yetishidadir. Biroq bu anglamlardan so‘ng ham qahramonning muqarrar jarayonni o‘zgartirishga qurbi yetmaydi. Zotan, oq va qora kurashi abadiydir. Yozuvchi tomonidan qahramonning bu holati uning o‘ziga yarasha isyoni edi, deb talqin qilinadi. Agar e’tibor berilsa, yozuvchi tasvirlayotgan hodisalar yaqin o‘tmishimiz, sho‘rolar zamonida uning g‘oyasi, mafkurasiga ishonib, shu yo‘lda xizmat qilib, bir umr ko‘ksida saqlab kelgan ishonchi birdan sarobga aylangan inson fojiasi talqinini ko‘rishimiz mumkin. Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: modomiki, shunday ekan realistik yo‘sinda yozilgan “Urush odamlari” bilan bu asarning mazmun-mohiyatida qanday farq bor. Mohiyatan “Urush odamlari” qahramoni ham ishonchidan ayrilgan va shu sabab fojiaga mahkum bo‘lgan kishilar timsoli-ku?! Adibning “Qora kitob”, “Tun panjaralari” kabi noan’anaviy usulda yozilgan qissalarida inson qismati, uning botiniy olami, xayoli, ongida kechayotgan o‘y-xayollari insoniyatni ruhiy taftish etishga, poklashga qaratilgan, metaforalashgan badiiy kashfiyotidir. Qissa adabiyotshunos olimlar tomonidan turlicha talqin etilgan. Jumladan, Q.Yo‘ldoshev asar haqida quyidagi fikr-mulohazalarni bildiradi: “N.Eshonqulning voqealari xayoliy va to‘qima, lekin asar qahramonlarining sezim va kechinmalari haqqoniy bo‘lgan “Qora kitob” qissasining e’tibor topgani ham odamni yangicha rakursda ko‘rsatish yoyilayotganidan dalolatdir”89. B.Karimov esa mazkur qissada ayniqsa faylasufona donishmandlik va ruhiy kechinmalar bayoni hamda bosh qahramonning o‘z-o‘zini taftish etish yetakchilik qilishini qayd etib, asarni tushunish va tushuntirish oson emasligini, unda muallif ko‘rinmasligi (R. Bart muallif o‘limi) o‘rinli e’tirof etadi90. Asar uslubida ichki nutq shakli - “men” tilidan hikoya qilish tamoyili yetakchilik qiladi. Qissaning asosini “men” ruhiyatidagi ziddiyatli to‘qnashuv-kolliziya tashkil etadi. Asarning syujeti qahramonning ongida kechayotgan o‘y-xayollar, fikr-mulohazalar, xotiralardan tashkil topgan. “Qora kitob” insonning mahkumligi va chorasizligi haqidagi asar. Asarda inson gunoh qilishga mahkum va shu mahkumlik oqibatida tanazzulga yuz tutgan, unga qarshi isyon ko‘targan, biroq isyoni ham chorasizlikka mahkum qismat fojiasi tasvir etiladi. “Qora kitob” insoniyat paydo bo‘lishidanoq mahkumlik qismatiga duchor bo‘lishi haqidagi asar. Chunki u gunohga botgan Odam ato va Momo Havolarning shayton vasvasasiga uchib, ta’qiqlangan mevani uzishi va Ollohning qahr-g‘azabiga duchor bo‘lib yerga quvilganidan boshlaboq shu qismatga loyiq ko‘rilgan: mudom shayton vasvasasiga uchrash va unga qarshi kurashish inson qismati qilib belgilangan. “Qora kitob” qissa qahramonini, uning avlodlarini o‘zining qora iskanjasiga olib, fojelikka mahkum etadi. O‘g‘il, qizlarini o‘z domiga tortib, avlodini buzadi. Asarda mana shu haqiqatni anglab yetgan va shaytoniy hislardan homilador bo‘lgan qizini jazolagan ota qismati aks etgan. U o‘z avlodida shaytonbachchalar dunyoga kelmasligi uchun qo‘lidan kelgan isyonni amalga oshiradi: qizini bo‘g‘ib o‘ldiradi. Qahramon bundan boshqasiga chorasiz ediki, chorasizlik konsepsiyasi ham asarning asosiy fazilatidir. “Qora kitob” qissasida qahramonning butun hayot yo‘li hikoya qilinadi. U dastavval, o‘z sevgilisiga erishib, ezgu niyatlar bilan yashaydi. Kelajagiga katta umidlar bilan qaraydi. Lekin yonidagi yuz yillardan buyon qarovsiz yotgan xaroba uy ayvonida qora kitob o‘qiyotgan cho‘qqisoqol bilan tanishib, uning domiga tushadi. Cho‘qqisoqoldan unga o‘tgan qora kitobni o‘qish uning fojiasini keltirib chiqaradi. Qora kitob domiga tushgan qahramon shayton bilan muloqot qila boshlaydi. “Kitob” qahramon ongiga shayton hukmronligini singdiradi. “Qora kitob” g‘oyalariga jodulanish shu darajada kuchli bo‘ladiki, u “men”ga aylanib qahramon mohiyatiga singib ketadi. Natijada, shayton va shaytoniy tuyg‘ular uning vujudida, tomirida oqayotgan qongacha egallab oladi. Oqibatda, uning ikki o‘g‘li va qizi - zurriyotlari shaytoniy tuyg‘ular bilan voyaga yeta boshlaydi. “Men”dagi shayton farzandlar qiyofasida jonlanib, ularning g‘oyatda bilimli va iste’dodli bo‘lib voyaga yetishiga zamin tayyorlaydi. Natijada, ular yaratgan dohiyona kashfiyotlar o‘lim va vahshat tug‘diruvchi, yovuzlikni tarannum etuvchi, ko‘ngilda qo‘rquv hosil qiluvchi kuchga aylanadi. Bizningcha, asardagi murakkab va tortuvchi ohang qissadagi ifoda yo‘siniga jamlangan. Buni yozuvchining o‘zi ham savollarimizga yozgan javobida tasdiqlagan. “Dunyo adabiyoti shundan darak beradiki, fantasmagorik usulda ham hayot haqiqatini realistik uslubga qaraganda chuqurroq, realroq, ta’sirliroq, jozibaliroq tasvirlash mumkin. Fantastik, ironik, romantik uslublar haqida ham shunday deyish mumkin. Kafkaning mifologik istehzoga qurilgan usulida yozilgan asarlari hayot haqiqatini shu darajada chuqur tahlil qildiki, hali bironta realistik uslub bu muvvafaqiyatga erisholmagan. Hayot haqiqati badiiy haqiqatning, umuman, ijodiy haqiqatning asosini tashkil qiladi. Ijod aynan hayotiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirsagina o‘z vazifasini bajargan bo‘ladi. Hali bironta ijod namunasi yo‘qki, u faqat xayol haqiqatiga suyanib yozilgan bo‘lsin. O‘ta fantastik asarlarning asosida hayotiy haqiqat, hayotiy mantiq yotadi. Shunday ekan, hayotiy haqiqatni badiiy haqiqatga qarshi qo‘yish kerak emas. Adabiyot hayotiy haqiqat qay darajada badiiy haqiqatga aylangani bilan qadrlidir. “Urush odamlari” qissasi mening dastlabki qissam edi. Qissa men tushungan va o‘sha payti qo‘limdan kelgan realistik yondashuv bilan bitilgan. Keyinchalik men hayot haqiqatini boshqa shakllarda, boshqacha usulda ham chuqurroq aks ettirish mumkinligini o‘zimda sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Agar bu borada biron muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsam, bu mening yutug‘im, agar erishmagan bo‘lsam ham “Urush odamlari”dagi uslubni davom ettirmaganimdan afsuslanmayman. Men har bir yozuvchi garchi muvaffaqiyatsizlik bilan tugasa-da, milliy adabiyot uchun yangi ifoda usullarini, yangi yo‘llarni, yangi yo‘nalishlarni sinab ko‘rishi kerak deb hisoblayman. Yozuvchining o‘zidan oldingi yozuvchilarning qamrovida qolib 72 ketishi - bu o‘sha yozuvchining adabiyotga hech qanday ulush qo‘shmaganidan darak beradi”91 (ta’kid bizniki - F.B.). Yozuvchining “Hali bironta realistik uslub F.Kafka uslubiga yaqinlashgani yo‘q”, tarzidagi pafosga yo‘g‘rilgan fikrlari bahstalab, albatta. Bu fikrni realistik uslubning cho‘qqisi bo‘lgan F.Dostoyevkiy misoli bilan osongina inkor etish mumkin. Bizningcha qaysi bir yozuvchi insoniyatni sevish darajasiga ko‘ra uning qalbiga yo‘l topadi. Tasvirda teranlik va haqqoniylikka erishadi. F.Dostoyevskiy insoniyatni haddan ortiq sevar, shu sabab ham inson qalbining murakkab tasviriga erisha olgan yozuvchi edi. Modernistik uslubning bu maqomga chiqishiga uning inson va jamiyatga nisbatan qorong‘u nafrati xalal beradi, bizningcha. Albatta, N.Eshonqul estetik qarashlari asosida bayon etilayotgan bunday fikr-mulohazalarning har biriga alohida-alohida to‘xtalib, muayyan munosabatlarni bayon etib, xulosalar chiqaraverish mumkin. Shu bois bobning navbatdagi fasllarida yozuvchi adabiy-estetik qarashlaridagi eng muhim jihatlarni olib, ularning yozuvchi badiiy asarlarida namoyon bo‘lishi masalalarini boshqa nazariy muammolar misolida ko‘rib chiqishga urinamiz. Nazar Eshonqul nasrida milliy ma’naviyat, ijtimoiy hurlik, shaxs konsepsiyasi talqini Muallif ijod haqida, ijod jarayoni haqida fikrlar ekan, jahonning global muammolaridan biri bo‘lgan madaniyat va madaniyatsizlik masalalariga keng to‘xtaladi. Xususan, “kompyuter avlodi” - yuqori texnologik taraqqiyotlar insonni yaratuvchilik zavqidan mahrum qilib, iste’molchiga aylantirayotgani va bu hol qalblarni ichki madaniyatdan mahrum etayotganini qator kuzatishlar orqali bayon etadi. Globallashuv jarayonining milliy ma’naviyat, madaniy qadriyatlarga ta’siri haqida fikr yuritadi. Yuksak madaniyat, insonparvarlik, odamiylik, botin etikasi, ma’naviy yuksaklik, fikrchanlik va fikrsizlik, ijtimoiy hayotga munosabat, kitob va kitobxon munosabati haqidagi konsepsiyalari bayon etiladi. Fransuz biograf olimi Sh.Sent-Byov o‘zining adabiy shaxs va badiiy asar haqidagi kuzatishlarida adabiyotning boshqa fanlar bilan munosabati haqida to‘xtalib shunday yozadi: “Adabiyot, ijod mahsulini inson va uning naturasi (tabiati)dan farqlanmaydigan, ajratib bo‘lmaydigan hodisa sifatida baholab, meni zavqlantirgan asarlardagi insonni tahlil qilish murakkab, daraxt qanday bo‘lsa, mevasi ham shunday bo‘ladi degan fikrni ilgari suradi. Mana shuning uchun ham adabiyotni o‘rganish uchun psixologiyani, ruhiyatni o‘rganishga tabiiy ravishda da’vat etadi. Hayvonot va o‘simlik olamini qaysidir ma’noda kengroq va aniqroq o‘rganish mumkin, lekin insonni murakkab, ruhiy mavjudot sifatida to‘laligicha o‘rganish mumkin emas”92. N.Eshonqul ham davrining o‘tkir muammolari sifatida inson ma’naviyati va madaniyati rivojini tilga oladi. “Faqat ma’rifatgina, bilimgina, kitobgina, kitobga bo‘lgan muhabbatgina bizni quyunday bostirib kelayotgan, ongimiz va didimizni sayozlashtirayotgan, san’at, go‘zallik, did haqidagi tushunchalarimizni, shu paytgacha ajdodlarimiz shakllantirib bergan va o‘zimiz shakllantirgan tushunchalarni yemirishga kirishgan olomon madaniyati hamda dididan, boshqacha aytganda, fikrsizlik va didsizlikdan, ya’ni olomonchilikdan asray oladi”93. Bugungi kompyuter asri, texnikaning haddan tashqari rivojlanishi odamlarni fikriy erinchoqlik tomonga boshladi, tobora global tus olayotgan “ommaviy madaniyat” deya atalmish qiyofasiz, zararli g‘oya va qarashlarning jamiyatimizga kirib kelishini osonlashtirdi, natijada inson ma’naviyati qashshoqlashib, estetik didi o‘tmaslashib qolmoqda, degan fikr muallifni xavotirga soladi. “Momoqo‘shiq” qissasida bir qarashda sho‘ro saltanatining oxirgi o‘n yilliklari davrida paxta terimiga oid voqealar qalamga olingandek. Asarda paxta terimiga chiqqan hasharchilar, cho‘ldagi hayot tarzi - barcha- barchasi o‘sha davrga zamondosh kitobxonlarga yaqindan tanish. Qissada madaniyat vazirligiga qarashli tashkilotlardan paxta terimiga chiqqan bir guruh san’atkorlar, rassomlar, paxtakorlar hayotini yaqindan o‘rganish maqsadida ularga qo‘shilib borgan shoir Shamsi Salohning cho‘ldagi sarguzashtlari hikoya qilinadi. Lekin asarni bezab turgan narsa bu sarguzashtlar emas. Asarning asosiy leytmotiviga aylangan hodisa - bu oddiygini chaylada yashab, turmush o‘rtog‘i kamtar va kamsuqum Otaqulning sadoqat timsoliga aylangan yoshgina kelinchak Muazzam bilan bog‘liq. Muazzam millat, xalq timsoli. Uning qalbidan otilib chiqayotgan, manaman degan san’atkorlarni ham hayronu lol qoldiradigan hodisa uning noyob ovozi va qadimiy qo‘shig‘idir. Yozuvchi jozibador kuy va Muazzamning go‘zal, sehrli ovozini uyg‘unlashtirib, so‘z vositasida shunday jonli, go‘zal bir manzara hosil qiladiki, beixtiyor kitobxon ushbu kuyni tinglagandek his etadi. “Bu go‘zal manzara edi, buni faqat usta rassomlarning suratlaridagina ko‘rish mumkin, biroq eng zo‘r musavvir ham uning qo‘shig‘iga bo‘yoq topolmagan bo‘lardi. Qizning ovozida bani dunyo o‘zaro uyg‘unlashib jaranglar, go‘yo xayol ham, go‘zallik ham, orzu ham qizning qiyofasiga kirib qo‘shiq aytardi. Qo‘shiq xayolni tortqilab-tortqilab olis-olislarga, xayolot, orzu, samimiyat va moʻjizalar gullab yotgan bolalik adirlari tomon olib qochardi. U xasis dunyoning qo‘ynidan bu go‘zal ohanglarni parcha-parcha qilib qo‘porib olayotganday va jarohatlar bijg‘ib yotgan qalblarga malham qilib bosayotganday edi”94. Bunday tiniq ifoda usuli, butun jumlani metoforalashtirishga erishish yozuvchining poetik mahorati balandligidan dalolat beradi. Ayni shu tasvir asar mazmunini, yozuvchining estetik konsepsiyasini ochishga ham yordam beradi, albatta. Ayni paytda bu tasvirda zamonaviy nasr an’analarining ta’siri borligi ham seziladi. Bu tasvir zukko o‘quvchiga Ch.Aytmatovning “Jamila” qissasidagi Doniyorning qo‘shig‘ini eslatadi. Bu qo‘shiq san’atni teran his qiladigan shoir Shamsi Salohni lol qoldiradi va Muazzamni shaharga borishga, o‘qib-o‘rganib katta san’atkor bo‘lib yetishishga undaydi. Hatto ayolning erini ham shunga da’vat etadi. Otaqul esa ixtiyorni vafodor umr yo‘ldoshi Muazzamga qoldiradi. Biroq, Muazzam qalbidagi azaliy orzusi shu bo‘lishiga qaramay, ushbu bir parcha kamtarona hayotni, kamsuqum eri va farzandini, eng muhimi, soxtakorlikdan, yasamachilikdan xoli bo‘lgan mana shu beg‘ubor tuyg‘ularni barcha obro‘yu shon-shuhratlardan ustun qo‘yadi. Shamsi Saloh asl madaniyatni “hasharchilar”da emas, go‘zallik, insoniylik, vafodorlikni beg‘ubor qalb sohibasi qishloqlik Muazzam obrazi misolida ko‘radi. Muazzam, aslida, milliy qadriyatlarni saqlab, davom ettirayotgan ma’naviy go‘zallik timsolida keladi. Muazzam obrazi orqali yozuvchi adabiy-estetik qarashlarining asosiy yo‘nalishlaridan birini tashkil etuvchi ichki madaniyat asar mohiyatiga singib ketadi. N.Eshonqulning “Momoqo‘shiq” qissasi mohiyati Tomas Manning “Tristan” novellasi g‘oyasiga hamohang. “Tristan” novellasi bosh qahramoni Gabriella Kletar singari chin insoniy fazilatlarga ega insonga Shpinel timsolidagi ma’naviy qashshoq odam kontrast qo‘yiladi. Ayni shu ziddiyat obraz xarakterini yorqinroq ochishga, asar dramatizmi kuchayishiga asos bo‘ladi. Kletar Gabriella Shpinelning ma’naviy qashshoq olamini rad etadi va go‘zallik olami bo‘lmish musiqa ohanglari bilan mangulikka singadi”95 . Har ikkala asarda ham chin insoniylik, go‘zallik musiqiy ohanglar soxtakorlikka qarshi qo‘yiladi. Biz adibning adabiy-estetik qarashlari, ijodiy pozisiyasining asarlari mohiyatiga poetik vositalar, badiiy detallar va boshqa ko‘plab komponentlar vositasida chuqur sintezlashganiga guvoh bo‘lamiz. Bu jihat “Yalpiz hidi” to‘plamida yaqqolroq seziladi. “Yalpiz hidi” to‘plami turkum hikoyalardan iborat bo‘lib, unda yilning turli fasllari - yoz, kuz, va bahor tasviri orqali inson umrining turli davrlari haqida hikoya qilinadi. Yozuvchi yil fasllarini turkumlab Saraton, Xazonrez, Bahor gullari deb nomlaydi. Biroq qish fasli hikoyaga kiritilmaydi. Bunda ham o‘ziga xos ma’no mujassam. Yozuvchining qishga nisbatan shaxsiy munosabati, uni nimaningdir timsoli sifatida qabul qilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Har bir turkumda Samandarning hayoti va ruhiy manzaralari aks ettiriladi. Samandar yashaydigan uy yonida ko‘zga tashlanib turadigan qarovsiz bog‘ asarda tugun vazifasini o‘tovchi ramziy obrazdir. Yozuvchi mana shu qarovsiz bog‘ timsolida qahramon umrini ko‘radi. Bog‘ ayni paytda qahramon ko‘ngil olamining ramziy ifodasi hamdir. Mana shu qarovsiz bog‘da u o‘z ko‘nglini tinmay kuzatadi, taftish qiladi. Tabiat va insonning bir butunligi, bog‘liqligi tasviri Samandar ruhiyati orqali namoyon bo‘ladi. Bu uyg‘unlikni qahramonning o‘zi ham his etadi. “Bog‘ning qarovsiz ekani-yu, o‘zining doimo ikkilanib, shahar hayotiga ko‘nikolmay yashayotgani o‘rtasida qanchalik mutanosiblik borligini va nima uchun bu tashlandiq boqqa bunchalik ko‘ngil qo‘yganiyu, bog‘ nima uchun o‘ziga aziz va moʻtabar tuyulishini bilmasdi. Lekin keyingi oylardan bog‘ uning birdan-bir hamdardi, so‘zsiz suhbatdoshiga aylandi... Kuz yoki bahor paytlari shaharga adashib kirib qolgan dovullar, bog‘dagi keksa daraxtlarning shoxlarini qasir-qusur sindirar ekan, Samandarning ko‘nglida ham nimalardir qasir-qusurlab ketardi”96. Asar qahramonining botiniy holati va tabiat o‘rtasidagi bunday parallelizm adibning o‘z iztirobi, hayotiy kechinmalariga monanddek yorqin va ishonarli ifodalanadi va bu dard, poklanish hissi o‘quvchiga ham yuqadi. Bu haqda adibning o‘zi ham quyidagi fikrni bayon etadi: “Yozganlarimning hammasining qahramoni yo u, yo bu darajada o‘zimman. Men barcha yozgan va yozadigan yozilmishlarimda faqat o‘zimni tahlil qilaman, o‘zimni tekshiraman, o‘zimni muhokama qilaman, o‘z tasavvurlarim izidan ergashaman”97. Bahor faslida ushbu bog‘ ham yashillikka burkanib, go‘zal manzara kasb etadi. Bahor fasli, bog‘dagi yashillik, onda-sonda quloq chiqargan yalpizlar qahramonning bolaligini, bolalikda tuygan va bir umr dimog‘ida muhrlanib qolgan yalpiz sho‘rva hidini yodga soladi va uni o‘zining bolaligi bilan, kechgan va kechayotgan turmush tarzi bilan yuzma-yuz qiladi. Bolaligida dimog‘ida tuygan va boshqa hech qachon takrorlanmagan o‘sha yalpiz hidiga xos tuyg‘uni, bahor faslida ochilgan gulni farzandiga mengzashi bilan hosil bo‘lgan kechinmalarga monandligi asardagi hayotiylik, ko‘tarinki pafosni tashkillashtiradi. Yozuvchining bu tipdagi asarlarida biz birinchi guruhga mansub asarlariga xos bo‘lgan qora bo‘yoqlarni deyarli uchratmaymiz. Ayni jihatlar N.Eshonqul ijodida yozuvchi shaxsiyatiga xos individual psixologik jihatlar, murakkablik va ziddiyatlardan dalolat beradi. Mutaxassislar ingliz uyg‘onish adabiyotining asoschisi V.Shekspir ijodiy biografiyasida ijodiy kayfiyatning xuddi yil fasllaridek o‘zgarib borganini qayd etadilar. Yoshlik davrida bahoriy kayfiyat, hayotga muhabbat, atrof-jamiyatga ishonch, o‘rta yoshlik davrida tragik bo‘yoqlarning kuchayishi, 1610 yillardan so‘ng esa butkul tushkunlik va pessimistik kayfiyat hukmron bo‘lganini asarlari tahlili misolida dalillaydilar. Demak, bunday holatlar ijod jarayoni uchun xos. Dunyoni va insoniy hayot manzaralarini mustaqil, xolis, mutafakkirona qabul qilgan har bir ijodkor ayni holatga duch keladi. Shuningdek, har bir ijodkor badiiyat olami va uning “fuqarolari” haqida muayyan qarashlar va tasavvurlarga ega bo‘ladi. Uning bu olam to‘g‘risidagi tasavvurlari qanchalik aniq-tiniq bo‘lsa, o‘zligi ham shunchalik namoyon bo‘lib boraveradi. Binobarin, yozuvchining o‘z ijodiy dunyosi, o‘z fenomenini yaratishga intilishi, aslida, o‘zligini, o‘z “men”ini topishga intilish demakdir. Shu ma’noda, har bir ijodkorning badiiy ijod haqida, uning o‘ziga xos xususiyatlari haqida o‘qib-bilganlaridan tashqari o‘z ijodiy tajribalari asosida shakllangan bilimlari, tajribalari bo‘ladi. Mana shunday to‘plangan bilim va tajribalar, xulosalar yozuvchining adabiy- estetik qarashlarini yuzaga keltiradi. Yozuvchi “MEN”i bilan u yaratayotgan ijod namunalari aro munosabat, bu boradagi fikr-tasavvurlar, bilimlar ijodkor fenomenining uyg‘un anglashda muhim ahamiyat kasb etadi. Yozuvchining badiiy ijod haqidagi adabiy-estetik konsepsiyalari qay tarzda namoyon bo‘lsa, ijodkor va ijod psixologiyasining shunchalik muvofiq ochqich-kalitiga aylanadi. Bundan kelib chiqadiki, har bir ijodkorning o‘z “men”ligini topish uchun olib borgan izlanishlari aslida ijod falsafasini anglashga bo‘lgan intilishidir. Binobarin, ijod jarayoni tamoman erkin bo‘lishi kerak, u zug‘umni, jaholatni yoqtirmaydi. Ijod har qanday zo‘rliklarga qarshi isyonning yuzaga kelish maydonidir. Ijodga ayni tarzda ta’rif berar ekan, N.Eshonqul ijod va ijodkorning ijtimoiy hodisaligini inkor qilmaydi. Zero, ijod muallif fikricha, har qanday zug‘um va jaholatga qarshi isyonkorlik ekan, uning mohiyatida “...ijtimoiy hodisa - xaloskorlik bor”98. Bunday xaloskorlik kayfiyati, eng avvalo, ma’naviyatimizga daxl qilayotgan “omma madaniyati” va “olomonchilik”ka qaratilishi lozim. Muallifning fikricha, badiiy adabiyot inson ma’naviyatini poklovchi hodisadir. Shu ma’noda N.Eshonqul “O‘tkan kunlar” romanini “go‘zal axloqiy asar” deb biladi va undagi axloqiy masalalarni tinimsiz o‘zimizga singdirishimiz lozim deb hisoblaydi. Binobarin, adib millatni ermakka o‘qiladigan oldi-qochdi tijorat asarlariga o‘rgatmaslik lozim, deya ogohlantiradi. Ayni paytda fransuz adabiyoti vakillarining adabiyot ommaviy bo‘lmasligi haqidagi fikrlarini asos qilib, “Aytish mumkinki, san’at bir hovuch zakiy, ya’ni zehnli va didi o‘tkir odamlar uchun ekani tan olingan. Bu san’atdan zakovatli odamlargina zavq olishi mumkin”99, degan qarashni ham ilgari suradi. Bu fikrlar so‘nggi paytlarda ayrim adabiyotshunoslar tomonidan zo‘r berib ta’rif qilinayotgan “xos kitobxon” haqidagi qarashlarga mos tushadi. Muallifning “zakiy kitobxon” haqidagi qarashi bahsli masala. Buni biz Ozod Sharafiddinovning “Qora kvadrat” asari haqidagi mulohazalarida ham ko‘rishimiz mumkin. “Malevich degan rassomning asrimiz boshlarida ishlagan bir surati bor. Bu “Qora kvadrat” deb ataladi. Unda chindan-da tim qora kvadratdan boshqa hech narsa yo‘q. Xudo haqqi, men shu paytgacha suratning nima ma’no anglatishini tushunganim yo‘q”100. Atoqli kitobsevar olimning ushbu kinoyaviy e’tirozlari yuqoridagi qarashlarning asossiz ekanini, yaratilayotgan har bir san’at asari o‘z kitobxonini (zakiy yoki zakiy emasligidan kat’i nazar) o‘zi izlab topishi lozimligi, birov uchun sevimli bo‘lgan asar, boshqa kitobxon uchun mutlaqo zerikarli bo‘lishini ko‘rsatadi. Bizningcha, har bir kitobxon o‘zining hayotiy qiziqishlari, ehtiyoji, estetik didiga qarab kitob tanlaydi yoki kitobxonlarning muayyan tabaqasiga mansub bo‘ladi. Yozuvchi estetik qarashlarining yana bir nuqtasi umuminsoniy ahamiyatga ega bo‘lgan madaniyat va madaniyatsizlik, ichki madaniyat tushunchalari haqidagi kuzatishlarida namoyon bo‘ladi. Insonparvarlik, odamiylik ichki madaniyatning asosiy xususiyatlari ekanini ochishga harakat qiladi. Bu o‘rinda yozuvchi masalaga ancha keng yondashib, madaniyat tushunchasini ma’naviyat bilan, kitob va kitobxonlik bilan bog‘lab talqin qiladi. Yozuvchi kitobni inson madaniyati va ma’naviyatini shakllantiruvchi asosiy omillardan deb biladi. Uning fikricha: “Ammo kitob lazzatida boshqa bir jihat mavjud. Ozodlik beradigan va umuman hech narsa bermaydigan kitoblar bor. Kitob o‘qish ham san’at. Yaxshi va yomon kitob, rost va yolg‘on kitob bo‘ladi. Mutolaa san’atining eng birinchi sharti ham qaysi kitobni o‘qishni bilishdir. Kitob ezgulikka qanchalik xizmat qilsa, yovuzlikka ham shunchalik xizmat qiladi”.101 Yozuvchi o‘z qarashlarini X.Kortasarning bir hikoyasidan misol keltirib asoslashga harakat qiladi. Ayrim kitobxonlarning ma’naviy qashshoqligi ba’zan aks ta’sirga ham sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. N.Eshonqulning bu kabi ijtimoiy-maishiy, ijtimoiy-psixologik qarashlari badiiy ijodiga ham singib ketgan. Bizningcha, buni yozuvchi atayin, ijtimoiy fikrlarini badiiy adabiyot vositasida targ‘ib etish uchun qilmagan. Balki uning shaxsiyati, dunyoqarashi, maqsad-muddaosi va ijtimoiy-milliy orzusi tabiiy ravishda badiiy asarlariga ko‘chgan. Masalan, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida yaqin o‘tmish - sobiq sho‘rolar davrida inson va uning “zamon” ta’siridagi ayanchli qismati, ruhiy holati qalamga olingan. Biz bejiz “zamon” so‘zini qo‘shtirnoq bilan belgilamadik, u shunday zamonki xalqni o‘zligidan, ma’naviyatidan, milliy qadriyatlaridan mahrum qilishga, odamlar orasiga nifoq solishga, e’tiqodidan-da judo qilishga qaratilgan. Biz asarning tahliliga kirishishdan oldin bir masalaga diqqat qaratmoqchimiz. Gap yozuvchining asarlaridan asarlariga “ko‘chib” yuradigan, u yoki bu shaklda o‘zini namoyon qilib turadigan bir xronotop shakli - Tersota qishlog‘i va unda istiqomat qiladigan momo obrazining urush davri fojialari bilan qorishib ketgan qismati haqida. Bu badiiy makoni Tersota qishlog‘i bo‘lgan “Urush odamlari” qissasidagi Biydi momo, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasidagi Bayna momo timsolida namoyon bo‘ladigan qahramonlardir. Har ikki obrazning mushtarak jihatlari talaygina. Avvalo, momo timsollariga xos umumiy xususiyat, obrazlarning xarakter qirralaridagi uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi. Har ikkala momo metin iroda, vafo va sadoqatni, mehnatsevarlikni o‘zida mujassam etgan. Shuningdek, el nomusini, qadriyatlar kelajagini o‘ylaydigan, xalqni o‘zining “kinoyaviy tanbehlari” bilan sergaklikka undaydigan obrazlar hisoblanadi. Ularning fojiaviy qismatdoshligi ham uyg‘un. “Urush odamlari” qissasida eri Buxor polvondan tul qolib, ikki o‘g‘lini yolg‘iz o‘zi voyaga yetgazgan Biydi momo, o‘g‘illaridan qora xat kelganda ham o‘z qaddini egmay, irodasini bukmaydi. Bayna momo ham o‘g‘li va eridan judo bo‘lishiga qaramay metin iroda bilan yashaydi. Yozuvchi nima sababdan momo obrazi va Tersota qishlog‘iga qayta-qayta murojaat qilayapti, nega o‘zining dardlarini shu obrazlar mohiyatiga singdirib, guyo ular bilan nafas olayotgandek tasvirlayapti. Tersota qishlog‘i yozuvchi o‘ylab topgan yoki xalq og‘zaki ijodi namunalaridan olingan biror joy nomimi yoxud real hudud bilan bog‘liqmi? Biydi momo kim, aslida? Bu kabi qator savollarga javob izlab yozuvchi ijodiy laboratoriyasiga chuqurroq kirib borganimizda, bevosita ijodkorning tarjimai holi bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘pgina jihatlar oydinlashdi. Biografik metodning asoschisi Sh.Sent-Byovning ustozi Damirondan olgan ta’limi asosida “har qanday ijod namunasi muallif shaxsiyati bilan bir butunlikda o‘rganilishi lozim”102, degan qarash yotadi. Masalaga psixoanaliz va biografik tahlil uyg‘unligida yondashganimizda quyidagi asosli xulosalarga keldik. Tersota qishlog‘i aslida yozuvchi tug‘ilib-o‘sgan, bolaligining dastlabki davrlari o‘tgan qishloqning nomi. Asarlaridagi momo obrazi esa adibning buvisi Pirimqul qizi Masil momoning prototipidir. Masil momo ham xuddi hikoyalarida tasvirlanganidek yigirma yoshida eridan ayrilib, ikki farzandi bilan beva qoladi va boshqa turmush qurmay hayotning butun mashaqqatlariga yolg‘iz o‘zi dosh beradi. Ikki farzandi (qiz, o‘g‘il) ham bu dunyodan bevaqt ko‘z yumib, onaning yakka o‘zi ayriliqlarga dosh berib hayot kechiradi. Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani Tersota qishlog‘idan (tog‘li hudud) Surxondaryo viloyatining qishloqlaridan biriga (Qorakamar) ko‘chirilgan oila bir umr o‘z qishlog‘iga qaytolmay armon bilan yashaydi. Yozuvchi bolaligida o‘zi ko‘rgan-bilgan hayotiy xotiralar, diliga cho‘kib qolgan armonlar keyinchalik qayta uyg‘onib o‘z asarlari mohiyatiga singib ketgan. Kindik qoni to‘kilgan makon, tog‘ sog‘inchi adibning “Urush odamlari” qissasi, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Yalpiz hidi”, “Qultoy” kabi hikoyalari mohiyatiga singdirilgan. Buni biz yozuvchining “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi tahlili orqali ham ko‘rishimiz mumkin. Asarning yetakchi qahramoni Bayna momo millionlab vatandoshlarimizning yostig‘ini quritgan sho‘ro siyosati qurbonlaridan biri. Bir soniyada ham eridan, ham suyukli farzandidan judo bo‘lgan bu ayolning nafaqat jismu joni, balki qalbi ham nafrat va alamli iztirob tufayli tosh-metinga aylanib ketgan. Binobarin, hikoyaning asosini tutib turuvchi, Bayna momoni ellik yil yashashga undagan kuch ham mana shu beadad nafratu kalb tubiga yashiringan qasos o‘tidir. Yozuvchi hikoyada bu asosni har doim ham oshkor qilavermaydi, balki sirtdan go‘yo uni butun qavmu qishloqdoshlaridan yuz o‘girgan, faqat o‘z dardu-iztiroblari o‘tmish xotiralari bilan yolg‘iz yashashga ko‘nikkandek tasavvur uyg‘otadi. Faqat ba’zi o‘rinlarda kitobxonni ayrim detal va tafsilotlar tasviri bilan sergaklantirib, kulminasiya sari yetaklaydi. Buni biz qishloqdoshlariga qarata aytilgan: “ - Bu qishloqda erkak yo‘q”, “E, senmisan, Salim chavandoz, xotiningning ishtonini kiyib yuribsanmi deyman”, “Hakim otchopormisan, muncha urg‘ochi baytalga o‘xshab qiyshanglaysan...” kabi o‘tli ta’nalari hamda fojia ijrochisi Zamon otboqarga bir og‘iz ham so‘z qotmasligi tafsilotlari orqali anglagandek bo‘lamiz. “Iztirob qanchalik san’atkorona aks etsa, muallif undan ham og‘irroq dardni boshdan kechirgan. Bizga zavq berayotgan san’at asari ijodkorning og‘riqlari va xo‘rliklari evaziga yaralgan”103, deb yozadi yozuvchi “Mendan “men”gacha” kitobida. Hikoya ana shunday iztirob tufayli tosh-metinga aylangan qalbning botiniy isyoni haqida. Hikoyada bu holat antiteza asosida tasvir etiladi. Ya’ni momo ruhiyatida kechayotgan adadsiz dard-alam va isyonkorlik o‘ti qanchalik kuchli bo‘lsa, zohiran odamlarni chalg‘ituvchi sokin matonati ham shunchalik ulug‘vorlikla jilolanadi. Hikoya qahramoni eri va o‘g‘lidan, boringki, butun orzu-umidi, nurli kunlaridan judo qilgan baxtsizlikni o‘ziga xos matonat bilan yengadi. Sirtdan bir umr o‘z xotirasi bilan so‘zlashib umr o‘tkazayotgandek tuyulgan momo obrazida xalqimizga, umuman insoniyatga xos bo‘lgan metin iroda, sabr, sadoqat, vafo kabi yuksak fazilatlarga ega jonli xarakter sifatida namoyon bo‘ladi. Yozuvchi momodagi bunday irodaning badiiy asoslarini mantiqan haqqoniy tasvirlab berolgan. Bayna momo obrazi qaysidir jihatlari bilan G.Markesning “Tanholikning yuz yili” romanidagi Robekani eslatadi. Robeka ham xuddi Bayna momodek eridan judo bo‘lgach butun Makondo qishlog‘i ahlidan yuz o‘giradi. Nafratga ko‘milib, yakkayu yolg‘iz hayot kechiradi. Bu o‘rinda, albatta adabiy ta’sir muammosidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Jahon adabiyoti namunalari, xususan, G.Markes ijodini chuqur o‘qib-o‘rgangan yozuvchida muayyan ma’noda ta’sirlanish bo‘lgani ehtimol. Yozuvchi G.Markes haqidagi maqolasida Elixio Markes va Luizaning muhabbat qissalarini shavq bilan hikoya qiladi. Uzoq iztiroblardan keyin sevganiga erishgan G.Markesning otasi bu nikohdan 16 farzand ko‘rishgani, bo‘lajak yozuvchi ularning to‘ng‘ichi ekanini qayd etadi. N.Eshonqulning fikriga ko‘ra, G.Markes qahramonlarining aksariyati ota-onasiga xos qaysidir fazilatlar, ularning hayot yo‘liga doir voqealar bilan biografik mohiyat kasb etgan. “Ota- onasining romantik muhabbati haqidagi oilaviy hikoyalar, - deb yozadi bu haqda N.Eshonqul,- unga ko‘p marta asqotdi. “Yolg‘izlikning yuz yili”da Robekaning muhabbati tom ma’noda onasining muhabbati ta’sirida yaratildi” 1. Ayni paytda G.Markesning momosi va bobosi bilan yashagani, ular ham bo‘lajak yozuvchiga ijodiy ta’sir o‘tkazganlari, ma’lum ma’noda Markes asarlari qahramonlariga aylanganlari haqidagi fikrlar N.Eshonqul va Markes biografiyasida umumiy nuqtalar borligini ko‘rsatadi. Shu sababdan Bayna momo va Robeka o‘rtasidagi o‘xshashlikni faqat adabiy ta’sir bilan emas, umuminsoniy turmushga xos o‘xshashliklardan ham izlash o‘rinli bo‘ladi. Hikoyadagi Bayna momoning zohiran dard va azobdan bukchaygan, qoq suyak, jimitdek jismiga uning siyratiyu fitratida yashiringan ulkan, uqubatli iztirob bo‘roni, shamoldan-da kuchli nafrat dovuli qarama-qarshi qo‘yilgan. Inson botinidagi bu isyonkor ruhni hech qanday kuch, hatto jismning kuchsizligi ham to‘xtata olmasligini - ramziy ma’noda “shamolni tutib bo‘lmasligi” tarzida ramziy ifodalaydi. Hikoyaning “Shamolni tutib bo‘lmaydi” deb nomlanishi ham shundan. Bayna momo obrazi orqali o‘zbek millatiga xos milliylik zamiridagi umuminsoniy fazilatlar, qahramonlik ulug‘lanadi. Hikoyani tahlilga tortgan adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev asarga quyidagicha baho beradi: “N.Eshonqul - milliy istiqlol davri o‘zbek nasriga yangicha ohang olib kira oldi. Uning “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi ifodaning qabariqligi, tasvir markaziga olingan shaxs tabiatining mutlaqo kutilmagan va yangiligidan tashqari ohangning o‘zgachaligi bilan ham kishini hayratga soladi. Shu vaqtga qadar bu taxlit ko‘p qatlamli, zalvorli, hikoya maromining o‘zi bilan badiiy kayfiyat hosil qila biladigan nasr namunasi milliy adabiyotimizda yo‘q edi hisob. Nazar nasrimizni shunday ohang bilan boyitdiki, bu ohang o‘zbek millatiga xos bo‘lgan jihatlarni aks ettirish imkoniyati jihatidan tengsizdir”104. Darhaqiqat, olim ta’kidlaganidek, hikoya mazmuni ko‘pqatlamli, qabariq. Buni biz momoning musibatlariga sabab bo‘lgan obrazning ismiga ham ramziy ma’no yuklanishida ko‘ramiz. Zamon otboqar - davrning malayi, hissiz, shafqatsiz kimsa. Zamon cho‘pon yoxud Zamon chavandoz emas, aynan otboqar. Ismi qilmishlariga monand munofiq kimsa. Sho‘ro davrining quroliga aylangan bu kimsaning qismatini, umrining fojiaviy intihosi aynan mustabid tuzum tanazzuli bilan parallel tarzda tasvirlanadi. Birvarakayiga uch o‘g‘liga dabdabali to‘y qilish arafasida sirli hamda fojiali o‘lim topgan rahnamolaridan ajralgan tersotaliklar “qattiq qayg‘uga tushdilar”. Yozuvchi Zamon otboqarning ramziylashgan zamon bilan aloqador o‘limini shunday tasvirlaydi: “Zamon otboqar itday o‘lim topgandi. Jasadining shu turishi avval o‘zi, keyin tepasi qulab tushgan ulkan minorani eslatardi - kiyimlari pora-pora yirtilgan, avrati uzib tashlangan, o‘nta barmoqning hammasi kesib olingandi...”105 Qalbdagi isyonni zohirga zarracha ham chiqarmagan bu murakkab obraz millatimizga xos oriyat, sadoqat, andisha, raqibiga ojizligini bildirmaslik kabi fazilatlarni o‘zida jamlab, sobiq sho‘rolar zamonini o‘ziga xos bo‘yoqlarda fosh etadi - ruhan o‘zida qo‘rquv psixologiyasini shakllantirayotgan, tarqoqlik sari borayotgan xalqni sergak tortishga, ma’naviy qadriyatlaridan uzoqlashayotgan o‘zligidan ogoh etadi. Qishloqda hech kim, hatto mirshablar ham jimitday jussali, sochlari oppoq bo‘lib qolgan ramaqijon kampirdan shubhalanishga botina olmaydi. Hikoyaning yechimi Bayna momoning o‘limidan keyin, murdani yuvishdan oldin sandiqni ochishganda ma’lum bo‘ladi. O‘limlikka atalgan kiyim-kechak, kafanlik, kelinlik bilaguzugi, ter hidi anqib turgan erkak kallapo‘shi, sarg‘ayib ketgan Qur’onni karim, qon qotib qolgan tumor va qaychi hamda eng oxirida ko‘p yil turganidan qorayib, kukunga aylanayozgan o‘nta odam barmog‘i topilganda hammasi oydinlashadi. Yozuvchining mahorati ham insonni tutib turuvchi, jasoratga undovchi qudratli kuch uning jismida emas, balki qalbidadir, yurakka singgan har qanday tuyg‘u, u mehrmi yoki nafratmi, baribir, insonning har qanday dard-u azoblarga ham dosh berib, maqsadi sari undashidadir, degan haqiqatni poetik tarzda ifodalashida namoyon bo‘ladi. Yozuvchi Tersota qishlog‘i va momo obrazlari timsolida o‘zining adabiy-estetik qarashlarida ilgari surgan yuksak milliy ruh, teran ma’naviyat, milliy or-nomus, hayo, iroda, momolardan meros ichki madaniyat, ruhiy barkamollik haqidagi qarashlarini singdirish bilan bir qatorda ular timsolida katta kuchga aylangan xaloskorlik g‘oyalarini singdirib yuborgan. Ijodiy niyat va badiiy ifoda parallelizmы N.Eshonqul adabiy-estetik qarashlarining muhim bir yo‘nalishini asarning yozilish usuli, ifoda yo‘sini, yangicha tasvir, poetik obraz va ramzlar, timsollar haqidagi kuzatishlari, fikr-mulohazalari tashkil etadi. Uning adabiyotni yangilash haqidagi qarashlarida yangi tipdagi adabiyotni yaratish, yangilanish, poetik mazmun va g‘oyaning ifodalanishi eng avvalo tasvir ifodasidagi yangilanish bilan bog‘liq, degan kuzatishlarda namoyon bo‘ladi. Yozuvchining ijodiy niyati ma’lum ma’noda tanqidiy tafakkuri namunalarida aks etadi. Shakllangan tayyor badiiy konsepsiya sifatida asarlariga ko‘chadi. Shu nuqtai nazardan ushbu faslda qo‘yilgan ilmiy muammo tadqiqini yozuvchi asarlarining ifoda yo‘sini tahlilidan boshlash maqsadga muvofiqdir: Yozuvchi dastlabki asarlarida realistik tasvirdan foydalangan bo‘lsa-da, keyinchalik yangicha ifoda usullariga ko‘proq e’tibor qaratgani kuzatiladi. “Tun panjaralari”, “Qora kitob”, “Zulmat saltanatiga sayohat”, “Og‘riq lazzati”, “Qaytish” kabi asarlarida ichki monolog - “men”ning xayoliy kechinmalari asosida ish yuritadi. Bunday murakkab botiniy tasvir ifoda uslubini yangilashga olib keladi. Shuningdek, N.Eshonqul realistik tasvir usulini romantika, sentimentallik, simvolik talqin yo‘sini bilan boyitadi. Hayotiy voqealar bilan xayoliy hodisalarni falsafiy-majoziy mazmun bilan uyg‘unlashtiradi. Xususan, “Maymun yetaklagan odam”, “Sharpa”, “Evolyusiya”, “Bahouddining iti” kabi asarlarida bu jihat yaqqol ko‘rinadi. Bu asarlarning barchasiga xos bo‘lgan yetakchi xususiyat ularda manzaralar, detallar, ranglar, tovushlar, hidlar, vayronalar tasviri, suratlar va boshqa poetik unsurlarning metaforiklik kasb etib, katta badiiy mazmunni ifoda etishidir. Yozuvchi asarlarida tasvir ifodasidagi tiniqlik, so‘z vositasida chizilgan manzaralarning rang va hidlarigacha sezilib turishi, ortiqcha hashamdorlikning yo‘qligi, ko‘pso‘zlikdan qochish, ba’zan butun boshli jumlaning metaforaga aylantirilgani aynan unga xos tipik holat hisoblanadi. Bu xususiyatlar har uchala ifoda yo‘siniga ham taalluqli. Yozuvchining “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi sho‘ro davri tanazzulining boshlanish arafalarida - 80-yillar adog‘ida yozilgan. Hikoya adabiy jamoatchilikda yangilik sifatida qabul qilindi, turli bahs- 88 munozaralarga sabab bo‘ldi. Asar ramziy metaforik usulda sho‘ro davri fojialarini fosh qiluvchi asar sifatida baholandi 1. Bu fikrlarda jon bor, albatta. Chunki hikoya ramziy asosga ega bo‘lsa-da, konkret bir davr bilan bog‘liq holda ma’lum makon va zamon voqeligini aks ettiradi. Yozuvchi buni rassomning turli davrlarda yaratgan suratlarining o‘n yilliklar fonida tartib berilgan galereyasi orqali ifodalangan ma’no-mazmun orqali anglatadi. Bu suratlar galereyasini qoliplovchi ikkita surat - galereyaning boshida tartib berilgan, o‘rmondan maymun yetaklab chiqayotgan navqiron yigit tasviri bilan yakunidagi munkillab qolgan cholni o‘rmonga yetaklab ketayotgan maymun tasviri aks etgan suratlar hikoyaning tuguni va yechimi sifatida qabul qilinishi mumkin. Galereyadagi suratlar mazmun-mundarijasida ham shunga monand ravishda yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarda davr shiddatini shijoat bilan boshqarayotgan, hayotga katta ishonch bilan qarayotgan qahramon ruhiyati aks etgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan bu ishonchning susayib, suratdagi tasvirlar ham xiralashib, mazmuni ham mavhumlashib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Asar munkillagan cholning maymun yetovida o‘rmonga yo‘l olishi bilan yakunlanadi. Suratlarda aks etgan bunday mazmunni ikki xil talqin etish mumkin. Birinchisi, ijtimoiy mazmun - bu sho‘ro davri hayoti rivojiyu zavoli haqidagi qarashlarning majoziylashgan ko‘rinishi bo‘lsa, ikkinchisi ma’naviyatga daxldor umumbashariy ma’no bo‘lib, odamzot umrining ibtidosiyu intihosi haqidagi falsafiy yakun sifatida qabul qilish mumkin. Yozuvchi mana shu anglashilayotgan ma’no-mazmunni real voqelikka xos bo‘lmagan ramziy bo‘yoqlar, suratlar galereyasidagi odam va maymun munosabatlarining poetik timsoli orqali real mazmun bilan uyg‘unlashtirganini ko‘ramiz. Buni adibning o‘zi e’tirof etgan katta hayotiy haqiqatlarga obrazli murojaati sifatida qabul qilishimiz mumkin. Hikoyada odam va maymun obrazlarining vosita sifatida tasvir etilishi davrning ta’limoti bilan qaysidir ma’noda aloqador bo‘lib, 1Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar. - Toshkent: Ma’naviyat, 2000. - B.39 89 ehtimol yozuvchining sho‘ro mafkurasi odamzodning paydo bo‘lishida darvinizmni to‘la qo‘llab-quvatlaganiga kinoya tarzda bitilganidadir. Har holda yozuvchining sho‘ro davri fojialarini tasvirlashida maymun obrazidan foydalanishi, bejiz emas. “Sharpa” hikoyasi ham inson ko‘ngli, uning hadsiz, adoqsiz kechinmalari haqida. Sharpa - bu yolg‘izlik psixologiyasi vujudga keltirgan ta’qib. Yolg‘izlanish, mavjud voqelikdan begonalashish insonni xayolot olamidagi ta’qibu tazyiqlarga duchor etadi. Adib bu asarida ham an’anasiga sodiq qolib, qahramon kechinmalarini tun bilan bog‘laydi. Zero, tun, Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, ajinalar, shaytoniy o‘yinlar makonidir. Roviy tun qa’ridagi qahramon holatining yolg‘izlik iskanjasi sharpa timsolida his etilishini tasvirlaydi. Sharpaning senga nisbatan qilgan ta’qibi shu darajadaki, u sen bilan birikib yaxlit hodisaga aylanib ketadi. Buni qahramonning do‘sti tilidan aytilgan quyidagi so‘zlar ham tasdiqlaydi: “ - Bilasanmi, - dedi u eshik oldida sening xayrlashish uchun cho‘zilgan qo‘lingni qattiq siqar ekan. - Bu uyda sening o‘zingdan boshqa hech qanday sharpa yo‘q. Sharpa sensan!”106 Qizig‘i shundaki, roviy -“sen”ning sharpa bilan muloqotini, undan qutulish uchun qilgan sa’y-harakatlarini, sharpa ta’qibidan ozod bo‘lishning turli xil usullarini o‘ylab topishi, jumladan, xayolini boshqa narsalarga chalg‘itishga urinib, uyning devorlariga har xil rasmlar yopishtirishi, o‘zi bilan o‘zi gaplashishlari, bular barchasi ruhiy kechinma fonida yoritiladi. Lekin bu urinishlar samarasiz bo‘lib, u sharpaning ta’qibidan qutula olmaydi. Roviy “sen”ning sharpadan qutilish uchun qilgan barcha urinishlarini uning ichidan turib yoritganday taassurot qoldiradi. Go‘yo roviy hikoya qahramoni “sen”ning ichiga joylashib olganu uning ahvol-ruhiyasiga xos kechinma-holatlarini birga kechirayotgandek ifoda etadi. Ya’ni, hikoya ifodasida “men + sen = sharpa”, degan tamoyilga amal qilinayotgandek taassurot qoladi. Natijada, hikoyada go‘yo yozuvchi ikki olamni - real borliq bilan xurofotga tutqun xayolot olamini uyg‘unlashtirib tasvirlayotgandek bo‘ladi. Hikoyada inson ixtiyori har doim ham o‘zida bo‘lmasligi, u qanchalik urinmasin, baribir, xayolot olamidan, ko‘ngil dunyosidan ayro tushmasligi, ruhiy po‘rtanalar insonga doimiy hamroh ekanligi singari haqiqatlar aks ettirilgan. “Evolyusiya” hikoyasida asar qahramoni (nomsiz) shunday bir vaziyatda tasvirlanadiki, u mudom ta’qiblardan qochib yashashga mahkum. Xo‘sh, uni mudom ta’qib qilib, o‘zligini, jismini, xohish-istagini va hatto biologik mavjudligini ham inkor ettirib, hayvonga aylantirib quyayotgan ta’qibchilar va g‘animlar kim o‘zi? Nima uchun asar “Evolyusiya” deb nomlanayapti? Kezi kelganda aytib o‘tish joizki, mazkur hikoya dastlab 1992 yili “Yoshlik” jurnalining 1-2-sonlarida “Istilo” nomi bilan chop etilgan. Ikkala variantni qiyoslash asosida hikoyaning hozirgi “Evolyusiya”107 deb nomlangan varianti jiddiy tahrir qilinib, asarning ma’no qabariqligi oshirilganini kuzatdik. “Evolyusiya” so‘zi lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra, “avj oldirish, kuchaytirish”, degan mazmunni anglatadi. Uzluksiz, tadrijiy rivojlanish, o‘zgarish; tabiat va jamiatda uzluksiz tadrijiy ravishda davom etadigan va sifat o‘zgarishlariga olib boradigan miqdor o‘zgarishlari”108, deya ta’rif berishadi bu tushunchaga mutaxassislar. Hozirgi zamon tabiatshunoslarini fikricha, “har qanday mavjudot evolyusiya natijasi”dir. Bugungi olamning manzarasi evolyusiyaning umumiy hodisa ekanligini ko‘rsatadi 109. Demak, hikoyaning bosh konsepsiyasi ham qahramonning miqdor o‘zgarishdan sifat o‘zgarishiga o‘tish jarayonini tasvirlashdan iboratdir. Mana shu sifat o‘zgarishiga o‘tish jarayoni hikoyada qanday aks etgan, sifat o‘zgarishiga o‘tish ijobiy hodisami yoki tanazzul? Yozuvchi hikoyada tasvirlayotgan zamon va makon chegarasiz emas, u katta vaqt oralig‘idagi muayyan davrning modelini tanlab oladi va shu modelga ulkan xronotopga xos xulosani joylaydi. Yozuvchi tanlab olgan model bizning nazarimizda, yaqin o‘tmishimiz - sho‘ro davridir. Shaharning markazini egallab olgan va butun shaharni o‘zining badbo‘y hidi bilan zaharlayotgan maxluq esa sho‘ro tuzumi timsoli. Bunga yozuvchi kishi bilmas detallar orqali ishora qiladi. Yovuz maxluqning ko‘kuzak bo‘lib gezarib ketgan qornining yaltiroq qizil mato bilan yopilishi, g‘animlar hilpiratib osib qo‘ygan bayroqlari tug‘ining ikki barmoq orasidan beo‘xshov chiqib turuvchi bosh barmoqqa o‘xshatilishi, butun shaharni insonni ta’qib qiluvchi, tajovuzkor shiorlar bilan ko‘mib tashlanishi kabi detallar shunday xulosa chiqarishga asos beradi. Hikoyani tahlilga tortgan adabiyotshunos Gulnoz Sattorova bu haqda shunday xulosaga keladi: “Yozuvchi tarix voqealari orqali butun millatga erk va ozodlik g‘oyalarini tarannum etadi.”110 Asarda qahramonning miqdoriy o‘zgarishdan sifat o‘zgarishiga o‘tish jarayoni ta’qibu tazyiqlar, quvish va qochishlar fonida beriladi. Nazarimizda, bu ta’qib-u tazyiqlar qahramon qallig‘ining g‘animlar tomonidan qatl etilishi va shu bois, uning qalbida tug‘ilgan qasos olish istagidan keyin boshlanadi. Adib hikoya qahramonining bu istagini ikki epizodda aks ettiradi va har ikkalasida ham qasos tuyg‘usidan insonga xos qo‘rquv instinkti ustun chiqadi. Asar qahramoni hikoya davomida ta’qib etuvchilardan qochib oxir-oqibat o‘zining rang-ro‘yi, tuzilishi, shakl-shamoyilini ham o‘zgartirib oladi. Tobora miqdoriy o‘zgarishdan sifat o‘zgarishiga, ya’ni o‘zligidan begonalashib hayvoniy qiyofaga (oyoqlaridan tuyoqlar o‘sib chiqib, tanasini tuk qoplashi kabilar) o‘ta boshlaydi. Biroq, ta’qibdan butunlay qochib qutula olmaydi, aksincha, qo‘zichoqqa aylangan qahramon aynan o‘sha g‘animlari qo‘liga tushadi. Lekin u endi beozor qo‘zichoq timsoliga aylanib bo‘lgan edi. Gʻanimlar timsolidagi izquvarlarning qo‘zichoqni ushlagandan keyingi aytgan gaplaridan ma’lum bo‘ladiki, u noyob terisi uchun halokatga mahkum. Asar quyidagicha xotimalanadi: “Qo‘zichoq o‘zaro suhbatni tushungandek, ko‘zlarini tantiqlik bilan yumib oldi; har-har damda u ko‘zlarini cho‘chib ochar, lekin hech qanday xavf yo‘qligini sezgach, yana barvastaning barmog‘ini ochiqib so‘rardi”111. Ijtimoiy va ichki-botiniy po‘rtanalar tinib, voqelikka sukunat nigohi bilan qaragan yozuvchi hikoyani umuminsoniy mazmun singdirib, metaforik maydonini kengaytirib, qayta ishlashi ham har jihatdan tabiiy va to‘g‘ridir. Bularning barchasi yozuvchining ijod psixologiyasi va badiiy laboratoriyasiga xos murakkab tomonlar bo‘lib, N.Eshonqul ijodi tabiatining evolyusion mohiyatidan dalolat beradi. N.Eshonqul asarlaridagi metaforik serqatlamlik ba’zi o‘rinlarda yozuvchiga pand bergani ham kuzatiladi. Asar kompozisiyasi yaxlit tizimga ega emasdek, ba’zi voqealar bayonida izchillik yetishmayotgandek taassurot paydo bo‘ladi. “Evolyusiya” hikoyasida, ayniqsa, makon va zamonning mutanosib emasligi ko‘zga yaqqol tashlanadi. N.Eshonqul iste’dodli yozuvchi sifatida o‘z shaxsiyatiga xos yetakchi xislatlarni, adabiy-estetik qarashlari va estetik pozisiyasini har bir asari mohiyatiga singdirib yuborishga harakat qiladi. Har bir yaratilayotgan asarda avvalo yozuvchi “men”i, olam haqidagi o‘z nuqtai nazari, munosabatlari aks etishi lozim. “Meni asarlarimdan izlang” konsepsiyasi yozuvchi estetik qarashlari markazini tashkil etishi shundan bo‘lsa kerak. Ayni paytda, N.Eshonqulning olam va odam haqidagi qarashlarida ifoda shakllari turlicha bo‘lgani bilan, Sharq va Gʻarb falsafasining mohiyati bitta degan xulosaga moyilligi bois unda bu ikki qutb badiiy tafakkurini sintezlashga mayl kuchli. Bu hol “Bahouddinning iti” nomli hikoyasi g‘oyaviy-badiiy motivida ham yetakchilik qiladi. Hikoyaning nomlanishi ham hazrat Bahouddin haqidagi rivoyatlar bilan bog‘liq. Naql qilinishicha, Bahouddin Naqshband nafaqat dardmand insonlarni, balki parrandayu darrandalarni ham davolaganlar (hatto qo‘tir itlarni ham), ularga ham Olloh yaratgan jonzot sifatida qarab, mehr ko‘rsatganlari ma’lum. U zot asos solgan tariqat barcha insonlarni do‘st-inoq, mehr- oqibatli bo‘lishga, yaxshi amallar qilishga, bu dunyo hamma uchun sinov ekanligini tushuntirib, qalbda Allohga muhabbatni pok saqlab, amalda mehnatsevarlikka da’vat etib, ochko‘zlik, tamagirlik, tekinxo‘rlik, ma’naviy tubanlikni qoralashlari uchun asos bo‘lgan. Ko‘rinib turibdiki, u muborak zotning nafaqat odamlar, balki qo‘tir itlarga-da ko‘rsatgan marhamatlari, insonning pok qalbi kengliklari timsolida kelishini ko‘rish mumkin112. Ma’lumki, real hayotning o‘zida ham it uy hayvoni sifatida odamlar va ular mol-mulkining qo‘riqchisi, yaqin do‘sti, vafodorlik timsoliga aylanib ketgan jonivor. Shu bois it qadim-qadimdan milliy folklor va diniy qarashlarimiz, shuningdek, dunyo adabiyotida ham falsafiy-diniy dunyoviy motivlarni ifodalab keladi. Millatimizning it bilan bog‘liq obraz yaratish an’anasi ancha qadim tarixga ega. G.Snyesaryov o‘zining “Reliktы do musulmanskix verovaniy i obryadov u uzbekov Xarezma” (“ Xorazm o‘zbeklarining islomgacha bo‘lgan diniy va e’tiqodiy qadriyatlari”) kitobida ham it obraziga to‘xtalib, qadimgi bitiklarda it tozalovchi, poklovchi ma’nosini anglatishi haqida ma’lumotlar beradi. Iti bor xonadon sohiblariga yovuz ruhlar yo‘lamasligi haqidagi tasavvurlar borligini qayd etadi. Muallif ta’kidlaganidek, “Avesto”da ham ba’zi bir nasldagi itlar tozalik-pokizalik timsoli sifatida yovuz ilonlarga qarshi kurashuvchi timsolida keladi. Shuningdek, kitobda it bilan bog‘liq bir qator urf-odatlar (masalan, befarzand ayolga bola so‘rash, chaqaloqqa “it kuylak tikib kiydirish” kabi), rivoyatlar va eng muhimi, itning sodiq do‘st timsoliga aylangani haqidagi qarashlar o‘rin olgan113. B.Karimov it mavzusiga bag‘ishlangan besh hikoyani jamlagan “Oq tirnoq” to‘plamiga yozgan so‘ng so‘zida keyingi davr o‘zbek nasrida yaratilgan it obrazi talqiniga to‘xtalar ekan, N. Eshonqulning “Bahouddinning iti” hikoyasi tahlili munosabati bilan uning tarixiy va zamonaviy talqinlariga nazar tashlaydi. Jumladan, “Qur’oni karim”dagi “Kahf” ahli va ularga hamroh bo‘lgan iti haqidagi mashhur qissani yodga oladi. Mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashgan shayx Najmiddin Kubroning iti haqida Hazrat Navoiyning “Lison ut-tayr”da kelgan fasl tahlili, I.Gʻafurov, A.Mahkamlarning it haqidagi mansuralari, I.Haqqulning “Bahovuddinning iti” hikoyasi haqidagi “inson botinidagi “it” - nafsning o‘yinlari” yo‘sinidagi qarashlarini keltiradi. “Nazarimizda, deb yozadi olim bu haqda, - hamdardlik, o‘zaro ichki olamning yaqinligi - bu inson va hayvon o‘rtasidagi chegarani yo‘qotadi”114. Darhaqiqat, olim ta’kidlaganidek, Islom dinining muqaddas kitobi “Qur’oni karim”ning “Kahf” (Gʻor) surasida ham ayni jonivor bilan bog‘liq qissa keltiriladi. Qissaga ko‘ra, Rum davlatlaridan biriga hukmronlik qilgan zolim shoh Daqyonus odamlarni butlarga ibodat qilishga majbur qilib, amriga bo‘ysunmagan kishilarni qatl ettirar edi. Uch yigit yolg‘iz Allohdan o‘zga biron kimsa va narsaga sig‘inmaslikni qasd etib, tunda shaharni tark etishadi. Yo‘lda yaylovdan o‘tib borayotganlarida ularga cho‘ponning iti ham ergashadi. Katta g‘orga berkinishadi. Bundan xabar topgan shoh g‘orning og‘zini berkitib tashlashni buyuradi. Tangri taolo o‘zining sadoqatli bandalarini halok bo‘lishdan saqlab, ularni 300 yillik uzoq uyquga cho‘mdiradi. O‘z marhamati ila ularni sog‘-omon saqlaydi. Qochqinlar mo‘min va solih shoh hukmronligi davrida kelib uyg‘onishadi. Ularga hamrohlik qilgan cho‘pon iti ham sadoqati tufayli to‘rtinchi kishi soniga qo‘shilib qiyomat kunida inson terisi in’om etilishi bayon etiladi115 . Ko‘rinib turibdiki, cho‘pon iti o‘zining sodiqligi sharofati ila yuksak mukofot bilan siylandi. Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqulov “It - rafiq, it - raqib” maqolasida bu borada g‘oyat xarakterli kuzatishlar amalga oshirilgan. Maqolada it obrazining turkiy she’riyatda xilma-xil maqsadda qo‘llanishi “Devonu lug‘atit turk”, “Qudadg‘u bilig”, “Muhabbatnoma” kabi asarlar, shuningdek, Sakkokiy, Atoiy, Lutfiy, Navoiy g‘azallari tahlili orqali bayon etiladi. Chunonchi, Navoiyning g‘azalidan “Iting o‘lsa jismig‘a jonimni solg‘il, Ki bu ruhga ul munosib badandur”, baytini tahlil qilar ekan, quyidagi fikrlarni ilgari suradi. “Demak, it jismining “ruhga munosib badan” hisoblanayotgani bejiz emas. Bunda shoir turkiy xalqlarning islomgacha bo‘lgan diniy aqidalariga suyanganligigi o‘z-o‘zidan tushunarli”116. Nazar Eshonqulning “Bahouddinning iti” hikoyasiga shu nuqtai nazardan yondashsak, hid va tovush ijodkor konsepsiyasini ochishda asosiy poetik unsurlar ekanligi, hikoyada hid va mungli tovush detaliga qayta- qayta murojot qilishining sababi oydinlashadi. Asarda bosh qahramoning voqea davomida ruhan itga yaqinlashib, so‘ng g‘ayritabiy holatda itga aylanib ketishi bayon qilinadi. Ibrohim Haqqul hikoya tahliliga bag‘ishlangan “Evrilish tovushi”117 maqolasida taniqli shayx Abdusaid Abdulxayirning insoniyat paydo bo‘lishdan avval ruh shaklida paydo bo‘lib, ular bir-birlarini hid va ovozlaridan biri Mag‘ribda, ikkinchisi Mashriqda bo‘lsa-da, tanib suyunishlarini yozadi. Fanda reinkarnasiya - (lotin tilidan reincarnation “qayta yaralish”) , deb nomlanib, asosan inson ruhining jonvorlar (xususan, it, sher, eshak va bosh.) tanasiga ko‘chib qayta yaralishi, yoki aksincha, oldingi hayotida bir jonivor bo‘lgan mavjudot keyingi hayotida inson bo‘lib yaralishi va tanaga ruhning ko‘chishi hodisasi ham yukoridagi qarashlarga hamohangdir. Buddaviylik diniga e’tiqod etuvchi indeyslar, xitoyliklar, hindlar, yaponlar bu holatni aqlbavor qiladigan hodisa sanashadi. Jahon adabiyotining yirik namoyandalari ijodida ham reinkarnasiya hodisasi u yoki bu ko‘rinishda uchraydi. Xususan, Jek Londonning “Do Adama”, Onore de Balzakning “Serafita” romanlari mohiyati ochilishida reinkarnasiya muhim tasvir vositasi sifatida qo‘llaniladi118. Adabiyotda sharq - g‘arb sintezi prinsiplarni ilgari surgan yozuvchi hikoyadagi qahramoni timsolida ruhining it jismiga ko‘chib o‘tishi hodisasidan samarali foydalanganini ko‘ramiz. U.Jo‘raqulovning “Osoyish ayyomi” nomli maqolasida “Bahouddinning iti” hikoyasi metaforik planda tahlil etiladi. Olim asarning to‘laligicha metaforaga qurilganini tahlillar asosida dalillaydi. “Zohiran hikoya syujeti biz an’anaviy hikoyalarimiz ta’sirida ko‘nikib qolgan odatdagi badiiy shaklni eslatsa ham, mohiyatda sof metaforaga qurilgan... Umumlashtirib qaralganda hikoyada inkor va begonalashuv jarayoni badiiy voqelanadi. Odam jamiyatdan qaytib uzlatga chekinadi. Mavjud voqelikdagi qonuniyatlar, mezonlar va taqiqlardan yuz o‘giradi”, degan fikrlarni ilgari suradi bu haqda olim119. Hikoya syujetida dastlab qoliplovchi voqea keladi: radioda ovoz rejissyori bo‘lib ishlovchi hikoya qahramoni muharrir topshirig‘iga ko‘ra tayyorlanayotgan radiopeьsaga turli-tuman sayroqi qushlarning tabiiy ovozini yozish maqsadida hamrohlari bilan shahar chekasidagi xiyobonga boradi. Sayroqi kushlar nag‘masini yozishga shaylangan qahramonning shuuriga dastlab xushohang kuylar bilan birga elas-elas odamni g‘amgin va dilgir qilib qo‘yadigan mungli bir sas, iztirobli nola ham chalinadi. Ayni shu nuqtadan boshlab hikoyaning qoliplovchi qismi tugab, yangi, g‘ayritabiiy tasvirlarga ega bo‘lgan va adib konsepsiyasini belgilovchi yo‘nalish kirib keladi. Xiyobonda boshqalarga eshitilmaydigan, qahramonni o‘ziga tabora tobe qilib olayotgan bu nola bora-bora vujudini to‘la egallab, uning odamlardan tobora uzoqlashib, begonalashib borishi kuzatiladi. Uning xiyobondagi it bilan shahar ko‘chalarini yolg‘iz kezishi, boshqalarga yoqmagan ichki dardlarini hikoya qilishi, itning badanidagi qo‘tirlarni silashdan tuyadigan mehr, bir so‘z bilan aytganda, o‘zidagi ruhiy kechinmalarni anglab yetadigan munosib bir dardkash topganini ko‘ramiz. Xo‘sh, bunga sabab nima? Ehtimol, qahramon tabiatiga sershovqin shaharning yoqmasligi, atrofidagilarning uni tushunmasligi, ko‘ngliga yaqin hamdardning yo‘qligi tufayli qo‘tir itning nolasiga maftun bo‘lib, dardli qalbiga orom izlab, uning dardkashiga aylanganining boisi ham shundadir. Zero, Hazrat Navoiy ta’kidlaganidyek, “Odam - dunyolarga teng sharaf egasidir. It esa - jirkanch mahluqdir. Ammo yaxshilikni bilmaydigan odam - yaxshilikni unutmaydigan, vafodor itdan pastdir. Vafodor qo‘tir it - vafosiz go‘zal, barno yigitdan yaxshiroqdir”120. Har ikki holatda ham hikoyadagi qahramonning itga yaqinlashuvi oshiqning ma’shuqa jamoli, ya’ni mohiyatga intiluvi natijasi sifatida ifoda etiladi. Yozuvchi it obrazi bilan bog‘liq motivni so‘nggi nuqtasigacha kuchaytirib “Mantiq ut - tayr”da tasvirlanganidek, nafaqat itlar orasiga qo‘shiladi, balki itga aylanib real voqelikdan, ijtimoiy mas’ullik va o‘z “men”idan butunlay “ozod” bo‘ladi. N.Eshonqul hikoyasidagi it obrazi - avvalo, mung va dardli qalb sohibi. Qahramon itning nolasini qalbi bilan anglaydi. It obrazining asarda qo‘llanishi an’anaviy xarakterga ega bo‘lib, unga hikoyani tahlil qilgan adabiyotshunoslarimiz ham e’tibor qaratishgan. Itning mungli nolasi birgina asar qahramoni qalbini tirnaydi, uni iztirob chekishga undaydi. “Uvillashda munis anduh bor edi. Undan dard va musibat, iztirob, g‘am-uqubat taralardi... Odam qanday chidaydi bu nolaga, deb o‘kirib yuborging kelardi. U o‘zining anduhi bilan sehrlar, anduhi bilan maftun qilar, musibati bilan jodulab qo‘yardi”.121 Ayni mana shu mungli nola shodlik va baxt ohanglari aks etgan radiopyesa uchun nomuvofiq tarzda qayta-qayta tasmalarga yozilib qolaveradi. Tanlovda yutib chiqish uchun olti oylab ter to‘kib, zohiran pyesa qahramonlarining, ya’ni jamiyatdagi insonlarning saodatli iqbolini tarannum etuvchi va shu “xushanishinlik nafaqat qahramonlarga, balki butun tabiatga xos ekanini” tarannum etishni maqsad qilishdek soxta g‘oyaga bo‘ysundirilgan asarning ovozli nusxasida sayroqi qushlar navosi emas, balki itning dardli nolasi eshitiladi. Biroq, botinan tabiatning bunday nolasi qalb ko‘zi uyg‘oq rejissyorni tashvishga solsa, boshqalarning kulgisi va g‘azabiga sabab bo‘ladi. Rejissyorning it bilan do‘stlashishi, atrofdagilarning undan irganishi, ishdan bo‘shatilishiga sabab bo‘ladi. Biroq, hikoya qahramoni ishdan bo‘shaganiga afsuslanmaydi, aksincha ruhi yengillashib, hayotning adolatsiz so‘qmoqlarida orttirilgan qalb jarohatlari shifo topib, o‘zini va atrofdagilarni boshqatdan kashf etadi. Qalbi ilohiy nurdan munavvarlashadi. Biroq, har narsadan o‘z manfaatini ustun qo‘yuvchi jamiyat a’zolaridan tobora uzoqlashib boraveradi. Bu begonalashuv haqida U.Jo‘raqulov absurd falsafasini ilgari surgan Kamyu begonasiga, taqlidga bu “begona”larning aloqasi yo‘qligini ta’kidlab: “Men so‘z yuritayotgan BEGONALAR esa aqlsizlikdan aql, mantiqsizlikdan mantiq topadilar. Bizning telbalar holati Shayx San’on, majnunlar telbaligiga monandki, buni, hech ikkilanmasdan mashrabona IYMON istig‘nosi, deya tushunish maqsadga muvofiqdir”122, deb yozadi. Bu o‘rinda bir masalani ham yoddan chiqarmaslik zarur. Yuqorida ta’kidlanganidek, N.Eshonqul Gʻarb va Sharq qarashlari mohiyatan bir xil, degan fikrni ilgari suradi. Uni Shekspir va Navoiy asarlari haqidagi kuzatishlari bilan asoslaydi. Shu bois hikoya qahramonining jamoa oldidagi mas’uliyatdan batamom “ozod” bo‘lib, qo‘tir it bilan birga chopib yurishida mavhumlik bor. Zero, har qanday it hayotning o‘zida ham, poetik hodisa sifatida ham bo‘ynidagi burchdan, mas’uliyat hissidan batamom “ozod” emas. Yaratgan doimo uni insonlarga burchli qilib yaratgan. Shu bois hikoyadagi qo‘tir it har doim bitta xonadonga borib ovqatlanadi, uni qo‘riqlaydi. Shu ma’noda hikoya qahramonining it timsolida to‘la “ozod” bo‘lib, odamlardan begonalashuvi o‘zini to‘la oqlagan deyish, mushkul. Aslida, u Bahouddin Naqshbandning tariqatini qalbiga jo aylagan haqiqiy ishq sohibi. It - vafo, sadoqat timsoligina bo‘lib qolmay, bu yo‘ldagi vosita hamdir. Bu vosita orqali qahramon o‘zligini anglaydi... N.Eshonqul hikoyalarida hayot, uning ma’nosi, yashashdan maqsad nima, qabilidagi falsafiy masalalar ko‘proq sho‘ro davrining poetiklashgan, ramziylashgan surati bilan bog‘liq holda tasvir etiladi. Uning “Ajr” nomli hikoyasi inson bu dunyoda kechirgan kechmishi uchun albatta hisob berajak degan g‘oyaviy motiv asosida shakllangan. Asardagi “ota” va “bola” obrazlarini qaysidir ma’noda ramziy obraz deb atash mumkin. Ya’ni ota ajdodlar timsoli, otaga qo‘l ko‘tarish, padarkushlik gunohi azimdir. Buning uchun albatta ajr (jazo) bo‘ladi. Hikoya markazida umumlashtirilgan gunohkor inson - U obrazi turadi. Otaning bolaga ta’na-dashnomi shundaki, o‘g‘il U (Olloh)ni unutib, Unga shak keltirib, qarshi boradi va hamma fojia shundan boshlanadi. Asarda o‘g‘il qilgan gunohlari uchun tanlangan zamon sho‘ro davrini eslatadi. Unda tasvirlangan zo‘ravonlik, osish, o‘ldirish voqealari sho‘ro davrining qatag‘on siyosatini yodga soladi. Demak, yozuvchi ajr haqidagi ilohiyotga daxldor tushuncha bilan ijtimoiy muhitga aloqador bo‘lgan nuqtalarni bir-biriga payvandlab, uyg‘unlashtirgan, shu orqali ma’lum ijtimoiy-falsafiy- estetik xulosalar chiqargan. Asardagi U, ya’ni Yaratgan obrazi va uning mavjudligini ta’kidlash, hikoyaning asosiy motivlaridan birini tashkil etadi. Barcha nuqta botiniy holatda Unga borib tutashadi. O‘g‘il - ya’ni avlod, ota - ajdod oldida juda katta gunohkor va gunohlari g‘oyat ulkan. Zotan gunohlar ichida eng dahshatlisi bu padarkushlik - otani o‘ldirishdir. Gunohlar uchun beriladigan jazo ham shunga yarasha. Shu tariqa hikoyada ham realistik, ham majoziy-ramziy tarzda yashash, hayot, millat, gunoh, xoinlik va boshqa tushunchalar bir butun hodisa sifatida yaxlit manzara kasb etadi. Yozuvchining “Muolaja” hikoyasi ham shu tipdagi hikoyalardan hisoblanadi. Unda insonlarning mavjud hayotdagi qoliplardan ozod bo‘lish istagi - isyoni va uning oqibatida yuzaga kelgan ruhiy muvozanatning buzilishi masalasi asarning asosiy motivini tashkil etadi. Asarda “qutqut” kasaliga yo‘liqqan uch xil darajadagi bemorning ruhiy holatlari, davolanish jarayonlari tasvirlanadi. “Qutqut” kasali ham, unga chalinganlar va ularning ruhiy holatlari ham ma’lum darajada ramziylashgan bo‘lib, aslida hayotdagi insonlarning turlanuvchan qiyofalari, ruhiy manzaralari aks ettiriladi. Masalan, professor telba deb tanishtirgan bir kasalning ruhiy holatini yozuvchi quyidagicha izohlaydi: “Kasal mana shu holatda juda xavfli bo‘ladi, unga ehtiyot choralari ko‘rmay turib, yaqinlashish man etiladi. U sizga hech ikkilanmay tashlanishi mumkin, siz uning xayolida ko‘ringan zo‘ravon yoki o‘zini o‘ldirish uchun pusib kelayotgan qotil bo‘lib tuyulasiz. Shu topda u g‘irt telbaga aylanadi: “meni xo‘rlashayapti” degan fikr butun shuuriga o‘rnashib qolgan, u xayolidagi zo‘ravonni nima qilib bo‘lsa ham o‘ldirish taraddudiga tushgan. U xayolida o‘zi uchun makon yasab olgan. Biz 101 shartli qilib, uning tasavvuridan kelib chiqib, “ozod dunyo” deb atay olamiz. “Ozod dunyo” unga tinchlik bermaydi. Har bir narsa unga zo‘rlik bo‘lib ko‘rinadi, hatto siz ham unga zug‘um qilish uchun turganga yoki kulganga o‘xshaysiz. U o‘zicha “ozod” bo‘lishning yo‘l va rejalarini tuzadi”123. Ushbu parchadagi makon yasab olish, “ozod dunyo” tasavvuri bilan yashash va boshqa fikrlar ayni real voqelikdagi ba’zi bir odamlarning erkinlikga intilish istagi bilan hamohangdir. Ularda faqat ruhni tan olib jismni esdan chiqargan kishilar timsolida namoyon bo‘ladi. Asarda bunday kishilar jamoa tomonidan jinni deb ataladi. Hikoyada bunday ruhiy inqirozlarga yo‘liqqan odamlarning obrazini yaratishda yozuvchi freydizm nazariyasiga asoslangani sezilib turadi. Bu ayniqsa, professor tomonidan bemorlarga berilgan ta’riflarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Professor ta’rifiga ko‘ra, bu toifadagilar o‘zini g‘oyat aqlli odam deb hisoblaydilar. Ular ruhiy tutqanoq paytida (ijod, ilhomlanish jarayonida) o‘zlarini bu olamdagi o‘lchovlarga sig‘maydigan kimsalar sifatida tasavvur etadilar. Professor talqiniga ko‘ra, biz amal qiladigan bu dunyo qonun-qoida, odob-axloq normalari ular uchun g‘irt bema’ni tuyulishi va o‘zlarining hohish istaklaridan kelib chiqib tasavvur qilishlari, belgilashlari mumkin. Buni “isyon” davri deb atash mumkin deydi, professor. Shunday holatda oddiy odamlar uchun axloqsizlik bo‘lib tuyulgan ba’zi xatti-harakatlar ular uchun tabiiy hol sifatida qabul qilinadi va professor tavsiyasiga ko‘ra bunday kasallarni faqat “xivchin” bilan urib davolash mumkin. “Xivchin” bilan urib davolash an’anasi halqimiz udumlariga zid hodisa emas. Qadim-qadimda ham jununsifat odamlarni mulla, eshon, duoxonlar duo o‘qib xivchin bilan davolab hushini joyiga keltirishgan. Biroq, bu o‘rindagi xivchin albatta, ramziy mazmunga ega, hammayoqdagi qon va boshqa hidlarning ufurib turishi, bu kasallik va uning davolash usullari ramziy tarzda davr fojiasi bilan bog‘langan. Bu o‘rinda muolaja olib borayotgan tibbiyot xodimining savalash jarayonidagi holatiga sun’iy tarzda o‘quvchi diqqatini tortish, freydizm nazariyasiga xos “sadizm”ning mavjudligini badiiy tasvirlashga urinish yaqqol seziladi124. “Muolaja” hikoyasidagi ruhiyat tasvirlarining freydizm bilan bog‘lanishi va uzundan-uzoq tasvirlarida biroz sun’iylik sezilib turishi, ularda badiiy talqindan ko‘ra ruhiyatning Z.Freyd asos solgan psixoanalitik yondashuviga ko‘proq urg‘u qaratish ustuvorlik qilishi, bizningcha, shu bilan izohlanadi. bob bo‘yicha xulosalar: 1 Badiiy adabiyotning bosh maqsadi tasvir markazidagi insonning qalbi, ichki dunyosini hayotiy, haqqoniy, tadrijiy takomilda tasvir etishdir. So‘nggi davr o‘zbek nasrida qahramonning botiniy dunyosini o‘rganish, beqaror ruhiy kechinmalari qonuniyatlarini kashf etish, ong osti jarayonlari tasviri badiiy xarakter yaratishning yetakchi tamoyiliga aylanmoqda. N.Eshonqulning aksariyat asarlarida inson va uning ko‘ngil olami, ruhiy kechinmalari badiiy talqin etiladi. Shu nuqtai nazardan yozuvchining adabiyot haqidagi asosiy kuzatishlari asosida adabiy-estetik pozisiyasini belgilash hamda ushbu pozisiyaning o‘z asarlarida namoyon bo‘lish usul va tamoyillarini ochib berish yozuvchi ijodiy laboratoriyasi va ijod psixologiyasini o‘rganishning muhim jihatlaridan biridir. N.Eshonqul qarashlarida har bir ijodkor o‘z “men”iga ega bo‘lishi uchun tashqi omillardan tashqari o‘z ichki olamiga - shaxsiyatini namoyon qiladigan tafakkur, tasavvur olamiga ega bo‘lmog‘i lozimligi o‘z aksini topgan. Bunday xulosalar yozuvchining ijtimoiy-estetik qarashlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Xususan, hikoyalarida yozuvchining sho‘ro mafkurasi haqidagi hukm-xulosalari, odamlarni shaxssiz kimsaga aylantirib tanazzulga duchor qilgan tuzum haqidagi to‘xtamlari aks etgan. N.Eshonqul o‘z asarlarida insonni, uning mohiyatini anglash va ochishga harakat qilar ekan, turli xil badiiy tasvir usullari va vositalaridan samarali foydalanishga urinadi. Jumladan, “Tun panjaralari” asari inson qismati, boqiylikka daxldor haqiqatlar haqidagi yozuvchi munosabatlari talqinidir. Shu bilan birga, N.Eshonqulning ijtimoiy-estetik qarashlarida Gʻarb zamonaviy adabiyoti, ayniqsa, F.Kafka qarashlariga mushtaraklik kuzatiladi. F.Kafka va N.Eshonqul ijtimoiy-estetik qarashlari va badiiy asarlariga xos parallellizm ulardagi ramziy ma’nolarning bo‘rtib turishida, voqelikning an’anaviy vositalar asosida emas, balki g‘ayritabiiy, ong oqimiga xos tasvir orqali ifodalanishida, kinoyaviy ohang va tushkun ruhiy xolatning yetakchilik qilishida ko‘rinadi. Eng muhimi, N.Eshonqul estetik qarashlari mazmun-mohiyatida milliy ma’naviyat ijtimoiy hurlik, erkin shaxs konsepsiyasi turadiki, buni yozuvchining barcha asarlarida ko‘rish mumkin. N.Eshonqulning bir turkum asarlarida ijodiga xos yuksak dramatizm saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ularning ba’zilarida o‘zgacha konsepsiya va tasvirlarga duch kelamiz. Jumladan, “Urush odamlari”, “Momoqo‘shiq”, “Yalpiz hidi”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Qultoy” kabi qissa va hikoyalarida milliylik, ma’naviy barkamollik, odamiylik va yuksak insoniy tuyg‘ular tasviri tez-tez uchraydi. Yozuvchining milliy, ijtimoiy, maishiy va shaxs haqidagi qarashlari, ommaviy madaniyat va olomonchilikka doir chuqur xulosalari estetik qarashlari asosini tashkil etadi. U ma’naviy qashshoqlik, omma madaniyati xavfiga milliy qadriyatlar, ma’naviy an’analar bilan javob berish lozimligini uqtiradi. Xususan, “Momoqo‘shiq” asaridagi Muazzam obrazida millatni, u kuylagan qo‘shiq tasvirida millat madaniyati, barkamol ma’naviy qadriyatlarimizni metaforik yo‘sinda singdirib yuboradi. Yozuvchi biografiyasidagi eng ta’sirchan nuqtalar uning qissa va hikoyalarida o‘z aksini topgan. Bolaligi kechgan qishloq (Tersota), bobolari, momolari, ota-onasi, qishloq ahlining hech bir millat kishilarida takrorlanmaydigan tabiati N.Eshonqulning olam va odam haqidagi falsafiy qarashlari bilan uyg‘unlashib ketgan. Bu jihatlar yozuvchining “Urush odamlari”, “Momoqo‘shiq”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” kabi asarlarida bosh badiiy konsepsiyaga aylangan. N.Eshonqul ijodida musiqa, tovush, ohang, suratlar, ranglar ramziy ma’no kasb etib, qahramon ruhiyatini, asar mazmunini ochishga, yozuvchi konsepsiyani tushunishga, shuningdek, ijodkor shaxsi, “men”ining, musiqa, tasviriy san’atga moyilligi kuchliligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga badiiy asar estetik jozibasini kuchaytiradi. N.Eshonqul ijodiga xos bunday xususiyatlarning barchasi undagi ijodiy niyat va badiiy ifodaning parallel aks etishini ta’minlaydi. “Urush odamlari” asarini realizm usulida yaratgan adib keyinchalik o‘zining adabiy-estetik prinsiplaridan kelib chiqib, yangi-yangi ifoda usullarini kashf etdi. Yozuvchi estetik prinsiplariga ko‘ra barcha asarlarining mohiyatida katta hayotiy haqiqatlar aks etgan. Bu hayotiy haqiqatlar xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy ma’naviy merosidan, eng avvalo, xalq og‘zaki ijodi durdonalaridan suv ichgan bo‘lsa, ikkichi tomondan jahon adabiyotining so‘nggi yutuqlaridan bahramandlik bilan bog‘lanadi. Bularning barchasi yozuvchi ijodiy faoliyatida so‘z va amal birligi, boshqacha aytganda, ijodiy niyat va badiiy ifoda parallellizmini ko‘rsatadi. BOB. ULUGʻBEK HAMDAM IJODINING BADIIY-FALSAFIY OMILLARI 3.1. Nasriy ijodda ilmiy va badiiy konsepsiya mushtarakligi Odatda, har qanday ijodkorning ijod haqida, badiiy asar haqidagi qarashlari asosida o‘z ijodiy tajribalari turadi. Bunday qarashlar adabiy an’analar, jahon adabiyoti tajribalari bilan sintezlashib, ijodkorning bir butun estetik qarashlarini tashkil etadi. Shu ma’noda har bir ijodkor, avvalo, o‘z ijodining, ayni paytda, adabiy jarayon, alohida badiiy asarlar talqinchisi, o‘z zamonasining faol munaqqidi hisoblanadi. Adabiy-tarixiy jarayonda shunday ijodkorlar ham uchraydiki, ular o‘z shaxsiyatida yozuvchilik bilan olimlikni, badiiy ijod bilan munaqqidlikni bir butun hodisa sifatida namoyon etadi. Ularda adabiyotshunos-olimlarga nisbatan sinchkovlik, badiiy asardagi tomir urishini his etish, so‘z tovlanishlarini anglash imkoniyati kengroq bo‘ladi. Alisher Navoiy, Bobur, L.de Vega, B.Grasian, L.N.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, U.Eko, Sh.Sent-Byov, A.Morua kabi o‘zbek mumtoz va dunyo adabiyoti namoyandalari ijodi bunga misol. Zamonaviy o‘zbek adabiyotida Oybek, Gʻ.Gʻulom, M.Shayxzoda, I.Sulton, P.Qodirov, J.Kamol, X.Do‘stmuhammad kabi ko‘plab o‘zbek ijodkorlari faoliyatida badiiy ijod bilan ilmiy ijod uyg‘un olib borilganini ko‘ramiz. Yozuvchi va shoir U.Hamdam shunday an’analarni davom ettirayotgan ijodkorlardan biri. U.Hamdam ijodining asosiy qismini garchi nasriy asarlar tashkil etsa-da, ruhan she’riyatga oshnolik, nafis tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan go‘zal she’rlarini yaratish bilan bir qatorda, she’riyat sirlarini nuktadonlik bilan tahlil va talqin etuvchi olim sifatida e’tirof etilgan munaqqiddir. U dastlab adabiyotshunoslikda Oybekning “sof” lirikasi tadqiqchisi sifatida tanildi, keyingi tadqiqotlarida XX asr she’riyatining taraqqiyot tendensiyalarini, yetakchi xususiyatlarini o‘rganuvchi tadqiqotchi sifatida shakllandi. U.Hamdam garchi she’riyatga oid tadqiqotlari bilan olim sifatida e’tirof etilgan bo‘lsada, uning adabiy-estetik qarashlari adabiy 106 jarayonga oid ko‘plab suhbatlari va bahs-munozaralardagi ishtirokida namoyon bo‘ladi. Bu suhbat va bahs-munozaralardagi ishtiroki uning adabiy jarayon, zamonaviy o‘zbek va jahon adabiyoti, xususan, modernizm yo‘nalishining faol kuzatuvchisi va talqinchisi ekanini ko‘rsatadi. Tarjimonlik faoliyati esa Sharq mumtoz adabiyoti va falsafasidan ma’naviy oziq va ilhom oluvchi ijodkor sifatida namoyon etadi. Shulardan kelib chiqib, U.Hamdam adabiy-estetik qarashlarida Sharq va Gʻarb adabiyotining turli xil muammolari, Sharq falsafasining asosini tashkil etuvchi rumiyona qarashlardan tortib Gʻarb modernizmi va postmodernizmiga oid nazariyalargacha qamrab olinganini e’tirof etish lozim. U.Hamdam ilmiy, adabiy-estetik qarashlarining omillari haqida so‘z yuritilganda, uning eng muhim ijodiy prinsiplaridan biri badiiy asar qanday usulda, qanday “izm”da - (xoh realistik, xoh modernistik ) yaratilgan bo‘lmasin, asosida katta hayotiy haqiqatlar yotadi, realizm badiiy adabiyotning asosidir, degan qarashlar ustuvorligini ko‘rishimiz mumkin125. Darhaqiqat, U.Hamdam ijodida katta hayotiy haqiqatlar tasviri, inson qalb kechinmalarining turfa xil tovlanishlari badiiy aks ettirilganiga amin bo‘lamiz. Bu hol, ayniqsa, yozuvchining realistik asarlarida, qissa va romanlarida o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ushbu ilmiy-badiiy uyg‘unlik hatto asarlari sarlavhasida ham o‘z ifodasini topgan. Jumladan, adabiy jarayonda ijobiy kutib olingan “Muvozanat”, “Sabo va Samandar”, “Isyon va itoat” kabi romanlarda ilmiy-falsafiy mantiq yetakchilik qiladi. Uning romanlari va hikoyalarida hayotiy voqelik realistik yo‘sinda ifoda etilsa, ramziy-majoziy mazmunga ega qissa, hikoyalari asosida ham hayotiy pafos, optimistik motivlar talqini yetakchilik qilishini kuzatamiz. “Hayot! Mana, nima - barcha yangilanishlarning manbai! Hayotimizda kechayotgan azim o‘zgarishlar tufayli nafaqat she’riyat, balki butun boshli adabiyotimiz u yoki bu mafkuraga xizmat qilishdan tiyilib, o‘zining azaliy o‘zaniga tushib boryapti. Natijada, adabiyot insonga yaqin kelib, uning dardlarini kuylay boshladi”126. Ushbu fikrlarda U.Hamdamning adabiy-estetik qarashlaridagi muhim jihatlaridan biri - hayotiy haqiqat namoyon bo‘lishini kuzatamiz. Yozuvchi katta hayotiy haqiqatlar deganda faqat badiiy asarda tasvirlanayotgan ijtimoiy voqea-hodisalar, shu voqea-hodisalarda aks etayotgan real odamlarning real o‘y-kechinmalarinigina nazarda tutmaydi. Balki asarda tasvirlanayotgan voqelik va odamlar qismati asosida katta hayotiy asosga ega bo‘lgan falsafiy qarashlar, munosabatlar, kechinmalar talqinlari haqida so‘z yuritadi. Shu ma’noda, “Muvozanat” faqat roman sarlavhasigina emas, balki muhim falsafiy asosga ega umuminsoniy tushuncha hamdir. Asarda biz shu tushunchaning o‘ziga xos poetik talqinini, yechimini kuzatamiz. Romanda tasvirlanayotgan voqelik, unda harakatlanayotgan qahramonlar kechmishi shu tushuncha mohiyatini ochishga xizmat qiladi. Roman talqinicha, muvozanat fojiaviylikni oldini oluvchi, olamni ham, odamni ham barqaror tutib turuvchi buyuk falsafiy tushunchadir. Muvozanat buzilsa, olam fojiaga yuz tutadi. Romanning yetakchi konsepsiyasi shu. Ayni paytda roman xulosasi chuqur falsafa va ilmiy mantiqqa asoslangan. Ayni xulosaning romanda obrazli ifodasi, kulminasiyasi va yechimi yozuvchi poetik mahorati mahsulidir. Bularning barchasi U.Hamdam ijodida ilmiy, falsafiy hamda badiiy konsepsiyalar badiiy xulosa o‘laroq umumlashtirilganidan dalolat beradi. Shu nuqtai nazardan “Muvozanat”ni ilmiy-ijodiy sintezning o‘ziga xos namunasi deb baholashimiz mumkin. Yozuvchining “Sabo va Samandar” romanida ham shu xususiyat ustuvorlik qiladi. Romanda inson aql-idroki, yuksak zakovati bilan yaratilgan ilm-fan boshqaruvi yetakchilik qilayotgan hayot tarzi va insoniy tuyg‘ular bilan yashovchi shaxslar hayoti bir-biriga qarama-qarshi qo‘yiladi. Kitobxon oldiga esa tanlov imkoniyati ko‘ndalang qo‘yiladi. Romanda bu konsepsiya adabiyotning azaliy va abadiy mavzusi bo‘lgan muhabbat qo‘shig‘i vositasida badiiy tasvirlanadi. Robotlashgan qalb sohibi Sherdil va o‘zining sof insoniy kechinmalarini saqlab qolgan Samandar o‘rtasidagi munosabatlarning ayricha talqinlari asosida ifodalanadi. Asarda Sabo azal-azaldan qalblarni junbushga solib kuylanib kelayotgan muhabbat timsoli. U boylik va zo‘ravonlik orqali chet elda o‘qib, tuyg‘ularini ham qolipga solib olgan Sherdil tomonidan mavh etiladi. Qalbi muhabbatning azaliy qo‘shiqlari, his-tuyg‘ulari bilan limmo-lim Samandar, uning Sherdil bilan ziddiyatlari talqini, jismonan Sherdil qo‘lida tutqunlikka mahkum Sabo qismati shoirlarimiz azaldan kuylab kelyotgan “yurakmi yo aql?” muammosiga asoslanganidan dalolat beradi. Darhaqiqat, asarda E.Vohidovning mashhur “Yurak va aql” she’rida aks etgan poetik mazmunning epik talqiniga duch kelamiz. Shoir she’ri “Faqat unga ishondim // Yurak meni aldamas aslo!” deya xotimalangani singari Sabo va Samandarning qalb intilishlarida ham yurak, ma’naviyat ustun chiqadi. Asar xotimasida oshiq-ma’shuqa ruhan ozod bo‘lib, qalb uyg‘unligiga erishadi. Ko‘rinadiki, yozuvchi har ikkala asarida ham katta hayotiy haqiqat - odam va olamdagi ezgulik bilan yovuzlik o‘rtasidagi azaliy kurashdagi muvozanat falsafasini badiiy ifodalagan. Sabo Samandarni qanchalik sevmasin, qalban unga intilmasin, lekin udumlarimizni oyoq-osti qilmaydi, Sherdilni tashlab ketmaydi. Yozuvchi romanlarida butun olam tortilish qonunidan tortib, inson ongu jismida kechayotgan aql va qalb tug‘yonlari o‘rtasidagi munosabatlargacha bo‘lgan jarayonni qamrab oluvchi hodisalarda muvozanat hal qiluvchi omil ekanligi estetik prinsip o‘laroq namoyon bo‘ladi. Yozuvchi adabiy-estetik qarashlarining yana bir qirrasini N.Eshonqul qarashlarida o‘rganilgan, yozuvchi dunyoqarashi, ijodkor “men”i masalasi tashkil etadi. U.Hamdam ham ijodda xuddi N.Eshonqul kabi o‘z qalbini, botiniy olamini qog‘ozga to‘kadi. Muallif fikricha, “...Rost adabiyot - 109 KO‘NGIL ADABIYOTIdir! U kashf etadi. Biroq, qandaydir tog‘u toshlar qa’rida berkinib yotgan ma’danlarni emas, balki inson bag‘rida yashiringan olamlarni ochadi. Darhaqiqat, tushungan odam uchun eng qimmatli borliq - uning o‘z olami” 1. Bu fikrlar asosida Jaloliddin Rumiy falsafasining ta’siri yaqqol seziladi. Ko‘rinib turibdiki, munaqqid chinakam badiiyat namunalarini inson ko‘ngli bilan bog‘lab, uni botinda pinhon kechinmalarning kashfiyotchisi sifatida ko‘radi. Uning fikricha, she’riyat ham ijtimoiy, ham ruhiy, ham biologik mayllarni ifodalovchi hodisa. “Lekin haqiqat ularning bittasidagina emas, balki hammasida, hammasining birligidadir”127 128. Ushbu konsepsiyaga ko‘ra badiiy adabiyot ko‘ngil mulki bo‘lar ekan, eng avvalo, unda ijodkor shaxsi, dunyoqarashi, o‘z “men”i aks etadi. Shu nuqtai nazardan yondashadigan bo‘lsak, U.Hamdam asarlaridan, avvalo, yozuvchi “men”ini, uning o‘ziga xos botiniy olami, o‘zligini izlashimiz kerak bo‘ladi. U.Hamdam inson botiniy olami, psixologiyasini o‘zi yashab ijod qilayotgan davr bilan, davr psixologiyasi bilan uzviylikda talqin etadi. Davrga xos har bir voqea-hodisa, yuksalishu tanazzul inson faoliyatida, o‘y- kechinmalarida u yoki bu tarzda aks etadi. Bu aks etish jarayoni insonning dunyoqarashi, maqsad va intilishlariga, ma’naviy-axloqiy olamiga bog‘liqdir. Ayni paytda shaxs maqomiga erishish o‘z davri voqea- hodisalaridan yuqoriroq ko‘tarila olish demakdir. Yozuvchi o‘z davrining muarrixi va ma’lum ma’noda barometridir. Shaxs o‘z davri muammolari bilan o‘ralashib qolmasdan, katta hayotiy umumlashmalar, asrlar silsilasiga dosh beradigan umumbashariy g‘oyalarga ergashmog‘i lozim. Badiiy yuksak asarlarning umurboqiylik siri ham shunda. Mana shunday ilmiy, adabiy-estetik qarashlarni ilgari surgan ijodkorning asarlarida ham ijtimoiy, ma’naviy va axloqiy muammolar aks etgani ma’lum bo‘ladi. Ular birinchidan, hayotda bo‘layotgan yangilanishlar asnosida insonlar dunyoqarashi va ma’naviy olamidagi o‘zgarishlar, ikkinchidan, ijtimoiy, ma’naviy va axloqiy muammolar bilan chambarchas bog‘lanib ketadi. Yozuvchi yaratgan qahramonlar ijtimoiy odam “men”ida tug‘ilayotgan son-sanoqsiz savollar va bu savollarga izlanayotgan javoblar, o‘zini, o‘zligini anglashga bo‘lgan ehtiyoj, bu boradagi intihosiz sa’y- xarakatlar aks ettiriladiki, bularning bari o‘zgarayotgan olamdagi inson dunyoqarashi va kechinmalarining badiiy suratlaridir. Bunday talqinning nisbatan ochiq namoyishini “Yolg‘izlik” qissasida kuzatishimiz mumkin. Qissa o‘zini anglashga intilayotgan, o‘zi vositasida Sen bilan muloqotga kirishishga jazm etgan inson intilishlari aks etgan asardir. Bunda inson “men”i ziddiyatli qarashlar maydoni sifatida namoyon bo‘ladi. Munaqqid R.Rahmat “Yolg‘izlik”ka yozgan so‘z boshida undagi ifoda yo‘sinini Freydning ongsizlik haqidagi qarashlariga qiyoslar ekan, U.Hamdam ijodkor sifatida bu ta’limotdan xabardor ekanligini, biroq asarning mazkur ta’limot asosida yaratilmaganligini ta’kidlaydi. Ya’ni asar oldindan biron-bir falsafiy qarashni ifodalovchi qolipga bo‘ysundirilmagani, asar qahramonning o‘zligini izlash jarayonidagi ziddiyatli kechinmalari, “isyon va itoat” oralig‘idagi muvozanatu muvozanatsizlik kayfiyatlarini Kamyu, Kafkalarning kundaliklariga mengzaydi. Va eng muhimi, asar “ismsiz, qiyofasiz, makon va zamonsiz qahramoni balchiqqa tushib qolgan katta baliqqa” o‘xshatiladi. Munaqqid fikricha, suzay desa suzishning, o‘lay desa o‘lishning iloji yo‘q. Albatta, bu kabi mulohazalar munaqqidning asar haqidagi shaxsiy mulohazalari. R.Rahmat keyinroq yozilgan “Adabiyotdan chiqish” risolasida so‘z boshidagi qarashlarini ancha kengaytirgan, yangi tafsilotlar bilan boyitgan. Jumladan, freydizm asosida U.Hamdam va N.Eshonqul asarlarida uchrovchi ramzlar va tush hodisasiga e’tibor qaratgan. Ularni asardagi botiniy ong tili deb hisoblaydi. “Tush-mutlaqo maxfiy hodisa. Uning mohiyatiga yetmoqchi bo‘lgan odam ramz tilini mukammal bilishi lozim”129. U.Hamdam ijodining tush bilan bog‘liqligi, tasvir etilayotgan voqelik, ijodkorning estetik ideali ramzlar bilan ifodalanayotganligini tahlillar bilan asoslashga xarakat qilinadi. “Yolg‘izlik” qissasidagi kechinmalar o‘ng bilan tush orasida kechayotganligini ilg‘ash mumkin. “Tush ko‘ribman. Nimani ko‘rganim shu tobda e’tiborimni tortgani yo‘q. Balki aybi uchun olis va qarovsiz yurtga haydalgan gunohkor o‘laroq o‘zimni his etib uygonganim galati ta’m yanglig butun borlig‘imda sezilmoqda. Ya’ni, tushim - asl vatanimu o‘ngim - qilmishimga yarasha joyim, badarg‘a etilgan jazo yerimdek”130. “Yolg‘izlik”dagi tushlar tasviri shu tarzda davom etadi. “Tag‘in tush aro uyg‘ondim va tag‘in o‘zimni arosatda topdim. Vujudim, xayolim, ongim, hatto ruhim - butun borlig‘im shirin karaxtlikda”131. “Uyg‘ondim, lekin qimir etmay karaxt bo‘lib yotaverdim. Ortda qoldirib kelganim olam - tush ta’siridan birdaniga qutulib, jismlar makoni - o‘ngimdagi dunyoga kunikolmadim. So‘ngra jarayon va vaqt o‘z ishini qildi - men atrofni ko‘ra boshladim”132. Asardan olingan ko‘chirmalar haqiqatan ham asarda tush motivi muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi. Yozuvchi bilan bo‘lgan suhbatimizda “Mavzularni oldindan rejali ravishda tanlab olasizmi yoki biron-bir turtki sabab tuyqus paydo bo‘ladimi”, degan savolimizga shunday javob oldik: “Darvoqe, tush... Men ko‘pgina asarlarimni tushimda yozganman. Qator hikoyalar, “Sabo va Samandar” nomli romanimning xotimasi, o‘nlab she’rlar... Chunki yozmoqchi yoki yozayotgan narsam meni juda ko‘p o‘ylatadi. Shundan bo‘lsa kerak, ular tushlarimga ham ko‘chib o‘tadi. Bori - shu” 133 . Z.Freydning tush nazariyasiga oid qarashlarida u ko‘pincha yashirib yurilgan botiniy istaklarning yuzaga qalqib chiqishi, deb tushuntiriladi134. U.Hamdamning “Yo‘l” nomli romani kompozisiyasi asarning barcha komponentlarini uyushtirib, uning shakliy va mazmuniy butunligini ta’minlashga, o‘quvchiga badiiy matn qatidagi serqatlamlikni anglatishga, g‘oyaviy-estetik ta’sir kuchini orttirishga xizmat qilgan. Avvalo, bu yaxlitlik, serqatlamlik matn qurilishining dastlabki elementi bo‘lgan sarlavhalarda o‘z ifodasini topadi. Roman shaklan kichik, mazmunan zalvorli ma’no anglatuvchi sarlavha ostidagi hikoya va suhbatlarni munosib tanlangan badiiy sathda kompozision biriktirgan. Romanda “Tushdan oldingi voqea”, “Ilk tush”, “Zamindan samoga parvoz”, “Nuqta”, “Kovush”, “Kirish”, “Titroq”, “Bozor”, “Bobolar tarixi”, “Quyoshim, chiqarmisan”, “Vatan haqida qo‘shiq”, “Mutakabbir kimsa”, “Do‘st va dushman”, “Yaxshilik va yomonlik”, “Yo‘ldoshlar va maqsadlar”, “Shoir”, “Tomchi sadolar” (Ikki do‘st suhbati), “Mening rastam”, “Gʻofillar”, “Tomchiman bir ... ummonga tashna”, “Bobo va nabira”, “Balanddagi yo‘l” kabi sarlavhali hikoyalar mavjudki, ular mazmunan bir-birini to‘ldirib, qoliplab, ijodiy niyatni anglash va muhim xulosalalar chiqarishga, mulohaza yuritishga undaydi. Asar bir ziyoli kishining olam va odam, ilohiyat, hayotning mazmuni haqidagi diniy, dunyoviy, falsafiy qarashlarini poetik ifoda etadi. Yozuvchi o‘zining “izlaganing o‘zingdadir” asosiy estetik prinsipiga (Rumiydan ma’naviy oziqlanish asnosida paydo bo‘lgan)135 amal qilib, inson qalbi ilohiyat nuri zuhr etuvchi oshyon ekanligiga ishora qiladi. “Men bir ojiz tomchiman, ammo yuragimda ummon sog‘inchi yashaydi”136, degan Rumiy fikrining epigrafda keltirilishining o‘ziyoq asar mohiyatini ochishga xizmat qiladi. “Tushdan oldingi voqea” nomli dastlabki hikoya qahramon shuurida shivirlab aks-sado bergan ovozda o‘z ifodasini topgan ilohiy ma’noning o‘ziga xos debochasi sifatida keladi. Gʻoyibdan kelgan ovoz sirli, uzun yo‘lga qiyoslanadi. O‘ziga chorlovchi bu ilohiy mujda qahramon botinini chaqmoqdek yoritib, kalbda kechayotgan kechmishlarning nurdek oqishiga imkoniyat yaratadi. Demak, asar mohiyatida asl haqiqatga eltuvchi yo‘l va undan og‘ishmay ildam borish g‘oyasi yotadi. Bu yo‘l roviy qalbini nur yanglig‘ yoritib, bu yorug‘likni asar mazmuniga singdirgan yozuvchi o‘quvchiga ezgulik yo‘li haqida so‘zlaydi. Asarda ijodkor o‘zining ilohiy vazifasini ado etishiga ishora ham bor. Bu yo‘lda turli-tuman to‘siqlar, mashaqqatlar, holatlar, ruhiy iztiroblarni boshdan kechirish jarayoni ko‘plab hikoya va suhbatlar qatiga singdirilgan metaforik talqinlar fonida yoritiladi. Romanda hikoyalash, tavsif va qisman dialog kabi badiiy nutq shakllaridan unumli foydalanilgan. Asarda qahramon (roviy) va personajlar (bola, shoir, ustoz, do‘st, bobo kabilar ) nuqtai nazarlari asar konsepsiyasini ochishda maqsadli almashinib keladi. Oqibat o‘laroq asarda yozuvchi “men”i, dunyoqarashi, kechinmalari so‘zlar qatiga berkitilgan ma’nolarda bo‘y ko‘rsatadi. Bu haqda muallif birinchi tush xotimasida shunday deydi: “Yaxshisi, ota-bobolarimizning izidan yurib, o‘zimni beminnat dastyorlar - so‘zlarga topshirayki, bundan buyon mening menligim ana shu sirli sandiqchalarga omonat bo‘lsin!..”137 Yozuvchining mahorati syujet qurilishida turli xronotop shakllarda kechayotgan voqealarning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlashda, makoniy va zamoniy o‘zgarishlarni asoslashda, sabab va natija munosabati asosidagi aloqadorlikni ko‘rsata bilishida, ilohiy va hayotiy haqiqatni badiiy detal va obrazlar vositasida yetkaza olishida namoyon bo‘ladi. Qahramon ko‘rgan ramziy tushlari olamning paydo bo‘lishi, insoniyatning galdagi vazifasi, hayot yo‘liga qadam qo‘yishi, hayvonot, nabotot olamining yaralishi va ularga ism qo‘yilishi kabilar haqida. Muallif tushida ko‘rgan hayvonlar orasida oppoq otlarni, “to‘lqinning og‘zidagi ko‘pikka o‘xshagan oydin otlarni” yodida saqlab, ummondan ajralib quruqlikka chiqib ketayotgan otlarga minishni istaydi. Bunda ham majoziy mazmun yashiringan. Otga chavandozni, yo‘lovchini manzilga eltuvchi vosita semasi asnosida yondashsak, oq-oydin otlar misolida ijodkorning niyati pok ekanligiga ishora mavjud. Qahramon pok niyatlar asnosida hayot yo‘lini (bu o‘tkinchi dunyo ko‘pik ramziy ma’nosini ifodalagan) bosib o‘tishni orzulaydi. Shu o‘rinda roman muallifi tush motiviga keng urg‘u qaratganiga qisqa izoh berib o‘tsak. Ma’lumki, tushda inson g‘ayrishuuriy tarzda olamni, undagi voqea-hodisalar mohiyatini his etishda hayotiy mantiq, zamon va makon chegaralarini buzib o‘tishi mumkin. Ijodiy jarayon va tushning bir- biriga bog‘liqligi, ularning alohida ruhiy holat sifatida e’tirof etilishi shundan dalolat beradi. Tush uyqu vaqtida miyada qabul qilingan informasiyalarni qayta ishlash (saqlash, ong ostiga o‘tkazish, o‘chirish) jarayonigina sodir bo‘lmay, balki g‘ayriodatiy ilg‘ash, oldindan ko‘ra olish, sezish xususiyatlarini ham namoyon qilishi mumkin 1. Tarixdan ma’lumki, shoir va olimlarning tushlari yaratilajak asarlari va kashfiyotlariga asos bo‘lgan. “Shoir, yozuvchi, olimlar tushida she’r yoki hikoya yozishgan, yangi ilmiy nazariyani ilgari surishgan hollar uchrab turadi. Agar yostig‘i oldida qog‘oz va qalam qoldirgan bo‘lishsa, yaxshi. Kimyogar Avgust Kekule tushida benzolning formulasini ko‘radi, skripkachi va kompozitor Tartini o‘zining eng yaxshi asari “Dyavolskiye treli” asarining xotimasini tushida bastalaydi, Lafonten esa tushida “Ikki kabutar” masalini ijod etgan. A.Pushkin tushida “Lisiniga” she’rining yozilgan ikki misrasini ko‘rib, so‘ng asarni yaratadi. Betxoven ham tushida pyesa yaratgan. Semyuel Kolrij «Kubla Xan» she’rini, Robert Lyuis Stivenson o‘zining doktor Jekil va janob Xayd haqidagi asarini, Meri Shelli Frankenshteyn haqidagi asarini, shuningdek hammamiz biladigan unsurlar davriy tizimi, ya’ni Mendeleyev jadvalini tushida ko‘rib, so‘ngra o‘ngida yaratishgan”138. “Zamindan samoga parvoz” qismida yozuvchining insoniy dard- tashvishlari, reja, maqsadlari kurrai zamindan uzoqlashgan sari yer bilan birga pastda qolib nuqta ko‘rinishini hosil qilishi, kompozision yaxlitlik saqlangan holda ushbu mazmunning mantiqiy davomi “Nuqta” qismida o‘z mohiyatini diniy-falsafiy nuqtai nazarlar asosida ochib beradi. Aslida, nuqta ramziy-ilohiy mazmunga ega bo‘lib, quyidagi ma’nolarni ham ifodalab keladi: “Nuqta bir sonining ramzlari bilan bog‘liq; u birlik (Pifagor atamalarida monada), boshlanish va markazni mujassamlashtiradi. Nuqta - barcha narsalarning sarchashmasi sifatida urug‘ hamdir. Danteda nomoddiy, bo‘linmaydigan va o‘lchanmaydigan nuqta Xudo ramzi sifatida namoyon bo‘ladi.”139 Yozuvchining adabiy-estetik konsepsiyasiga uyg‘un holda “Yo‘l” romanida yo‘l, kovush, rasta singari poetik detallar mavjudki, ular asar mohiyatini ochishga, muallif ijodiy niyati va g‘oyasini anglashga ham yordam beradi. Tabiiy savol tug‘iladi. Xo‘sh, ijodkor kovush badiiy detaliga qanday mazmun yuklagan? U nimaning ramzi? O‘z mohiyatiga ko‘ra kovush oyoq kiyimi. Yurayotgan odam, yo‘lovchi uchun u kerakli buyum. Demak, kovush manzilga eltishdagi muhim vosita. Ayni paytda odamlarning orzu-umidlari yo‘lidagi sa’y-harakatlarini amalga oshirishda ko‘maklashuvchi vositaning ramziy ifodasi hamdir. Buni asardagi ayni mavzuga bag‘ishlangan ishoralardan ham anglab olish mumkin. Zaminiy maqsadlari, qarashlari, samoga ko‘tarilgan sari o‘zgarib yangi yo‘lga otlangan yo‘lovchi quyidagi xulosaga keladi: “Eski kovushni-ku yechishga yechibman, lekin yangisini topolmay halak edim. Faqat shundagina bu yerdagi hayotim boshlanar edi, yo‘qsa, yo‘q...”140. Manzilga eltuvchi vosita, maqsad o‘zgargach, “kovush” (misolidagi qarash, e’tiqod)ni topa olmay sargardon kezish asnosidagi mashaqqat, anglam, suhbat, kechinma va hissiyotlar asarning asosini tashkil etadi. Demak, asarda (Haqiqatni, tug‘ri yo‘lni, Ollohni) izlash, anglash va his (ruh birligini) etish markaziy o‘rinda turadi. Kovush esa bu yo‘ldagi shakl, bilish, ko‘rish va anglash vositasi. Shuningdek, kovush inson jismiga ishora. Asarda qahramon kovushni kiygach, uning jismi mavhumlikdan chiqib, aniqlik kasb eta boshlaydi. Jism bo‘y basti bilan namoyon bo‘ladi. Ruh va jismning birikishi sodir bo‘ladi. Asardagi Yo‘l esa insoniyatni Haqiqatga eltuvchi azaliy, abadiy, qadimiy hayot yo‘lidir. Rasta fors tilidan olingan bo‘lib, lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra “qator”, “qatorga qo‘yilgan”, “qatorda turgan” ma’nolarini anglatadi. Rasta asosan bozorlarda bir turdagi mol bilan savdo qiladigan do‘konlar qatori va ular o‘rtasidagi bozor, ko‘cha, yo‘lak141. Bozor rastalari bu foniy dunyoda insonning qilmishlari, faoliyati namoyon bo‘luvchi ijtimoiy mansublik. Shunga ko‘ra, asardagi rasta qaysi tabaqaga mansublikni, kasb-korni, qismatni anglatadi. Bunda ham yozuvchining “men”ligi, qismatini ko‘rish mumkin. Bunga asarda quyidagi ishoralar berilgan. “Shunda o‘z qismatimga qiziqib yo‘lagimga qaradim: oppoq soch-soqoli naq ko‘ksiga tushadigan baroq qoshli muysafid qo‘lida qog‘ozu qalam bilan menga qarab turardi. Shunda bildimki, men tushgan yo‘lning yo‘lovchilari unchalik serob emaskan”142. Qog‘oz-qalamlar ramzan ijodkorlik, donishmandlik qismatini anglatsa, muysafid bu yo‘ldagi ajdodlar, ustozlar timsolidir. Muysafidning qo‘lidan qalamni olgan qahramon botinida bir titroq tuyadi va u zum o‘tmay titroq butun vujudiga tarqaydi. Bu o‘rinda yozuvchi o‘z “men”idagi holatning badiiy ifodasini yoritmoqda. Tasvirdagi muysafid Mavlono Rumiy siymosidir. U.Hamdam ijodkor sifatida Rumiydan ko‘p ma’naviy oziqlangan, ilhomlangan. Qahramonni o‘z musiqiyligi va mazmuniyligi bilan o‘ziga maftun etgan titroq, aslida, iste’dod, intuisiya, ilohiy in’omning, ichki dard va behalovatlikning ramzi. Asar qahramoni ijodkorlik qismati va iste’dodi hamda boshqalarga qaraganda teparoqda joylashgan rastasi (bunda yozuvchilikka xos xususiyat hayotni, insonlarni kuzatish, mushohada yuritish, badiiy voqelik yarata olish nazarda tutilayapti) vositasida “qog‘ozga darj” etishi, insonlarni xulosa chiqarishga undashi mumkin. Roman qahramoni o‘z hayot yo‘lini o‘z taqdiri, yozuvchilik qismati asosida bosib o‘tadi. Demak, asar qahramoni yozuvchi, ijodkor shaxs. Shu jihatdan asar adib hasbi holini ham o‘ziga singdirgan. Roman “Yolg‘izlik” qissasining mantiqiy davomidek taassurot uyg‘otadi. Har ikki asarda ham qahramon- ijodkor shaxsi, uning olam, odam, yashashning ma’nisi va h.k. haqidagi fikr- mushohadalari badiiy tadqiq etiladi. Balki, ikki asarning bir kitob shaklida nashr etishida ham shu hikmat mujassamdir. Adabiyotshunos M.Qo‘chqorova ta’kidlaganidek: “Yozuvchining mazkur qissasidan so‘ng yaratilgan barcha badiiy asarlari “Yolg‘izlik”ning farzandlaridir.”143 Muallif o‘zining ilmiy asarlarida shunday fikrni ilgari suradi: “Adabiyot shunday borliqki, unga qaragan kishi (millat) guyo ko‘zguga boqib o‘z holini ko‘radi”144. Ushbu fikr ijodkorning keng ma’nodagi hayotiy haqiqatga, millatning zohiriy va botiniy holda namoyon bo‘ladigan o‘zligini poetik kashf etish tamoyiliga amal qilishini tasdiqlaydi. Demak, U.Hamdam adabiy-estetik prinsipining asosini hayotiy haqiqatlar tashkil etadi. Bu mezon uning barcha badiiy asarlari mohiyatida mujassam. Tahlilimizdagi romanda ham hayotiy haqiqat prinsipi vatanparvarlik g‘oyalari bilan uyg‘unlashib yaxlit mazmun kasb etgan, vatanparvarlik ruhi o‘ziga xos tashbehlar, o‘tmish, ajdodlar hikoyalari asosida bo‘y ko‘rsatish barobarida, o‘z e’tiqodi, so‘ziga sobit, mard, jasur, vatanparvar temirchining hayotiy (tirik, jonli) obraz ekanini namoyon etadi. U o‘z shijoati, uyg‘oq ruhi bilan bevosita kitobxonning qalbiga, ruhiga ta’sir etadi. Roman tarkibidagi vatanparvarlik ruhida bitilgan ushbu hikoyada ona yurtga sadoqat, ajdodlarga ehtirom ruhi ustuvorlik qiladi. Asarga Bobo va nabira obrazlari kiritilgan bo‘lib, Bobo - o‘tmish ajdodlar, nabira - kelajak avlod timsoli. Boboning nabirasiga so‘zlab bergan hikoyasi145 orqali Ona vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbatni, an’ana va qadriyatlarni bardavom ettirishdagi sharafli yo‘lni ko‘rsatadi. Hikoyada yovuz dushman qamalidan zulm ko‘rib tang ahvolda qolgan Turon xalqi adolatli va oqil hukmdor, vatan uchun o‘z jonini qurbon qilgan Turon ismli temirchi yigit jasoratidan ruhlangan qo‘rquv va mudroq bosgan xalq yuragidagi sher na’ra tortib, o‘zlaridan o‘n hissa ko‘p dushmanni yengib, yurt ozodligiga erishadi. Hukmdor - adolat, oqillik ramzi bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi zot. Temirchi yigit - jasorat timsoli. Zero, aynan uning qalbidagi Ona vatanga bo‘lgan kuchli muhabbati va sadoqati tufayli yovuz dushmanga qarshi olib borilgan mardonavor kurashi Turon xalqining yuragida “uxlab yotgan sher” uyg‘onib Vatan uchun bo‘lgan kurashda g‘olib chiqadi. Yurt ozodlikka erishadi. Zero, adib ta’rifi bilan aytganda “Yuragi uyg‘oq insonni ham, bunday elni ham aslo yengib bo‘lmaydi” 1. Mazkur asarda ijodkorning Vatan haqidagi ijtimoiy-estetik qarashlari bilan badiiy obraz parallelizmi ko‘zga tashlanadi. “Yaxshilik va yomonlik” nomli badiasida ota hikoyasi orqali insonning o‘zligini namoyon qiluvchi azaliy va adabiy kurash - ezgulik va yovuzlikning mohiyatini teran anglay olish, ikki qutb orasida o‘zligini, insoniyligini namoyon etib, insonlik martabasiga loyiq bo‘lish, olam tarkib topgan to‘rt unsur: olov, suv, tuproq va havoga monand xususiyatlar, aslida, inson botinida ham mujassam ekani ramziy ifodalangan. Hikoyada insonlik martabasi yoxud hayvonlik xususiyati shu to‘rt unsurni me’yorda saqlay olmaslik bilan bog‘liqligiga urg‘u qaratiladiki, bu borada yozuvchi bilan bahslashish mumkin. Chunki to‘rt unsur insonning biologik asosi. Insonlik martabasiga loyiq bo‘lish esa uning ruhi, iymon-e’tiqodidan kelib chiqadi. “Tomchi sadolari”da ikki do‘st suhbati asnosida inson sirli dunyoning ikki xil anglam yo‘li haqida fikr yuritiladi. Asarning intihosida ham bunga quyidagi ishora mavjud: “Do‘stlar jim bo‘lib qolishdi. Bir mahal o‘rnilaridan turishdi-da yo‘lga tushishdi. Shunda, uzoqdan ularning soyalari bitta ekanligi ko‘zga tashlanardi”146 147. Demak, insonning o‘z-o‘zi bilan bo‘lgan suhbati, mulohazalari olam, odam, Olloh haqidagi mushohadalari bevosita “Yolg‘izlik” qissasidagi qahramonning bir oz sodda, samimiy va dunyoviylikka yo‘g‘rilgan o‘y-kechinmalarini yodga soladi. U.Hamdamning xoh nasriy, xoh nazmiy asarlarini kuzatmang, barchasida inson ruhiy olamining turfa xil kechinmalari tasvir etilganiga guvoh bo‘lamiz. Muallif o‘zining adabiy-estetik pozisiyasiga sodiq qolib, mazkur roman mohiyatiga ham ularni singdirib yuboradi. Jumladan, “Muhabbat”, “Yorga maktub” hikoyasida qahramonning qalb kechinmalari, his- tuyg‘ulari, botiniy olami tasviri juda nozik chiziladi. Oshiqning qalbini o‘rtagan ishq, uni olamni o‘zgacha ko‘rishga, his tuyg‘ularini she’r va maktublar vositasida ifoda etishga undaydi. Bu ishq kitobxonni Ollohga yo‘llovchi ko‘prik, Binafsha - yor timsolida ilohiy ishqqa yo‘nalish. Bu haqda maktubdagi quyidagi satrlar fikrimizni quvvatlaydi: “Tirik inson bilan muhabbat orqali payvandlangan baland munosabatgina insonni Yaratuvchi bilan bog‘laydi!”148 “Adabiyot nima?” degan savolga: “U inson botiniy olamining tarjimai holi”149, deya javob bergan yozuvchi asarida ham ushbu pozisiyani davom ettiradi. Ayniqsa, romanga “Atirgul” she’rining kiritilishi asarning estetik jozibasini oshirish barobarida, yozuvchi estetik konsepsiyasini, ko‘ngil manzaralarini jonli aks ettirishga xizmat qilgan.“Atirgul” she’rida ham lirik “men” ruhiyatini ochishda ko‘plab poetik vositalardan, obraz va timsollardan mohirlik bilan foydalanilgan. She’rda shoirning g‘oyaviy- badiiy maqsadini va lirik qahramonning murakkab ruhiy holatini ifodalovchi asosiy poetik obraz “atirgul”. Atirgul xush tarovati, go‘zalligi, nafosati bilan kishiga estetik zavq bag‘ishlaydi. Ya’ni, atirgulning qizilligi yurak qoniga (fiziologik jarayon - moddiy unsur), uning tilingan chehrasi - dard-alamli ko‘ngilga (ma’naviy olam) o‘xshatilib, lirik qahramon ko‘ngil olamini ochishga xizmat qiladi. Birinchi bandda moddiy mohiyat kasb etgan atirgul obrazi keyingi bandlarda ma’naviy omilga, ya’ni istioraga aylangan holda qon, ko‘ngil kabi poetik timsollar bilan birgalikda muayyan estetik maqsadni ifodalashga xizmat qiladi. Uchinchi bandda ma’naviy asosga aylangan holda butunlay istiora shaklida namoyon bo‘ladi. Atirgul - yo‘l, dil kabi timsollar vositasida, lirik “men”ning murakkab umr yo‘lini ko‘rsatguvchi, xatolarni eslatguvchi, oliy maqsadni anglatguvchi kuchga aylanadi. Romanda sher qoliplovchi vosita bo‘lib keladi. Yozuvchi estetik pozisiyasiga uyg‘un, mutanosib holatda namoyon bo‘ladi. “Atirgul, holimni eslatding, bosgan har yo‘limni eslatding, qon bo‘lgan dilimni eslatding, eslatding, anglatding, atirgul”150. Ma’lumki, yo‘l poetik obrazi mumtoz adabiyotimizda keng qo‘llangan. Tasavvufda yo‘l - tariqat, solikni mohiyatga eltuvchi ko‘prik vositasini ifodalagan bo‘lsa, XX asr o‘zbek adabiyoti vakillari - Cho‘lpon, Usmon Nosir, Hamid Olimjonlar ijodida yo‘l poetik obrazi muayyan ijodiy va badiiy maqsadni ifodalab shoir individualligini belgilashga xizmat qilgan. Jumladan, Cho‘lpon she’riyatida yo‘l va yo‘lovchi obrazlari erk va ozodlik ramzi sifatida poetiklashtirilgan bo‘lsa, “U.Nosir ijodida esa “yo‘l va yo‘lovchi obrazlari asosan badiiy-estetik mazmunni ifodalab keladi. Bu obrazlarda she’riyat yo‘li, u yo‘lning ulug‘ligi va istak-ra’yini qo‘lga olib, erka nayini baland qo‘yib, bu azim yo‘lga chiqqan yo‘lchi lirik qahramon (shoir)ning ko‘zlagan niyati, murodi va unga yetishga bo‘lgan ishonchi o‘zining obrazli ifodasini topgan”151. Ana shunday tarixiy an’analarga ega bo‘lgan bu poetik obraz U.Hamdam nasrida, she’riyatida qanday namoyon bo‘lmoqda? Muallif mazkur obrazlar zimmasiga qanday badiiy-estetik mazmun yuklagan? U.Hamdam ijodida “yo‘l” poetik obrazi ijodkorning hayot yo‘li, undagi turfa xil ziddiyatlar lirik “men” ruhiy olamini ochish, o‘zlikni anglash, mohiyatga yetkazuvchi vositaning badiiy ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, hayot faqat yorqin bo‘yoqlar-u zavq-shavqlardan iborat emas. Unda uchrab turuvchi har xil adolatsizliklar, iymon-e’tiqodsizlik, ma’rifatsizliklar har qanday uyg‘oq qalbli insonlar qatori U.Hamdamni ham azoblovchi ruhiy qiynoqqa soladi. She’rning keyingi misralarida atirgul to‘laligicha istioraga aylanib, shoir qalbining dardli ohanglarini kuylaydi. “Atirgul - ko‘krak qafasimda kishanlangan gul...”. Ushbu xotima Cho‘lponning “Ko‘ngil” she’ridagi kishan obrazi bilan qaysidir ma’noda maslakdoshdek tuyuladi. Farq shundaki, Cho‘lponda isyonkor kuch sifatida namoyon bo‘lgan ko‘ngil U.Hamdamda sokin iztiroblar silsilasida keladi. “Gʻofillar” haqidagi hikoyada adib, bu toifa uchun yo‘lning ibtidosi ham intihosi ham, uning mohiyati ham ayon emasligini, ular bu foniy dunyodagi mayda ikir-chikirlar bilan andarmon ekanligini bayon etadi. Yolg‘izlik xususida so‘z yuritib, o‘z dil izhorini, o‘zini fosh aylagan ijodkor yolg‘izlikning o‘zgargan mazmunini bayon etadi. Yoshi ellikni qoralab, avvalgi qarashlari o‘zgargan adib nazdida, yolg‘izlik bu shu nomdagi qissasida tasvirlanganidek insonning yaqinlaridan yolg‘izlanishi emas, yolg‘izlik - xayolan hamma zamonda hamma bilan bo‘lish, yolg‘izlik haqida qog‘oz qoralash demakdir. Demak, yolg‘izlik ijodkorning ijodiy olamiga parvozi, ilhom onlari, ijodiy jarayoni. Romanda shoir obrazi yaratilgan bo‘lib, u qahramonning qalbiga taskin beruvchi dildoshga aylanadi. Shoir she’rlari Umar Xayyom (ruboiylaridan olingan) ijodiga asoslangan. “Belinskiyning: “Ulug‘ shoir o‘zi haqida, “men”i haqida gapirar ekan, umuman insoniyat haqida gapiradi, negaki, uning tabiatida bugungi insoniyatga xos hamma narsa mavjud. Shu sababli ham har bir kishi uning qalbida o‘z qalbini anglaydi va undan faqatgina shoirni emas, balki insonni, insonlik yo‘lidagi birodarini ham ko‘radi ”1. Demak, shoir obrazi dildosh, donishmandlik ramzigina bo‘lib qolmay “insonlik yo‘lidagi” yo‘lda hamroh, do‘st hamdir. Adibning “Isyon va itoat” romanining ham asosiy g‘oyaviy motivini hayotning ma’nosi nima, yashashdan maqsad nima, kabi azaliy va abadiy savollar tashkil etadi. Yozuvchi asarda ushbu savollarga o‘ziga xos tarzda badiiy javob berishga harakat qiladi. Asarning qoliplovchi voqeasini olam va odamning yaralishi, Odam Ato va Momo Havoning shayton qutqusiga uchib Ollohning qahriga uchrashi va Adam bog‘idan yerga quvilishi, tavba- tazarrusi haqidagi voqealar tashkil etadi. Asarda adib, bir-biriga bog‘liq bo‘lgan bir necha qahramon qismatini tasvirlash orqali o‘z konsepsiyasini ifodalashga harakat qiladi. Jumladan, asardagi ustoz maqomiga ega bo‘lgan tabib, shogird maqomidagi Akbar, butun umrini, yoshligini rohatu farog‘atda yashab, keksayganda yolg‘izlik girdobiga mahkum etilgan Larisa, uning qismatdoshi Diana, bir umr mehnatdan bosh ko‘tarmay alal-oqibat yosh holida kasallikka chalingan Tursunboy jontalash kabi obrazlar tasviri orqali hayotning mazmuni haqidagi qarashlarini ifodalaydi. Asarda tabib, Akbar, Farog‘at, Larisa, Diana haqidagi hikoyalar ancha jonli epizodlarda ruhiy kechinmalarga boy holda tasvirlangan. Yozuvchi asarda bu qahramonlar hayot kechmishini boshdan oxirigacha batafsil tasvirlamaydi, balki, raqamlar bilan ajratgan holda katta-kichik epizodlarda ularning taqdirini parallel tasvirlar bilan bir-biriga payvandlaydi. Asarning birinchi qismi ellik to‘qqizta, ikkinchi qismi yigirma bitta, uchinchi qismi sakkizta mana shunday raqamlar bilan belgilangan ana shunday katta-kichik epizodlardan tashkil topgan. Bu epizodlarda qahramonlar taqdiri xronologik asosda emas, aralash tasvir orqali bir-biriga payvandlanadi. Ya’ni, bitta epizodda tabib haqidagi lavha joylashsa, ikkinchisida Akbar, uchinchisida Larisa xola, to‘rtinchisida Diana va yana tabib va hokazo shaklida epizodlar bir-biriga payvandlanadi. Va shu tariqa barcha epizodlar birlashib yozuvchining hayot haqidagi adoqsiz savollariga javob izlashga harakat qilinadi. Bu asar adabiy jamoatchilikda jiddiy bahs-munozaralar tug‘dirmagan bo‘lsa-da, lekin olimlarimizning bir qator ilmiy tadqiqotlarida tahlilga tortilgan. Jumladan, X.Hamroqulova “Adabiyotda hayot-mamot muammosi” monografiyasida mazkur asarni T.Murodning “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” asari qahramoni Botir firqa bilan qiyoslar ekan, Akbarni ham “bir umr o‘z 124 hayotiga isyon ko‘tarib yashadi. Nihoyat, taqdirini tan olgach, itoatga keldi, ya’ni sokinlikka erishdi”152 deb yozadi. Demak, roman mohiyatida yotgan asosiy konsepsiya sharqona islomiy qarashga asoslangan. Aytish joizki, yozuvchi asarni yaratishda Lev Tolstoyning “Iqrornoma”sidan ta’sirlangani yaqqol sezilib turadi. Isyon va Itoat tushunchalari Tolstoyning adoqsiz savollar qarshisidagi yagona najot Xudo, degan konsepsiyasiga asoslangan. Yozuvchi asarlarida umuminsoniy g‘oyalar va milliy qadriyatlar talqini Ulug‘bek Hamdam adabiy-estetik qarashlarining muayyan yo‘nalishini adabiyot haqidagi, badiiy tafakkurdagi yangilanish jarayonlari, adabiyotdagi yo‘nalish va oqimlar, umumbashariy g‘oyalar va milliy qadriyatlar haqidagi qarashlar tashkil etadi. U.Hamdam badiiy tafakkurdagi yangilanishlar jarayonini mavjud ijtimoiy jarayondagi dunyoqarashlar majmui, ijtimoiy va ma’naviy hayotdagi o‘zgarishlar bilan bog‘lab talqin qiladi. Olim keyingi davr o‘zbek adabiyotida vujudga kelayotgan xilma xil yo‘nalish va oqimlarni inkor etmaydi. Modernizm va postmodernizmga oid qarashlarga sokinlik bilan qaraydi. Ammo ifoda yo‘sinidagi sxematizm, bir xillikni qoralaydi. Garchi nasriy asarlarda ongli yondashuvni, ma’lum rejaga binoan asar g‘oyasini ma’lum bir muddat davomida, izlanishlar jaryonida pishitib borish lozimligini ijod jarayonidagi zaruriy holat deb e’tirof etsa-da, shu g‘oyaga mos shaklning tug‘ilishi jarayonini, ijodkor mahorati bilan, intuisiya, ijod psixologiyasi bilan bog‘lab talqin etadi. Qachonki, shaklga mos g‘oya vujudga kelsagina asar yozishga kirishish lozimligini bayon etadi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, topiladigan (mazmunni ifodalaydigan) shakl ifoda yo‘sinining ahamiyati yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Biroq yozuvchi qanday shakl va ifoda yo‘sinida ijod qilmasin, uning asosida hayotiy haqiqat yotishi lozimligini doimo ta’kidlaydi. Shu jihatdan adib asarlariga yondashsak, u taqdim etgan poetik umumlashmalar mohiyatini anglagandyek bo‘lamiz. U.Hamdam ijodiga boshqalardan farq qiluvchi shakl izlash, ifodada takrorlamaslikka intilish, ramz va poetik topilmalarga (masalan, tush, xayol, yo‘l, tabiat unsurlari: yomg‘ir, daraxt, tosh, suv vahok. ) ongli ravishda intilish xos. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, yozuvchi ilgari surayotgan adabiy-estetik qarashlar, asar haqidagi bilimlari uning o‘zi yaratgan badiiy asarida u yoki bu tarzda tatbiq etilganini kuzatish mumkin. Bu jihatlarni biz yozuvchining “Bir piyola suv”, “Tosh”, “Ko‘zini yumib ochgan odam”, “Qaytish”, “Otash”kabi hikoyalari misolida yaqqol ko‘ramiz. “Bir piyola suv” hikoyasida hayot va o‘lim, tiriklikning mohiyati, odamning olamdagi vazifasi kabi falsafiy g‘oyalar tasavvufiy (timsollar ruhida) zuhr etgan. Hikoya noan’anaviy usulda yozilgan. Asar voqeasi qahramon tilidan bayon etiladi. Qahramonga yuklatilgan vazifa va uni amalga oshirishdagi sa’y harakatlar, o‘y-kechinma, afsus-nadomat, ruhiy jarayonlar muallif ishtirokisiz - epifaniya asosida ifodalangan. Adib hikoya qahramoniga nom ham bermaydi. Boisi, hikoyaning mohiyatida umuman insonga xos holatni ifodalashni niyat qilgan. Yozuvchining uslubiy o‘ziga xosligi ushbu hikoyada yorqin namoyon bo‘lgan. Bunda mumtoz va modern adabiyotga xos ifoda yo‘sini uyg‘unlashtirilgan. Asarda ilgari surilgan g‘oya - insoniyatning azaliy va abadiy dushmani hisoblangan nafs balosidir. Download 282.34 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling